13.04.2024 | 13:16
373
Qadam bossam gullaydi chechak

* * *
Ko‘zlaringda bordek bahorim,
Ko‘zlaringda mening xumorim.
Angladimki, ko‘zlaringdadir
Yaratganning menga izhori.
Ko‘zlaringda ko‘zimni topsam,
Ko‘zlaringda izimni topsam.
Oqib borib qirg‘oqlarida
Eng pokiza so‘zimni topsam.
Ko‘zlaringda tonglarim otsa,
Ko‘zlaringga armonim botsa.
Umrimning har soniyalari
Ko‘zlaring-la ko‘zimda qotsa.
Ko‘zlaringda kulsa g‘amlarim,
Gʻam gullagan oniy damlarim.
Yoqar bo‘lsam, ko‘zingga yoqqum
Umidimning butun shamlarin.
Ko‘zlaringni ko‘zimga qada,
Ko‘zlaringni o‘zimga ata.
Unib chiqsin dilistoningdan
Ikkimizga atalgan qadar.
Ko‘zlaringda ko‘zim tavofi,
Ko‘zlaringda umrim savobi.
Agar bilsang, ko‘zlaringdadir
Borligimning mangu javobi.
Nargiza OXUNOVA
* * *
Sog‘inaman. Kutaman.
Ostonamdan o‘tolmaydi vaqt.
Sen ketding-u, kelmay qoldi –
Shodlik va’da qilgan baxt.
Ko‘zlarimni yumib yashadim –
Hijroningda kuymay deb.
Lablarimni yamab yashadim –
Firoqingni kuylamay deb.
Biroq
Tomir uyg‘oq, ruh uyg‘oq –
Qo‘yarmidi hissiz, tuyg‘usiz?!
Gʻamlab olib sabrdan ko‘proq
Izlab ketdim o‘zligim sensiz…
Guli Nigor AVAZOVA
* * *
Bir sandiq so‘z
O‘z sepimga hayajonda ko‘z soldim:
Birdan qamashib ketdi ko‘z oldim.
Eng sara, eng go‘zal, eng dilbar –
Onam sepimga bir sandiq So‘z soldi.
Bu so‘zlarni so‘zlaganda el dadil!
Bu so‘zlarni so‘zlaganda er dadil!
Bu so‘zlarni so‘zlaganda men – dadil!
Ular meni baxt tomonga eltadi,
Bir sandiq So‘z bir umrga yetadi!
“Alla, bolam, alla”, desam bolamga.
“Assalomu alaykum”, deb olamga.
“Xush keldingiz, xush ko‘rdik”, deb bot-bot
Bir sandiq sepimga ko‘ngan odamga!
Atlas so‘zlar, adras so‘zlar, bo‘z so‘zlar,
Shoyi-ipak so‘zlar, banoras so‘zlar,
Baxmal so‘zlar,
movut so‘zlar, xos so‘zlar,
Xoksor so‘zlar, balandparvoz so‘zlar!
Onam yana solibdi bir nayqamish.
Momolarning o‘gitini payqamish:
Uyda ona tili jaranglab tursa,
Yov bostirib kirgani ham hayiqa(r)mish!
Yana takror sandiqchaga ko‘z soldim.
O‘z qizimga qoldirgani qarz oldim.
Eng shirin, eng achchiq va mukammal –
Onam sepimga bir sandiq so‘z soldi!
Kumush ABDUSALOMOVA
* * *
Meni qaytadan chiz,
Bo‘yog‘ing yetsa,
Bor sovuq ranglarni yuborgin sarflab.
Bu daydi ruhimni
Ha, ayni shu kez
Tomchilardek yuvib ketmoqda harflar.
Meni qaytadan chiz,
To‘qnashmasin hech
Ojiz siyratimda qoralar, oqlar.
Daraxt tanasidan tomgan shiradek
Ko‘rinib to‘kilsin ko‘nglimdan dog‘lar.
Meni chiz,
Axir, men tugallanmadim,
Mudom og‘riq berar yakunsiz qismim.
Ruhimga moslab chiz vujudimni ham
O, shunda ne shakl topajak jismim?
Chizaver,
Chaplayver, ranglar dodlasin,
Ko‘zimni qadahdek tasvirga yo‘g‘ir.
Nigohim to‘kilsa, tuproq yodlasin,
Maysalar yig‘lasin istig‘for o‘qib.
