19.11.2024 | 09:59
590
NIYAT, QAT’IYAT – MUVAFFAQIYAT
Azaldan ayollar siyosatdan yiroq bo‘lmagan. Sharqning bu boradagi tajribasi Gʻarbnikidan aslo kam emasligiga oid asosli ma’lumotlar yetarli. Agar dunyo avvalambor yurtimizni qudratli markazlashgan davlat barpo etgan Sohibqiron Amir Temur shaxsi orqali tanigan bo‘lsa, shubhasiz, bunda Saroymulkxonimning ham beqiyos o‘rni bor.

Davlatchiligimiz boshqaruvi tarixida To‘marisdan boshlangan bu an’anani davrimizning yetakchi ayollari munosib davom ettirmoqda.
Bugun Yangi O‘zbekiston parlamentida qabul qilinayotgan xalqchil qonunlarni ishlab chiqishga munosib hissa qo‘shayotgan xotin-qizlarimiz safi tobora kengayib bormoqda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, Zulfiya nomidagi davlat mukofotining ilk sovrindorlaridan biri, taniqli kompozitor Oydin Abdullayeva ana shunday ayollar sirasiga kiradigan, so‘zi va ishi bir bo‘lgan xalq vakilidir.
– Oydin O‘tamurodovna, avvalo, sizni ikkinchi bor Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga saylanganingiz bilan tabriklaymiz. Ma’lumki, amaldagi qonunlar ham xalq manfaati va taraqqiyot talablari nuqtayi nazaridan qayta ishlanib, takomillashtirib boriladi. O‘zgarishlar nafaqat qonunlarda, balki saylov jarayonlarida ham yuz ko‘rsatmoqda. Ayting-chi, sizning nazaringizda bu yilgi saylov oldingilaridan nimasi bilan farqlandi?
– Tabrik uchun rahmat. Sir emaski, davlatimiz rivojlangan davlatlar bilan keng qamrovli hamkorlikka kirishdi. Hamma sohada rivojlanish jarayoni kechyapti. Shu bois bugun dunyo mamlakatlari O‘zbekistonga o‘zgacha qiziqish bilan qarayapti. Jumladan, bu galgi parlamentga saylov jarayonlariga ham xorijiy mamlakatlarda qiziqish ancha yuqori bo‘ldi. O‘tgan galgi mahalliy kengashlarga saylovda Xalqaro kuzatuv komissiyasidan demokratik saylovlarga erishish bo‘yicha 26 ta tavsiya olgan edik. Bu tavsiyalarning 19 tasi mana shu saylov jarayonlarida amaliyotga tatbiq qilindi. Bu esa saylovning yanada demokratik, ochiq va shaffof o‘tishini ta’minladi. Mojoritar va proporsional saylov tizimiga o‘tishimiz bizni xalq bilan yanayam yaqinlashtirdi.
Targ‘ibotga ruxsat etilgan kundan boshlab besh hafta davomida hududlarda saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, yuzma-yuz, ochiq muloqot qildik. Mahallalar, xonadonlarga kirib bordik. Debatlarimiz jonli efirda to‘g‘ridan to‘g‘ri namoyish qilindi. Jonli efirda yo bir og‘iz gap, yo bir lavha qirqib olinmaydi, buni o‘zingiz yaxshi bilasiz. Bu saylov deputatlikka nomzodlar va partiyalar o‘rtasida chinakam kurashga aylandi, deb ayta olaman. Jarayon talabi sabab biz ham boshqa nomzodlar va partiyalarning saylovoldi dasturlari bilan tanishib bordik. Bu esa o‘z navbatida, bir-birimizning dasturlarimizda ilgari surilgan masalalarga yondashuvimizni kuchaytirdi. Kerak joyda bir-birimizni tanqid qildik, kerak joyda o‘rgandik ham. Debatlar, uchrashuvlar, muloqotlar ijtimoiy tarmoqlar orqali ham efirga uzatib turildi. Juda ko‘pchilik izoh yozdi. Bu – xalq orasida saylovga munosabat o‘zgarayotganini, yurtdoshlarimiz qonunchilik faoliyatiga befarq emasligini yana bir karra isbotladi. Shu nuqtayi nazardan hozirgi saylov jarayonlari demokratik jihatdan taraqqiy etib borayotganiga guvoh bo‘ldim.
