12.08.2024 | 12:32
1023
ENASOY XAZINASI BILAN YUZMA-YUZ
O‘rxun-Enasoy toshbitiklari – turkiy ellarning umummerosi, eng qadimiy yozma yodgorligi. Ularning namunalari Mo‘g‘ulistondagi O‘rxun daryosi vodiylaridan, Tuva, Xakasiya, Krasnoyarsk o‘lkasidagi Enasoy daryosi va uning irmoqlarining ikki qirg‘og‘i bo‘ylab joylashgan manzilgohlardan juda ko‘p miqdorda topilgan. Shu sabab bu bitiklarga “O‘rxun-Enasoy toshbitiklari” degan nom berilgan.

Bundan tashqari, toshbitiklar Sharqiy Turkiston, Sharqiy Yevropa, Oltoy, Boyko‘lbo‘yi, Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston hududidan (Farg‘ona, Surxondaryo va boshqa joylardan) ham topilgan.
Joriy yilning 5–17-iyul kunlari bir guruh olimlar, ijodkorlardan iborat “Bobolar izidan…” nomli ilmiy-ijodiy ekspeditsiyaning yo‘l xaritasiga ko‘ra, Chimkent – Taroz – Olmaota – Shamay – Tog‘li Oltoy yo‘nalishi bo‘yicha borilib, Oltoyda bo‘lib o‘tadigan “El o‘yinlari” etnofestivalida ishtirok etish, so‘ngra Abag‘an shahriga yo‘nalib, Enasoy bitiklarini o‘rganish rejalashtirilgan edi.
“El o‘yinlari” etnofestivalidan chiqib, o‘n uch kishilik ekspeditsiya a’zolari oltoylik folklorshunos olima Alevtina Nayeva hamrohligida Xakasiyaning boshkenti Abag‘an shahriga yo‘l oldik. U yerda abag‘anlik hamrohlar ko‘magida xakaslarning tili, urf-odatlari, folklori va bitiktoshlarni o‘rganishga kirishdik.
Enasoy daryosi Tuva Respublikasining markazi Qizil shahri yonida, katta Enasoy va kichik Enasoy o‘zanlarining qo‘shilishidan hosil bo‘ladi. Tuvalar bu o‘zanlarni “Enasoy” emas, aksincha “Biyxem” (katta o‘zan) va “Qaaxem” (kichik o‘zan) deb atashadi. Enasoyga esa “Ulug‘xem” deya nom berishgan.
Yuqori Enasoy Tuva tovoqsoyidan boshlanib, to Soyon qo‘riqxonasigacha davom etadi. Keyin yana o‘nlab ulkan shaharlarni kesib o‘tadigan bu buyuk daryo Do‘lg‘an qardoshlarimiz makon tutgan Tutin shahriga yetganda juda keng va sokin daryoga aylanadi. Daryo Shimoliy Muz okeanidagi Kar dengiziga borib quyiladi.
Azal-azaldan bu buyuk daryo va uning irmoqlarining vodiylarida, o‘rmonlarida oltoy ellari, xususan, turkiy qavmlar yashab kelgan. Tuvalar, shorlar, altaylar, xakaslar, dolg‘anlar, saxa(yakut)lar hamon bu buyuk daryoning egalaridir. Shu sabab turk eli uni “Enasoy” deb ardoqlaydi.
Qadim davrlardan turkiy xalqlar yashab kelgani uchun Enasoyning vodiylari turkiy bitiktoshlar va boshqa yodgorliklar bilan to‘la. Yodgorliklar asosan runik yozuvlar, tamg‘alar, astral, antropomorf va zoomorf tasvirlar saqlangan g‘orlar, qoyatoshlar, oddiy tosh yoki qayroqtosh, shuningdek, maxsus ishlangan toshlardan iborat. Ular orasida eng ahamiyatlisi, albatta, bobolar tarixi haqida keng ma’lumot bera oladigani runik yozuvlari – qadimiy turkiy bitiklardir.
Bitiklar ishlov berilmagan oddiy yoki qayroq toshlarga, maxsus kesib shakl berilgan toshlarga, balbaltoshlarga yoki qo‘lda tayyorlangan qumtoshlarga bitilgan. Ularning soni esa juda ko‘p. Birgina Tuva Respublikasining hududidan 82 ta bitiktosh, yuzlab antropomorf va zoomorf tasvirli toshlar topilgan. Ular orasida eng mashhuri Qizil shahridagi Tuva milliy muzeyida saqlanayotgan Ye43 (Qizil Chiraa I) toshbitigidir.
