20.08.2024 | 10:39
1315
NAVOIY VA YASSAVIY
BUXORO SHOGIRDI
Xoja Ahmad Yassaviy hozirgi Qozog‘iston Respublikasining Turkiston viloyatidagi Sayram tumanida tug‘ilib o‘sgan. Bugungi paytda viloyat markazi hisoblangan Turkistonda yashab, faoliyat olib borgan bo‘lsa ham, u, birinchidan, o‘zbek bo‘lgan va o‘zbek tilida ijod qilgan, ikkinchidan, Buxoroda Eronning Hamadon shahridan kelgan shayx Xoja Yusuf Hamadoniyga murid tushib, uning huzurida tasavvufiy tarbiya topgan.

Xoja Yusuf Hamadoniyning to‘rt nafar xalifasi (o‘rinbosari) bo‘lgan. Bular ‒ Xoja Abdulloh Barraqiy, Xoja Hasan Andoqiy, Xoja Ahmad Yassaviy va Xoja Abdulxoliq Gʻijduvoniy. Xoja Yusuf Hamadoniydan keyin bularning har biri pirlik qilgan, ko‘p muridlari bo‘lgan.
Bulardan Xoja Ahmad Yassaviy yassaviya, Xoja Abdulxoliq Gʻijduvoniy xojagon tariqatlariga asos soldi. Xojagon tariqatini Xoja Bahouddin Naqshband yanada takomillashtirdi. Shuning uchun XV asrda Abdurahmon Jomiy uni “naqshbandiya” deb atadi.
Alisher Navoiyning avliyolar haqidagi “Nasoyim ul-muhabbat min shamoyim ul-futuvvat” tazkirasida yassaviya tariqatining oxirgi shayxlari risolalariga tayanib dalolat qilishicha, Xoja Ahmad Yassaviy Turkiston tomonlarga borib, barcha muridlarini Xoja Abdulxoliq Gʻijduvoniyga itoat qilishga da’vat etadi. Bu ham Xoja Ahmad Yassaviyni O‘zbekistonimizga chambarchas bog‘lab turadigan yana bir nozik nuqtalardan hisoblanadi.
YASSAVIYA TARG‘IBOTCHISI
“Nasoyim ul-muhabbat…” ‒ aslida, piri va ustozi Mavlono Abdurahmon Jomiyning “Nafahot ul-uns va hazarot il-quds” tazkirasining o‘zbekchaga tarjimasi. Biroq Navoiy uning ayrim joylarini qisqartirgan, shuningdek, yassaviya avliyolari va hind shayxlari haqidagi yangi-yangi ma’lumotlarni kiritgan. Piri va ustozi Abdurahmon Jomiy haqida bir qism qo‘shgan. Bu haqda asarning “Kirish”ida u, jumladan, shunday deb yozadi: “…Hazrat shayx Fariduddin Attor quddisa sirruhu bitigan “Tazkirat ul-avliyo”din ba’zi kibor mashoyixkim, “Nafahot ul-uns va hazarot il-quds”g‘a doxil bo‘lmabdur erdi, har qaysini munosib mahalda doxil qildim va hind mashoyixi sharhi ham oz mazkur erdi, mumkin bor tilab, topib hazrat qutb ul-avliyo Shayx Farid Shakarganj qaddasa arvohahumdin so‘nggi mashoyixgacha ilhoq qildim va turk mashoyixi zikri ham ozroq erdi, oni dog‘i hazrat shayx ul-mashoyix Xoja Ahmad Yassaviy rahimahullohudin bu zamong‘acha, ulcha mumkin bor tilab, topib, zikrlarin va ba’zi holotu so‘zlarin o‘z mahalida darj qildim”.
“Nasoyim ul-muhabbat…”ning jami 17 faslida Xoja Ahmad Yassaviy haqida ma’lumot keltiriladi. Ayrimlarini yuqorida eslatdik.
