07.03.2025 | 13:03
673
QARSHIMDA SHOVULLAB OQAR BIR DARYO
lamidagi nozik tuyg‘ularni his etish fursati hisoblanadi. “Jadid” gazetasi o‘zini she’riyatga baxshida etgan shoiralarning sara ijod namunalarini jamladi.

Qutlibeka RAHIMBOYEVA,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi
QUVONCH
Tog‘lar yelkasiga sig‘magan irmoq –
Sasidan sukunat eshigi sindi.
Rangin chechaklarga aylandi tuproq,
Zaminning chiroyi endi bilindi.
Quyoshniki bo‘ldi bepoyon samo,
Nurlarning yo‘llari uzaydi.
Orzuli-havasli kunlar beorom
Novdalarni gullar bilan bezaydi.
Ildizidan boshlab uchiga qadar
Gulga to‘lib ketdi og‘ochlar jismi,
Bog‘larda adashib qoldi shabada,
Rangidan mastmi yo bo‘yidan mastmi?
Oftobning anhorga chizgan naqshini
Majnuntol kun bo‘yi ko‘rib to‘ymaydi.
Yuksakda kuylamoq shuncha yaxshimi,
Odamlardan ko‘proq qushlar kuylaydi.
Yana o‘z ranglari qaytgan bag‘ringda,
Yurtim, ko‘nglim to‘lib yurib quvondim.
Yana kuz zahmati, qishning zahridan
Omon chiqqaningni ko‘rib quvondim.

Farida AFRO‘Z,
“Do‘stlik” ordeni sohibi
* * *
Ko‘klab ketdi
Ko‘ksimdagi nayzalar,
Gul ochmoqda
Kiprigimda maysalar,
Bir bor kelar,
Ming yilda bu lahzalar,
Yor kelar kun keldi, bahor, kelaqol.
Entikadi,
Yuragimdek daryolar,
Har kurtakda
Kular bo‘ldi dunyolar,
Qorday bugun
Erib bitdi ro‘yolar,
Yor kelar kun keldi, bahor, kelaqol.
Kunduz bilan
Tunlar bugun tenglashar,
Musichalar
Bir-birovin “siz”lashar,
Va nihoyat,
Oshiq dillar tillashar,
Yor kelar kun keldi, bahor, kelaqol.
Sen bahona
Gʻuncha ko‘nglim ochardim,
Yor poyiga
Atir so‘zim sochardim,
Boshim olib,
O‘zim o‘zdan qochardim,
Yor kelar kun keldi, bahor, kelaqol.

Akshagul TULEGENOVA,
“El-yurt hurmati” ordeni sohibi
JADID AYOLLAR
Eh, jadid ayollar, jadid ayollar,
Sizni charchatdimi hadik, xayollar.
Sizni o‘ldirdilar ko‘zsiz jaholat –
“Egasiga itday sodiq a’yonlar”…
Eh, jadid ayollar, jadid ayollar.
Siz millatning faxri, gul-lolalari,
Xayriniso, Mariyam, Diloralari,
Zolim zamonaning dilporalari,
Eh, jadid ayollar, jadid ayollar.
O‘n yetti yoshida Matluba xonim
Ko‘tarmoqlik uchun ayolning shonin
“Ezilgan millatim” deb, ezgan jonin…
Eh, jadid ayollar, jadid ayollar.
Siz yurtning onasi, volidalari,
Tilda, fikrda, ishda komilalari.
Oybekni kashf etgan olimalari –
Eh, jadid ayollar, jadid ayollar.
Davr keldi, ammo yo‘qdir o‘zlari,
Jadiy turkumida o‘tlig‘ izlari,
Shundan yuzi oydin o‘g‘il-qizlarin,
Eh, jadid ayollar, jadid ayollar!
Armonim shu: sizni ko‘rgim keladi,
Yengingizdan tutib yurgim keladi,
Poyingizga boshim urgim keladi,
Eh, jadid ayollar, jadid ayollar!

Zebo MIRZO,
“Shuhrat” medali sohibi
* * *
Azizim,
Ne uchun maysa emasmiz,
Yellar o‘pganida suykalib o‘tgan.
Ne uchun, ne uchun daraxt bo‘lmadik,
Ildizi, shoxlari chirmashib ketgan.
Ariqlar bo‘yida giyohdek o‘ssak,
Suvlarda tushimiz eshilarmidi?
Adirlar ortida shamol bo‘lsaydik,
Ko‘klarda ruhimiz qo‘shilarmidi?
Nechun mavjudmiz-u, nechun yo‘qdaymiz?
Barmoqlar uchida nozik bir titroq.
Nafaslar qo‘shilib turganda, nechun
Olovlar ichida jim kutib turmoq.
Nechun pichoqlarga tiralar ko‘zim
Ko‘kka suyanganday suyanolmayman.
Nechun qo‘lingizda loladek uxlab,
Ko‘ksingizda tongdek uyg‘onolmayman…
Ne uchun hayotim bu qadar sahro,
Nechun yuragimda bu qadar zorlik,
Qarshimda shovullab oqar bir daryo,
Bir tomchi suv so‘rab o‘tinolmayman…
Azizim,
Ne uchun inson yaraldik,
Ko‘nglimiz sig‘masa yer-u samoga?
Oh, endi shu qadar muhabbat bilan
Biz qanday yashaymiz bu tor dunyoda?
Biz nechun yaraldik yolg‘on dunyoda?
Azizim, ne uchun maysa emasmiz?

