02.10.2025 | 12:25
427
JILGʻALAR BOSH QO‘SHIB DARYO BO‘LADI
“Jadid bobomga maktub” ijodiy insholar tanlovi yurtimiz maktablarida tahsil olayotgan izlanuvchan o‘quvchilarning qalbi va qalamiga yangi umidlar hamda ilhom berdi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Hafta davomida yurtimizning turli manzillarida bo‘lib, g‘olib va sovrindorlarni taqdirladik, har birining ota-onasi, ustozlariga cheksiz minnatdorlik izhor etish imkoniga ega bo‘ldik.

Safarimizni Ajiniyoz, Berdaq kabi yetuk oqin va jirovlar kuylagan qo‘shiq ohanglari haligacha yangrab turgan tuproqdan – Nukusdan boshladik. Bu yerda tanlov sovrindori, 36-sonli maktab o‘quvchisi Tumaris Baxtiyarova bilan uchrashdik. U jadid bobolar asarlarini yana bir qayta o‘qib, o‘ziga xos insho yozgani sababli uchinchi o‘ringa sazovor bo‘lgan. Maktab jamoasi oldida unga tanlov nizomida nazarda tutilgan sovg‘alarni berib, qizg‘in qutladik.
Keyin yurtimizning qadimiy va ma’naviy markazlaridan biri bo‘lgan Xorazmga yo‘l oldik. Urganch shahridagi 1-son ixtisoslashtirilgan maktab-internatida tahsil olayotgan Nafisaxon Otaboyeva bilan ko‘rishdik. U birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgani uchun 5 million so‘m pul mukofoti hamda 1000 ta badiiy, ilmiy-ommabop kitob va faxriy yorliq bilan taqdirlandi. Sovg‘alarni “Jadid” gazetasi tahririyati nomidan “Sharq yulduzi” va “Zvezda vostoka” jurnallari bosh muharriri Sirojiddin Rauf hamda O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi Shuhrat Matkarim g‘olibga tantanali tarzda topshirdi. Maktab ma’muriyati Nafisaxonga berilgan mingta kitob kutubxonaning eng ko‘zga ko‘rinar burchagidan o‘rin olishini alohida ta’kidladi.
Keyingi manzilimiz yirik ilmiy va ma’rifiy markaz, Abdurauf Fitrat, Sadriddin Ayniy, Abduvohid Munzim, Usmonxo‘ja Po‘latxo‘ja o‘g‘li va Fayzulla Xo‘jayev kabi zotlar yashagan muborak maskan – Buxoroyi sharif bo‘ldi.
Avval e’lon qilganimizdek, Shofirkon tumanidagi 3-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchisi Sabina Otamurodova faxrli uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan. Tadbir davomida Sabina yozgan insho yig‘ilganlarga o‘qib berildi.
U yerdan Navoiy viloyati sori yuzlandik. Cho‘l bag‘rida yastangan mo‘jiza maskan – Konimex tumanidagi 19-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Jasmina Nosimova rag‘batlantiruvchi o‘rin bilan tantanali taqdirlandi. Kutib olish marosimi o‘ziga xos milliy ruhda uyushtirildi. Uch millat – o‘zbek, qoraqalpoq va qozoq milliy kiyimlaridagi uch qiz, qo‘llarida xalqlarimizning sevimli taomi – bo‘g‘irsoq. Taqdirlash marosimi kutilganidan ham tantanali va ta’sirli o‘tdi. Jasmina haqidagi qissani eshitib, nihoyatda ta’sirlandik. Tanlovga tayyorgarlik paytida uni otasi 40 daraja issiqda maktabga velosipedda olib kelgan va kechroq xuddi shu tarzda olib ketgan. Ta’til bo‘lishiga qaramasdan qizining “tolibai ilm”ligi uchun vaqti va mehnatini ayamagan otaning ishonchi va fidoyiligi bugun o‘z mevasini bermoqda.