448-raqam bilan kelgan Qusam Shayxning“turk mashoyixidin”, “Xoja Ahmad Yassaviy xonadonidin” ekani aytiladi. “Turk mashoyixi” deganda Navoiy yassaviya shayxlarini ko‘zda tutgan.
YASSAVIYA VA NAQSHBANDIYA SINTEZI
Tazkiraning Xoja Bahouddin Naqshband haqidagi faslida bu zoti sharif Buxorodan Nasaf(Qarshi)ga borib, Qusam Shayxdan tarbiya olgani ham yoziladi. Yassaviya va naqshbandiya bir manbadan kelib chiqqani, ikkala tariqat asoschisining piri ham Xoja Yusuf Hamadoniy ekanini bilar edik. Oradan ikki asr o‘tib, Qusam Shayx bilan Xoja Bahouddin Naqshband pir-muridligi misolida bu ikki tariqat yana birlashdi, shu tariqa o‘zaro sintez hodisasi yuz berdi.
481-raqam bilan kelgan Shayx Raziyuddin Ali Lolo Gʻaznaviy haqida bir qiziq voqea bayon etiladi. Bu shayx tushida ko‘radiki, bir ulug‘ zot ko‘kka narvon qo‘yib, muridlarini osmonga yetkazayotgan ekan, uning ham qo‘lidan tutib, yuqoriga olib chiqibdi. Bu tushini otasiga aytib beribdi. Otasi o‘sha pirning nomini so‘rabdi. O‘g‘li uning oti “Najmiddin Kubro” ekanini aytibdi. Shunda otasi: “Sening tarbiyang kaliti shu zotning qo‘lida, uni qidirib topishing kerak”, debdi.
Shayx Ali Lolo Turkistonda Xoja Ahmad Yassaviy xonaqohida xilvatda o‘lturgan edi. Ittifoqan birov Xorazmdin kelib qoldi. Xoja Ahmad Yassaviy undan: “Xorazmda hozirgi paytda tasavvuf yo‘liga kirganlarga peshvolik qiladigan biror kishi bormi?” deb so‘radi. Shunda u “Shayx Najmiddin Kubro” degan bir yigit xalqni tariqatga da’vat qila boshlaganini aytdi. Buni ichkarida turib eshitgan Shayx Ali Lolo xilvat xonasidan otilib chiqdi. Qish bo‘lishiga qaramasdan, o‘sha zahoti Xorazm sari safarga otlandi. Najmiddin Kubro huzuriga shoshildi. Kelib, sulukka mashg‘ul bo‘ldi. Keyin Najmiddin Kubroning muridi bo‘lmish Shayx Majididdin Bag‘dodiydan ham tasavvufiy ta’lim olish baxtiga musharraf bo‘ldi.
Bu tafsilotlar orqali biz Markaziy Osiyoda paydo bo‘lib, butun musulmon olamiga keng yoyilgan kubraviya, yassaviya va naqshbandiya tariqatlarining o‘zaro chambarchas aloqasi borligidan xabar topamiz.
“TURKISTON AHLINING QIBLAYI DUOSI”
“Nasoyim ul-muhabbat…”da Xoja Ahmad Yassaviy 611-shayx sifatida keladi. Bu faslda quyidagicha ma’lumotlar keltiriladi: “Turkiston mulkining shayx ul-mashoyixidur. Maqomoti oliy va mashhur, karomoti mutavoliy va nomahsur ermish. Murid-u as’hobi g‘oyatsiz va shoh-u gadoning irodat va ixlosi ostonida nihoyatsiz ermish. Imom Yusuf Hamadoniy quddisa sirruhuning ashobidindur. Xoja Abdulxoliq Gʻijduvoniy quddusa sirruhu bila suhbat tutubdur va Xoja Abdulloh Barraqiy va Xoja Hasan Andoqiy qaddamallohu rahmatika bila hamki, Imom Yusuf Hamadoniy rahimahullohu taolo muridlaridurlar. Imom qaysi biyik marotibg‘a yetibdurlar, musohib bo‘lubdur va ro‘zgor mashoyixidin ko‘p buzurgvorlar aning tarbiyatin topibdurlar va Shayx Raziyuddin Ali Lolo quddisa sirruhu Shayxi buzurgvor Shayx Najmuddin Kubro rahimahullohu xizmatig‘a yetardin burun Xoja Ahmad Yassaviy qaddasallohu ruhahu xizmatida bo‘lub erdi va aning xonaqohida aning irshodi bila suluk qilibdur va aning mazori Turkistonda, Yassi degan yerdaki, aning mavlid va manshaidur, voqe’ bo‘lubdur va Turkiston ahlining qiblayi duosidur”.
