Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


18.04.2024 | 19:01

img415

EZGU ISHGA RUXSAT NE HOJAT?

Ortda qolgan hafta yakunida Prezidentimiz raisligida ijtimoiy-ma’naviy hayotimizga daxldor muhim tashabbus – “Yashil makon” umummilliy harakati doirasida joriy yilda amalga oshiriladigan tadbirlar, jumladan, qabristonlarni toza-ozoda saqlash, ularni insonga ruhiy quvvat baxsh etuvchi so‘lim manzillarga aylantirish masalasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi fe’l-atvorimizu hayot tarzimizga xos ancha-muncha kamchilik va nuqsonlar haqida mulohaza qilib ko‘rishga undashi bilan ahamiyatli bo‘ldi. So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoq­larda mehnat jamoalarining istalgan sa’y-harakati yoxud tashab­busini “majburiy mehnat” sifatida talqin qi­lish, aybdorlarni izlash urfga aylanib borayotir. Ba’zida shu ketishda kishi qo‘lini sovuq suvga urmaydigan tanbalga aylanib, unda o‘z hayotini ham, boshqalar a’molini ham xavf ostiga qo‘yadigandek ezgin kayfiyat paydo bo‘ladi. Bu tanballik ko‘pchilikni allaqachon kitobdan, gazeta-jurnaldan voz kechishga o‘rgatib ulgurdi. Inter­netda “bolalab ketgan” yengil-yelpi tomosha-yu oldi-qochdi xabarlarni ulfat tutib bo‘ldik. Afsuski, endilikda u xatarli epidemiya yanglig‘, tirik jonki bor, jism-u joniga o‘rnashib olmoqda, ruhiyatini abgor etmoqda. So‘zlarimni mubolag‘aga yo‘y­mang. Hatto ota-bobolari mangu qo‘nim topgan qabristonlarda bosh­lan­gan tozalash va obodonlashtirish harakatlarini biryoqlama talqin qilib, dunyoga jar solayotganlar bor. Yoshlarning o‘z ta’lim dargohlarini toza-ozoda saqlash, yon-atrofini ko‘r­kam bog‘-u gulzorga aylantirish yo‘lidagi tashabbuslarini “majburiy mehnat”ga yo‘yib, “aybdorlarni jazolash”ga da’vat etayotganlar bor.   Vaholanki, e’tiqod, sabr, qanoat va inson irodasini tarbiyalashning eng birinchi vositasi bo‘lgan meh­natdan voz kechish, kitobdan yuz burish – o‘zini hayvoniy sifatga mubtalo etishdan o‘zga narsa emas. Aksincha, o‘zini borliqqa doxil, jami­yatga manfaatli, kelajakka mas’ul hisoblash – ikki dunyo saodatiga vosil etguvchi eng ishonchli yo‘ldir. Ulug‘ ajdodlarimiz hayo­­­­­­ti – bunga yorqin misol.  

HAZRATI IMOM – ABU HAFS KABIR BUXORIY KIM EDI?

