07.05.2025 | 12:59
572
RENESSANS ULG‘AYADIGAN MAYDON
“Olim bo‘lish osonmi?” maqolasi muallifi, taniqli jurnalist Ro‘zimboy HASANga ochiq xat
Ro‘zimboy, qadrdon! Sizni tajribali, qalami o‘tkir jurnalist sifatida bilaman. Mavzuni xolis yoritishga harakat qilasiz, kuyunchak mulohazalaringiz samimiyligi ayniqsa jozibali. Jumladan, “Jadid” gazetasida bosilgan “Olim bo‘lish osonmi?” sarlavhali maqolangiz (2025-yil, 18-aprel) e’tiborimni tortdi. O‘ylatib qo‘ydi, mulohazaga undadi. Maqola har qanday jamiyat uchun g‘oyatda muhim va hech qachon dolzarbligini yo‘qotmaydigan mavzu – olimlik martabasi, salohiyati, halolligiga doir mushohadaga bag‘ishlangan. Maqolaning “Ushbu mulohaza va savollar havoda muallaq qolib ketmas deb umid qilamiz”, deya tugallanishi ilm-fanimiz jonkuyarlarini e’tiborsiz qoldirmas deb o‘ylayman.

Ilm-fan taraqqiyotining shaxs, millat, xalq, jamiyat, davlat va mamlakat ravnaqi yo‘lida qanchalar ahamiyatli ekani sog‘lom fikrli katta-yu kichikka kundek ravshan haqiqat. Ilmiy salohiyat borasida shavkatli o‘tmishimiz mavjudligidan haqli ravishda faxrlanamiz. Biror fan sohasi va yo‘nalishida yutuqqa va e’tirofga sazovor bo‘layotgan yoshlarimiz Yangi O‘zbekistonning buguni va istiqboli ekanligidan boshimiz ko‘klarga yetmoqda.
Har qanday milliy ilm-fan soha va yo‘nalishlarini umumlashtirib o‘ziga xos daryoga qiyoslash mumkin: u goh jo‘shib oqadi, goh sustlashadi, goh to‘lib-toshadi, yangi o‘zanlar ochib, faqat va faqat olg‘a intiladi.
Zamonaviy o‘zbek fani sovet zamonlarida ham salmoq, zalvor borasida mavqeyini saqlagan. Kimyo, biologiya, geologiya, fizika, matematika, kibernetika, mumtoz filologiya, qishloq xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi va hokazo yo‘nalishlarda o‘zbek olimlarining, mutaxassislarining munosib o‘rni bo‘lgan.
2016-yil 30-dekabr sanasida o‘zbek ilm-fani qayta dunyoga keldi. Davlat rahbari sifatida endigina faoliyatini boshlagan Shavkat Mirziyoyev o‘sha kuni yurtimizdagi ilm-fan faxriylari, yetakchilari, Fanlar akademiyasi mutasaddilari bilan uchrashdi. Dildan suhbatlashdi, orzu-istaklarga, g‘oyalarga quloq tutdi. Mazkur davra suhbati sharofati o‘laroq fanimiz qayta qad rostlash yo‘liga o‘tdi.
O‘zbek ilm-fan dunyosida yangi davr boshlandi! Chunonchi, Fanlar akademiyasi tarkibidagi ilmiy-tadqiqot institutlari qayta tashkil etildi, yangilandi. Yangi oliy o‘quv yurtlarini-ku, asti qo‘yaverasiz! Universitetlarda hayot qaynay boshladi. Tasavvur qilaylik, viloyatlarda ochilgan universitetlar vaqt o‘tishi bilan mustahkam ilmiy markazlarga aylanadi, u markazlarda yangi o‘zbek fanining yangidan yangi avlodlari yetishib chiqadi.
Ana shu singari o‘zgarish va yangilanishlar to‘lqinida chindan ham ilmiy daraja olishga bo‘lgan qiziqish kuchaygandan kuchaydi.
