10.03.2025 | 09:54
402
“KURASHADI IKKI TO‘LQIN, QARAB TURAYMI!..”
Bugun Ilon Mask haqida eshitmagan kishi kam. “Kim o‘zi u?” degan savolga aksar kishilar “milliarder” deb javob qiladi. Siyosat, ilm-fan, fazo va dasturlash olami yangliklaridan yaxshiroq xabardor kishilar esa uning innovatorligini, ayni paytda AQSh prezidentining eng yaqin maslahatchilaridan biri hamda Hukumat samaradorligi departamenti rahbari ekanini ham aytishi mumkin.

Yozishga turtki bergan voqea
Ilon Mask borasida bizning diqqatimizni jalb etgan voqea “Jadid” gazetasi tomonidan chop etilgan kitob taqdimotida sodir bo‘ldi. Ma’ruzachilar qatorida so‘zga chiqqan akademik Abdulla A’zam: “Milliarder Ilon Maskning sun’iy intellekt (SI) texnologiyasi va kelajak urushlari borasida general Jon Xayten bilan suhbati kishida jiddiy xavotir uyg‘otadi”, dedi. Tadbirdan so‘ng olim Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ushbu mavzuga oid qo‘shimcha mulohazalarini e’lon qildi: “Maqsad – bugungi muammoga e’tibor qaratish. Sun’iy intellekt boshqaradigan tank va dronlarni ishlab chiqarish rivojlanmoqda… Biz esa innovatsiyani faqat sotib olish bilan shug‘ullanyapmiz. Sun’iy intellektni o‘zimiz yaratish o‘rniga, boshqalarnikidan foydalanyapmiz…”
Chindan ham aksariyat ekspertlar kelajakda SI texnologiyasi harbiy mojarolarda hal qiluvchi rol o‘ynab, inson uchun muqarrar xavfni keltirib chiqarishi mumkinligini ta’kidlab, bu yo‘nalishga jiddiy e’tibor qaratish va uni boshqarishda ustunlikka ega bo‘lish shart, degan fikrni ilgari surishmoqda. Ilon Mask esa ana shunday qarashdagi kimsalar orasida o‘ta qat’iy fikrda ekani bilan alohida ajralib turadi. Buning ustiga, u mavjud texnologik imkoniyatlardan kelib chiqqan holda, SI texnologiyasi yo‘nalishida mutlaq yetakchi bo‘lishga ochiq-oydin intilayotganlardan biri.
Shu o‘rinda SIT va Ilon Mask haqida batafsilroq to‘xtalishga harakat qilamiz.
Gʻaroyib bola
Milliarder haqida ochiq manbalarda shunday ma’lumot mavjud: Ilon Mask 1971-yili Janubiy Afrika Respublikasining ma’muriy poytaxti bo‘lmish Pretoriya shahrida tug‘ilgan. Otasi Erol Mask – muhandis, tadbirkor, onasi Mey Mask esa model va dietolog bo‘lgan.
Bolalik davri Janubiy Afrikada o‘tgan Ilon Mask o‘ziga xos xususiyatlari bilan tengdoshlaridan ajralib turgan. Xususan, u kitob, kompyuter va ilm-fanga qattiq qiziqqani bois 4 yoshidayoq turli mavzulardagi ensiklopediyalarning ancha-munchasini o‘qishga ulgurgan ekan.
“Yo‘lboshlovchiga qo‘llanma: Galaktika bo‘ylab” kitobi uning eng yaxshi ko‘rgan asarlaridan biri bo‘lgan. Ilm-fanga nisbatan jiddiy munosabat uning hayotida o‘z mevasini juda erta bergan. To‘qqiz yoshida kompyuter va dasturlash bilan tanishgan Ilon o‘n ikki yoshida “Blastar” nomli kompyuter o‘yinini yaratib, 500 dollarga sotishga muvaffaq bo‘ladi. Bu uning dasturlash texnologiyalarini ishlab chiqish va tadbirkorlikka bo‘lgan qiziqishini yanada rag‘batlantirgan.
Ilon Mask ota-onasi ajrashganidan keyin bir muddat otasi bilan birga yashagan. Keyinchalik otasi bilan munosabatlari juda taranglashib ketgani sababli AQShga ko‘chib ketishga qaror qiladi. 17 yoshli Ilonga onasining Kanada fuqarosi ekani qo‘l kelib, shu mamlakatga ko‘chib o‘tadi.