Butun islom olamiga Abu Hafs Kabir Buxoriy nomi bilan tanilgan ulug‘ fiqhshunos va faylasuf, ilohiyotshunos, buyuk muhaddis, ula­mo­lar sultoni va sardaftari Abu Hafs Kabir Buxoriy hijriy 150 (milodiy 767)-yili Buxoro shahrida tavallud topib, hijriy 217 (milodiy 832)-yilda shu yerda vafot etgan. Buxorodan uzoq islom shaharlari, xususan, o‘sha davrda islomiy ilm va madaniyat poytaxti hisob­lanmish Bag‘dodga borib, hanafiy mazhabining asoschisi, ilohiyotchi, faqih, muhaddis Abu Hanifa Noʻmon ibn Sobit – Imom A’zam (699–767)ning taniqli shogirdi Imom Muhammad ibn Hasan ash-Shayboniy(vafoti milodiy 804-yil)dan ilm olgan. Narshaxiyning yozishicha, Abu Hafs Kabir Buxoriyning sharofati bilan Buxoro “Qubbat ul-islom” – “Islom dinining gumbazi” unvonini olgan. Abu Hafsning o‘ziga “Kabir Buxoriy” – “Buxoriylarning kattasi” va “Imomi Hojatbaror” – “Hojatlarni chiqaruvchi imom”, “Hazrati Imom” degan unvonlar berilgan. Abu Hafs Kabir islom huquq­shu­nosligi asoslarini yaratgan yirik olim edi. Uning “Fatovoyi Abu Hafs” (“Abu Hafsning fatvolari”) deb nomlangan fatvolar to‘plami islom olamida ma’lum va mashhur bo‘lib, barcha faqihlar hazratning mazkur to‘plamiga suyanib ish yuritishgan. Uning ilmi dovrug‘i shu darajaga yetganki, Arab-u Ajamdan olimlar kelib, o‘zlariga mushkulot tug‘dirgan savollarga ul zotdan javob olib ketar edilar. El-ulus va ahli ilm o‘rtasida “Hazrat Abu Hafs aytgan bo‘lsalar – bunda shubha yo‘q”, degan qat’iy ishonch yurar edi. Imom Buxoriydek ulug‘ zotga ustozlik qilgan hazrat Abu Hafs Kabir mangu qo‘nim topgan “Hazrati Imom” qabristoni buxoroliklar va qadim shaharni aziz-u mukarram bilgan insonlar uchun muqaddas ziyoratgohdir. Har kuni minglab yurtdoshlarimiz va mehmonlar bu yerni ziyorat qiladilar, duoyi fotihalarga some’ bo‘lib, ruhiy halovatga erisha­dilar. O‘ziga xos ochiq osmon ostidagi muzey yanglig‘ taassurot uyg‘otadigan mazkur qabriston o‘nlab davlat va jamoat arboblarining so‘nggi manzili ekanligi bilan ham qadrli: buyuk kompozitor, o‘lmas madhiyamiz musiqasi muallifi Mutavakkil Burhonov, til va millat fidoyisi, professor Mustaqim Mirzayev, san’at arbobi, kino va teatr sahnalaridagi betakror rollari bilan ko‘p sonli muxlislar qalbidan joy olgan iste’dodli aktyor Muhammad Rafiqov, atoqli folklorshunos, professor Oxunjon Safarov, “uyg‘oq toshlar, tosh bitiklar kuychisi” deya ta’riflanadigan taniqli shoir Toshpo‘lat Ahmad, “Buxoroga Buxoro keldi”, “Hikmat izlaganga hikmatdir dunyo” kabi satr­lari katta-yu kichikning tilidan tushmaydigan Sadriddin Salim Buxoriy va yana ko‘plab ilm-fan, san’at va madaniyat namoyandalari qabrlari­ning har biri – baayni ibratxona.          Shubhasiz, Buxoroni “Qubbat ul-islom”ga aylantirgan zot va yana o‘nlab nomlari qayd etilgan, etilmagan fidoyi­lar mangu qo‘nim topgan manzil biz uchun aziz va mukarram. Bu manzillarga qo‘ngan gard – bizning qalbi­mizga qo‘ngan gard. Modomiki, bu gardlarni aritmas ekanmiz, qalbimizni zang bosadi.

BAHOUDDIN NAQSHBAND AVLIYOLIK DARAJASIGA QANDAY YETGANLAR?

