Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 12°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


22.08.2025 | 12:17

img762

KO‘NGIL OVOZI

O‘zbekiston xalq artisti Afzal Rafiqov bilan ikki pardali, to‘rt ko‘rinishli suhbat

Birinchi parda.
Birinchi ko‘rinish. Teatr.

– 1973-yil. Hozirgi O‘zbek milliy akademik drama teatriga ishga keldim. Boshida sahna ishchisi bo‘lganman. Bolg‘amni kamarimga qistirib, aktyorlarning sahnadagi harakatlari, yuz ifodasi, ovozini kuzatardim. Besh yillik institut tahsili bir yon, ustozlarni kuzatish bir yon bo‘lgan. U paytlarda sahnada kimsan – Shukur Burhon, Olim Xo‘jayev, Nabi Rahimov, Sora Eshonto‘rayevalar rol ijro etardi. Ularning qadami tekkan sahnaga, hatto, o‘zlari yo‘q paytda ham aktyor sifatida ko‘tarilish kishida kuchli hayajon uyg‘otardi. Eh-he, ana shu hayajonni bosib olguncha ozmuncha vaqt o‘tmagan!

Shu orada rejissyor Bahodir Yo‘ldoshev Shillerning “Qaroqchilar” pyesasini sahnalashtirdi. Ilk bor menga rol berishdi. Bosh qahramonning do‘sti Shveyserni ijro etganman. Baxtim bor ekan, debyutim ko‘pchilikka manzur bo‘lgan. Hatto, “O‘zbekiston madaniyati” gazetasida “Qutlug‘ qadam” sarlavhali maqola ham chop etilgan. Hozir o‘ylab qolaman, u paytdagi san’atshunoslarda hafsala zo‘r bo‘lgan ekanmi… Ular har bir spektaklga erinmay borishar, nafaqat sahna asari, balki har bir aktyorning ijrosini atroflicha tahlil qilishar edi. “Yarq” etgan iste’dodni payqashsa, albatta, jamoatchilikka ma’lum qilib qo‘yishni o‘zlarining burchi deb bilardi. Bugungi san’atimiz tanqid qilinganda kaltakning bir uchi san’atshunoslarga ham tegadi. Chunki hozir teatrlarda qanday yangi asarlar qo‘yilayotgani, viloyatlar teatrlaridagi yangiliklar haqida san’atshunoslarning tahlillari vositasida emas, asosan jurnalist va blogerlarning materiallari orqali tanishyapmiz.

Aktyor doim o‘z ustida ishlashi shart. Ichki va tashqi olamini sayqallab borishi, o‘zini o‘zi mehnat-u zahmatga ro‘baro‘ keltirishi kerak. Har bir kasbning o‘z mashaqqati bo‘ladi. Chidaganga chiqargan, san’atning qattiq nonini yeyishni.

Ikkinchi ko‘rinish.
Dublyaj.

– 1968-yil. Kinostudiyada ishlayman. Dublyaj bo‘limida kino qo‘yib beraman. Yengil ish, bo‘sh vaqt ko‘p. Dublyajchilarga kinosini qo‘yaman, o‘zim ularni kuzataman. Mikrofon oldida Razzoq Hamroyev, Yayra Abdullayeva, Hamza Umarov, Yoqub Ahmedov, Obid Yunusov, To‘lqin Tojiyev va boshqa san’atkorlar o‘tiradi. Begona tildagi kinoasarlarning ona tilimizda jaranglashini eshitib, zavq tuyadi kishi. Yana deng, aktyorlarimiz shunchalik ustaki, ba’zan qahramonlar xarakteri asl ovozdan ko‘ra dublyajda ko‘proq ochilganday tuyuladi. Har holda, o‘sha paytda menga shunday tuyulgan.

