Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


24.04.2025 | 15:31

img513

HIDOYAT YO‘LBOSHCHISI

Buyuk vatandoshimiz, islomiy ilmlar rivojiga ulkan hissa qo‘shgan benazir alloma, kalom ilmining sultoni Imom Abu Mansur Moturidiyning ibratli hayot yo‘li va boy ilmiy-ma’naviy merosini har tomonlama chuqur o‘rganishni rag‘batlantirish maqsadida joriy yilning 14-mart kuni Prezidentimiz “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Ushbu qaror moturidiylik ta’limotiga xos bag‘rikenglik va moʻtadillik tamoyillarini xalqimiz va jahon jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib etish, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi. Kalom ilmiga oid ulkan ilmiy meros qoldirgan Abu Mansur Moturidiy o‘z davridayoq zamondoshlari tomonidan “Imom al-huda” (“To‘g‘ri yo‘lga yo‘llovchi imom”), “Qudvatu ahl as-sunna” (“Ahli sunnaning andozasi”), “Qole abobil al-fitna val-bid’a” (“Fitna va bid’at to‘dalarini ag‘daruvchi”), “Imom al-mutakallimin” (“Mutakallimlarning peshvosi”), “Rofe a’lom ash-shari’a” (“Shariat bayroqdori”), “Musahhih aqoid al-muslimin” (“Musulmonlarning aqidalarini tuzatuvchi”) kabi sharafli nomlarga sazovor bo‘lgan.

Moturidiyning ilmda yuksak martabalarga ko‘tarilishi, olimlar orasida qadr-qimmat topishida u shakllangan ilmiy muhitning o‘rni katta. Xususan, IX-X asrlarda Movarounnahr va musulmon dunyosi mamlakatlarida yashagan Abu Nasr Ahmad Iyoziy hamda Abu Bakr Juzjoniy singari yirik ulamolar Imom Moturidiyning yetuk olim bo‘lib shakllanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan.

O‘rni kelganda ta’kidlash joiz, olimning faoliyatiga beqiyos xizmati singgan ustozlar mavzusi, bizningcha, chuqur tadqiq qilinishi lozim. Negaki, bu borada o‘rta asr manbalarining kamligi ma’lumotlar taqchilligini yuzaga keltiradi. Ayrim manbalarda Nusayr Balxiy bilan Muhammad Roziy olimning ustozlari sifatida zikr etilgan qaydlar mavjud. Lekin Abu Muin Nasafiy ularni samarqandlik olimlar qatoriga qo‘shmaydi. Moturidiyshunos olim Ulrix Rudolf ta’kidicha, Imom Moturidiy bilan bog‘liq biror asarda ularning nomi uchramaydi. Bu esa mazkur shaxsiyatlar biografiyasiga oid ma’lumotlarni yanada aniqlashtirishga qaratilgan tadqiqotlarni amalga oshirish lozimligini ko‘rsatadi.

Manbalarda Abu Bakr Juzjoniy Imom Moturidiyning ilk ustozlaridan ekaniga urg‘u beriladi. Juzjoniy Movarounnahr, xususan, Samarqanddagi hanafiy mazhabi fiqhiy maktabi taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan. Abu Muin Nasafiy “Tabsirat al-adilla” asarida keltirishicha, Abu Bakr Juzjoniy mashhur olim Abu Sulaymon Juzjoniydan ta’lim oladi, so‘ng Samarqandga kelib, ilm va ta’limotni yoyish bilan mashg‘ul bo‘ladi. Keyinchalik Samarqandda Abu Muqotil Samarqandiy, Abu Bakr Samarqandiy kabi yirik ilohiyotchi olimlar keng qamrovli faoliyat olib borishadi. Jumladan, Abu Muqotil Samarqandiy bu yerda mashhur “Kitob al-olim val-mutaallim” (“Olim va shogird kitobi”)ni yozadi.

Olmon olimi Ulrix Rudolf “Moturidiy va Samarqand sunniylik ilohiyoti” kitobida ta’kidlashicha, Abu Mansur Moturidiy hanafiy mazhabi ta’limotini aynan Abu Bakr Juzjoniydan o‘rgangan. Shu nuqtayi nazardan ham u Imom Moturidiy atrofidagi ilmiy muhitning shakllanishiga sezilarli hissa qo‘shgan deb qaraladi.

Abu Mansur Moturidiy ilmiy muhitining shakllanishida Abu Nasr Iyoziy (vafoti 277/890-y.)ning ham xizmati katta. Movarounnahrning ko‘pgina yirik olimlari Abu Nasr Iyoziy faoliyatini yuqori baholashib, uning qomusiy bilimlariga alohida urg‘u berishgan. Abul Mute Nasafiy olimni tavsiflab, “ilm sohasida tubsiz ummonga monand edi”, deb yozadi. U yigirma yoshida tengdoshlaridan bilim borasida anchagina ilgarilab ketgan bo‘lib, aql-u zakovati o‘tkirligi, sabr-toqati, o‘ta sinchkovligi bilan munozaraga kiruvchi har qanday odamni asosli javobi, Qur’oni Karimdan keltirgan dalillari bilan tang qoldirar edi.

Moturidiy ta’limotining shakllanishi, ilmiy jihatdan boyishi va keyingi avlodlar tomonidan eng hayotiy nizom sifatida qabul qilinishida alloma tarbiyalagan olim-shogirdlarning xizmati beqiyosdir. Abu Mansur Moturidiy o‘z ilmiy muhitining rivoji va uning boshqa hududlarga tarqalishiga asarlari orqali ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.