Tuman MMTB rahbari Ajargul Usmanovaning aytishicha, bu maskan ko‘p millatli maktab hisoblanib, unda 96 nafar o‘zbek, 24 nafar qoraqalpoq va 9 nafar qozoq millatiga mansub bolalar tahsil oladi. Shu kuni kechga yaqin ma’rifat va madaniyat beshigi, Turkiston jadidligining otasi Mahmudxo‘ja Behbudiy yashab ijod qilgan shahar – Samarqandga yetib keldik.
Bu safar Ibrohimjon Qudratovni rag‘batlantiruvchi o‘rin bilan tabriklash uchun Kattaqo‘rg‘on tumani, 32-umumiy o‘rta ta’lim maktabi manzilimiz bo‘ldi. Uning onasi tarbiyachi bo‘lib, farzandining tayyorgarlik jarayonida doimo yonida bo‘lgan, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatgan. Biroq eng muhimi – Ibrohimjon jadidlar haqidagi umumiy va odatiy yo‘ldan emas, balki o‘ziga xos, mustaqil yo‘ldan borishni ma’qul ko‘rgan. Yaxshisi, bu haqida o‘zidan “eshiting”: “Qarasam, do‘stlarim Behbudiy, Avloniy, Qodiriy kabi taniqli jadidlarga maktub yozyapti. Men esa dramaturg, shoir va publitsist – G‘ulom Zafariyga xat yozishga qaror qildim. Balki shuning uchun g‘olib bo‘lgandirman. Lekin bu tanlov meni ko‘proq o‘qib, izlanishga undagani rost”.
Samarqanddan tunda tag‘in otlandik. Poyezd bir maromda yo‘l tanobini tortib borarkan, derazadan boqib, Boysun dashtlarining cheksizligidan bahramand bo‘ldik, tog‘lar bag‘ridagi sokin tabiatni maroq bilan kuzatdik. Ha-a, muqaddas vatanimiz nihoyatda go‘zal va farahbaxsh maskanlarga boy. Yo‘lda bizga qo‘shilgan vagondoshlar bilan gurung boshlandi. Alpomishkelbat bir kishi “o‘n ming uyli qarindosh”ning “ulug‘ to‘rasi”dek yastanib, “Kuntug‘mish” dostonidagi mashhur xitobni aytdi: “qaydin kelasan, ayg‘il?” Biz esa g‘urur bilan dedik: “Shu tog‘lar ortida bir iste’dodli qiz bor ekan. U “Jadid bobomga maktub” tanlovida qirq ming alpni utib edi. Shuginani zotini bergani kelyapmiz…”
Nihoyat, Surxondaryo viloyati, Uzun tumanidagi 56-maktabga yetib bordik. Tabiat ham go‘zal, odamlar ham samimiy. Tanlovda rag‘batlantiruvchi o‘rinni qo‘lga kiritgan Mashhura O‘rinbadalova yosh jadidshunos bo‘lish barobarida, zamonaviy fanlarni puxta o‘zlashtirayotgan o‘quvchi ekan. Ingliz tilidan tayyorgarlik ko‘rib, IELTS imtihonidan 6 ball olgan. Ilmga chanqoq, ma’naviyatli, umidli yoshlardan.
Qarshi shahrida joylashgan Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabida o‘tkazilgan tadbir O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi bilan boshlandi. Bu yerda o‘zbek xalqining ardoqli farzandi, ulug‘ shoir Abdulla Oripov nomini yuksak sharaf ila tilga oladigan o‘quvchilar tahsil oladi. Ulardan biri – Gulhayo Narzulloyeva tanlovning ikkinchi o‘rniga sazovor bo‘ldi. U to‘rt million so‘m pul mukofoti va badiiy hamda ilmiy-ommabop kitoblar to‘plami bilan taqdirlandi. Ammo uning g‘alabasi raqamlar va sovg‘alarda emasdi – tanlov bahona jadid bobolar merosi bilan yana bir bor tanishish baxti edi. Aslida, u inshoni bir necha bor qayta-qayta yozgan. Ustozlari bilan maslahatlashib, ota-onasining ham fikrini olib, har bir so‘zni pishita-pishita qog‘ozga tushirgan. Ammo so‘nggi, o‘zining ko‘ngli to‘lgan variant… bizga yuborilmagan. Bir marta yuborgandan keyin, yana yuborishga iymangan ekan. Bu hikoya ijodkor qiz qalbining beg‘uborligi, o‘ziga nisbatan talabchan ekanini ko‘rsatadi. Tadbir yakunida Gulhayoni ustozlari, sinfdoshlari, do‘stlari samimiy tabrikladi. Har bir tabrikda bu qiz hali juda ko‘p marralarni egallaydi degan ishonch bor. Jadidlar izidan borib, ular kabi yetuk fikrlash va millat ravnaqini o‘ylash baxti muborak bo‘lsin, Gulhayo!
