Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


29.04.2025 | 12:39

img1245

XOJA BAHOUDDIN NAQSHBAND

Ismi, laqabi, nisbasi va shajarasi

Xoja Bahouddin Naqshband Buxoriy – islom olamining eng mashhur avliyolaridan biri, naqshbandiya tariqatining asoschisi. Xalq orasida “Bahouddin”, “Bahouddinjon”, “Xoja Bahouddin”, “Bahouddin Balogardon”, “Balogardon”, “Xojayi Buzruk”, “Shohi Naqshband” nomlari bilan ham ulug‘lanadi.

Asl ismi – Muhammad. Otasining ismi ham Muhammad bo‘lgan. Ba’zi manbalarda bobosining ismi ham Muhammad ekani haqida ma’lumot keltiriladi. Ota tarafdan ‒ sayyidlar avlodiga mansub bo‘lgan. Shajarasi payg‘ambar (s.a.v.) avlodi bo‘lgan Imom Ja’far Sodiqqa bog‘lanadi. Nasabi ona tarafdan hazrat Abu Bakr Siddiqqa borib ulanadi.

Xojalar avlodidan bo‘lgani uchun uning nomi oldiga Xoja so‘zini ishlatish rasm bo‘lgan. Buxorolik bo‘lgani uchun Buxoriy nisbasi, yoshligidan otasi bilan birga kimxobga naqsh solish hunari bilan shug‘ullangani uchun Naqshband laqabi bilan mashhur bo‘lgan. “Bahouddin” so‘zi “Dinning nuri” degan ma’noni anglatadi. Bu – Xoja Naqshbandga keyinchalik berilgan faxrli unvon. Manbalarda ba’zan “Baho ul-Haqqi va-l-millati va-d-din”, ya’ni “Haq taolo, millat va dinning nuri”, degan to‘laroq tarzda ham keltiriladi.

Tavalludi

U 1318-yilning 3-mart kuni Buxoro viloyatining Kogon tumanidagi Qasri Hinduvon qishlog‘ida tug‘ilib, 1389-yili hijriy hisobda 73, milodiy hisobda 71 yoshida shu qishloqda vafot etgan. Qasri hinduvon qishlog‘i keyinchalik Bahouddin Naqshband sharafiga Qasri orifon deb atala boshlagan va hozir ham shunday nom bilan yuritiladi. “Orifon” so‘zi “oriflar”, ya’ni “so‘fiylar”, “tasavvuf ahllari” degan ma’noni anglatadi.

Pirlari

Bahouddin Naqshband umri davomida zohiran to‘rt pirning tarbiyasini olgan. Birinchi piri – Xoja Muhammad Bobo Samosiy edi. Ikkinchi   piri ‒ Amir Sayyid Kulol. U tariqat bobida bilganlarini o‘rgatib bo‘lganidan keyin shogirdiga boshqa pirlardan ilm o‘rganishi uchun ijozat beradi. Uchinchi piri ‒ Qusam Shayx. Bahouddin ilm istab, yassaviya tariqati shayxlarining mashhur vakillaridan bo‘lmish Qusam Shayx oldiga, Naxshab, ya’ni hozirgi Qarshiga boradi. Uch oy undan ta’lim oladi. Bahouddinning bu pirga ixlosi baland bo‘lgan, ayni chog‘da Qusam Shayx ham uni o‘z o‘g‘lidek bilib, muridiga cheksiz hurmati tufayli keyinchalik Buxoroga kelib, umrining oxirigacha yashagan va shu yerda vafot etadi. To‘rtinchi piri – Xalil Ota (Sulton Xalil). Bahouddin 1335–1346/47-yillari, ya’ni 17–29 yoshlari orasida uning xizmatida bo‘ladi.

Bahouddin Naqshband – uvaysiy edi. Manbalarning dalolat berishicha, unga Xoja Abdulxoliq Gʻijduvoniy (1103–1179)ning ruhi kelib, tarbiya bergan. Vafot etgan avliyoning ruhi qaysi bir muridni tarbiyalasa, u “uvaysiy” deyilgan.

Alisher Navoiy o‘zining “Nasoyim ul-muhabbat” asarida Xoja Bahouddinning pirlari haqida so‘z ochar ekan, Muhammad Bobo Samosiyni “qabul nazari” bo‘yicha pir, Amir Kulolni “zohir yuzidin” pir va Xoja Abdulxoliq Gʻijduvoniyni “haqiqat yuzidin” pir deb yozadi.

