17.04.2025 | 09:00
663
NATIJALARGA QAT’IY ISHONAMIZ
O‘zbekistonning olib borayotgan ochiq va pragmatik tashqi siyosati natijasida mamlakat bugun dunyo davlatlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash va yanada kengaytirishga qaratilgan yirik anjumanlar va forumlarga mezbonlik qilmoqda. Qadimiy Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi birinchi rasmiy sammiti, Xalqaro iqlim forumi, Toshkent shahridagi Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi bunga yaqqol misoldir.

Mintaqa davlatlariga bir vaqtlar uchinchi davlat sifatida qarashar edi, bugun esa Markaziy Osiyo Yevropa Ittifoqining munosib hamkori sanaladi. Shiddat bilan rivojlanayotgan mintaqa davlatlari o‘z taraqqiyoti uchun o‘zi sarmoya kiritdi. O‘zbekiston misolida aytadigan bo‘lsam, mamlakat o‘ta muhim sohalarga, xususan, iqlim muhofazasi, “yashil” va barqaror rivojlanishga, buning uchun zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda yoshlarning sifatli ta’lim olishi, jamiyatda o‘z o‘rnini topishi va munosib ish o‘rinlarini egallashiga katta e’tibor qaratmoqda.
Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi rahbariyatining oliy darajadagi uchrashuvi o‘zaro hamkorlik yo‘lida yanada birlashishga qaratilgan tarixiy ahamiyatga ega dunyo miqyosidagi yirik anjuman bo‘ldi. Mintaqa davlatlarining o‘zaro hamjihatlikda va birgalikda rivojlanish yo‘lidan borayotgani ularni yanada kuchliroq qiladi. Biz yevropaliklar bunday ishonchli sheriklar bilan butunlay yangi iqtisodiy istiqbollar bo‘yicha hamkorlik qilamiz va bu orqali bir-birimizdan o‘rganamiz.
Hanifa SOYLU,
Sotsial-demokratlar partiyasining Hamburg shahri parlamenti deputatligiga nomzod, huquqshunos

O‘zbekistonning olib borayotgan yoshlar siyosatini alohida ta’kidlagan bo‘lar edim. Mamlakat yoshlarni qo‘llab-quvvatlayotgani, nafaqat mamlakat ichida, hatto xorijda ta’lim olayotgan, mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan o‘zbekistonlik yoshlarni ham birlashtirib, ularning g‘oyalari, fikr va tashabbuslarini o‘rganib, keng imkoniyat yaratayotgani tahsinga sazovordir. Yaqinda O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasida bo‘lib o‘tgan birinchi “Vatandoshlar mintaqaviy forumi”da ishtirok etdim va davlatning yoshlarga qaratayotgan e’tiboriga guvoh bo‘ldim.
Iqlimni muhofaza qilish bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biri va O‘zbekiston bu borada katta ishlarni amalga oshirayotganidan xabardorman. Hukumatingiz tomonidan quyosh, shamol energiyasi kabi qayta ishlanadigan manbalarni rivojlantirish bo‘yicha ulkan maqsadlar qo‘yilgani va yirik loyihalarning amalga oshirilayotganini e’tirof etaman.
Mamlakatda paxta yetishtirish ham iqlim muhofazasi maqsadida kamaytirilgani, ko‘kalamzorlashtirish ishlarining avj oldirilgani quvonarli hol. Bu masalalar elektr toki, tabiiy gaz narxlari o‘sib borayotgan bir paytda Yevropa uchun ham juda dolzarbdir. Qayta tiklanadigan energetika turlari bo‘yicha faol bo‘lgan yangi sheriklar bilan hamkorlikda ishlash biz uchun muhim. Kelajak uchun atrof-muhitga zarar keltirmaydigan ijtimoiy ekologik iqtisodiyot yaratish yo‘lida kuchlarimizni birgalikda safarbar qilsak, muayyan natijalarga erishishimizga qat’iy ishonamiz.
Timo Ulrixs,
Berlin “Akkon” gumanitar fanlar instituti vitse-prezidenti, tibbiyot fanlari doktori, professor

– Ayni paytda jahon maydonida hukm surayotgan siyosiy holatni inobatga oladigan bo‘lsak, ikki yirik mintaqaning hamkorlikdagi sa’y-harakatlari olamshumul ahamiyat kasb etadi. Bu har ikki tomonga ham dolzarb masalalar bo‘yicha bevosita muloqot olib borish hamda hamkorlik istiqbollarini mustaqil belgilash imkonini beradi.
Bularning barchasi davlatlar hamjamiyati darajasida muhokama qilinishi lozim bo‘lgan va mazmunan kelishib olishni talab etadigan global masalalardir. Bildirilgan tashabbuslarda O‘zbekistonning yetakchilik roli biz, ya’ni sog‘liqni saqlash va tibbiyot sohasidagi faol ekspertlarni quvontirdi. Chunki bu bizga O‘zbekiston-Germaniya munosabatlarini yanada rivojlantirish, masalan, iqlim o‘zgarishining inson salomatligiga ta’siriga oid muhim mavzularni ilgari surish, birgalikda ularning yechimini izlashga o‘z hissamizni qo‘shish imkoniyatini beradi.
Iqlim o‘zgarishining aholiga ko‘rsatayotgan ta’sirini kuzatyapmiz. Bu global muammolarni hal etish uchun o‘zaro to‘g‘ridan to‘g‘ri bevosita muloqot qilishimiz lozim. Buning uchun davlatlarimiz tomonidan siyosiy jihatdan shart-sharoitlarning yaratilishi, doimiy forumlarning tashkil etilishi hamkorligimizni yanada jadallashtiradi. Bu esa ezgu maqsadlarimiz ro‘yobga chiqishida bizga qanot bo‘ladi.
Samarqand uchrashuvlarining yana bir ahamiyatli jihatini ta’kidlashni istardim, ya’ni “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammitida, Samarqand Xalqaro iqlim forumida ham barcha sohalarda ikki tomonlama emas, balki ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga asosiy urg‘u berildi. Shu nuqtayi nazardan ham, bu oliy darajadagi uchrashuvlarning biz uchun ahamiyati katta, bunday siyosiy kelishuvlar global muammolar va ularning yechimi ustida birgalikda izlanish uchun keng sharoit va imkoniyatlar yaratadi.
“Jadid” gazetasining 2025-yil 11-apreldagi 15-sonida
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
105
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
139
KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT
O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]
13.11.2026 | 14:43
331