Toshbitik taxminan VIII-IX asrlarda yozilgan bo‘lib, Enasoyning Boyonko‘l o‘zani vodiysidagi Qizil Chiraa manzilgohidan topilgan. U 1961-yilda I.A.Batmanov tomonidan tadqiq qilingan. Yodgorlik qizg‘ish qumtoshdan yasalgan bo‘lib, old tomoniga va chap yoniga 5 qator yozuv yozilgan. Balandligi – 1,84 metr, oldi va ort tomonining eni – 0,45 metr, yon tomoni – 0,13 metr.
Xakasiya Respublikasi hududida ham 80 dan ortiq turli toshbitiklar topilgan. Bu yodgorliklarning asosiy qismi Xakasiya milliy o‘lkashunoslik muzeyida saqlanadi.
Enasoy toshbitiklari orasida eng yirigi Ye-48 (Abag‘an) shifri ostida saqlanadigan toshbitik bo‘lib, u 510 ta harfdan iborat. Uni Minusinsk muzeyida ko‘rish mumkin. Toshbitik kulrang qumtoshdan taroshlab tayyorlangan, unga 16 qator bitik o‘yib bitilgan. 6 qatori oldida, 7 qatori orqada, qolgan uch qatori ikki yon tomoniga sig‘dirilgan. Toshbitik 1916-yilda Adrianov tomonidan Abag‘an daryosining o‘ng qirg‘og‘idan topilgan.
Krasnoyarsk o‘lkasida ham qadimiy yodgorliklar bisyor. Ular asosan Minusinsk tovoqsoyidan, Kem va Oya o‘zanlarining vodiylaridan topilgan. Ammo, afsuski, juda ko‘plab raritetlar, hatto yirik qoyatoshlar va g‘orlar ham XX asrda barpo etilgan suv omborlarining ostida qolib ketgan. Topilmalarning aksariyati Krasnoyarsk o‘lkasi o‘lkashunoslik muzeyida, Minusinsk mintaqaviy o‘lkashunoslik muzeyida, Davlat Ermitajida va Moskvadagi Tarix muzeyida ko‘rgazmaga qo‘yilgan.
Enasoyning quyi oqimida ham kichik hajmdagi toshlar, shuningdek, ayrim buyumlarga yozilgan bitiklar topilgan. Dolg‘an-nenes muxtor okrugi va Yakutiyada topilgan runik yozuvlar “Yakut bitiklari” deb ataladi. Bu yozuvlar turkiy runik yozuvlarining o‘zgargan shaklidir.
Enasoy yozuvlari bo‘yicha ilk kashfiyotlar Pyotr I ning maslakdoshi doktor Daniil Gotlib Messershmidtga tegishlidir. U 1721-yilning avgust oyida Uybat o‘zanining chap irmog‘idan majorlar qilichiga o‘xshash egilgan ustunsimon toshbitikni topadi. Toshustunning hamma tomoni yozuvlar bilan to‘la bo‘lib, afsuski, uni olimning o‘zi o‘qiy olmagan.
Enasoy yozuvlarini birinchi bo‘lib 1893-yilning 23-noyabrida daniyalik tilshunos Vilgelm Tomsen o‘qiy olgan va uning birinchi o‘qigan so‘zi “Tengri” va “Turk” so‘zlari bo‘lgan. Shu sababli Turksoy xalqaro turk madaniyati tashkiloti tomonidan har yili 23-noyabr – Turkiy alifboning qayta tiklanishi xalqaro bayrami sifatida nishonlab kelinadi.
Bundan 20 yil oldin oltoyshunoslar turkiy yozuvlarning mazmuni borasida ko‘proq Yevropa olimlarining tadqiqotlariga suyanishgan. Ammo keyin vaziyat o‘zgardi. Ma’lum bo‘lishicha, o‘qilgan yozuvlarni sharhlashda turkiy olimlarning talqinlari asl mazmunga yaqinroq ekan.
Keyingi yillarda O‘rxun-Enasoy yodgorliklarini o‘rganishda Rossiya, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Janubiy Koreya va Yaponiya olimlari yetakchilik qilishmoqda. Taassufki, o‘zbek olimlari bu borada ancha orqada. Abag‘anda Xakasiya til, adabiyot va tarix ilmiy tekshirish instituti xodimlari bilan uchrashganimizda ular O‘zFA O‘zbek tili, adabiyot va folklor instituti bilan hamkorlik qilishayotganini eshitib xursand bo‘ldik. Ammo arxeologlar bu yerda ish olib borgani haqida biror ma’lumot uchratmadik.