Kanadaning Monreal shahrida yashash bilan birga, turli xil ishlarda ishlab, o‘qishga mablag‘ to‘playdi. Ilon 1992-yili AQShning Pensilvaniya shahriga ko‘chib o‘tib, 1995-yilgacha bu shaharda “Kollej of Arts & Sayens”da fizika bo‘yicha, Uorton maktabida esa biznes va iqtisodiyot bo‘yicha tahsil olib, bakalavr darajasini beruvchi ikkita diplomni qo‘lga kiritadi. 1995-yili Stenford universitetida tahsilni davom ettirish uchun Kaliforniyaga ko‘chib o‘tgan Ilon o‘qishni tashlab, internet-texnologiyalari bilan shug‘ullanishga qaror qiladi.
Aslida bunday qarorga kelish uchun kishida aniq reja bo‘lishi lozim. Aftidan qahramonimizda bunday rejalar bisyor bo‘lgan. Shu bois oradan bir yil o‘tmay, u o‘zining Zip2 startapini ishga tushiradi. Buni amalga oshirishda ukasi Kimbal Mask, otasi Erol Mask va yana ko‘plab sarmoyadorlar uni qo‘llab-quvvatlagan. Zip2 xaritalar va yo‘nalishlarni ko‘rsatib berish xizmatiga ixtisoslashgan bo‘lib, asosan gazeta kompaniyalari uchun mo‘ljallangan. Qolaversa, Zip2 mahalliy biznes subyektlari, xizmatlar va tovarlar haqidagi ma’lumotlarni ham e’lon qilib borgan.
1999-yili “Compac” kompaniyasi Zip2 loyihasini 307 million dollarga xarid qiladi. Bu savdo bitimi Maskka taxminan 22 million dollar daromad keltirgan. Qisqa vaqt ichida qo‘lga kiritilgan bu sarmoya bugungi milliarderning keyinchalik “PayPal”ga aylangan х.com kompaniyasini tashkil etishida asqatgan.
1999-yili Mask х.com onlayn bankini tashkil etadi. Bu loyiha 2000-yili “PayPal”ga aylanib, elektron to‘lov tizimi sifatida katta muvaffaqiyat qozonadi. Bunday loyihalar o‘z yaratuvchilariga shubhasiz, ulkan imkoniyatlarni taqdim etadi. Bu safar ham shunday bo‘ldi. 2002-yili eBay kompaniyasi “PayPal”ni 1,5 milliard dollarga sotib oldi. Shundan so‘ng Ilon Mask hech ikkilanmay kosmosga parvozlarni arzonlashtirish va odamlarni Marsga jo‘natish orzusini ro‘yobga chiqarish borasida ish boshladi. U an’anaviy fazoviy raketalar ishlab chiqaruvchi kompaniyalardan farqli ravishda, qayta ishlatiladigan raketalar yaratish g‘oyasini ulkan qat’iyat bilan ilgari surgani sababli 2002-yili uning “SpaceX” kompaniyasi tashkil topadi.
“Muvaffaqiyat uchun istakning o‘zi yetarli emas, harakat qilish lozim”, degan donolar chindan haq bo‘lgan. Agar Ilon ko‘p marta foydalanishga mo‘ljallangan raketalarning muvaffaqiyatli parvozi uchun qariyb olti yil vaqt talab etilishini bilganida o‘z niyatidan qaytgan bo‘larmidi? Milliarder bu savolga hamisha “yo‘q”, deb javob qilgan. Zotan, har bir muvaffaqiyatsiz uchirilgan raketaga sarflangan millionlab dollar mablag‘lar ham uni cho‘chitmagan. 2008-yili Falcon 1 raketasi muvaffaqiyatli uchirilgan. Shundan keyin, 2012-yili Ilon Mask kompaniyasiga tegishli Dragon kapsulasi Xalqaro kosmik stansiyaga yetib bordi. 2020-yili SpaceX birinchi xususiy kompaniya sifatida Crew Dragon fazoviy kemasida odam uchirgan. 2023-yili Marsga uchish uchun muhim qadam deb hisoblangan Starship raketa tizimi sinovdan o‘tkazilgan. Negaki, ta’kidlanganidek Ilonning eng katta maqsadlaridan biri – insonlarni Marsga ko‘chirishdir. “Men, albatta, Marsda o‘lishni istayman. Ammo bu kosmik kemaning Mars yuzasi bilan to‘qnashuvi tufayli sodir bo‘lmasligi kerak” degan edi u.