Yashirishning hojati yo‘q, sakkiz-o‘n yil muqaddam ilmiy faoliyatga bo‘lgan qiziqish-intilish nihoyatda susayib ketgan edi, chunonchi, olimlar, o‘qituvchi-professorlar “dov-dastgoh”ni yig‘ishtirishga tushgan, chunki olimlik mashaqqatini zimmasiga olganlar ham ma’nan, ham moddiy jihatdan deyarli ayanchli holatga kelgandi. Ilm-fan istagidagi oqim depsinish darajasiga tushdi. Biroq insondagi botiniy qudrat shundaki, har qanday og‘ir sharoitda ham ilmdan, ilm ishtiyoqidan voz kecholmaydigan-kechmaydigan kuch, kurtak shaklida bo‘lsa-da, mag‘lubiyat-u tanazzulga bo‘y bermaydi. Buning ustiga, davlat tomonidan bo‘lgan e’tibor, rag‘bat, madad nazarda tutilayotgan oqimga darhol jon bag‘ishladi.
Lo‘ndasini aytganda, mamlakatimizda nomzodlik, doktorlik ilmiy darajasini olishga bo‘lgan qiziqish keskin oshdi. Kechagina olimlik ko‘chasiga kirishni o‘ziga ep ko‘rmagan, ro‘zg‘or tashvishining turfa manbalarini amal-taqal qilib yurganlar bugunga kelib fan nomzodi, fan doktori bo‘lish harakatiga tusha boshladi. (O‘rni kelganda, og‘ir sharoitlarda ilm yo‘lini tark etmagan, o‘z sohasi-faniga sadoqat ko‘rsatgan professorlarimiz, dotsentlarimiz va o‘qituvchi-mutaxassislarimiz sha’niga tasannolar aytib qo‘ysak adolatdan bo‘lur deb o‘ylayman).
Siz, Ro‘zimboy, ayni shunday holatning eng nozik muammosiga jamoatchilik diqqatini qaratmoqdasiz. Ilmiy daraja olish yengillashib ketayotganidan, yengil-yelpi va arzimas mavzularda dissertatsiyalar yoqlanayotganidan, imlo xatosiz yozishni eplamaydiganlar fan nomzodi vasiqasini qo‘lga kiritayotganidan, “Va yana hozirda pul evaziga nomzodlik va hatto doktorlik ilmiy ishini yozib beradiganlar borligi”dan tashvishlanmoqdasiz. Har bir tashvishli holatni dalillar ila asoslashga harakat qilmoqdasiz. Milliy fanimiz maydoni, ko‘lami va miqyosi toza, halol va samarali bo‘lishini o‘ylab, qayg‘urmoqdasiz. Shuning o‘zi har qancha tahsinga loyiq.
Ezgu niyat yo‘lidagi tashvish-u qayg‘urishlaringizni qo‘llab-quvvatlagan holda ayrim mulohazalarni o‘rtoqlashish istagi tug‘ildi.
Birinchi navbatda, ilm ahliga munosabat xususida.
Ro‘zimboy! Oddiy odamlarimiz orasida ilm-fanga, olimtabiat kishilarga istehzoli qarash mavjud. Maktabda, hatto oliy o‘quv dargohlarida “a’lo”ga o‘qiydigan, tirishqoq, izlanuvchan, qo‘lidan kitob tushmaydigan o‘quvchi va talabalarni ochiqdan ochiq kamsitish, behurmatlash odati hanuz uchrab turadi. Unday yigit-qizlar ortidan, “Anavi, professor!”, “Bilag‘on akademik-k!” deya istehzolar yog‘dirishadi. Afsuski, arzimasdek ko‘ringan bu odat ilmdan yiroq odamlarimiz qarashlarida yosh ulg‘ayganda ham saqlanib qoladi. Taassuf, “Olim bo‘lish osonmi?” maqolasining aksariyat o‘rinlari shunday kayfiyatni yodga solmoqda.
