14.03.2025 | 09:24
575
YUZ BILAN YUZLASHGAN “SAODAT”
Ilk ayollar jurnali “The Ladies’ Mercury” dunyo yuzini ko‘rganiga qariyb uch yarim asrcha bo‘ldi. Bu jurnal Angliyada noshir va jurnalist Jon Delton tomonidan chop etilgan bo‘lib, uning sahifalaridan sevgi va sadoqat hikoyalari, odob-axloq mavzusidagi maqolalar, ayollar liboslariga oid tavsiyalar hamda xotin-qizlar bilan bog‘liq ajoyib xandalar joy olgan edi. Ammo 1886-yilda matbuotga kirib kelgan Amerikaning “Cosmopolitan” jurnali, garchi keyinchalik adabiyotga yo‘naltirilgan bo‘lsa-da, to bugungi kunga qadar eng ko‘p obunachiga ega ayollar nashri deb e’tirof etiladi.

O‘zbek xotin-qizlarining ma’naviyat bo‘stonida ko‘z ochgan “Saodat” ham o‘z nufuzini baland tutib kelayotgan onaxon jurnaldir. Ayni kunlarda uning ijodiy jamoasi jurnalning yuz yillik to‘yiga tayyorgarlik ishlarini boshlab yuborgan.
“Saodat” yurtimiz xotin-qizlarining ommabop, ijtimoiy-siyosiy, badiiy-bezakli jurnali bo‘lib, o‘zbekona qadriyatlarimiz targ‘ibotchisi, millat ayollarini ijtimoiy faollikka chorlaguvchi, shuning bilan birga, turmush tashvishlarida ularga eng yaqin maslahatgo‘y vazifasini o‘taguvchi suyukli nashrdir. Jurnalning ilk soni 1925-yilda “Yangi yo‘l” nomi bilan o‘quvchilar qo‘liga yetib borgan. Uning ilk muharriri etib matbuotchi bo‘lmasa-da, uzoq yillar mas’ul lavozimlarda ishlagan, o‘z davrining faol ayoli Tojixon Shodiyeva tayinlangan.
Ma’lum ijtimoiy-siyosiy sabablar bilan jurnalning nomi bir necha bor o‘zgartirilgan. Jumladan, tashkil bo‘lganiga o‘n yil to‘lib, “Yorqin turmush”, yana biroz vaqt o‘tib, “Yorqin hayot” deya nomlanadi va tez orada o‘zbek ayollari hayotining oynasiga aylanadi. Ammo Ikkinchi jahon urushi va urushdan keyingi iqtisodiy inqirozlar sabab jurnal bir muddat nashr etilmaydi. To‘qqiz yillik tanaffusdan keyin 1950-yilga kelib nashr “O‘zbekiston xotin-qizlari” jurnali nomi ostida yana mushtariylarga taqdim etila boshlandi. Jurnalning “Saodat” deb nomlanishi esa alohida bir tarix.
O‘zbekistonning ilk jurnalist ayollaridan biri – Saodat Shamsiyeva o‘sha paytdagi respublikaning birinchi rahbari Akmal Ikromov taklifi bilan ham Markaziy Komitetning bosmaxona ishlari bo‘limida, ham jurnalda muharrir sifatida faoliyat boshlaydi. To‘satdan jurnalning nomini o‘zgartirish haqida gap chiqadi va bir qancha yangi nomlar muhokamaga qo‘yiladi. Fayzulla Xo‘jayev jurnalni “Saodat” deb nomlash taklifini beradi. Biroq Akmal Ikromov bu taklifni yosh muharrir nomiga ig‘vo chiqmasligi uchun rad etadi. “Saodat” jurnal uchun uzukka ko‘z qo‘ygandek eng ma’qul nom ekani esa ko‘pchilik hukumat a’zolarining yodida muhrlanib qoladi. Va nihoyat 1966-yildan boshlab O‘zbekiston xotin-qizlar jurnali shakli-shamoyiliga va o‘zbek xotin-qizlari, opa-singillarining qalb kechinmalariga munosib tarzda “Saodat” deb ataldi.
Bu o‘ziga xos, nafosatli nashrga Tojixon ayadan keyin Sobira Xoldorova, Xosiyat Tillaxonova, Saodat Shamsiyeva, Fotima Niyozova, Iqbol Akbarxo‘jayeva, Oydin (M.Sobirova), Zulfiya Isroilova, Halima Xudoyberdiyeva, Oydin Hojiyeva, Feruza Jalilova muharrirlik qildi.