– Bu yilgi saylovlarda xalq tomonidan saylangan vakillik organlari deputatlarining qariyb qirq foizini ayollar tashkil etdi. Xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirishdan ko‘zlangan maqsad nima deb o‘ylaysiz?
– Ayol o‘z xonadonida oila a’zolaridan har birining dardini biladi, hammaning tashvishidan boxabar bo‘ladi. Erkak kishi ro‘zg‘orga nima kerakligini ham ayolidan so‘raydi. Jamiyatda ham shunday. Ya’ni, ayol ijtimoiy olamdan erkaklarga nisbatan ko‘proq xabardor. Bolalar va xotin-qizlar uchun qanday shart-sharoit kerakligi to‘g‘risida ayolga maslahat solmay bo‘lmaydi. Bir misol, Yevropada tug‘ilishning kamayib ketishi global muammoga aylana boshladi va bu masala ayol deputatlar tomonidan parlamentga olib chiqildi. Masalaga siyosiy yechim berildi va homilani abort qildirish taqiqlandi. Yoki Polsha parlamentida ishchi-xodimlar uchun ishxonalarda yaratilgan shart-sharoit qanaqa bo‘lishi kerakligi to‘g‘risidagi qonun loyihasini ham ayol deputatlar ko‘tarib chiqdi.
Bizning qonunchiligimizda ham ayol deputatlarimizning takliflari bilan bir qator yangiliklar yuz berdi. Masalan, 2019-yilda ayollar va erkaklarning teng huquqliligi to‘g‘risidagi qonun qabul qilingan edi. 2020–2024-yillar davomida ushbu qonun xotin-qizlarni zo‘ravonlikdan himoyalash to‘g‘risidagi normalar bilan yanada boyitildi. Shuningdek, oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun test imtihonlarida past ball to‘plagan iqtisodiy nochor abituriyentlarga imtiyozli tavsiyanomalar asosida o‘qishga kirish imkoniyatlari berildi. Tadbirkor ayollar uchun kreditlar, ijtimoiy ko‘makka muhtoj ayollar uchun subsidiyalar… Bunday misollar juda ko‘p.
– Ba’zi davlatlarning maktab o‘quv dasturiga boshlang‘ich siyosiy tushunchalarni o‘rgatadigan darslar kiritilgan. Ularning hatto kichik yoshli o‘quvchilari davlatni qachon respublika deb atash mumkin yoki avtonom respublika deganda nima tushuniladi, logotip, gerb yoki bayroq xalqaro standartlarga javob berishi uchun qanday talablar borligi haqida biladi. Bizda esa bu savollarga hatto o‘qituvchilarning ayrimlari ham javob berolmaydi. Nima deb o‘ylaysiz, yangi avlodga siyosiy etikani bolaligidan o‘rgatib borish kerakdir balki?
– Fikringizga qo‘shilaman. Haqiqatan ham, deputatlarning aholi bilan uchrashuvlarida eng qiynaydigan masala odamlarning xalq vakili oldiga tushunib-tushunmay talab qo‘yishlaridir. Ko‘tariladigan masalalar bir oila doirasida emas, eng kamida bitta mahalla qamrovida bo‘lishi kerak aslida. Agar saylovchida siyosiy tarbiya shakllangan bo‘lsa, bu borada ham muammo bo‘lmaydi.
– Ijodkor erkinlikni xohlaydi, siyosat esa uyg‘oqlikni talab etadi. Siz taniqli kompozitorsiz. Qonunchilik faoliyati bilan andarmon bo‘lib, ijodni unutib qo‘ymayapsizmi?
