26.04.2025 | 14:23
887
O‘ZBEK ZARGARINING OLTIN OVOZI
Prezidentimizning “O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov tavalludining 85 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorini estrada qo‘shiq san’ati muxlislari cheksiz quvonch va sevinch yoshlari bilan kutib olgani yodimizda. Chunki ushbu hujjat san’atimiz va madaniyatimiz olamida tarixiy hodisa bo‘ldi.
Hamon esimda, Botir Zokirov hayotlik paytida 50 yillik yubileyini o‘tkazish arafasida “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasiga maqola tayyorlash uchun u kishi bilan suhbatlashgan edim. Ulug‘ san’atkor bilan har galgi uchrashuv men uchun betakror bayram edi.

– Xudo xohlasa, yubileyni respublika “Kinochilar uyi”da o‘tkazmoqchiman. Foyeda chizgan kartinalarim ko‘rgazmasi bo‘ladi. Qo‘shiqlar katta zalda ijro etiladi. Iloji boricha maqtov so‘zlar bo‘lmaydi. Odamlar gapdan bezor bo‘lgan. Maqtovdan nari yurgan yaxshi. Bu muxlislarim oldida o‘ziga xos ijodiy sarhisob bo‘ladi. Hammasi erkin tarzda o‘tkaziladi, – deb niyat qilgan edi o‘shanda Botir Zokirov.
Afsus-nadomatlar bo‘lsinki, u kishining bu yorug‘ va ezgu niyatlari, ajoyib orzulari amalga oshmadi. Buyuk san’atkor og‘ir kasallik tufayli 1985-yil 23-yanvar kuni 49 yoshida vafot etdi. Yubiley o‘tkazilmay, armon bo‘lib qolib ketdi. So‘ng bizga noma’lum sabablarga ko‘ra turli bahonalar, keraksiz gap-so‘zlar bilan san’atkorning 60, 70 va 80 yillik tavallud kunlari nishonlanmadi.
Qaror e’lon qilingan kuni Botir Zokirovning ukasi, O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov bilan O‘zbekiston davlat konservatoriyasida uchrashib qoldik. Biz yuraklarimizga bayram olib kirgan bu xushxabarni eshitib, bir-birimizni quchoqlab, yig‘lab yubordik. Bu haqiqat jamol ko‘rsatgan lahzalarda paydo bo‘lgan sog‘inch va quvonch yoshlari edi.
– Allohga shukur, Prezidentimiz sharofati bilan Zokirovlar sulolasining ko‘p yillik orzusi ushaldi, – dedi Farrux aka hayajon bilan ko‘zyoshlarini artarkan…
Biz yuqorida qabul qilingan qarorning zavq-u shavqidan o‘zimizga kelmay turib, Prezidentimizning ibratli tashabbusi bilan “O‘zbekiston davlat konservatoriyasi huzurida Botir Zokirov nomidagi milliy estrada san’ati institutini tashkil qilish to‘g‘risida”gi qarori ham e’lon qilindi.
Yana bir quvonchli hodisa: Botir Zokirovning 85 yilligi keng nishonlangan kunlarda poytaxtning muhtasham maydonida ulug‘ san’atkorning mahobatli haykali ochildi.
Bir so‘z bilan aytganda, bizdan ancha uzoqlashtirilgan Botir Zokirovning muborak nomi va betakror ijod maktabi qaror tufayli to‘la-to‘kis o‘zimizga qaytdi. Botir Zokirov qaytadan dunyoga keldi, qaytadan tug‘ildi.
* * *
Botir Zokirov kundaligining 1952-yil 20-avgustda yozgan ilk sahifasini shunday so‘zlar bilan boshlaydi: “Men o‘z kundaligimni ajoyib yoshligimning eng baxtiyor kunlaridan – bolaligimning ilk orzulari ro‘yobga chiqqan kunidan boshlagim keladi…
O‘sha kuni men Toshkent davlat konservatoriyasi vokal fakulteti tayyorlov bo‘limiga muvaffaqiyatli imtihon topshirdim. O‘sha daqiqalarda mening sahnada turib hassos va talabchan tinglovchilar qarshisida kechirgan cheksiz hayajonlarim, iztiroblarim kuylashim bilanoq tumanday tarqab ketdi.
