Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


05.05.2025 | 17:27

img890

TOKIODA BEHBUDIYXONLIK

Yaponiya poytaxti Tokio shahrida Toyo Bunko – “Sharq kutubxonasi” bor. Mazkur dargohda o‘zbek adabiyoti, xususan, jadidlar ijodi bilan jiddiy shug‘ullangan professor Hisao Kumatsu ishlaydi. Kumatsu turkiy tillarni, xususan, o‘zbek tilini ham yaxshi biladi. U O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan xalqaro anjumanlarda o‘z ma’ruzalari bilan faol qatnashib keladi.

Yaqinda “Sharq kutubxonasi” hamda Tokio xorijiy tillar universitetida professor Hisao Kumatsu tashabbusi bilan jadidlikka bag‘ishlangan xalqaro anjuman tashkil etildi. Ilmiy-amaliy konferensiya Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligiga bag‘ishlandi. Unda soha mutaxassislari, o‘zbek, yapon jadidshunoslari va tilimizni o‘rganayotgan yaponiyalik talabalar qatnashdi. Quyida anjuman ishtirokchilarining fikr-mulohazalarini e’tiboringizga havola etmoqdamiz.

Shuhrat RIZAYEV,
professor (O‘zbekiston):

– Jadidlik masalalarini o‘rganish, tadqiq etish bugun O‘zbekistonda ham, jahon olimlari o‘rtasida ham yangi bosqichga kirdi. Bu, albatta, O‘zbekiston Prezidentining tashabbusi va Yangi O‘zbekistonni yaratish niyatiga g‘oyaviy-konseptual mafkuraviy negiz belgilash maqsadlaridan kelib chiqqan hodisa. Bu hodisani to‘liq e’tirof etib, tabriklagan holda, biz endi jadidlik harakatining yuz ellik yillar avval boshlangan global jarayonlarda vujudga kelib, to hozirgi global dunyo miqyoslarida kasb etgan ahamiyatini ko‘rsatib beruvchi ilmiy va amaliy izlanmalar, tadqiqotlar, ko‘rimlar va umumlashmalar chegarasida birlashmog‘imiz lozim. Ochig‘i, bugun bu masalalarda ikki toifa jamoa shakllanyapti. Biri ilmiy-nazariy va amaliy manbalariga suyanib, jadidlik harakatini barcha yo‘nalish va jihatlarini, asosi va taraqqiysi-yu bori ziddiyati, murakkabliklari bilan o‘rganish, tadqiq etishni maqsad qilganlar va ikkinchisi, zamona taqozosi bilan dolzarblik kasb etgan ilmiy-amaliy mavzu dunyosiga kirib, undan o‘z “piar” manfaatlarida foydalanib qolishga urinayotganlar jamoasi. Bu toifa hozirda o‘ta bolalab, ildiz otib borayotgani isbottalab haqiqat emas. Vaholanki, biz hali beri jadidlik harakati merosi, manbalarini tizimli tarzda yig‘ib, jamlab, ilmiy istifoda etish borasida tayinli bir ish qilolganimiz yo‘q. Mavzu-masalaga doir mavjud ilmiy-ijodiy meros parokanda, tarqoq holda. Uni avvalo, jamlab, bir maqbul manzil-makonda saqlash va avlodlarga ma’naviy bisot o‘laroq yetkazish o‘ta muhim va dolzarb masala. Bu yo‘sinda qiladigan ishlarimiz bir olam.

Ikkinchidan, jadidshunos olim-u mutaxassislarni O‘zbekiston va jahon sarhadlarida jam etib, mushtarak maqsad sari yo‘naltirishning o‘zi-da juda jiddiy, muhimdan muhim vazifa. Ana shu maqsad bugun bizni hozirgi eng mutaraqqiy Yaponiyaning Tokio shahrida birlashtirib turibdi.

Men 80-yillardan buyon jadid adiblari ijodi bilan shug‘ullanib kelaman. Bir qancha kitoblarim nashr bo‘ldi. Aytmoqchi bo‘lganim, bu harakat ulkan miqyosda dunyo olimlari bilan birgalikda muhokama qilinadigan hodisadir. Shu e’tibordan biz Yaponiya poytaxtida jadidlik masalalarini xalqaro darajada talqin va tahlil qilishimiz ayni muddao. Darvoqe, biz jadidlik harakati namoyandalariga bag‘ishlangan ayrim yangi filmlar uchun bir qancha xorijlik mutaxassislarni ham jalb etdik. Deylik, Fitrat ijodi bo‘yicha muhtaram professorimiz Hisao Kumatsu maslahatchi sanaladi. Chunki bu olim jadid matbuoti va tarixi bo‘yicha dunyodagi nufuzli mutaxassislardan biri.