– Parlament tarixiga e’tibor beradigan bo‘lsak, Odil Yoqubov, Erkin Vohidov, Pirimqul Qodirov, O‘tkir Hoshimov, Halima Xudoyberdiyeva, Enaxon Siddiqova kabi taniqli shoir va yozuvchilarimiz deputat sifatida ham qizg‘in faoliyat olib borishgan. Lekin ularning hech biri ijoddan chetga chiqib qolmagan. Hozir ham Oliy Majlisda, mahalliy kengashlarda ijodkorlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Shuningdek, bu gal saylangan deputatlar tarkibining 35 foizi ilmiy darajaga ega ziyolilardan iborat. Safimizda taniqli adiblar, pedagoglar, atoqli professor-olimlar ham talaygina. Bu fakt o‘z navbatida, xalqimiz ko‘proq ilm va adabiyot vakillariga ishonch bog‘layotganligidan dalolatdir. XXI asr kishisi, albatta, har tomonlama yetuk bo‘lmog‘i lozim. Shu ma’noda, deputatlik mening ijodiy faoliyatimni cheklab qo‘ygani yo‘q. Aksincha, yangi asarlar yaratishimda qo‘l kelmoqda. Avvallari o‘z istagim doirasida ijod qilgan bo‘lsam, hozir xalqimizning talab va istaklarini ham hisobga olyapman. Ya’ni, endi ijod qamrovini yanada kengroq tutyapman.
O‘tgan galgi deputatlik faoliyatim davrida bir shogirdimning “Jaloliddin Manguberdi” baletini yozishiga rahbarlik qildim. Ushbu balet o‘tgan yili dekabr oxirida O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasining talabalari tomonidan sahnalashtirildi. Shu shogirdim yaqinda mening rahbarligimda “Usmon Nosir” dramasiga opera-oratoriya ham yozdi. Ayni kunlarda bu asar premyerasini o‘tkazish taraddudidamiz.
O‘zim qoraqalpoq teatri uchun “Qoraqalpoq” suyetasini yozdim. Va shu jarayonda qoraqalpoq musiqa madaniyatini ham nazariy, ham amaliy jihatdan chuqur o‘rgandim. Hozir simfonik orkestr uchun Amudaryo bilan bog‘liq xalq afsonasi asosida qoraqalpoq ohanglari bilan yangi musiqiy asar yozyapman. Bu ijodiy ishim ham yakuniga yetib qoldi.

– Siz Zulfiya nomidagi davlat mukofotining ilk sovrindorlaridan birisiz. O‘tgan yillar davomida yana yuzlab iqtidorli qizlarimiz ushbu nufuzli mukofotga sazovor bo‘lishdi. Ammo bugun katta maydonda ularning ko‘pchiligi umuman ko‘rinmayotgandek. Nima deb o‘ylaysiz, mukofot egasi shu mavqega loyiq bo‘lganini hamisha isbotlab yashashi kerak emasmi?
– Men bu mukofotga yigirma besh yoshimda sazovor bo‘lgan edim. Ungacha meni “kompozitor”, “ijodkor”, “shaxs”, “ayol” kabi o‘z ideallarim tarbiyalab bo‘lgandi. Xalqimizning sevimli shoirasi Zulfiyaxonim ham meni g‘oyibona tarbiyalagan ana shu ideallardan biri bo‘lgan.
Shunday nufuzli mukofotning qadri bir-ikki sovrindor faoliyati bilan belgilanmasligi kerak, deb o‘ylayman. Zulfiya mukofoti sohibalariga nisbatan salbiy fikrlar yangrasa, dilim og‘riydi. Chunki men ham ulardan biriman, shu davraning boshidaman. Bu nomni oqlab yashash uchun o‘zimda hamisha mas’uliyat sezaman. Zulfiya nomidagi davlat mukofotining mavqeyini saqlab qolish bu nishonni ko‘ksiga taqqan har bir o‘zbek qizining vijdoniy burchi bo‘lishi kerak, deb hisoblayman.
– Qizaloq Oydinni professor, taniqli kompozitor, kamiga siyosiy arbob Oydin Abdullayeva darajasiga yetkazgan omil nima?