Mehribon ABDURAHMONOVA,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
QIZCHA, QUYOSH VA YULDUZLAR HAQIDA QO‘SHIQ
Tun.
Chigirtka chirillar tinmay,
Onda-sonda itlar huradi.
Gʻayir sochi qop-qora qizcha
Baxt haqida tushlar ko‘radi.
Tushlarini yoritadi oy,
Supra yulduz yasaydi kulcha.
Qo‘riqlaydi Yetti qaroqchi
Qizchani to tong otgunicha.
Topshiradi tongga sog‘-omon,
Quyosh chiqar mayin erkalab.
Yuzlarini yuvar shudringlar,
Qushlar kuylab berar ertalab.
Kuni bilan o‘ynar kun bilan,
Buzog‘ining ortidan chopib,
Chap ko‘ksiga yashirib qaytar,
Botayotgan quyoshni topib.
So‘ng uxlaydi kunni quchoqlab,
Supra yulduz yasaydi kulcha.
Yana qo‘rir Yetti qaroqchi
Qizchani to tong otgunicha.
Tonglar otar, musaffo, oppoq
Yog‘dularga to‘lar ertasi.
Asra doim, ona tabiat,
Ozod yurtning ozod erkasin.

Xosiyat RUSTAMOVA,
O‘zbekiston va Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
* * *
Balki xotirangda qolgan… qolmagan,
Balki Sen uchun ham armon o‘sha on.
O‘sha kun nigohlar gapirolmagan –
So‘zlardan qocholmay yuribman hamon.
Har kuni erinmay tong otar oppoq,
Har kuni tap tortmay kelaverar tun!
Har shox uyalmasdan yozganda yaproq –
Mening xayollarim tortadi mahzun.
Har lahza yodimga solar bahorni,
Har lahza yodimga tushar o‘sha kuz.
Yillar kuraganda sochimdan qorni,
Sen mening dunyomda qolasan yolg‘iz!
Ko‘zimda u kunlar qoldi tip-tiniq,
U kunlar bo‘lganmi? Bormidi? Bor… Chin!
She’rga aylanishga turibdi intiq –
Ko‘zimdan to‘kilgan har ulkan tomchi!
Balki… Xotirangda qolgan… Qolmagan…
Balki Sen uchun ham o‘sha kun armon.
O‘sha kun nigohlar gapirolmagan –
So‘zlar bilan yashab yuribman hamon!

Shoira SHAMS,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
* * *
Kelur savsan qadin tog‘ aylabon ul navbahor ichra,
Dilida ishq-u, ilkida tutib gul navbahor ichra.
Sahar afg‘oni birla olam ahlin uyg‘otib erdi,
Yana avji tarannum birla bulbul navbahor ichra.
Kirib gulshanga vasfin bitgali kim ishtiyoq aylar,
Yuz ochgay sahfadek nargis-u sunbul navbahor ichra.
Saboh alvonida husn-u jamolin orzu etgay,
Seningdek necha, ey ko‘nglum, taxayyul navbahor ichra.
Bitarsan nomalar otiga Shoira nihon aylab,
Ki ishq asrori dilga bo‘ldi maqbul navbahor ichra.

Nargiza ODINAYEVA,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
* * *
Men o‘zim tomonga qarayolmayman,
Yurak betlamaydi sen yoqlarga ham.
Tuya bo‘ynidagi qo‘ng‘iroqdayman,
Yo‘llarga to‘kilib boryapman kam-kam.
Qushlar osmonidan takror o‘toldi,
Sochlarim rayhonga aylanolmadi.
Bir ulkan ismlar kaftimda toldi,
Zamin izlarimni yodlayolmadi.
Og‘riqlar – moʻjiza, sukut – katta sir,
Har zarram yurakka aylanib turdim.
Fasllar ranglarda takror kelgandir,
Men esa bir tushni bir marta ko‘rdim.
Yomg‘ir, shamollarda o‘ynayveraman,
Tuya sahrolarga manzil soladi.
Muallaq lahzaman, nomsiz eraman,
Quyosh tomog‘imda qotib qoladi.

Gulhayo ANOROVA,
Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibi
* * *
Men jim kuzataman onam umrini,
Bir yodgorlik kabi turar mung‘ayib.
Lavhiga qirtishlab bitilgan yoziq
Rangsiz fasllarda bo‘ldilar g‘oyib.
Men jim kuzataman onam umrini,
Uyqusi adashgan qushlarday behol.
Ko‘zlari kirtaygan,
Rangi uniqqan
Gullardek iforin bilmas ehtimol.
Men onam umrini kuzataman jim…
Yomg‘irga jom bo‘lar chumoli ini.
Har oqshom bokira o‘rmon qo‘ynidan
Ko‘zlaring izladi qanday afsunni?
Men jim kuzataman onam umrini,
Anhorday shovullar olomon besar.
Sening-chi, ko‘ksingda urayotir bong
Inson anglashi man etilgan hislar.
Men jim kuzataman onam umrini,
Bolangman yupanchga jur’at etmagan.
Ro‘moling chetidan sirg‘algan g‘arib
Sochlaring o‘tmishdir qo‘lim yetmagan.
Men jim kuzataman onam umrini…
“Jadid” gazetasining 2025-yil 7-martdagi 10-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
605
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
603