Bu yerda Navoiy “Yassi” deganda faqat hozirgi Yassi shahrini emas, umuman, shu viloyatni ko‘zda tutgan. Chunki bu yer Yassaviyning tug‘ilgan yurti sifatida tilga olinadi. Taxallusi ham bekorga “Yassaviy” emas-da.
Mazkur tazkirada yassaviya tariqati shayxlari haqida gap ketganda, tarjimon-muallif ularning Xoja Ahmad Yassaviyga aloqasini qayd etib o‘tishdan erinmaydi.
Shuni qo‘shimcha qilishimiz kerakki, Yassining nomi keyinchalik “Turkiston” bo‘lib ketishiga sabab ham aynan Xoja Ahmad Yassaviydir. Navoiy Xoja Ahmad Yassaviy dafn etilgan bu muqaddas makonni bejiz “Turkiston ahlining qiblayi duosidur”, deya tilga olayotgani yo‘q.
TURKISTON SHAHRI NEGA “TURKISTON” DEYILGAN?
Bizda qadimdan joy nomlarini o‘sha yerda dafn etilgan avliyo zot nomi bilan atash an’anasi bor. Masalan, hozir rasman amalda bo‘lgan Toshkent shahridagi Shayxontohur, Toshkent viloyatidagi Zangiota, Namangan viloyatidagi Pop tumanlari nomlari aynan shu asosda shakllangan. Yaqin-yaqinlargacha xalq orasida Buxoroda Gʻijduvonni “Xojayi jahon”, Shofirkonni “Xoja Orif”, Kogonni “Bahouddin” deb atash bor edi.
Xuddi shunga o‘xshab, Yassini xalq bora-bora “Xojayi Turkiston”, “Piri Turkiston” deb atay boshlagan. Keyinchalik qisqa qilib, “Turkiston” deb ham ketishavergan. Rus bosqinidan keyin “Turkiston” Yassining rasmiy nomiga aylangan.
“TURKISTON” ETNONIMI QACHON QAYERLARNI ANGLATGAN?
“Turkiston” etnonimi har asrda har xil hududni anglatib kelgan.
Masalan, Muhammad Narshaxiy X asrda yozgan “Buxoro tarixi” kitobida Buxoroning asr-asrlar botqoqlikdan iborat bo‘lganini, botqoqlik quriy boshlagach, bu yerga aholi ko‘chib kela boshlaganini bitadi. Jumladan: “Aholi, asosan, Turkiston tomonlardan ko‘chib kelar edi”, deydi.
Hozir “Buxoroga aholi O‘zbekiston tomonlardan ko‘chib kelar edi”, deb yozib bo‘ladimi? Yo‘q. Chunki Buxoro ham O‘zbekiston tarkibiga kiradi-da.
Demak, Narshaxiy zamonida “Turkiston” degan joy nomi tarkibiga Buxoro kirmagan.
Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma” asarida otasi Umarshayxning qaynotasi, ya’ni Yunusxonni ko‘p bor Toshkentga olib kelib, unga qulay sharoitlar yaratib bergani, lekin, shunga qaramay, u yana Turkiston taraflarga ketib qolaverishini yozadi.
Demak, XVI asrda Toshkent ham “Turkiston” etnonimi anglatgan hududga kirmagan.