Farg‘ona viloyati, Marg‘ilon shahrida joylashgan Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabidagi uchrashuvimiz ham yuraklarga iliqlik bag‘ishladi. Ushbu mo‘jaz va ayni paytda muhtasham maskanning iqtidorli o‘quvchisi – Shahlo Safarova o‘zining bilimga, san’at va madaniyatga, ayniqsa, so‘zga bo‘lgan muhabbati, izlanishlari tufayli faxrli ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan.
Shahloning she’rlari, so‘zlash, sahnada o‘zini tutishi – barchasi uning ma’naviyatga boy, qalbida jadidlar merosiga ehtirom barq urgan, yurt ravnaqini o‘ylaydigan avlod vakili ekanini ko‘rsatdi.
Shuningdek, safar davomida uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan Toshkent shahar Yunusobod tumani 260-maktab o‘quvchisi Munisa Husanova, qolaversa, Nukus shahridagi 38-sonli maktab o‘quvchisi Gulnur Usmanovani, Sirdaryo viloyati, Oqoltin tumanidagi 3-maktab o‘quvchisi Ruxshona Bobobekovani, Jizzax viloyati, Sharof Rashidov tumanidagi 17-maktab o‘quvchisi G‘olibjon Meliqulovni, Namangan viloyati, Pop tumanida joylashgan 1-son ixtisoslashtirilgan maktabda ta’lim olayotgan Shukronabonu Rasuljonovani, Farg‘ona viloyati, Farg‘ona tumanidagi 6-maktabda o‘qiyotgan Dilmurod Fazliddinovni, Toshkent viloyati, Angren shahar 7-maktab o‘quvchisi Shahinaxon Jalolova, Andijon viloyati, Xo‘jaobod tumani 3-maktabda o‘quvchi Dilziroxon Jamoldinovalarni rag‘batlantiruvchi o‘rinni qo‘lga kiritganlari bilan qizg‘in tabriklab, kelajakdagi o‘qishlariga omad va zafarlar tiladik.
Bu uchrashuvlar davomida axtarib topganimiz o‘n olti buloq – Vatan ravnaqiga munosib hissa qo‘shishga intilayotgan o‘n olti iste’dodli o‘quvchi, bir paytlar jadid bobolar orzu qilgan ma’rifatparvar avlod vakillaridir. Umid qilamizki, ular bosh qo‘shib, qo‘shdaryoga yondosh ma’rifat daryosiga aylanadi.
Biz ustoz va murabbiylar bayrami arafasida yurtimizni bosh-oyoq kezib, g‘oliblar bilan birga ularni tarbiya qilgan, “…moziyga qaytib ish ko‘rmoq xayrli” ekanini uqtirgan o‘qituvchilarni ham chin dildan qutladik. Prezidentimiz qayta-qayta ta’kidlaganidek, “Najot ta’limda, najot tarbiyada, najot bilimda!” degan ezgu g‘oya bilan yashayotgan barcha ustoz-murabbiylarni yana bir karra ayyom bilan tabriklaymiz!
“Jadid” jamoasi
“Jadid” gazetasining 2025-yil 26-sentyabrdagi 39-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