Albatta, tadbirkor sarmoyasining yanada ko‘payishida davlatning ham muhim roli bor. Ilonning deyarli barcha fazoviy parvozlariga, ma’lum maqsadlarga mo‘ljallangan sun’iy yo‘ldoshlarni orbitaga olib chiqishga eng katta buyurtmalar AQShdagi NASA agentligi tomonidan berilgan.
Natijada milliarderga yaxshi daromad keltirgan bu yo‘nalish 2004-yili Tesla kompaniyasiga sarmoya kiritilishiga hamda Ilonning bosh ijrochi direktorga aylanishiga sabab bo‘lgan. Elektromobillar mavzusida deyarli inqilob yasagan Tesla kompaniyasi ko‘p o‘tmay o‘z elektromobillarining nafaqat ekologik jihatdan samarali, balki texnologik jihatdan mukammalligini ham isbotlay oldi.
Shu o‘rinda bir narsani alohida ta’kidlab o‘tish lozim. Ilon Mask o‘tgan asrning emas, bugunning milliarderi. Hatto asr boshida uni aksariyat sarmoyadorlar tanimas edi. Hozirga kelib taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, uning boyligi 384 milliarddan 400 milliard dollargacha bo‘lgan oraliqda deb baholanadi.
Kelajak urushlari va sun’iy intellekt
Ilon Mask kelajakdagi urushlar haqida bir necha bor o‘z qarashlarini bayon qilgan. Milliarderning fikricha, SI texnologiyalari kelajakda hal qiluvchi rol o‘ynaydi hamda insoniyat bundan keyingi davrlarda u orqali boshqariladigan urushlar, kosmik janglar va kiberurushga guvoh bo‘ladi. SI texnologiyalari tomonidan boshqariladigan qurollar esa kelajakda eng xavfli tahdidlardan biriga aylanadi.
2018-yili sun’iy intellektni “abadiy diktator” deb atagan Ilon agar bir davlat yoki kompaniya SI nazoratini to‘liq egallab olsa, bu butun dunyo uchun totalitar tizim yaratilishiga olib kelishini aytgan.
Ilonning fazoviy urushlar borasidagi qarashlari ham o‘z zamondoshlaridan ancha ilgarilab ketgan tasavvurlariga tayanadi. Unga ko‘ra, kelajakda kosmosdagi resurslar uchun raqobatga kirishadigan davlatlar yoki xususiy korporatsiyalar o‘rtasida kosmik urushlar sodir bo‘ladi. Bu esa kosmosda qurollanish davri boshlanishiga, sun’iy yo‘ldoshlarga qarshi qurollar ishlab chiqarishda raqobatning kuchayishiga sabab bo‘lib, “kosmik armiyalar”ning paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Bu borada vaqtni boy bermaslik uchun hozirdan harakat boshlash lozim.
Kelajakda yer yuzida davlatlar va kompaniyalar o‘rtasidagi ziddiyatlar an’anaviy urushlar shaklida emas, balki kibermakonda kechishini ishonch bilan ta’kidlovchi Ilon Mask fikricha, xakerlik hujumlari davlatlar iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazishi, ma’lumotlar sun’iy intellekt vositasida nazorat qilinishi, kriptovalyutalar va blokcheyn texnologiyalari global moliyaviy tizimdagi ustunlik uchun kurashda muhim rol o‘ynashi aniq.
Ilon Maskning bu qarashlarini keskin tanqid qiluvchilar ham yo‘q emas. Bir qancha ekspertlar buni haddan tashqari dramatik va reallikdan yiroq deb hisoblashadi. Ulardan biri – Facebook asoschisi Mark Sukerberg. U Maskning bu qarashlarini “befoyda va g‘ayritabiiy qo‘rquv” deb atagan.
Ammo 2023-yili AQSh Harbiy havo kuchlarining (USAF) sun’iy intellekt boshqaruvidagi dronlar bo‘yicha o‘tkazgan sinovi Ilon Maskning farazlari borasida o‘ylab ko‘rishga undaydi. O‘shanda ommaviy axborot vositalariga SI texnologiyasi asosida ishlovchi dron o‘z missiyasini bajarishda operatorining buyrug‘ini inkor qilib, unga hujum qilgan, degan ma’lumotlar matbuotga sizib chiqqan. Bu haqda AQSh Harbiy havo kuchlari polkovnigi, Tucker “Cinco” Hamilton nomli sun’iy intellekt bo‘yicha mutaxassis Hemilton Londondagi SI konferensiyasida gapirgan.