Hisao KUMATSU,
professor (Yaponiya):

– Tarix milliy o‘zlikni yaratish va tarqatish uchun eng muhim unsurlardan biridir. Turkiston jadidlari orasida o‘lka tarixini yozish xususida ilk so‘z ochgan Hoji Muin bo‘lsa kerak. 1913-yil boshida o‘zi Turkiston nomidan shunday deydi: “Sizlardan o‘tinchim shulki, burungi madaniyat va umronim hamda burungi bobolaringiz turklar haqinda ahamiyat berib bir mukammal “Turk Turkistoni tarixi” kitobi tasnif qilib, kelajak avlod va ahfodimga suyurg‘ol etingiz” (“Sho‘ro” jurnali, 1913-yil 1-son). Lekin bu ish oson emas edi. Tatar jurnalistlaridan Nushirvon Yovushev yozadi: “Milliy maktablarda o‘qitmoq uchun milliy tarix darsligining luzumi har kimga ma’lumdir… Lekin maataassuf bizning Turkistonda bugungacha tarixga ahamiyat berilmadi. Maktablarimiz uchun tarix kitobi (Turkiston tarixi) yozilmadi. Tarix millatning joni – ruhiy, moddiy va ma’naviy hayotidir. Turkiston tarixi. Buni kim yozar?” (“Sadoyi Turkiston” gazetasi, 1914-yil 17-son).

Bu savolga darhol javob bergan ham Hoji Muin edi. U deydi: “Milliy tariximizni kim yozar?” degan savolni o‘qidim. Albatta, biz Turkiston turklari uchun bir mufassal va maktablarimiz uchun bir muxtasar turk va Turkiston tarixi lozimdir. Ammo ushbu xususda tarix yozmoq nihoyatda qiyin va og‘ir bo‘lib, hozirgacha yangi tadqiqot bilan shuhrat topgan tarixchi Turkistonda bo‘lmaydi. Biz bu xizmatni yosh muarriximiz qozonli muhtaram Ahmad Zaki afandi Validiy janoblarining qalamidan umid etamiz” (“Sadoyi Turkiston” gazetasi, 1914-yil 23-son).

Hoji Muin bu masalaga ahamiyat berib shunday yozdi: “Bizning Turkistonda tajaddid va intiboh asari ko‘rina boshlaganiga o‘n yil ziyoda bo‘lib, jarida va majallalar chiqa boshlagan bo‘lsa ham, matbuoti jadidamizning hech birisida milliy tariximizga oid biror masala haqinda bahs va bayon bo‘linmadi. Holbuki, bizlar uchun milliy tarix tarixi Islom kabi bilinmog‘i lozim… Bizlarga milliy tarixni bilmoq yo‘lida birinchi qadam qo‘ymoq zamoni hanuz kelmagan bo‘lsa ham, oqilan ushbu yo‘lga chiqmoq uchun hozirlanib turmog‘imiz lozimdir. Kelajakda bizlar ham milliy tariximizni ibtidoiy va rushdiy maktablarda bolalarimizga o‘qitmoq sharafiga noil bo‘lurmiz” (“Oyina” jurnali, 1915-yil 10-son).

Milliy tarixga qiziqish qayerdan kelgan? Bizningcha, birinchidan, maktablar uchun tarix dars kitobiga ehtiyojdan, ikkinchidan, sart masalasi haqida munozaralardan. Ayniqsa, 1911-yil bilan 1915-yillar orasida davom etgan bu munozara milliy tarixga qiziqishni uyg‘otmasdan qolmagan bo‘lsa kerak.

Keyingi inqilobiy yillarda tatar ziyolilaridan Muxtar Bakirning “Turkiston qit’asi tarix va jo‘g‘rofiy jihatdan” nomli maktablar uchun kitobi (Toshkent, 1918) chiqqan bo‘lsa ham, uni sovet tuzumi ostida tarqatishning imkoni bo‘lmadi. Ho‘qandlik Yunusjon Hoji Og‘liq Turkiston tarixini yozganmish, holbuki, asari noma’lum qolmoqda. 1924-yilda O‘rta Osiyoning milliy chegaralarga bo‘linishidan keyin jadidlardan ham Ahmad Zakining do‘stlaridan Po‘lat Soliyev “O‘zbekiston tarixi” kitobini yozadi (Samarqand-Toshkent, 1929), ammo ikkinchi jildi nashr qilinmasdan qoladi.