Imtihonlardan so‘ng o‘qishga qabul qilingan “a’lochi”lar qatorida mening ham familiyamni aytishganida dastlabki hayajonlarim bamisli quvonchga aylandi. O‘sha kundan boshlab men musiqa ehromi – konservatoriya talabasi bo‘ldim, o‘sha kundan boshlab sevimli mashg‘ulotimning sarhadsiz ummoniga sho‘ng‘idim…”
– Botir doimo ishlashni, tinimsiz ijod qilishni va to‘xtovsiz izlanishni yaxshi ko‘rardi, – deb xotirlagan edi taniqli kompozitor Enmark Solihov. – U mehnat qilgan sari rohatlanardi, ilhomlanardi. Biror boshlagan ishini poyoniga yetkazmaguncha tinmasdi. Qisqa vaqt ichida o‘zi tashkil qilgan milliy orkestr shuhratini sobiq Ittifoqqa olib chiqdi. Moskva, Sankt-Peterburg shaharlariga ustma-ust gastrollarga bordi. Nur bor joyda soya bo‘lganidek, o‘zimizda orkestrni ko‘rolmaydigan g‘ayurlar paydo bo‘ldi. Ular turli bahonalar bilan orkestr faoliyatini yerga urishga ko‘p bor urindilar. Bularning hammasi uning sog‘ligiga juda yomon ta’sir qildi. Oqibatda kasallik uni jarrohlik stoliga yotqizdi…
* * *
Uning repertuari go‘zal va betakror qo‘shiqlari bilan boyib bordi. Muxlislar soni ko‘paygandan ko‘paydi. Endi uni shon-shuhrat chulg‘ay boshladi. Lekin Botir Zokirov mashhurlikka, nomdorlikka ruju qo‘ymadi. Qo‘shiqdan qo‘shiqqa yuksalib boraverdi. Uni mashhur qilgan qo‘shiqlardan biri “Arab tangosi” edi.
1958-yil Moskvada o‘tkazilgan “O‘zbek san’ati va adabiyoti” dekadasida mashhur arab bastakori Farid al-Atroshning (kompozitor Yan Frenkel qayta ishlagan) “Arab tangosi” qo‘shig‘i birinchi marta yangradi. Yangradi-yu, chaqmoq yanglig‘ Botir Zokirov nomini qo‘shiqsevarlar qalbiga muhrladi. Bu kutilmagan katta omad va kelajakka ishonch edi. Mazkur qo‘shiq nomi bilan minglab nusxalarda uning plastinkalari chop etildi. Qo‘shiq unga olamshumul shuhrat keltirdi…
* * *
Botir Zokirov san’atining betakror sir-sinoati, yuraklarni zabt etib kelayotgan jozibasi, umrboqiyligi, uning bebaho sehri va qudrati – milliy nolalar bilan yo‘g‘rilgan dardli va shirador ovozida.
Bu nolaning nolasini topgan ovoz.
Bu tengsiz ovozda – uning buyuk ilohiy iste’dodi mujassam.
Bu qudratli ovozda shiddat bilan yongan yurakning dardli nidolari bor.
Bu chaqmoqday ovozda jasorat, mardlik va millat g‘ururi jam.
Bu daryoday toshqin tovushda qalblarni kuy-qo‘shiq ummoni sari oqizib ketadigan mo‘jiza to‘la sehr bor edi.
U jahon sahnalarini mardona va o‘ktam o‘zbek ovozi bilan zabt etdi.
U san’atsevar parijliklarni fransuz tilida kuylab batamom hayratga soldi.
U Parijda jahon estrada san’atining muqaddas obidasi hisoblanadigan “Olimpiya” estrada teatri sahnasini ikki marta ishg‘ol qilib, o‘zbekning faxri va iftixoriga aylandi.
U dilbar va betakror qo‘shiqlari bilan Sobiq sovet davridagi qardosh ellarni hamisha hayajonga ko‘mib kuylardi. Uni barcha xalqlar o‘z san’atkoriday ardoqlab, e’tirof etib, “Bizning Botir Zokirov” deb faxrlanar edi. Ko‘plab davlatlarning hashamatli konsert zallarida oylab berilgan konsertlariga muxlislari to‘ymas edi. Uni hamisha orziqib kutar edilar.
Sobiq sovet davlati qanchalar qudratli va kuchli bo‘lmasin, Botir Zokirov uni mardona va jozibador ovozi bilan zabt etib, ulkan mamlakatdagi barcha xalqlarni hayrat va hayajonga solgan o‘zbekning oltin ovozi edi. Xudo bergan bu san’at zargarining oltin ovozi asl edi, sof, toblangan va jarangos edi…
Ashurali JO‘RAYEV,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist
“Jadid” gazetasining 2025-yil 25-apreldagi 17-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