Tungi smena edi. Dublyaj qiroli Hamza Umarov “Mayor Vixr” filmida polkovnik obraziga ovoz berishi kerak ekan. U kishining kun tartibi nihoyatda tig‘iz bo‘lgani uchun dublyajga asosan kechqurun vaqt ajratardi. Menga o‘xshagan bo‘ydoq texnik xodimlar kechki navbatchilikka ixtiyoriy‑majburiy olib qolinardi. Kinoni qo‘yib berib, kuzata boshladim. Bir mahal ekranda yosh ofitser paydo bo‘ldi. Polkovnik unga nedir buyruq berdi, u esa qoida bo‘yicha javob qaytarib chiqib ketdi. Ikki og‘iz so‘z. Lekin shuginaga ham ovoz berilmasa, ish to‘xtab qoladi. Yarim tunda biror aktyorni topish amrimahol. Shunda rejissyorimiz Eson Karimov meni chaqirib: “Xo‘p bo‘ladi, janob polkovnik”, jumlasini o‘qib berishimni so‘rab qoldi. Jon deb rozi bo‘ldim. Bu dublyaj sohasidagi ilk qadamim edi.

Oradan oltmish yilga yaqin vaqt o‘tdi. Teatr qatorida dublyajda ham salmoqli ijod qildim. Bahoni esa xalq beradi, albatta.

Ikkinchi parda.
Uchinchi ko‘rinish. Hazrat Navoiy.

– Hayot va ijod yo‘limda yaxshi-yomon kunlarni ko‘p ko‘rdim. 1990-yilda teatrdan ketmoqchi bo‘lganman. Chunki aktyor nihoyatda qaram odam. Rejissyorga ma’qul kelish kerak, direktorga yoqish kerak, teatr siyosatiga ko‘nish kerak. Eng asosiysi esa tomoshabinga manzur bo‘lish darkor. Shuning uchun barchasiga qo‘l siltab ketmoqchi edim. Ammo shu paytda hayotimga bir quyosh kirib keldi yoki men bir kahkashon bag‘riga kirib bordim. Kamina hazrat Navoiy ijodi bilan yaqindan tanishdim.

Bunga Bahodir Yo‘ldoshev sababchi bo‘ldi. Aslida u kishi ko‘p yillar oldin meni sahnaga olib chiqqan edi, bu safar esa sahnadan tushib ketishimga yo‘l qo‘ymadi.

Mustaqillik arafasida teatrimizda Alisher Navoiy asarlari asosida “Iskandar” spektakli sahnalashtirildi. Navoiy roli uchun Yodgor Sa’diyev va kamina tanlangan edi. Avvaliga ishonmadim. Chunki shu vaqtgacha asosan xorij pyesalarida ajnabiy rollarni o‘ynardim. Birdan Navoiyga o‘tish…

Ana shu rol, to‘g‘rirog‘i, Navoiy ijodi bilan yaqinlashuv hayotimni butkul o‘zgartirib yubordi. Kimligimni, qaysi tamaddun vakili ekanligimni, qaysi avlodlarga mansub bo‘lib, tomirlarimda kimlarning qoni oqayotganini yaqqol angladim. Go‘yoki hayotim boshqatdan boshlandi.

Shu bois o‘shandan beri Navoiy asarlarini tomoshabinga yetkazishdan charchamayman. O‘zimni hayratga solgan satrlarni boshqalarga ham ilinaman.

Hazrat bilan tanishuv meni ilhomlantirgan, ul zotning beqiyos ijodiy merosi o‘ziga rom etib qo‘ygan edi. Nima ish qilsam ham Navoiyni qanday usulda xalqqa yanayam yaqinlashtirish mumkinligi haqida o‘ylardim.

Hazrat Navoiy ijodiga qiziqish “Xamsa”dan parchalarni simfonik orkestr jo‘rligida ijro etish ishtiyoqini uyg‘otdi. Do‘stim, O‘zbekiston xalq artisti Ismoil Jalilov bilan maslahatlashib, ijroni simfonik orkestrning jahon musiqa durdonalari ijrosidagi musiqa va so‘z jo‘rovozligida amalga oshirdik. Toshkent davlat konservatoriyasining katta zalida hazrat Navoiy tavalludining 570 yilligiga bag‘ishlangan tadbirda “Xamsa”ning besh dostonidan parchalar tomoshabinlar e’tiboriga havola qilindi. 2011-yilning kuzida xalqaro simpoziumda ushbu konsert takroran namoyish etildi.

