Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 9°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


06.12.2024 | 10:13

img1046

QAT’IYAT VA JASORAT SOHIBI yoxud Bobur va Masserman qoidasi

Insoniyat o‘z tarixida hayotini xalq xizmati, yurt obodligi, davlat taraqqiyoti yo‘lida baxshida etgan hukmdorlarni ko‘p ko‘rgan. Aleksandr Makedonskiy, Yuliy Sezar, Amir Temur, Sulaymon Qonuniy, Jorj Vashington, Avraam Linkoln, Mahatma Gandi, Uinston Cherchill… Ularning har biri o‘ziga xos boshqaruv maktabi yaratgan ulug‘ siymolar sanaladi. Zotan, dunyodan qancha hukmdor o‘tgan bo‘lsa, davlat boshqaruvida ularning bir-biriga o‘xshamagan beqiyos tajribasi bor.

Boshqaruvda shaxsning o‘rni va roli beqiyos ekanligini inobatga oladigan bo‘lsak, mana shu o‘ziga xoslikni yaxlit bir qolipga solish, qonunlar doirasida cheklab qo‘yishning imkoni yo‘q. Har kim iste’dodi, jasorati, harakatchanligi, fidoyiligi, tezkorligi, adolatparvarligi, shaxsiy yondashuvi va boshqa jihatlari bilan ajralib turishi tabiiy hol.

Amerikadagi mashhur “Taym” jurnalida “Tarixning buyuk dohiylari” ruknida taniqli adiblar, tarixchilar, harbiylar va boshqa kasb vakillarining maqolalari doimiy nashr etib boriladi. Bu borada Chikago universiteti professori Jyul Masserman masalaga aniq mezon bilan yondashishni taklif etadi. Uning fikriga ko‘ra, sardorlar uchta vazifani bajarishi kerak. Birinchidan, ular o‘zlari boshqargan xalqni tinch va farovon hayot bilan ta’minlashi, ikkinchidan, odamlar o‘zini xavf-xatarsiz, xotirjam sezadigan jamiyat qurishi, uchinchidan, odamlarga iymon, ishonch va e’tiqod yo‘lini taqdim qilishi zarur.

Masserman shular asosida buyuk tarixiy shaxslar faoliyatini o‘rganib chiqib, quyidagi xulosani ilgari surgan: “Paster va Salk kabi dohiylar birinchi mezonga javob beradi… Aleksandr Makedonskiy, Sezar va boshqalar ikkinchi yoki uchinchi talablarga mos. Budda esa, faqatgina uchinchi toifaga mansubdir”.

Xo‘sh, ana shu nuqtayi nazardan qaraganda, yurtimiz tarixidagi zakiy hukmdorlardan biri, taqdir taqozosi bilan Hindistonda buyuk saltanatga asos solgan Zahiriddin Muhammad Boburning sharafli faoliyatini qaysi toifaga kiritish mumkin?

Bobur, garchi, davlatni qilich bilan boshqargan bo‘lsa-da, doim adolatni birinchi o‘ringa qo‘ygan, saltanat manfaati yo‘lida lashkarboshi va beklariga nohaq ozor bermaslik, ularning ko‘nglini og‘ritmaslikka harakat qiladi. U o‘zi barpo etgan saltanatda tinch va osoyishta hayot hukm surishi uchun farzandlarini hamisha ahil va birdam bo‘lishga undaydi. Uning vorislari ana shu o‘gitlarga amal qilgani uchun ham Boburiylar sulolasi Hindiston tarixida o‘chmas iz qoldirgan.

Hindiston fath etilganda u o‘z solnomasiga: “…Tengri taolo ranj va mashaqqatimizni zoye’ qilmay, mundoq zo‘r g‘animni mag‘lub qilib, Hindistondek keng mamlakatni maftuh ayladi. Bu davlatni o‘zumizning zo‘r va quvvatidin ko‘rmasbiz, balki Tengrining mahzi lutf va shafqatidindur va bu saodatni o‘zumizning sa’y va himmatidin bilmasbiz, balki Tengrining ayni karam va inoyatidindur”, degan so‘zlarni darj qiladi.

Bu misol Bobur Mirzo iymon-e’tiqodda sobit podshoh bo‘lganini isbotlaydi.

Davlat boshqaruvini zimmasiga olgan hukmdor har tomonlama sog‘lom, jismonan baquvvat va kuchli bo‘lishi juda muhimdir. Shu bois Zahiriddin Muhammad Bobur o‘sha davr hukmdorlariga, temuriyzodalarga baho berishda ularning musht zarbi kuchidan tortib, qilich tutishi va kamon tortishigacha alohida e’tibor qaratgan. Jumladan, sulton Husayn Mirzo to‘g‘risida: “Shujo’ va mardona kishi edi. Borlar o‘zi qilich tegurubdur, balki har ma’rakada borlar qilich tegurubdur. Temurbek naslidin hech kim ma’lum emaskim, sulton Husayn Mirzocha qilich chopmish bo‘lg‘ay”, sulton Umarshayx Mirzo to‘g‘risida: “Ikki martaba o‘zi jami’ yigitlardin o‘zub qilich tegurdi. O‘qni o‘rta chog‘liq otar edi, bisyor zarb mushti bor edi, aning mushtidin yigit yiqilmog‘on yo‘qdur”, sulton Ahmad Mirzo to‘g‘risida: “Shijoati bor edi, …ma’rakalarda andin asari shijoat zohir bo‘lur ekandur”, degan fikrlarni bayon qiladi.