“Turkiston” deganda o‘tgan asrlarda, asosan, turkiy xalqlar yashaydigan hozirgi Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Sharqiy Turkiston (Uyg‘uriston), Mo‘g‘ulistonning bir qismi, Janubiy Sibir tomonlar ko‘zda tutilgan.
Rus bosqinidan keyingina ilk bor “Turkiston” rasmiy ma’muriy birlashmani anglatdi ‒ Turkiston general-gubernatorligi tuzildi. Lekin o‘shanda ham Buxoro amirligi va Xiva xonligi hududlari Turkiston general-gubernatorligiga bevosita bo‘ysunmas edi. Turkiston general-gubernatorligi hududlari aholisi Rossiya fuqarosi hisoblanardi. Shuning uchun ham 1916-yilgi mardikorlik kampaniyasida Buxoro amirligi va Xiva xonligidan mardikor olinmagan.
Darvoqe, aynan Xoja Ahmad Yassaviy haqqi-hurmati Qozog‘iston Respublikasi bu viloyatini “Turkiston” deb qayta nomladi va viloyat markazini ham Chimkentdan Turkiston shahriga ko‘chirdi.
NAVOIY QALAMIDA YASSAVIYLAR
“Nasoyim ul-muhabbat…”da 612-raqam bilan kelgan Qutbiddin Haydar Turkiston podshohining o‘g‘li bo‘lgan. Xoja Ahmad Yassaviyga murid tushgan. Otasi har qancha urinmasin, uni bu yo‘ldan qaytara olmaydi. Yassaviy unga yaxshi tarbiyatlar berib, Xuroson viloyatiga yuboradi. U yerda “Qutbi olam” deya ulug‘lanadigan darajaga yetadi. Qabri Xurosonning “Turbat” degan yerida. Navoiy turbati, ya’ni qabri o‘sha yerda bo‘lgani uchun bu yerni xalq “Turbat” deb atay boshlaganini yozadi.
613-raqam bilan kelgan Hakim ato, ya’ni shayx va shoir Sulaymon Boqirg‘oniy ham Xoja Ahmad Yassaviyning muridi edi. Unga “Hakim” degan sharafli nomni ham aynan Xoja Ahmad Yassaviy bergan. Bir gal shayx muridlariga dashtdan o‘tin terib kelishni buyuradi. Yomg‘ir yoqqani uchun keltirilgan o‘tinlar ho‘l bo‘lib qoladi. Lekin Sulaymon Boqirg‘oniy tergan o‘tinlarini to‘niga o‘rab, quruq tarzda olib keladi. Shunda pir unga: “Ey farzand, hakimona ish qilding!” deydi va shu bilan bu shogird ismiga “Hakim” sharafi qo‘shiladi. Ayni so‘z “donishmand”, “aqlli” ma’nosini anglatadi.
614-raqam bilan zikr etilgan Ismoil ato Xoja Ahmad Yassaviyning “Ibrohim ato” degan ukasining o‘g‘li. Lekin u amakisining muridi edi. Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, Ismoil atoning qabri Turkiston viloyatining Toshkent bilan Chimkent o‘rtasida bo‘lgan Turbat qishlog‘ida.
615-raqam ostida bitilgan Is’hoq ato ‒ Ismoil atoning o‘g‘li, otasining tasavvufiy yo‘lini davom ettirgan xalifasi.
616-raqam bilan izohlangan Xoja Bahouddin Ismoil atoning nabirasi bo‘ladi.
617-raqamli Xoja Boyazidni Navoiy: “Atoning yaqin avlodidindur”, deya tilga oladi. Tabiiyki, “ato” deyilganda Xoja Ahmad Yassaviy ko‘zda tutilgan.