“Men shu muborak tahririyatda 42 yil ishladim, – deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Qutlibeka Rahimboyeva. – To‘rt avlod–Zulfiyaxonim, Halima Xudoyberdiyeva, Oydin Hojiyeva, Munavvara Usmonova rahbarlik qilgan adabiy davrda undim, o‘sdim. Bu jurnal menga o‘xshagan ne-ne shoiralarga saodat eshigi bo‘ldi. Ammo shu kunlarga yetmoq ham oson kechmagan. O‘n beshi zulmatga do‘ngan achchiq xotiralarning hilviragan sahifalarida qora yozuqlar ham bor. “Saodat”ga muharrirlik qilgan ilg‘or fikrli ayollarning ba’zilari qatag‘onga uchrab, uzoq yillar Sibirga surgun qilingan. Jumladan, Tojixon aya yigirma yil, Sobira Xoldorova o‘n uch yil Vatandan uzoqda yashagan, og‘ir qiynoqlarga solingan…
Bugun “Saodat”imizning adadi 70–80-yillardagiday katta bo‘lmasa-da, biroq mushtariylar auditoriyasi tor emas. Ular jurnalimizni elektron shaklda o‘qishadi, chiqayotgan maqolalarga munosabat bildirishadi. “Saodat” nuroniy yoshga yetib ham zamon bilan hamnafas yashayapti, taraqqiyot bilan birma-bir qadam tashlayapti. E’tibordan chetda qolayotgan mavzu yo‘q. Millat ayolining turmush tarzi, bola tarbiyasi, madaniy meros, milliy qadriyatlar, adabiyot va san’at olami, dunyo miqyosida tanilayotgan qizlar hayotidan lavhalar, pazandalik sirlariga oid maslahatlar va hokazo… Xullas, “bunda tole har narsadan mo‘l…”
Qutlibeka Rahimboyevaning aytganicha bor, davlat rahbarining 2018-yil 2-fevraldagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan jurnal tahririyati faoliyatini tubdan takomillashtirish, ularning elektron shaklini yaratish, samaradorligini oshirish borasida ham bir qator chora-tadbirlar belgilab olinib, jurnalning yangi qiyofasi yaratildi. Bugunning voqealariga yangicha yondashuv, tezkor munosabat va dizaynga e’tibor qaratildi. “Ayol va siyosat”, “Mustaqil yurt tayanchlari”, “Bir voqea tahlili”, “Jahonga mashhur ayollar”, “Jannatim onam”, “Saodatli yillarim”, “Qizlar daftaridan”, “Dunyoga sultonlar bergan ayollar”, “Har bir oila – tadbirkor”, “Olisdagi yaqinlarimiz”, “Qaynonalar maktabi – hayot ibrati” kabi yangidan yangi ruknlar yuz ochdi.
Yana bir gapni aytmasa bo‘lmaydi. “Saodat”da mehr-oqibatning bardavom an’anasi bor. Jamoaning biror xodimi ko‘zdan uzoq ketsa-da, ko‘ngildan nari bo‘lmaydi. Qondosh egachi-singil kabi to‘y-u tashvishida bir-biriga kamarbasta, yaxshi-yomonida hamnafas. Bitta nonni yetti bo‘lib yemasa, yegani ichiga tushmaydi.
Asrlik umr bir jurnal uchun – buyuk davr. “Saodat” shunday ulug‘likka yetdi, muhtasham yuz yillikning barakotini ko‘rdi. Qog‘ozlar qatida taqdirlar suvratini, kechinmalar tasvirini chizdi. Ayoli bor o‘zbaki xonadonlarning hammasiga muhib bir kuy kabi sizib kirdi. Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston xotin-qizlari jamiyatining hur damini tasdiqlovchi muhim hujjatga aylandi.
“SAODAT”ning tabarruk bayramlari mehrijahon onalar, dildor opa-singillar, oysuluv qizlarimizga qutlug‘ bo‘lsin!
Muhayyo RUSTAMOVA
“Jadid” gazetasining 2025-yil 7-martdagi 10-sonida
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
51
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
126
KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT
O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]
13.11.2026 | 14:43
316