Polkovnikka ko‘ra, SI bilan ishlovchi dron o‘z missiyasini bajarish chog‘ida unga belgilangan nishonni olmaslik buyrug‘ini bergan o‘z operatorini “to‘siq” sifatida qabul qilib, uni o‘chirishga harakat qilgan. Shundan so‘ng operatorga hujum qilish taqiqlangani haqida dronga kod kiritilgan. SI esa bunga “muammo” deb qaragan va operatorning aloqa stansiyasini vayron qilishga uringan.
Google DeepMind va OpenSI mutaxassislari SI nazoratdan chiqishi haqida hech qanday aniq dalil yo‘qligini ta’kidlashgan. Bu sohadagi boshqa ekspertlar ham Ilon Maskni texnologiyani noto‘g‘ri tushunayotganlikda ayblashadi.
Ilmdan sarmoya yaratish mumkin!
Ha, aynan shunday. Buni Ilon Mask ham, boshqalar ham allaqachon bir necha bor isbotlab bo‘ldi. Va bunday shaxslar bugunga kelib alohida fenomenga aylandi. Agar e’tibor qilinsa, milliarder daromad manbalarining deyarli barchasi ilm-hunar rivoji bilan bog‘liq. Demak, novatorga dunyoning birinchi raqamli milliarderiga aylanish uchun jami imkonni faqat ilm bergan. Ayni vaqtda Ilon Mask faqat elektromobillar yoki kosmos sohasida emas, balki transport va infratuzilma yo‘nalishida ham innovatsion g‘oyalar ustida ishlayotgani ma’lum. Uning The Boring Company kompaniyasi shaharlar ostida tunnel qazish va tirbandlik muammosini hal qilishni maqsad qilgan. Shuningdek, Hyperloop va Mars Colony (Mars shaharlari) loyihasi dunyoning transport tizimi va uning kelajagini o‘zgartirishni ko‘zlaydi.
Hozirgacha uning kompaniyalarida bir necha loyihalar ishlanmoqda: Nevada shtatining Las-Vegas shahrida Vegas Loop innovatsion tunneli, Los-Anjelesda Test Tunnel, Mayami va Ostin tunneli, 1000 km soat tezlikdan 1220 km soat tezlikkacha harakatlanish imkonini beruvchi Hyperloop magnit levitatsiyali poyezdi tunneli, 2050-yilgacha Marsda mustaqil inson sivilizatsiyasini yaratishni maqsad qilgan Mars koloniyasi loyihasi shular jumlasidan. Mutaxassislar mazkur g‘oyalarni ro‘yobga chiqarish yo‘lida kecha-kunduz tinimsiz ish olib bormoqda.
Ilon Maskning kompaniyalari AQSh mudofaa va xavfsizlik sohalarida kundan-kunga muhimroq mavqega erishyapti. “SpaceX” AQSh mudofaa va NASA bilan yirik shartnomalarga ega. Pentagon SpaceXdan shaxsiy sun’iy yo‘ldoshlar va raketalarni uchirish uchun foydalanadi.
Shu o‘rinda uning AQSh siyosatida tutgan rolining ijobiy va salbiy jihatlarini sanab o‘tish lozim bo‘lsa, quyidagilarga to‘xtalamiz.
Ijobiy jihatlar: uning loyihalari AQShni global texnologiya yetakchisiga aylantirmoqda. “SpaceX” Amerika kosmik dasturlarini qayta tikladi. Mask Twitter’ni sotib olib, media senzurasiga qarshi chiqdi.
Salbiy tomonlari: Maskning ayrim bayonotlari siyosiy munozaralarni kuchaytirib, hukumat va jamoatchilik o‘rtasida tortishuvlarga sabab bo‘lmoqda. Starlink sun’iy yo‘ldoshlar tizimining harbiy maqsadlarda ishlatilishi hukumat bilan kelishmovchiliklarga olib kelgan. Twitterda so‘z erkinligini nazorat qilish susaygan, SI rivoji borasida bir-biriga zid qarashlarini ilgari suradi. So‘nggi paytlarda esa, u mazkur omilni harbiy sohaga integratsiya qilish hamda SI bilan ishlaydigan qurollar yaratishdan daromad olishni ko‘zlayotgani kishilarning e’tiborini tortmoqda.