– Menimcha, qat’iyat. Bolaligimda bog‘chaga birov yetaklab borishini xohlamaganman. “O‘zim boraman”, deb xarxasha qilardim. Onam pana-panalab ergashib borganlarini ko‘rib qolsam, o‘sha zahotiyoq ortimga qaytib, u kishidan uyga qaytishini talab qilardim. “Meni poylab yurmang”, deb eshikni qattiq yopib chiqib ketar edim. Qaysar qizcha bo‘lgan ekanman-da. To‘qqizinchi sinfda o‘qiyotganimda sinfdoshlarim bilan o‘g‘il bolachasiga urishganim esimda. Onam bilib qolib, juda qattiq koyigan. Onaginamning dashnomidan o‘zimga kelganman. O‘sha kundan boshlab o‘zimni o‘zim tarbiyaladim. Konservatoriyaga o‘qishga kirganimdan keyin yana yaxshi tomonga o‘zgardim. Faolligim oshdi. Maqolalar yoza boshladim. Yozganlarimni ko‘tarib tahririyatga, Ahmadjon Meliboyev, Gulchehra Umarova kabi ustoz jurnalistlar huzuriga borardim. Ular menga ko‘p zarur maslahatlar bergan, yozganlarimni tahrirlab, gazetada chop etishgan. Tahririyatga borganimda bino ichkarisiga kiritishmasa, eshikbonlarni aldab bo‘lsa ham o‘tib ketardim. Qat’iyatim bo‘lgan, “Qanday bo‘lmasin tahririyatga kiraman”, degan maqsad qo‘yganman o‘zimga. Mana shu qat’iyat hayot yo‘lida menga juda asqatdi. Keyinchalik fe’limdagi bu xususiyatlar qatoriga sabr-toqatli bo‘lish ham qo‘shildi. Hozir odamlarni toqat bilan tinglayman, saylovchilarimning ma’qul-noma’qul talablariga vazminlik bilan qaray olaman.
2013-yilda “Adolat” partiyasiga a’zo bo‘ldim. 2014-yilda Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashiga deputat etib saylandim. Shahar kengashida katta ishtiyoq bilan faoliyat olib bordim. Keyinchalik Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodim qo‘yildi. Avvalgi faoliyatimda ikkita tuman miqyosida ishlagan bo‘lsam, hozir hududim kengaygan. Nomzodim ko‘rsatilgan 72-saylov okrugi 130 mahallani o‘z ichiga oladi. Kam emas, 371 mingdan ziyod saylovchining diqqat markazidaman. Endi to vakolatim tugagunigacha ular bilan birgaman, o‘z hayotimdan ko‘ra ko‘proq el tashvishi bilan yashayman.
Osmondan tushmaganman, qiyinchilik nimaligini bilaman. O‘sha so‘m-kupon davrida, yo‘qchilikda talaba bo‘lganman. Glier nomli musiqa maktabida o‘qib yurgan kezlarimda internatda beriladigan nonni uyga ko‘tarib kelardim. Chunki o‘shanda do‘konlar bo‘m-bo‘sh, non topish amrimahol bo‘lib qolgan edi. Musiqa maktabida uch nafar xonadosh qiz sovqotmaslik uchun krovatlarimizni birlashtirib, paltoga o‘ralgancha bir-birimizning pinjimizga suqilib yotganimiz hanuzgacha yodimda. Sharoit yo‘q, tongda uyqudan turib, muzday suvda yuz-qo‘lingni yuvishing kerak. Ertalabki badantarbiyadan so‘ng qo‘llarimiz ko‘karib, maktab hududini supurardik ham. Hozir odamlarning noliganini ko‘rsam, o‘sha kunlarni eslayman. Biz qiynalyapmiz deb o‘ylamagan ham ekanmiz o‘sha paytlarda.
Ota-onam o‘qishimizga juda jiddiy e’tibor qaratgan. Butun o‘quvchilik davrimda bir martagina “4” baho olganman. Shu kuni onam rosa yig‘lagan. Past baho olganimga yig‘laganlari uchun vijdonim ezilgan. O‘zim ham ertalabgacha ho‘ngrab chiqqanman. Bilimli bo‘lishimiz uchun oilada qo‘yilgan talab shu darajada kuchli edi. Ehtimol ana shu talab meni bugungi darajaga yetkazgandir…
– Deputat – xalq va hukumat o‘rtasida elchidir. U taraqqiyot va ezgulik uchun adl turmog‘i kerak. Sizga ana shunday mashaqqatli va sharafli vazifada kuch-quvvat tilaymiz. Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur!
Muhayyo PIRNAFASOVA suhbatlashdi.
“Jadid” gazetasining 2024-yil 15-noyabrdagi 47-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