Bobur Mirzo tasavvuridagi hukmdor bir so‘zli, qat’iyat va jasorat sohibi, sobitqadam bo‘lmog‘i, har qanday tadbirga puxta o‘ylagan holda qo‘l urmog‘i va uni oxiriga yetkazmog‘i lozim. Xususan, u sulton Husayn Mirzo ichki nizolarni bostirish maqsadida Xusravshohga qarshi ikki marta ot solib, podshohlik azmini bajo keltira olmagani tufayli o‘g‘illari va beklari oldida obro‘sini yo‘qotganini achchiq iztirob va alam bilan qayd etadi.

Uning nazarida, hukmdor qo‘li ostidagilarning boshini qovushtirib, ularga ta’sir o‘tkaza oladigan, mustahkam irodali shaxs hamda fikrini o‘zgalarga aniq-ravshan tushuntiradigan kuchli notiq bo‘lmog‘i lozim. Bobur Mirzo bu borada ham ko‘pchilikka o‘rnak va namuna edi. U Hindistonda mahalliy aholini tamg‘a solig‘idan ozod qilib, odamlarga yengillik beradi. Bir vaqtlar sulton Abusaid Mirzo Xoja Ahror Valiy maslahatiga binoan shu tajribani qo‘llagani natijasida xalqning moddiy sharoiti yaxshilanib, el orasida hukmdorning mavqeyi oshganini ta’kidlaydi.

Zahiriddin Muhammad Bobur mamlakat yetakchisi o‘qimishli, mushohadasi keng, ma’naviy barkamol inson bo‘lishi lozimligiga alohida e’tibor qaratib, jumladan, Mirzo Ulug‘bekni “Din va dunyoning tayanchi, donishmand kishi edi”, deya ta’riflaydi hamda uning hukmronligi davrida Samarqandda juda katta qurilish va obodonchilik ishlari amalga oshirilganini faxr bilan tilga oladi.

Boburning nazarida saltanatni boshqarish ulug‘ a’mol bo‘lsa-da, ammo unga ega bo‘lmoq va hokimiyat jilovini qo‘lida saqlab turmoq uchun insoniy qadriyatlarni poymol etish aslo mumkin emas. U toj-u taxt ilinjida padarkushlik, birodarkushlik va farzandkushlik kabi og‘ir jinoyatlar botqog‘iga botishni gunohi azim deb biladi. “Boburnoma” asarida ana shunday tubanliklarga qo‘l urgan Abdullatif Mirzo, sulton Mahmud Mirzo, Xusravshoh va Xadichabegim kabi shaxslar shayton vasvasasiga uchgan yuzi qaro insonlar sifatida talqin etiladi.

Buyuk hukmdor asossiz qirg‘inbarotlarni, xalqni talon-toroj qilishni keskin qoralaydi va bu masalalarga o‘zining qat’iy munosabatini bayon qiladi. Jumladan, mo‘g‘ul ulusining “bossa ham va yoki ma’lum bir hududdan qochib chiqsa ham” yurtni talab ketishi haqida nafrat bilan yozadi.

“Boburnoma”da qayd etilishicha, boshqaruvda asosiy mas’uliyat hukmdor zimmasida bo‘lmog‘i, har bir hukm uning nomidan chiqmog‘i, beklar esa uni so‘zsiz ijro etmog‘i lozim. Zero, bu davlatchilikning asosiy tamoyilidir. Asarda Shayboniyxon sulton Ali Mirzo va uning piri o‘ldirilgani uchun barcha aybni beklarining zimmasiga yuklaganini qattiq qoralab: “beklar o‘z xonlari bilan maslahatlashmay bunday ishlarni qilsalar, xonlikka ne e’tibor qolishi mumkin”, deb kesatadi.

Bobur Mirzo taqdir hukmi va davrning evrilishlari tufayli olis va begona bir yurtda, o‘zga din va rasm-rusumlarga amal qiluvchi xalqlar yashaydigan ulkan hududda saltanat barpo etishga muvaffaq bo‘ldi. Ana shunday murakkab sharoitda u o‘zi, saroy a’yonlari, bek va hokimlar, askarlari e’tiqod qiladigan islom dinini asrab-avaylash bilan bir qatorda, millatlar o‘rtasida totuvlikni, dinlararo bag‘rikenglikni rivojlantirishdek g‘oyat murakkab va o‘ta nozik vazifani ham sharaf bilan ado etdi.

U hind yurtida siyosiy vaziyatni barqarorlashtirish, raiyatni yagona bayroq ostida birlashtirish, turli din va millat vakillari, mazhablar o‘rtasidagi nizo, adovatlarga chek qo‘yish, xalqlarning sha’ni va qadriyatlarini munosib himoya qilishga alohida e’tibor qaratdi va bunga erishdi. Shu bois ham uning sharafli nomi bashariyat tarixi zarvaraqlariga abadul-abad oltin harflar bilan bitilgandir.

Muhammadqosim OLIMOV,
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Buxoro viloyati kengashi raisi

“Jadid” gazetasining 2024-yil 29-noyabrdagi 49-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img112

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img623

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img617