Bunday cheksiz imkoniyatlar bilan nimalarni orzu qilmaslik mumkin?! Hatto hokimiyatni boshqarish, uni egallab olish yoki butun boshli xalqlarni o‘ziga og‘dirish imkoni bor.
Ilon Mask AQSh prezidenti bo‘lishi mumkinmi?
AQSh Konstitutsiyasiga ko‘ra, prezidentlikka nomzodini surishni istagan kishi shu mamlakatda tug‘ilgan bo‘lishi, yoshi 35 yoshdan kam bo‘lmasligi, Prezidentlikka o‘z nomzodini qo‘yguniga qadar AQSh hududida 14 yil yashagan bo‘lishi shart. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, Ilon Mask Janubiy Afrika Respublikasida tug‘ilgan, AQSh fuqaroligini 2002-yili olgan. Demak, u “natural” AQSh fuqarosi emas. Bu esa uning prezident bo‘lish imkoniyatini yo‘qqa chiqaradi.
Bu dunyoda nimalar bo‘lmaydi, balki konstitutsiya o‘zgarar, deydiganlarga kelsak, AQSh Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish juda qiyin masala. Kongress va 50 shtatning kamida uchdan ikki qismi buni ma’qullashi kerak. Ilgari Avstriyada tug‘ilgan Arnold Shvarsenegger yoki Germaniyada tug‘ilgan Genri Kessinjer kabi mashhur shaxslar uchun ham shunday o‘zgarish taklif qilingan, lekin qabul qilinmagan.
Qissadan hissa
Maqola boshida akademik olimimizning ziyolilarimizga murojaati ushbu mavzu tahliliga turtki bo‘lganini aytib o‘tdik. Ta’bir joiz bo‘lsa, men bu murojaatni millat bolalariga iltijo o‘laroq qabul qilish lozim, degan bo‘lardim.
Olimlar dunyo haqida so‘zlaganda uni qutblarga bo‘lgan holda tahlil qiladi. Ammo bugun sotsialistik va kapitalistik qutblar haqidagi qarashlar ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgandek. Mafkura, milliy g‘oya haqidagi chaqiriqlar ham kimlar uchundir puch gapday tuyuladi. Biroq qutblar mutlaqo yo‘qolib ketgani yo‘q.
Nazarimda, dunyoda hanuz ikki qutb mavjud: ilm-hunar taraqqiy etgan ma’rifat qutbi hamda kishilarni tubanlikka tortuvchi jaholat qutbi. Nadomatlar bo‘lsinki, nafaqat alohida kishilar, balki butun boshli xalqlar va davlatlar ham bu qutblar atrofida jamlangan.
Ma’rifat qutbidagilar insoniyatga yaxshilik ulashish, barcha tahdidlardan, hatto samoviy xatarlardan o‘zini asrash, axloqda ham, ibodatda ham, ilmda va itoatda ham belgilangan me’yorlardan chiqmaslik payidan bo‘lib, kun sayin taraqqiy etayotgan bo‘lsa, jaholat qutbidagilar bandalardan ilohlar yaratib olib, ularga sig‘inish bilan ovora.
Inson aqli bilan farishtalardan ko‘ra balandroq mavqega ega bo‘lsa, nafsi bilan hayvondan ko‘ra tubanroq pog‘onaga tushar ekan. Ma’rifat va jaholat qutblari oldidagi tanlov ham har bir kishining o‘ziga havola. Biroq ilmga intilish xalqimiz irsiyatida bor. Yo‘qsa, bu yurtda o‘n asr nari-berisida ikki bor Renessans hodisasi sodir bo‘lmas edi.
Bu o‘ylar jadid bobolarni ham iztirobga solganiga ishonchimiz komil. Shuning uchun ular millat bolalarini ilm olishga, hunar o‘rganishga da’vat qilgan. Aynan o‘sha da’vat asrlar osha aks sado beraveradi. Bunday sadolarni esa fidoyi olimlar, o‘z millati va xalqi taraqqiysini istagan ziyolilar og‘zidan eshitaveramiz. Faqat unga quloq solsak va xulosa chiqara bilsak, bas.
Ilon Mask tanlagan qutb haqida mulohaza yuritishni o‘zingizga havola etamiz.
Abdulhamid MUXTOROV
“Jadid” gazetasining 2025-yil 28-fevraldagi 9-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