Shu o‘rinda, O‘rxun-Enasoy yodgorliklarini o‘rganish o‘zbek olimlariga nima beradi, degan savol tug‘iladi. Bunga javoban xakas olimlaridan eshitganim bir voqeani keltirib o‘tishni lozim topdim.
Yaponiyalik oltoyshunoslar Xakasiya ilmiy tekshirish institutlari bilan doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishgan, chunki ular ham asli oltoy xalqining bir bo‘lagi. Ular xakas olimlari bilan hamkorlikda Enasoy yodgorliklarini ham tadqiq qilishadi.
2005-yilda Kemerovo universitetining arxeologi Anna Muxareva Xakasiya va Krasnoyarsk o‘lkasi chegarasidagi Intiqko‘l atrofidan Tagar madaniyatiga tegishli toshbitikni topishga muvaffaq bo‘ladi. Ammo ayrim harflar yetishmagani uchun yozuvlarni to‘liq o‘qiy olmaydi. Shundan so‘ng yordam so‘rab yaponiyalik professor Osavaga murojaat qiladi. Osava toshbitikdan aniq nusxa olib kattalashtiradi va 28 ta harfni topib uni to‘liq o‘qishga erishadi.
Unda mazmunan quyidagilar yozilgan ekan: “(men) Erkin qor yog‘ganda yiqildim va o‘ldim, xuddi tosh kabi mangulikka yuz tutdim”.
Qizig‘i shundaki, shu paytgacha bu yerdan oldin topilgan qabrtoshlardan birontasida “erkin” so‘zi uchramagan ekan. Aniqlanishicha erkin urug‘ oqsoqollariga beriladigan unvon bo‘lib, u “Eltebar”, ya’ni oliy hukmdordan ancha kichik bo‘lgan unvon ekan. Yana bir farazga ko‘ra, “erkin” to‘laqonli huquqqa ega bo‘lgan kishilar unvoni bo‘lib, hozirgi fuqaro so‘ziga mos kelar ekan. Buni eshitgach, “shuni o‘zbek topsa bo‘lmasmidi?” deyman ichimda.
Xulosa shuki, o‘zbek millati doim ilmda oldingi saflarda bo‘lgan. Tomirlarimizda buyuk allomalarning qoni oqib turibdi. Shunday ekan, bobolar qoldirgan merosni o‘rganishda ham oldingi safda bo‘lishimiz kerak.
To‘g‘ri, bundan o‘n yil oldin respublikamiz hududidan chiqib tadqiqot olib borishga imkonimiz yo‘q edi. Ammo davlatimiz tomonidan keyingi yetti yilda ilmiy sohani rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab islohotlar amalga oshirildi, olimlar va tadqiqotchilar uchun sharoitlar yaratildi. Biz “Bobolar izidan…” ekspeditsiyasi yo‘nalishi bo‘yicha Qozog‘iston va Rossiyaning institutlarida olimlar bilan uchrashar ekanmiz, o‘zaro suhbatlarda ish haqlarimizni solishtirdik. O‘zbek olimlari va professor-o‘qituvchilariga ulardan ko‘ra ko‘proq haq to‘lanar ekan. Ammo ilmiy-innovatsion, tajriba-tadqiqot ishlarida ulardan orqadamiz. Menimcha, hukumatimizning ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rliklariga monand ravishda olimlarimiz ilmiy loyihalarni yanada ko‘paytirishi lozim.
Vatanimiz – O‘zbekiston. Ammo shuni bilishimiz kerakki, tariximiz va buyuk madaniy-ilmiy merosimiz mamlakat sarhadlari bilan chegaralanmaydi. Aslida ilmiy tadqiqot ishida chegara tushunchasi o‘ta nisbiy bo‘lib qolishi jamoatchilikka kunday ravshandir. Biz global fan taraqqiyotida o‘z milliy tafakkurimiz bilan ishtirok etishimiz kerak. Shunda bizning ham jahon ilm-u fanida nufuzimiz yanada oshadi. Bu sa’y-harakatlar muhtaram Prezidentimiz ilgari surayotgan Uchinchi Renessans poydevorini mustahkam bunyod etish g‘oyasiga hamohangdir.
Anvar BO‘RONOV,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori,
“Bobolar izidan…” ekspeditsiyasi ilmiy rahbari
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