Uning dastlabki shogirdlaridan biri mutakallim Abu Nasr Iyoziyning farzandi Abu Ahmad Nasr ibn Ahmad Iyoziy hisoblanadi. Abu Ahmad ilohiyot ilmlarini avval otasidan, so‘ng Abu Mansur Moturidiydan chuqur o‘rgangan. Kalom ilmidagi yuksak salohiyati bilan tanilib, olimlar orasida katta shuhrat qozongan. Abu Hafs Buxoriyning ma’lumotlariga ko‘ra, u haqiqatparvarligi sababli hanafiy mazhabiga yot fikr va xulosalarning kirib kelishiga yo‘l qo‘ymagan. Shu tariqa mazhab sofligini saqlashga chin dildan xizmat qilgan. Hakim Samarqandiy olimni ta’riflab, “Xuroson hamda Movarounnahrdagi eng yetuk olimlardan edi”, deb yozadi. Abu Ahmad mo‘taziliylar bilan keskin bahslar olib borgan va uning bu boradagi fikrlari ustozi Abu Mansur Moturidiy qarashlari bilan hamohang edi. Abu Ahmadning hayoti, ilmiy merosi haqida Abu Muin Nasafiyning “Tabsirat al-adilla” kitobida muhim ma’lumotlar keltiriladi.

Abu Ahmad Abu Mansur Moturidiy ta’limotining keyingi asrlardagi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan. Ayniqsa, Abu Ahmadning shogirdi Abu Salom Muhammad ibn Muhammad Samarqandiyning mazkur ta’limot rivojlanishi va tarqalishida katta ulushi bor. Taxminan X asrda yashab ijod etgan bu olimning “Jumal usul ad-din” (“Din asoslari majmui”) asari moturidiylik an’analari davom ettirilgan, davrimizga qadar yetib kelgan eng dastlabki ilmiy manbalardan biri hisoblanadi. Mazkur asar qo‘lyozmasi Istanbuldagi Sulaymoniya qo‘lyozmalar xazinasida saqlanadi. Qo‘lyozma matni 1989-yili Istanbulda nashr etilgan. Ulrix Rudolfning yozishicha, asar Imom Moturidiydan so‘ng Samarqandda bitilgan an’anaviy ilohiyotga oid asarlar uslubidan farq qilsa-da, Moturidiy g‘oyalariga to‘liq mos keladi.

Moturidiylik ilmiy muhitining rivojiga Abul Hasan Ali ibn Said Rustufag‘niy (vafoti 350/961-y.) ham katta hissa qo‘shdi. Olim Moturidiyning shogirdlaridan biri bo‘lib, u Samarqand yaqinidagi mashhur Rustufag‘n qishlog‘ida dunyoga kelgan. U Imom Moturidiyning eng ko‘zga ko‘ringan, ilmiy bahslarda mustaqil, erkin fikrlari bilan faol ishtirok etadigan shogirdlaridan biri edi. Olimning nisbasi turli manbalarda Rustufg‘oniy, Rustug‘foniy ko‘rinishida ham uchraydi. Ibn Abul Vafoning “Al-Javohir al-muziyya” asarida qayd etilishicha, Abul Hasan “fiqh bo‘yicha ham bilimdon olimlardan” bo‘lgan. Manbalar fiqh, ilohiyot ilmlarini mukammal egallagan Abul Hasan Rustufag‘niyning to‘rt asar yozgani haqida xabar beradi. Birinchisi, olimning fatvolar yig‘indisi hisoblangan “Fatovoyi Rustufag‘niy” asari. Olimning turli qomusiy lug‘atlarda nomi keltirilgan ikkinchi asari “Kitob al-xilof” (“Munozaralar kitobi”) esa hozirga qadar topilmagan. Kalom ilmiga bag‘ishlangan eng asosiy hamda muhim asari “Kitob irshod al-muhtadiy” (“To‘g‘ri yo‘ldan yuruvchiga yo‘llanma”) deb nomlanadi. Ushbu asar Ibn Qutlubug‘oning “Toj at-tarojim”, Muhammad Abdulhayning “Al-Favoyid al-bahiyya” asarlarida yuksak e’tirof etiladi. Abul Hasan o‘rta asr olimlariga ergashgan holda ularning ijodiga xos qomusiy asar yozish yo‘lidan borib, ilmlar tasnifiga bag‘ishlangan “Kitob az-zavoyid val-favoyid” (“Qo‘shimchalar va foydalar kitobi”) asarini bitadi. Ushbu silsilaga Abu Zayd Balxiyning “Aqsom al-ulum” (“Ilmlarning qismlari”), Ibn Farug‘ning “Javome al-ulum” (“Ilmlarning jamlovchilari”), Xorazmiyning “Mafotih al-ulum” (“Ilmlarning kalitlari”) asarlarini ham kiritish mumkin. Bunday asarning hanafiy mazhabidagi olim, Imom Moturidiy shogirdi tomonidan yozilishi uning har tomonlama yetukligidan dalolat beradi. Bu esa X asrda Imom Moturidiy ta’limotining keng yoyilishi, shuningdek, hanafiy mazhabining Movarounnahrdagi rivojiga ulkan hissa qo‘shadi.

Imom Moturidiy hayoti, ilmiy merosi hamda moturidiylik ta’limoti shakllanishiga hissa qo‘shgan ustoz va shogirdlar haqidagi manbalarni izlash, ularni tarjima qilib, ilmiy muomalaga kiritish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biridir. Prezidentimizning mazkur yo‘nalishda qabul qilgan qarori esa bu jarayonni tizimli tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Zohidjon ISLOMOV,
filologiya fanlari doktori, professor

“Jadid” gazetasining 2025-yil 18-apreldagi 16-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605