“Bir professor atigi bir yil davomida 56 (!) nafar falsafa bo‘yicha fan doktori tayyorlabdi” degan xabar bilan boshlabsiz maqolani. Bo‘rttirish, mubolag‘a “san’ati” jurnalistikaning azaliy “ko‘rki” ekanligi yangilik emas, buni qarangki, Sizdek tajribali qalamkash, tag‘in g‘oyatda jiddiy mavzuda so‘z yuritayotgan kuyunchak ziyoli ham mazkur an’ana iznidan chiqolmabsiz. Mabodo chindan ham bir yilda shuncha shogird yetishtirgan “ustoz” bor ekan, uning epchilligini doston qilishimiz, afsonaviy vatandoshimizni Ginneslar kitobiga tavsiya etish yo‘lini izlashimiz, qalam-daftarini qo‘ltiqlab yurtimizga yetib keladigan ginneschilarga peshvoz chiqishga hozirlik ko‘rshimiz va o‘sha professor ko‘rsatgan karomatni atroflicha… jurnalist tekshiruvi chig‘irig‘idan o‘tkazganimiz ma’qul emasmidi?!
Aslida so‘z va fikr ta’sirchanligini oshirishga xizmat qiladigan mubolag‘a salgina me’yordan ortdimi, aks ta’sir ko‘rsatadi, buni Sizga eslatguvli joyi yo‘q, jon do‘stim.
Kimningdir jiyani besh yildan buyon tibbiyot fanidan nomzodlik ishini yoqlash uchun yelib-yugurayotgan ekan, otasiga rahmat unday jiyanning. Lekin “yelib-yugurish” iborasi ilmiy izlanish mashaqqatidan ko‘ra, ilm tevaragidagi nosog‘lom ovoragarchilik, sansalorlikni “ta’riflash”da qo‘l keladi. Boshqa viloyatdan yosh bir qiz esa shu ish boshida turgan uddaburon biroviga uch ming dollar bergan ekan, shu haq evaziga darrovgina ilmiy ishni tayyorlab beribdi.
“Falonchi unday dedi, pistonchi bunday dedi”lar ko‘z o‘ngimizda umumiy manzarani chizayotganday bo‘ladi, ammo ular dalil o‘rniga o‘tmaydi, ilm kishilari bunday misollarni dalil o‘rnida qabul qilishmaydi. Nazarimda, publitsistik maqolada ham bu tarzda isbotlashlarga zo‘r berish o‘rtaga tashlanayotgan mulohazalar salmog‘ini bo‘shashtirib yuboradi. Nima emish, “Buning uchun ilmiy ishlarni tasdiqlaydiganlar orasidan tanish topsa bo‘ldi… Hatto bir varaqqa sig‘maydigan ilmiy tadqiqot qilmagan odam ham “kuf-suf” deguncha falsafa doktori bo‘lib turibdi-da!”
E, ha-a, ilmiy ishlarni kimlar qay tartibda tasdiqlashini, umuman, ilmiy mavzuni tasdiqlashdan tortib to uning muallifiga ilmiy daraja bergunga qadar qanday bosqichlar bosib o‘tilishini bilamizmi? Tasavvur qilamizmi? Ana shu bosqichlarning har birida o‘z sohasining ne-ne bilimdon va fidoyilari qog‘ozdan bosh ko‘tarmay o‘tirganini bir og‘iz “kuf-suf”ga tenglashtirish, ta’riflash qanchalar noo‘rin, qanchalar bepisandlik, qanchalar bexabarlik, Ro‘zimboy do‘stim?!
Shu o‘rinda achchiq bir haqiqatni tilga olishga to‘g‘ri keladi. Hech zamon-hech makonda yaxshi tadqiqot yomon tadqiqotdan ko‘p bo‘lmaydi. Boshqacha aytganda, favqulodda ilmiy kashfiyot nisbatan anchagina oz foizni tashkil etadi. Yanayam boshqacharoq ifodalashga harakat qilsak, sanoqli muvaffaqiyatli kashfiyotlarga erishish uchun ko‘plab muvaffaqiyatsiz tadqiqotlarga sarflangan chiqim-u sa’y-harakatlarga chidashga to‘g‘ri keladi. Zero, katta va noyob kashfiyotlar zoye ketgan tajriba-eksperimentlar mevasi, hosilasi hisoblanadi. Siz nazarda tutgan, yengil-yelpi va nosog‘lom yo‘llar bilan fan nomzodi va fan doktori ilmiy unvonini qo‘lga kiritganlar esa o‘z sohasi jamoatchiligi orasida otning qashqasidek ajralib turadilar. U toifadagi ucharlar Siz ijobiy dalil sifatida xotirga olgan Urganch davlat universiteti professori Bahovuddin Sodiqov singari chinakam olimlarga aslo soya sololmaydilar. Axir fan olamida olimlik odobi, ilmiy oriyat, ilmiy g‘urur-nafsoniyat tushunchalari urug‘-urug‘igacha qurib ketmagan, unutilmagan, unutilmaydi ham.