SOHIBQIRON AMIR TEMUR HAM NAQSHBANDIY, HAM YASSAVIY
Tazkiraning bu faslida Sohibqiron Amir Temur bilan bog‘liq bir muhim voqea bayon etiladi. Buyuk hukmdor shayxning suhbatiga kelayotganida ko‘nglidan: “Bu shayxning ma’no olamidin xabari bo‘lsa, bizga issiq holva tortadi”, degan xayol o‘tadi. Shayx oldindan muridlariga holva tayyorlashni buyurgan ekan. Shayx Amir Temurni dasturxonga taklif qilib: “Avvali ‒ salom, o‘rtasi ‒ taom va oxiri ‒ kalom!” deydi-da, holva torttiradi. Sohibqiron shayxning karomatiga qoyil qolib, unga murid tushadi, xonaqoh qurdirib, ko‘p yerlarni unga vaqf qilib beradi.
Sohibqiron Amir Temurning xojagon tariqati pirlariga murid tushganini, Xoja Bahouddin Naqshbandning piri bo‘lgan Amir Kulolning muridi ekanini bilar edik. Demak, bundan uning yassaviya tariqati muridi ham bo‘lgani ayonlashadi.
Bundan tashqari, bizningcha, Xoja Boyazid aynan Yassida, Xoja Ahmad Yassaviy qabri yonida yashagan. Amir Temur aynan shu yerda xonaqoh va maqbara qurdirgan. Navoiy aynan shuni yozgan bo‘lishi mumkin.
YASSAVIYNING XIRQASI KIMGA TEKKAN?
618-shayx sifatida kelgan Xoja Xalil ham Xoja Ahmad Yassaviy avlodi sifatida tilga olinadi. Hatto, Xoja Ahmad Yassaviyning xirqasi (choponi) va joynamozi “abo an jad”, ya’ni “bobodan qolgan tabarruk ashyo” sifatida shu shayxga tekkan.
637-shayx sifatida raqamlangan Keshlig‘ ato Samarqandning Keshidan, ya’ni hozirgi Qashqadaryo viloyatining Shahrisabzidan bo‘lgan. O‘sha paytlarda u o‘z yurtidan surgun qilingan. Shunda u Turkistondagi Xoja Ahmad Yassaviy mozoriga borib, tasavvuf bilan mashg‘ul bo‘lgan. Keyin Chin (Xitoy) mamlakatiga jo‘nab, o‘sha yerda pirlik qilgan, ko‘p kishi uning muridiga aylangan. Qabri ham o‘sha yerda.
YASSAVIYA SHAYXLARI NEGA “ATO” DEYILGAN?
639-shayx sifatida ko‘rsatilgan Sayyid ato ham Xoja Ahmad Yassaviyning yaqin qarindoshi bo‘lgan. Tasavvufda ulug‘ martabalarga erishgan. Da’vosi ham katta bo‘lgan. Hatto: “Men va Ahmad (Yassaviy ‒ S. O.) tengashtuk (tenglashdik S. O.), men biyikrak erdim”, degan. Navoiy bu zotni ba’zilar “siyodatqa mansub”, ya’ni, “Muhammad payg‘ambar (s.a.v.) avlodlariga tegishli”, deb hisoblashini yozadi. Shunga qo‘shimcha qilib: “Va turk ulusida “Ato” derlar”, ham deydi. Bundan anglashiladiki, yassaviya tariqati vakillari nomiga “Ato” so‘zining qo‘shib tilga olinishi aynan ularning sayyidligiga ishora ekan.
640-shayx sifatida bitilgan Bobi mo Husaynning “kiboriy”, ya’ni qadimgi mashoyixlardan ekani aytiladi. Hatto, Xoja Ahmad Yassaviy kichikligida shu zot qo‘lida tarbiya topgan ekan.
YAGONA ILDIZ
Bu ma’lumotlar bizga tariximizning ko‘p-ko‘p masalalarini oydinlashtirish imkonini beradi.
Eng avvalo, biz kubraviya, yassaviya va naqshbandiya tariqatlari o‘rtasidagi tig‘iz aloqadorlikdan xabardor bo‘lamiz. Qolaversa, Markaziy Osiyo xalqlarining qoni ham, tarixi ham, madaniyati ham, ma’naviyati ham bir ildizga borib taqalishini yanada teranroq anglaymiz.
Sultonmurod OLIM
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
107
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
618
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
614