Hoji Muinlar umid qilgan Turkiston tarixi kitobi o‘lkada amalga oshmadi. Lekin sovetlar bilan siyosiy kurashdan keyin xorijga chiqqan Validiy (To‘g‘on) turk tilida “Bugungi Turkiston va yaqin moziy” degan kitob yozdi (Qohira, 1929–1939). Bu asar o‘sha davrgacha chiqqan eng mufassal Turkiston tarixi bo‘lib, ayniqsa, yaqin tarix xususida boy ma’lumot beradi… Bizningcha, bu asarga jadidlar umid qilgan Turkiston tarixini aks ettirgan oyina sifatida qarash o‘rinlidir. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, Turkistonda ko‘tarilgan bu kabi irfoniy va inqilobiy harakatlar boshida, albatta, Mahmudxo‘ja Behbudiy janoblari yetakchi va peshvo bo‘lgan.

Vali Savash YELOK,
professor (Turkiya):

– Adabiyotdagi evrilishlar umumiy ijtimoiy o‘zgarishlardan tortib, iste’dod egalarining individual ta’sirlarigacha bo‘lgan ko‘plab ichki va tashqi omillarga asoslanadi. Ya’ni adabiyot va hayot o‘zaro ta’sirda bir-birini shakllantirib turadi.

Adabiyot tarixi yozuvni, sohaning o‘tmishi va rivojlanishini tizimli tarzda o‘rganadigan intizomdir. Metod jihatidan bu sohada foydalaniladigan yondashuvlar tarixiy va tanqidiy nuqtayi nazarni talab qiladi. Adabiyot tarixi – xronologik, biografik, tematik, adabiy oqimlar va janrlar markazida, qiyosiy, sotsiologik va ideologik, estetik va formalistik usullar asosida yoziladi. Qaysi usul tanlanishidan qat’i nazar, adabiyot tarixini yozishda manbadan foydalanish, obyektivlik va tanqidiy yondashuv, kontekstuallilik va qamrovlilik asosiy tamoyillar bo‘lib qoladi.

Zamonaviy o‘zbek adabiyotining tarixiy jarayoni davrlarga ko‘ra (jadidlar davri, sovet davri, mustaqillik va keyingi davrlar), janrlarga ko‘ra (nazm, nasr, drama), mavzularga ko‘ra (milliy uyg‘onish, realizm, individual tuyg‘ular va global mavzular), g‘oya va oqimlarga ko‘ra (ma’rifatparvarlik, sotsialistik realizm, lirizm va modernizm) tarzida tasniflanmoqda. Ushbu nomlanish yoki yuqorida zikr etilgan metodlardan qaysi biri asos qilib olinganidan qat’i nazar, zamonaviy o‘zbek adabiyotining boshlanishini belgilovchi matnlar va bu matnlarni yaratgan avlodning adabiy merosi to‘liq aniqlanmaguncha qamrovli tasnif yaratish mumkin emas. Chunki uning boshlang‘ich davriga oid ma’lumotlar to‘liq yig‘ilmagan. Afsuski, biz uchun g‘oyat qadrli bo‘lgan Turkiston jadidlik harakati otasi Mahmudxo‘ja Behbudiyning boy va rang-barang merosining to‘laqonli nashri haqida ham qoniqarli fikr aytish qiyin.

1905-yildan keyingi davrdagi o‘zbek davriy nashrlaridagi adabiy manbalarni jamlab o‘rganish zarur. Ular adabiyotshunoslik ilmida tahlilga tortilishi va adabiyot tarixini yozishda qo‘l kelishi mumkin. Bu, xususan, adabiyot tarixining chegaralarini belgilash va davrlarni aniqlash, avlod tushunchasi atrofida qanday guruhlanishlar mavjud bo‘lganini, ularning o‘zaro ta’sirini, yetakchi yoki yo‘l ko‘rsatgan fikr egalari ta’sir doiralarini tasniflash uchun muhim ko‘rsatkich bo‘lib xizmat qiladi.

Shu munosabat bilan, avvalo, arab yozuvida, birinchi o‘zbek lotin alifbosi va kirill yozuvida chop etilgan 1905–1930-yillar oralig‘idagi matnlarni adabiy-ilmiy muomalaga to‘la olib kirish kerak.