Ro‘zimboy! O‘n yillar muqaddam eldoshingiz bir ayol iqtisod fanidan nomzodlik dissertatsiyasida (o‘zingiz tahrir qilib bergan) viloyatning besh yillik iqtisodiy ko‘rsatkichlari tahlilidan iborat ekanligi uchun siz uni tabriklashdan uyalganingizni eslabsiz. Nega uyaldingiz? Iqtisod ilmini, mohiyatini tushunmaysizmi? Men ham iqtisodchi emasman, lekin har bir viloyat, har bir tuman statistika boshqarmasidagi bir “hovuch” raqamni qiyoslash, tahlil qilish orqali butun respublika ravnaqi yo‘lida asqatadigan kutilmagan va favqulodda xulosalar chiqarish mumkin. Yoki imlo xatosiz yozolmaydigan deputatni misol tariqasida keltiribsiz. To‘g‘ri, deputat savodli yoza olsa nur ustiga nur, biroq deputatlar orasida hayotda ikki qator xat yozmaganlari, binobarin, imloning ko‘chasiga yo‘lamaganlari topiladi. Buni qarangki, olimlik martabasining sehri, shukuhi ana shunday chalasavodlarni ham mahliyo etadi, rom etadi, “yo‘ldan uradi”.
Tarixchilarimiz sha’niga qaratilgan quyidagi ikki ta’na ikki jihatdan noo‘rin va asossiz. “Tarix bo‘yicha ilmiy ish yoqlayotganlar, – deb yozyapsiz, – moziyning uzoq yoki yaqin davrida sodir bo‘lgan voqealarni hozirgi kun – istiqlol mafkurasi nuqtayi nazaridan tadqiq qilishyaptimi, “tariximizning kir va qora kunlari” haqidagi haqiqatlarni qay darajada ochib, xalqimizga yetkazishmoqda?”
Avvalo, tarixiy mavzudagi yangidan yangi kitoblar shu qadar ko‘p bosilmoqdaki, ashaddiy tarixsevar kitobxonlarimiz ham ularni o‘qishga ulgurolmay qolishmoqda. Buning uchun tarixchi olimlarimizdan har qancha minnatdor bo‘lsak arziydi. Qolaversa, Siz o‘tmish voqealarini “hozirgi kun – istiqlol mafkurasi nuqtayi nazaridan tadqiq qilinishi”ga chaqiryapsiz. Vaholanki, tarixni, tarixnavislikni mafkuraga bo‘ysundirish hech bir zamonda olqishlanmagan, zero, mafkura izmidan chiqmaslik tarixni o‘rganishda eng katta va qaltis xatolarni boshlab beradi, tarixiy haqiqatni barbod etadi. Bunyod etilayotgan Yangi O‘zbekistonda birinchi navbatda, hayot haqiqatini qaror toptirish, har sohada, jumladan, olis-yaqin tarixni o‘rganishda xolislik an’anasiga asos solish yo‘lidan boryapmiz deb o‘ylayman, shunday emasmi?!
Maqolada ilm-fan sohasidagi tashkiliy masalalarni ham e’tibordan chetda qoldirmaslikka harakat qilgansiz. To‘g‘ri qilgansiz. Biroq nachora, jamiyat hayotida ortiqcha hisobdorliklardan voz kechish muammoligicha qolmoqda. Oliy o‘quv yurtlarida, ilmiy tadqiqot institutlarida ortiqcha hisobot berishlarni tartibga solish, optimallashtirish borasida qilinadigan ishlar nihoyatda ko‘p. Ilmiy tadqiqotdan bir shingilini xorij nashrlarida chop ettirishda ham mukammallashgan, oqilona tartib, me’yor bo‘lmog‘i zarurligi haqidagi fikrlaringizga qo‘shilaman.