Meni qaytadan chiz…
Madina NORCHAYEVA
* * *
Bolalik chog‘imda
rahmatli bobom
hovlimiz ortida turgan qirlarni
ko‘rsatib der edi:
“Mana shu qirlar
bir kun tog‘ bo‘lar!
Agar odamlar
ustiga chiqqancha tepkilashmasa”.
Qo‘ltiqtayog‘ida qiynalmay yurib
(men shunday o‘ylardim har holda),
Qirning etagiga eltardi meni.
“Qara”, – derdi, jimirlab turgan
jimitday buloqqa niqtab barmog‘in.
– Mana shu buloq
hammaga yetar,
agar odamlar,
bo‘g‘ib qo‘ymasalar yoshli ko‘zini…
Bu gaplarga ancha vaqt bo‘lgan.
Buloq qurib bitdi,
Bobom ham…
Qirlar nima bo‘ldi dersiz,
Qirla-ar!
Qirlarni sog‘inaman!
Biroq borgim kelmaydi
qishloqqa sira.
Borsam yig‘latar –
O‘z bo‘yidan oshmagan qirlar!..
Feruza XAYRULLAYEVA
* * *
Nimyorug‘ xonaning bir burchi horgan,
Qo‘lingiz tonggacha qalamga tutqun.
Xayoldan bu holni olib, devorga
Soyangizni chizib o‘ltiradi U.
Shamolga aylanib keladi goho
Qanot bog‘lay deya qog‘ozlariga.
Siz bor hovuchlarga to‘lar “iloho!”,
Tebranib ketasiz ovozlarida.
Qarshingizdan chiqsa, titroq yugurib,
Nafasi bo‘g‘zida bo‘linar yarim.
Ko‘zingiz ko‘ziga to‘qnashmay turib
Sochilib yayraydi ko‘zmunchoqlari…
Intiq ko‘changizdan o‘tmagan hamon,
Uning ham ko‘chasi ko‘rmagan sizni.
Yuz bor suhbatida bo‘lgansiz, ammo,
Tanimaysizmi?
Bilmaysiz, bir qizki, o‘ylari harir,
U sevgan dengizdek nigohingiz jim,
Birov payqamasin deya, tunlari
Tushiga berkitib uxlaganlarin.
Siz so‘zga burkaysiz uni tamoman,
Kun kelar,
o‘shandan boshlanadi kun.
Bir umr yop-yorug‘ xona ichra ham
Soyangizga do‘nib o‘ltiradi U!..
Nozima HABIBULLAYEVA
* * *
Qadam bossam gullaydi chechak,
Yurgan yo‘lim – o‘tmishdagi bog‘.
Qo‘llarimni tutaman senga,
Gulbog‘imga qo‘ndirmagin zog‘.
Oramizda Amu oqar tinch,
Osmondagi yulduzlarcha kek.
Umidlarga qanoting bog‘lab
O‘zing birlan yashnat g‘unchadek.
Yaqin qolmish baxtning qasriga,
Mening uchun yasalar taxtim.
O‘zgalardan axtarmoq nechun?
O‘zligimda yashaydi baxtim.
Sarvinoz TULIYEVA
* * *
Qanday yashashgan ekan
Qadimdagi odamlar,
Hali o‘chirg‘ich degan
Narsa bo‘lmagan damlar?
Yozishgandir bexato
Nazarimda u paytlar.
Yozishmagandirlar yo
Oshiqlar ishqiy baytlar?..
Yo‘q! Asli qadimdan ishq
Har qalbga soya tashlar.
Bunga guvohdir bag‘ri
O‘yilgan qoya toshlar.
O‘sha yozuvlar hanuz
Yo‘qolmagan, ko‘chmagan.
Qancha qor-yomg‘irlarning
Ostida ham o‘chmagan!..
Dunyo o‘zgargan sayin,
O‘zgardi butkul zamon.
Bugun hamma narsaga
Topiladi bir imkon.
Qog‘oz qoralab tunlar
Qalb qushim uchiraman.
She’r to‘kilar qalamdan,
Yoqmasa o‘chiraman…
Sharob rangi ketadi,
Ketar siyoh dog‘i ham.
Ketarmikin, akajon,
Dilda dog‘ qoldirsa g‘am?..
O‘tmishda xato bisyor,
Ko‘ksimda alam g‘ij-g‘ij.
Bormikan xotirani
Tozalovchi o‘chirg‘ich?..
Yulduz O‘RMONOVA
“Jadid” gazetasi 2024-yil 1-mart 10-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
108
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
618
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
614