Bekir TUMEN,
dotsent (Turkiya):

– Bugungi kunda jadidlik tadqiqotlari O‘zbekistonning bu masalaga bergan e’tibori va yordami bilan yangi bosqichga kirganini aytish mumkin. Dunyoda ijtimoiy fanlarning ommabopligi pasaygan bir davrda davlat tomonidan moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlanmagan mavzularning ilmiy jamoatchilikda uzoq vaqt davomida tadqiqot obyekti bo‘lib qolishi qiyin. XIX asr oxiri va XX asr boshida bugun biz yodga olayotgan Behbudiy hazratlari iqtidorga keltirgan jadidlik harakatini har tomonlama o‘rganish o‘sha davr tarixini yaxshiroq tushunish uchun juda foydali bo‘ladi.

Jadidlik harakati barcha hududlarda bir xil tarqalmadi. Bu harakatning eng barvaqt bo‘y ko‘rsatgan, e’tibor qozongan hududlari qatorida Edil-O‘rol mintaqasi yetakchilik qiladi. Yekaterina II islohotlaridan so‘ng boshlangan o‘zgarish jarayoni jadid harakatining qabul qilinishini osonlashtirgan edi. Harakatni qo‘llab-quvvatlaganlar uning boshqa hududlarga tarqalishida ijobiy rol o‘ynagan. Jadidlikdan avval ham zamonaviylashish jarayonini boshlagan Ozarbayjon ziyolilari orasida shunga o‘xshash g‘oyalar tarqalgan edi. Ammo u yerda jadidlikning qabul qilinishi o‘ziga xos tarzda kechdi. Ushbu ikki hududdagi modernizatsiya harakatlarini qiyosiy tarzda o‘rganish ham foydali bo‘ladi.

Ismoil Gʻaspralining ozarbayjonliklar bilan olib borgan ikki tomonlama aloqalari faqatgina Ozarbayjon ziyolilarini emas, balki butun Rossiya musulmonlarini ham mutaassir qildi. Tarixga qarasak, Rossiya turklarining o‘zaro ta’siri jadid harakati boshlanishi bilan yanada kuchaygani ko‘zga tashlanadi. Ayniqsa, 1905-yil nisbiy erkinlik davri boshlanishi bilan bu ta’sir yanada ortdi.

Shu yilgacha bo‘lgan davrda harakatning eng muhim vakili Gʻasprali edi. Ammo 1905-yildan keyin har bir mintaqada ommaviy nashrlar va ijtimoiy-madaniy harakatlar uchun yo‘l ochilgach, harakat sur’ati sezilarli darajada oshdi. Yangi yo‘nalishlarning paydo bo‘lishi bilan o‘zgarish va xilma-xillik tezlashdi. Gʻaspralining 1905-yilgacha bo‘lgan “tayyorgarlik davri”da amalga oshirgan ishlari Rossiya musulmonlari orasida umumiy tasavvur, qurultoylar va siyosiy faoliyatlarning shakllanishida asosiy omil bo‘ldi. Agar 1905-yilgi erkinlik davri 1880-yillar o‘rtalarida yuz berganida edi, ehtimol, o‘zgarish jarayoni ancha jadalroq kechgan bo‘lardi. Biroq birlik g‘oyasi ancha erta zaiflashar va modernizatsiya harakatlarida mahalliy unsurlar ko‘proq ustun bo‘lardi, ehtimol.

Bugungi kunda turkiy davlatlarda jadidlik tadqiqotlari asosan hududiy miqyosda olib borilmoqda. Hududlar yoki davlatlardagi asosiy manbalarni jamlash va tadqiq etish dolzarb ahamiyatga ega. Jadid harakatining umumiy tahlili qilinmasdan yuz yil oldin sodir bo‘lgan voqealarga tarixiy baho berish oson bo‘lmaydi. Turk dunyosining turli hududlaridagi jadid nashrlari va namoyandalarining doimiy ravishda o‘zaro aloqada bo‘lganlarini hisobga olsak, bugun ham bu yo‘nalishdagi tadqiqotlarni kuchaytirish o‘tmishni yaxshiroq tushunishga yordam beradi, deb aytish mumkin.

Zaynobiddin ABDIRASHIDOV,
filologiya fanlari doktori, professor:

– 1990-yillarning boshlaridan 2000-yillar o‘rtalariga qadar qator jadidlarning merosi “Istiqlol qahramonlari” ruknida alohida kitoblar holida nashr qilindi. Bu nashrlar asosan o‘zbek mumtoz yozuvidan joriy imloga tabdil qilingan matnlardan iborat bo‘lib, kerakli izohlar bilan ta’minlangan edi. Ma’lum sabablarga ko‘ra ushbu matnlar ba’zi o‘rinlarda qisqartirildi, arabcha, forscha so‘z va iboralarda yanglish o‘qilganlari, xususan, o‘qilishi qiyin yoki o‘qish imkoni bo‘lmagan joylari tashlab ketilgan o‘rinlar juda ko‘p. Shunga qaramay, katta amaliy ish bajarildi va bugungi tadqiqotlar uchun yirik ma’lumot bazasi bo‘lib xizmat qilmoqda. Shu o‘rinda bugun jadidlik bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqotlarning yutuqlari bilan bir qatorda jiddiy kamchiliklarini ham aytib o‘tish, ularni o‘z vaqtida bartaraf etish zarurati paydo bo‘ldi.