Muhammad Boqirning “Maqomoti shohi Naqshband” asarida ulug‘ pir va alloma Bahouddin Naqshband to‘g‘risida shunday rivoyat qilinadi: Bir kuni shogird va hamsuhbatlari ulug‘ pirdan so‘radilar: – Ustoz, Siz bu daraja va maqomlarga qanday erishdingiz? Hazrat Naqshband javob berdilar: – Rezachinligim tufayli. Suhbatdoshlar hayron bo‘lib, ja­vob­ning sharhini so‘radilar. Ulug‘ pir javob berdilar: – Rezachinligimning ma’nosi shuki, oyoq ostida boshqalarning erkin ha­ra­katlanishiga xalaqit beradigan, man­zil-u makon obodligiga putur yet­kazadigan nimaniki ko‘rsam, xas­mi, cho‘pmi, toshmi, kesakmi – bir chekkaga olib qo‘ydim. Toki yo‘ldan o‘tganlar ozorlanmasinlar, bu yerlarga ko‘zi tushganlarning ta’blari xira bo‘lmasin… Suhbatdoshlar bu javobdan lol bo‘l­di­lar, rezachinlikning sharofati xusu­sida chuqur mushohadaga beril­dilar. Ulug‘ zotga yaqin bo‘lgan insonlar shahodaticha, ana shu rezachinlik odatlari tufayli hazratning etak­lari va qo‘llaridan doimo tuproq hidi kelib turar ekan… Darvoqe, mazkur rivoyatning o‘z­ga­cha talqini ham bor. Unga ko‘ra, Xoja Bahouddinning rezachin­lik­la­­ri hazrat Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ­­­­­sun­natlariga og‘ishmay amal qil­gan­lik­lari bilan izohlanadi. Ammo bu tamomila boshqa masala va boshqa bir maqolaning mavzusi.

BUYUK FARROSH KIMLIGINI BILASIZMI?

Taniqli adib Omon Muxtorning “Buyuk farrosh” deb nomlangan romani bor. Ikki kitobdan iborat mazkur roman ulug‘ bobokalonimiz hazrat Alisher Navoiy hayoti va ijodi­ga bag‘ishlangan. Romanda adib Alisher Navoiyni “buyuk farrosh”, deya ta’riflaydi. Hayron bo‘ldingizmi? Shunday buyuk zotni, shoirlar avliyosini farrosh deb atash mumkinmi? Gap shundaki, hazrat Alisher Navoiy buyuk zotlar mozorida farroshlik qilishni o‘zi uchun buyuk sharaf deb bilgan. Manbalar ma’lumotiga ko‘ra, ulug‘ shoir Haj ziyoratiga borish uchun hukmdordan bir necha marotaba ijozat so‘raydi. Ammo buyuk Alisherni saltanat tayanchi deb bilgan Husayn Boyqaro bunga izn bermaydi. Shunda ulug‘ shoir Boyqaroga murojaat qilib, o‘zini Hirotdagi Xoja Abdulloh Ansoriy mozoriga jorubkash (qabrlar atrofi va qabriston hududini tozalovchi, supuruvchi xodim, farrosh) lavozimiga ishga tayinlashni so‘raydi. Husayn Boyqaro ulug‘ shoir va millat quyoshining bu iltimosini qabul qilganmi-yo‘qmi – bunisi muhim emas. Muhimi, ulug‘ shoir himmatining darajasi shu qadar ulkan-ulug‘­vor bo‘lgan. “Temur tig‘i yetmagan joyni qalam bilan olgan” bo‘lsa-da, kamtarinlik va xokisorlik masnadiga xiyonat qil­ma­gan. Bugun qanchalar ehtiyoj sez­yapmiz, bunday fazilatlarga… Alalxusus, keltirganlarimiz badiiy to‘qima emas. Ilm-u ma’rifatdan, xalqimiz tarixidan ozgina xabardor insonlar buni yaxshi biladilar. Maqsadimiz, qadim tariximizning ulug‘ sahifalaridan yoshlarimizni ham xabardor qilish. Toki ular kimlar­ningdir alahsirashlariga quloq tutib, za­lolatga botmasinlar, tuproqqa tupurmasinlar. Bobomeros qadriyatlarimizga xiyonat qilmasinlar.

Shodmon SULAYMON,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir

“Jadid” gazetasi 2024-yil 5-aprel 15-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img599