Taqdir taqozosi bilan 2014-yildan beri O‘zbekiston davlat akademik rus drama teatrida faoliyat olib boryapman. 2016-yili rejissyor Baxtiyor Hamidov tomonidan “Degonimni ulusg‘a marg‘ub et…” (“Иди, моё творение в народ…”) deb nomlangan spektakl sahnalashtirildi. Spektakl sahnada bir vaqtning o‘zida ham o‘zbek, ham rus tillarida jaranglardi: “Xamsa”dan lavhalarni Navoiy tilining asliyatida o‘qib bo‘lgach, hamkasblarim aynan shu lavhani rus tilida o‘ynab berishardi. Hazrat tavalludining 580 yilligi munosabati bilan rejissyor Valixon Umarov “Hayrat ul-abror”ni rus tilida sahnalashtirdi. Tomoshabin tushunmasa kerak, didaktik asar bo‘lsa, pand-nasihat kimga yoqadi, deb o‘ylagan edim. Ne ajabki, tomoshabin juda yaxshi qabul qildi. Albatta, bu buyuk ajdodimiz satrlari zamiridagi ohanrabodan bo‘lsa kerak.

Men so‘nggi 35 yillik ijodim uchun Navoiy oldida qarzdorman.

To‘rtinchi ko‘rinish.
Gohi shodlik, gohi g‘am…

– Hayotimdagi eng unutilmas voqea – Qur’oni Karimning ma’nolar tarjimasini ovozlashtirganim, deb o‘ylayman. Bu muqaddas kitob o‘zbek tilida ilk bor 1991-yilda chop etilgan edi. Tarjimoni – ulug‘ olim Alouddin Mansur hazratlari. Ilohiy kalom qalbimda nur sochar ekan, daf’atan kitobni audio shaklda yozib olish fikri tug‘ildi. Ba’zilarga o‘qigandan ko‘ra eshitgan ma’qul. Nihoyat, 2007-yilda bu xayrli ish amalga oshdi. Maqsadim: muqaddas oyatlar tarjimasi mazmunini ohang orqali yanada tushunarli va ta’sirli qilish edi. Hissiyotni berishga harakat qilganman. Bu Qur’oni Karim tarjimasini ovozlashtirishdagi ilk tajribalardan biri edi. Kamchiliklar bo‘lgani tabiiy. Lekin ko‘pchilikka ma’qul bo‘ldi. Xalqimiz iliq qarshi oldi.

Ovoz imkoniyatlarimdan ana shunday foydalanar edim…

Navoiy hazrat menga iroda, sabr va shukrni ham o‘rgatdi. Ovozim bo‘g‘ilib qolganda, balki, shuning uchun u qadar dovdirab qolmagandirman. Bu yog‘i zamonaviy texnologiyalar rivojlanyapti. Yaqinda sun’iy intellekt yordamida ovozimni tiklashibdi. O‘sha eski ovozimga o‘xshab ham ketadi. Bu meni, albatta, quvontiradi. Endi hozir shu ovozda ham, mana ishlayapman, Xudoga shukr. Dublyajda ham qatnashyapman. 

Mendan “Armoningiz bormi?”, deb ko‘p so‘rashadi. U ko‘nglim Ka’basida saqlanib turgan narsa, uni oshkor qila olmayman. Umid haqida gapirish mumkin. Noumid – shayton. Lekin endi amalga oshirib bo‘lmaydigan narsalar bor, ularni gapirsa bo‘ladi. Masalan, men aktyorlikni tanlaganimdan beri sahnada Hamlet rolini ijro etishni orzu qilardim. Bir paytlar ustozim Bahodir Yo‘ldoshev men bilan “Hamlet”ni repetitsiya ham qila boshlagan edi. Biroq oxiriga yetmay qoldi…

Bu yog‘ini ko‘raveramiz. Hayot davom etmoqda.

Zarnigor IBROHIMOVA yozib oldi.


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img77

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img594

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img592