Bu kamchiliklar asosan nimalarda ko‘rinadi va qanday aniqlanadi?

Birinchidan, bugungi tadqiqotlarning katta qismi 2005-yilga qadar arab imlosidan kirill alifbosiga tabdil qilingan adabiy, badiiy va publitsistik matnlar asosida olib borilmoqda. Ta’kidlanganidek, bu matnlarning ba’zi kamchiliklari sababidan tadqiqotlar ham o‘ziga yarasha nuqsoni bilan taqdim etilmoqda. 2022-yildan boshlab ilgari nashr qilingan “Tanlangan asarlar” qayta nashr qilina boshlandi. Lekin bu qayta nashrlardagi matnlar yangidan asl matnlarga solishtirilgan holda qayta ko‘rilmasdan chiqarilmoqda.

Ikkinchidan, Turkiston jadidlik harakatining shakllanish, rivojlanish va yakuniga yetish borasida davrlashtirish masalasi hozirgacha uzil-kesil hal qilinmadi. Adabiyotchi va tarixchilar orasida jadidshunoslik bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqotlar va aytilayotgan fikrlar, talqinlar turlicha. Aytish joiz bo‘lsa, ikki “guruh” o‘rtasida katta jarlik borki, bu olib borilayotgan ishlarning muvofiqlashtirilmaganidan dalolat beradi. Holat jadidshunoslik tadqiqotlarining yaxlit o‘rganilmayotgani muammosini ham o‘rtaga chiqaradi.

Uchinchidan, bugungi jadidshunoslik fanlararo kesimda tadqiq qilinmagani bois, Turkiston jadid harakatining, jadid ziyolilarining umumiy portretini ko‘rish, tasavvur qilishning imkoni yo‘q. Mavzuning parcha-parcha o‘rganilishi esa jadidlikning qanday harakat ekani, jadidlarning tom ma’noda dunyoqarashi qanday ko‘lamda bo‘lgani, faoliyat qirralarini to‘lig‘icha ko‘rish imkoniyatidan mahrum qiladi.

Shuningdek, o‘zbek jadidshunosligi oldida turgan yana bir katta muammo bu Turkiston jadidligining umumjadid harakati bilan o‘xshash va farqli jihatlari ochiqlanmaganidir.

Qolaversa, bugungi jadidshunoslik tadqiqotlari ko‘p hollarda jadid ma’rifatchiligi bilan cheklanib qolmoqda. Faqat yutuqlari haqida gapirilmoqda. Tanganing ikkinchi tomoniga ham e’tibor qaratish Turkiston jadidligi va jadidlarining faoliyati haqida to‘liq ma’lumot beradi.

Yuqorida sanab o‘tilganlar jadidshunoslik muammolarining hammasi emas. Bu muammolarni qisman yoki to‘liq bartaraf etish uchun esa, avvalo, jadidlikning boy merosi yangidan tabdil va tahlil qilinishi lozim. Jadid matbuoti to‘laligicha joriy imloga o‘girilishi va kitob shaklida nashr qilinishi kerak. Bu esa jadidlikning juda ko‘plab mavzularini yuzaga chiqaradi, yangi tahlillar, fikrlarni o‘rtaga qo‘yadi.

Shuningdek, jadidshunoslik tadqiqotlarini yagona platforma ostida birlashtirish lozim. Bu esa tadqiqotlarning fanlararo integratsiya usulida olib borilishini ta’minlaydi.

Bugun biz O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan qayta oyoqqa turayotgan jadidlikning yorqin namoyandasi Mahmudxo‘ja Behbudiyning 150 yillik sana-to‘yi sharofati bilan ummonortidagi taraqqiyparvar mamlakat poytaxtida umuminsoniy ahamiyatga ega masalalar yuzasidan kengashib turibmiz. O‘ylaymanki, bizning xalqaro hamkorligimiz olamshumul samaralarga yetaklaydi.

Bahodir KARIM yozib oldi.
Toshkent – Tokio –  Toshkent.

“Jadid” gazetasining 2025-yil 2-maydagi 18-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img99

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img610

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img607