Burungi fan nomzodi ilmiy darajasi endilikda “Falon fan bo‘yicha falsafa doktori” deb yozilayotganiga bo‘lgan munosabatingizni asoslash uchun yana bir tanishingizning (?), “Hamma yoqni falsafa doktorlari bosib ketdi” degan qochirig‘ini keltiribsiz. Nachora, bu voqeadan ranjish-ranjimaslik har kimning ixtiyori, ammo-lekin bunday ilmiy unvon mohiyatida katta va chuqur ma’no ko‘zda tutilganini unutmaganimiz ma’qul-da! Kimyo fani bo‘yicha falsafa doktori, filologiya fani bo‘yicha falsafa doktori, matematika fani bo‘yicha falsafa doktori… Nima nazarda tutilmoqda? U yoki bu fan bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan har bir olim o‘z fani bo‘yicha faylasuf darajasida, faylasufona maqomda fikrlay olishi, mushohada yuritishi darkor deganidir. Endi kim bu yuksak martabaga loyiq-loyiq emasligi esa butkul o‘zga masala, o‘zga muammo.
Ro‘zimboy! Mazkur mulohazalarning tug‘ilishiga Siz, Sizning “Jadid” gazetasida bosilgan maqolangiz turtki berdi. Ko‘pdan buyon ko‘ngilda pishib yetilayotgan ayrim istaklarning qog‘ozga tushirilishiga sababchi bo‘ldi.
Dunyo va bashariyat taraqqiyotini ilm-fansiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Oddiygina turmush farovonligidan to Uyg‘onish cho‘qqilarini zabt etish orzusining birdan bir manbayi, asosi, poydevori xalqning intellektual salohiyatida tajassum topadi. Siz-u bizni – hammamizni o‘ylantirayotgan, tashvishlantirayotgan maqsad-muddao ham shu! Bu maqsad yo‘lidagi chora-tadbirlar shu qadar ko‘pki, serqirraki, ularni sanab adog‘iga yetish mushkul. Biz qalam ahli, matbuotchilar keng omma orasida ilmiy muhitni sog‘lomlashtirish, jonlantirish yo‘lida hormay-tolmay xizmat qilmog‘imiz zarur deb o‘ylayman.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasining ilmiy-ommabop “Fan va turmush” jurnalida faoliyat yuritgan yillarim ilm-fanimizning ko‘plab darg‘alari bilan bo‘lgan muloqotlar hayotimning eng sururli damlari sifatida yodda qolganidan adoqsiz iftixor tuyganlarimni zinhor unutmayman. Kezi kelganda, yoshlar bilan uchrashuv va suhbatlar chog‘ida Obid Sodiqov, Sobir Yunusov, Yolqin To‘raqulov, Vosil Qobulov, O‘ktam Oripov, Abdumannon Rahimjonov, Hamdam Usmonov, Rahima Aminova, Rahim Bekjonov, Hamid Ziyayev singari milliy ilm-fanimizning unutilmas siymolari haqidagi hayotiy hikoyalar aytgim keladi. “Fan va turmush” har oyda 500 000 nusxada chop etilgani, jurnalda bosilgan maqolalar yuzasidan mamlakatimizning turli burchaklarida yashaydigan keksa-yu yosh mushtariylardan kuniga yuzlab xat-xabar kelishi xalqimizning ilm-fan soha va tarmoqlariga bo‘lgan mehr-muhabbati, qiziqishi timsoli bo‘lganini o‘rtoqlashgim keladi. Qanday bo‘lmasin, farzandlarimizda ilmiy-badiiy-texnik tafakkurni tarbiyalashga qaratilgan nashrlar, teleko‘rsatuvlar yo‘lga qo‘yilishi zarurligini bot-bot takrorlagim keladi. Chunki mana shu kabi ishlarning bari, yuqorida aytilgan muhimdan-muhim maqsadga – mamlakatimizda mustahkam ilmiy muhit yaratilishiga xizmat qiladi. Renessans – Uyg‘onish mana shu muhit maydonida tug‘iladi, ulg‘ayadi, yuksaladi!
Xurshid DO‘STMUHAMMAD,
filologiya fanlari doktori, professor
“Jadid” gazetasining 2025-yil 2-maydagi 18-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
77
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
594
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
591