Silsilasi

Naqshbandiya silsilasi ham, yassaviya silsilasi ham Xoja Yusuf Hamadoniyga bog‘lanadi. Naqshband ana shu ikki tariqat pirlaridan ham ta’lim olgani uchun uning nomi ikki silsilada ham sanalaveradi. Naqshbandiya silsilasi manbalarda “silsilat uz-zahhab”, ya’ni “oltin silsila” tarzida tilga olinadi.

MEROSI

Olimlar fors-tojik tilida bitilgan “Al-avrod”, “Dalil ul-oshiqin” degan nasriy, “Hayotnoma” degan nazmiy asarlarni Naqshbandga nisbat berishadi. Bulardan faqat “Al-avrod”ning bir qismigina falsafa fanlari doktori, professor Gulchehra Navro‘zova tomonidan o‘zbek tiliga o‘girilgan. Uning fors-tojik tilida bitilgan ko‘p ruboiysi turli kitob qo‘lyozmalari tarkibida bizgacha yetib kelgan. Shulardan beshtasi juda mashhur bo‘lgan. Naqshbandiy darveshlar har namoz oxirida shu besh ruboiydan bittasini o‘qishni tariqat ahlining xos an’anasiga aylantirishgan edi.

So‘nggi lahzada o‘qilgan bayt

“Nasoyim ul-muhabbat”da Naqshband tilidan hikoya qilingan qiziq bir nuqta bor:

“Shayx Abu Said Abulxayr (u X asrda yashagan ‒ S.O.)dan muridlari: “Sizning janozangiz oldidan qaysi oyatni o‘qisinlar?” deb so‘rashibdi. Shunda bu zot debdiki: “Oyat o‘qimoq ‒ ulug‘ ish. Mana bu baytni o‘qisinlar:

Chist az in xo‘btar dar hama
ofoq kor,
Do‘st rasad nazdi do‘st,
yor ‒ ba nazdiki yor?

(Butun olamda do‘stning do‘stga, yorning yorga yetishidan afzal yana nima bor?)”.

Shundan keyin Hazrat Naqshband muridlariga shunday vasiyat qilibdi: “Mening janozam oldidan mana bu baytni o‘qinglar:

Muflisonem omada dar ko‘yi tu,

Lavhashalloh, az ҷamoli ro‘yi tu.

(Sening ko‘yingda jamolingdan benasib etmasligini tilovchi gadolarmiz)”.

Naqshband nazdida karomat

Xudo avliyolarni karomatlar bilan siylaydi. Naqshband ham bundan mustasno emas edi. Faxriddin Ali Safiyning “Rashahot ayn al-hayot” asarida yozilishicha, Bahouddin endigina to‘rt yoshga to‘lgan payti onasiga: “Sigirimiz peshonasida Hilol (Yangi oy) shaklidagi belgi bilan buzoq tug‘adi”,  debdi. Bir necha oydan so‘ng, bashorat qilinganidek, peshonasida Hilol shakli bor buzoq tug‘ilibdi.

Aslini olganda, Bahouddinga undan ikki asr ilgari yashab o‘tgan Xoja Abduxoliq Gʻijduvoniyning ruhlari tarbiya bergani ham bir karomat.

Hamma zamonlarda ham oddiy odamlar avliyolarning karomatiga qiziqaveradi. Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat” tazkirasida yozishicha, o‘z davrida kishilar Naqshbanddan ham karomat talab qilishibdi. Shunda buyuk zot ularga qarata: “Bizning karomatimiz ko‘rinib turibdi-ku! Axir shuncha gunohimiz bilan Yer yuzida tirik yurganimizning o‘zi bir karomat  emasmi?!”  degan ekan.

O‘rinbosarlari

Har bir yetuk shayx o‘ziga xalifa, ya’ni o‘rinbosar tayyorlashi qat’iy an’anaga aylangan edi. Bahouddin Naqshbandning muridlari juda ko‘p bo‘lgan, albatta. Ammo ular orasidan to‘rt xalifa qoldirgan: Alouddin Attor (vafoti – 1400); Muhammad Porso (1348–1420); Yoqub Charxiy (vafoti – 1447); Alouddin Gʻijduvoniy (vafoti – 1448).

