Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


25.04.2025 | 12:36

img502

“MURUVVAT” ORTIDAGI TUZOQ

Firibgarlik, tovlamachilik jinoyati joy ham, vaqt ham tanlamas ekan. Sababi, bu yo‘lni tutganlarning nafsi yo‘ldami-cho‘ldami hakalak otib ketaverar, uning yo‘rig‘iga tushgan kimsalar harom bo‘lsa-da, osongina daromadga ega bo‘lishga intilaverar ekan. Eng yomoni, ular o‘zlarining bunday chirkin maqsadiga erishish uchun hatto og‘ir bemorlarni zor qaqshatishdan ham tap tortmaydi…

Jinoyat ishlari bo‘yicha Angren shahar sudida ana shunday nusxalarning qilmishlari fosh etildi. Sud zalida o‘tirganlardan kimdir farzandi og‘ir xastalikka chalingan onaning firibgarlar tuzog‘iga tushganiga achingan bo‘lsa, yana kimdir hayratdan yoqasini ushladi. Qalloblar bir-biriga begona emas: aka-uka Bahodir va Bahrom, ularning tumandoshi Dilshod…

Bahrom telegram ijtimoiy tarmog‘idagi “Ehson” kanaliga ulandi-yu, fikri o‘zgardi-qoldi. Bu kanalda asosan yordamga muhtojlar (o‘zini muhtoj ko‘rsatuvchilar ham) hojatbarorlardan ma’lum miqdorda moddiy yordam so‘rashar va mabodo kimdir saxovat qilmoqchi bo‘lsa, pul ko‘chirishi uchun plastik karta raqamlarini e’lon qilishar edi.

“Qizim og‘ir dardga chalingan, xorijiy klinikada jarrohlik amaliyoti o‘tkazishimizga yordam bering!  Aks holda, 20 yoshli dilbandimdan ayrilib qolaman”. Iltimosnomaning ostiga plastik karta va uyali aloqa raqamlari qoldirilgan. Roksana ismli ayolning ushbu iltimosi Bahromni sergak torttirdi. U xayoliga kelgan shum fikrini amalga oshirish uchun darhol ayolga xabar yubordi:

– Opajon, dilbandingiz operatsiyasi uchun qancha mablag‘ yetishmayapti, qo‘limdan kelsa, hammasini to‘lashga harakat qilaman…

Tabiiyki, bunday “mehribonlik”dan Roksananing quvonchi ichiga sig‘madi va darhol javob berdi:

– 30 million!

– Ha, yaxshi, qolgani tayyormi axir, aytgan summangizni to‘lasam, uni asrab qolishga ulgurasizmi?

– Albatta, 20 million so‘m yig‘ildi, siz kabi yaxshi odamlar ko‘p ekan, ukajon…

– Xo‘p, opajon, men sizga qisqa muddatda xabar beraman.

Bahrom juvon bergan ma’lumotlardan nusxa olib, avval akasi Bahodirning telegramdagi raqamiga yubordi. Bu vaqtda Bahodir Dilshod bilan birga Qashqadaryo viloyatidagi mehmonxonada suhbatlashib o‘tirgan edi. Ukasidan kelgan “mujda”ni o‘qib, uning maqsadini darhol tushundi.

– Sizga ma’lumotlarni yubordim, 20 millionlik daromadni boy bermang, o‘zgalar ilib ketmasin, – dedi ukasi unga qo‘ng‘iroq qilib.

Rus tilini yaxshi biladigan Bahodir Roksanaga shaharlararo so‘zlashuv tarmog‘i orqali qo‘ng‘iroq qildi:

– Biz sizga yordam bermoqchimiz, operatsiyaga kerak bo‘lgan hamma pullarni o‘tkazib yuboraman hozir, faqat buning uchun menga plastik kartangizga ulangan klik parolini ham aytishingiz kerak, bo‘lmasa bunday katta summa o‘tmaydi.

Hojati ravon bo‘layotganidan umidvor Roksana “hojatbaror”ning aytganini qildi, so‘ng uzundan uzun rahmat aytdi.

– Ikki kunda hisobingizga pul o‘tkazaman, qizingiz tuzalib ketsin, – deya xayrlashdi Bahodir klik raqamini olgach…

Bahodir va Dilshod betoqat tong ottirgach, Shahrisabz shahridagi “Kesh” dehqon bozoridagi bankomatga borishdi. Ulardan oldin bir otaxon kelib, plastigidagi pulni bankomatda naqdlashtirib, ketishga chog‘langan ediki, Bahodir:

– Otaxon, sizdan bir iltimosim bor, – deb murojaat qildi.

– Qo‘limdan kelsa bajonidil, bolam, – deya ko‘rinishidan boshqa viloyatlik ekani bilinib turgan yigitga razm soldi otaxon.

– Biz mol olgani vodiydan keluvdik. Pulimiz kamlik qilyapti. Kerakli pulni taksida kelishini kutsak, vaqt yo‘qotamiz. Agar bizga plastik kartangizni berib tursangiz, tanishlarimiz hoziroq pul tashlaydi, biz uni naqdlashtirib olib, sizga qaytarib beramiz.

– Mayli, bo‘tam, musofir ekansiz, mana, oling.

Ustomonlar pul o‘tkazish xizmati orqali birpasda Roksananing plastik kartasidagi mablag‘ni qo‘llaridagi kartaga o‘tkazib, naqdlashtirib olishdi. Bo‘shagan plastik kartani otaxonga qaytarishdi. Yarim soatda yaxshigina sarmoyali bo‘lgan ikki firibgar do‘ppisini osmonga otgancha tezda uylariga – Andijonga jo‘nashdi. Tabiiyki, pul uch hamtovoq o‘rtasida teng taqsimlandi…

Noxush xabarlar

Endi gapni Roksanadan eshiting. U notanish “hojatbaror”ga shaxsiy klik parolini aytgach, kechasi bilan ko‘ngli g‘ash tortdi. Hisobidagi pulni ukasining plastik karta raqamiga ko‘chirib berishni so‘rash uchun Angren shahridagi tegishli bankka yo‘l oldi. Ammo u moliya muassasasi ostonasiga yetar-yetmas, telefoniga ketma-ket xabarlar kela boshladi. Ma’lumotlar uning hisobidagi pullar yechib olinganidan darak berardi…

Shundoq ham jigargo‘shasining dardida kuyib ado bo‘layozgan onaizor hushidan ayrilishiga bir baxya qoldi. Bank xodimlari o‘z vaqtida unga birinchi yordam ko‘rsatishdi. So‘ng Roksananing murojaati bilan uning plastik kartochkasidan yechilgan pullarning ro‘yxatini taqdim etishdi. Unda ayolginaning mablag‘lari qayerdan, qay usulda o‘zlashtirilgani haqida barcha ma’lumotlar mujassam edi.

Voqea yuzasidan Roksananing qaynukasi darhol tuman ichki ishlar bo‘limiga ariza bilan murojaat etdi. Tezkor surishtiruv ishlari natijasida barcha jinoyatlar fosh bo‘ldi. Jinoyat izlarini berkitish va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlarini chalg‘itish maqsadida Bahodirning o‘z uyali aloqa telefoni turib, shaharlararo so‘zlashuv xizmatidan Roksanaga qo‘ng‘iroq qilgani, o‘ziniki bo‘la turib, notanish insonning plastik kartasiga pulni o‘tkazib olib, so‘ng uni naqdlashtirgani, hamma-hammasi isbotini topdi.

Jinoyat jazosiz qolmaydi

Sud sudlanuvchi Dilshod Rustamov va Bahrom Ziyodullayevning (Bahodir Ziyodullayev xorijga ketib qolgani uchun unga nisbatan jinoyat ishi alohida ish yurituviga ajratilgan) aybi dalillar bilan o‘z tasdig‘ini to‘liq topgan deb hisobladi. Dilshod Rustamovga 5 yil muddatga, Bahrom Ziyodullayevga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Zararni qoplash maqsadida tergov boshqarmasining depozit hisob raqamiga topshirilgan 20 million 300 ming so‘m pul jabrlanuvchiga qaytarib berilishi ham sud hukmida qayd etildi.

Har doimgidek, tafsilotlardan asosiy maqsadimiz jinoyatchilarning qiyofasini tanishtirishgina emas, yurtdoshlarimizni firibgarlik qurboni bo‘lib qolishdan ogoh etish hamdir. Xullas, o‘zingizga hushyor bo‘ling…

Nurxon ELMIRZAYEVA, jurnalist

“Jadid” gazetasining 2025-yil 18-apreldagi 16-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605