Bahouddin Naqshband vafotidan keyin Alouddin Attor ma’naviy irshod boshlab, shuhrat qozongan. Tariqatda asosiy oqimlarga bo‘linish Attordan keyin sodir bo‘lgan. Alouddin Attor bilan boshlangan aloiya tariqati uning vafotidan keyin o‘g‘li Hasan Attor va shogirdi Nizomiddin Xomush bilan ikki alohida yo‘l bo‘yicha davom etgan. Bahouddin Naqshbanddan ijozat olgan Muhammad Porso, Yoqub Charxiy va Alouddin Gʻijduvoniy turli joylarda irfoniy-tasavvufiy tarbiya bilan shug‘ullanishgan.

Bulardan Alouddin Gʻijduvoniy va Muhammad Porso bilan boshlangan oqimlar unchalik ommalashmagan. Tariqat, asosan, Attorning xalifalari va Yoqub Charxiy bilan davom etgan. Manbalarda qayd etilishicha, Yoqub Charxiy Naqshbanddan tarbiya olish bilan birga, uzoq yillar Alouddin Attorning suhbatida ham bo‘lgan. Shuning uchun keyinroq yozilgan asarlarda uning Attorga ham xalifa ekani va tasavvufiy ta’limni uning rahnamoligida tamomlagani haqidagi qarashlar ham uchraydi.

Bahouddin Naqshbandning xalifalari orasida, tariqatning amaliy jihatdan rivojiga ko‘p ham hissa qo‘shmagan bo‘lsa-da, biroq yozgan asarlari sabab tasavvuf, ayniqsa, naqshbandiylik tariqati rivojiga nazariy jihatdan katta hissa qo‘shgan shaxs – Xoja Muhammad Porso alohida ajralib turadi.

VAFOTI

Naqshband ikkinchi bor haj ziyoratidan qaytganidan keyin betoblanadi. Xastalik avj olgach, u kishi bir karvonsaroyga borib, uning kichik bir xonasini makon tutadi. Yonida faqat ayrim muridlarigina bor edi. Qishloqqa nisbatan xoliroq bo‘lgani uchun bu yerni afzal ko‘rgan bo‘lishi mumkin. Muridlarni esa Naqshband o‘zidan keyin irshod ijozatini kimga berishi qiziqtirar edi, albatta. Vaziyatni tushungan pir ijozat berish ishi uning ixtiyorida emasligini aytadi. Vafoti yaqinligini bilgach, muridlariga o‘zidan keyin ma’naviy o‘rinbosar sifatida Xoja Muhammad Porsoni qoldirishini ta’kidlaydi. Boshqa bir rivoyatga ko‘ra: “Bu masaladagi so‘zimiz – Makka yo‘lida aytganimiz. Agar kim bizni orzu qilsa, Xoja Muhammad Porsoga qarasin”,  deydi.

Naqshband o‘limi oldidan uzundan uzun duo qiladi. Alouddin Attor esa pirining bosh tarafida Qur’oni Karimning “Yosin” surasi qiroati bilan band edi. Sura yarmiga yetganda piri komil bu dunyodan ko‘z yumdi. Bu milodiy 1389-yilning 1-marti – dushanba kechasi edi.

Maqbarasi

Zamonlar o‘tishi bilan uning qabri atrofida masjid, minora, madrasa, xonaqoh, musofirxona, darvoza kabi imoratlar qurilib, natijada bu yer katta bir majmua holiga kelgan. XVI asrda Toqi Miyona, Dilovar va Salom darvozalari bunyod etilgan. Toqi Miyonadan Salom darvozasigacha bo‘lgan hududda “Dahmayi Shohon” (“Shohlar xilxonasi”) o‘rin olgan. Unda Abdulazizxon (1540–1549), Abdullohxon (1583–1598), Imomqulixon (1611–1642), Subhonqulixon (1682–1702) va Nodir Devonbegi (XVII asr) kabi Buxoro hukmdorlari va yuqori mansab egalarining oilaviy daxmalari mavjud. Majmuadan, shuningdek, shayboniylardan Abdulazizxon 1544/1545-yili qurdirgan xonaqoh, Amir Muzaffarxon va Abdulhakim Qushbegi tomonidan bino qilingan masjidlar, qorixona, musofirxona, madrasa kabi tarixiy-me’moriy obidalar o‘rin olgan.

Sultonmurod OLIM,
“Naqshbandiya” jurnali bosh muharriri

“Jadid” gazetasining 2025-yil 25-apreldagi 17-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img87

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600