Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


24.04.2025 | 12:46

img1083

OLIM BO‘LISH OSONMI?

“Olim bo‘lish oson, odam bo‘lish qiyin”, deyilmish otaso‘zimizdan kelib chiqadigan mazmun – ilm o‘rganishdan ko‘ra tarbiya olish qiyin ekanligidir. Yaxshi tarbiya olgan insondan ulug‘ olim yetishib chiqadi.

Gʻalati xabarga ko‘zim tushdi: bir professor atigi bir yil davomida 56 (!) nafar falsafa bo‘yicha fan doktori tayyorlabdi. Bir yilda 52 hafta borligini inobatga olsak, professorning kuch-g‘ayratiga qoyil qolmay iloj yo‘q. Har bir nomzodlik ishi kamida 100-120 varaqdan iborat bo‘ladi desak, professor har haftada bir nafardan ortiq shogirdi tayyorlagan nomzodlik ishini o‘qigan, tahlil qilgan, shu yuzadan fikr-mulohazalarini yozgan, keyin himoyasida qatnashib, so‘zga ham chiqqan! Shu ishlardan bo‘sh vaqtlari qaysidir oliygohda talabalarga saboq bergan, qandaydir ilmiy kengashlar va boshqa tadbirlarda qatnashgan ham.

Fidoyilik bundan ortiq bo‘lmas!

Ilm-fanimizda o‘z maktabiga ega, jahon tan olgan, kashfiyotlar yaratgan mashhur olimlarimiz ilmiy faoliyati davomida tayyorlagan fan nomzodlari va fan doktorlarining ro‘yxati yuqoridagi professor bir yilda tayyorlagan “olim”lardan ancha qisqaroq. Nima, o‘sha taniqli olimlar dangasa bo‘lishganmi – yiliga bir-ikki, ko‘pi bilan uch nafar shogirdi nomzodlik ishi yoqlagan.

…Jiyanim besh yildan buyon tibbiyot fanidan nomzodlik ishini yoqlash uchun yelib-yuguradi. Oyda bir poytaxtga borib keladi, ustozi bilan ilmiy ishi bo‘yicha maslahatlashadi, xulosalarni oladi, tajribalar o‘tkazadi. Yaqinda u qiziq gap aytib qoldi: “Boshqa bir viloyatdan yosh qiz ham ilmiy ishini men bilan bir vaqtda boshlagandi. Keyin negadir ko‘rinmay qoldi. Yaqinda poytaxtga borganimda tasodifan uchratib qoldim. Ishlari bilan qiziqdim. U mening hamon ilmiy ish yoqlamaganimni eshitib, hayron qoldi. “Qiziq ekansiz, haliyam bosh og‘ritib yuribsizmi? Men ishimni oson bitkazdim. Shu ish boshida turgan uddaburon biroviga uch ming dollar berdim, shu haq evaziga darrov ilmiy ishni tayyorlab berdi, qarabsizki, bir yilda ishimni yoqladim”. Eng qizig‘i, u allaqachon doktorlik ishi ustida ishlayotgan ekan…”

Uzoq yillar tarixiy mavzuda tadqiqotlar olib borgan tanishim esa jiyanim afsus-la aytmish fikrlarni to‘ldirdi: “Hozir qaysi fan bo‘yicha bo‘lmasin fan nomzodi, ya’ni falsafa doktori ilmiy darajasini olish juda oson bo‘lib qoldi. Bir yilda yoqlab ketayotganlar ham bor. Buning uchun ilmiy ishlarni tasdiqlaydiganlar orasidan tanish topsa bo‘ldi… Hatto bir varaqqa sig‘maydigan ilmiy tadqiqot qilmagan odam ham “kuf-suf” deguncha falsafa doktori bo‘lib turibdi-da!”

Va yana hozirda pul evaziga nomzodlik va hatto doktorlik ilmiy ishini yozib beradiganlar borligi haqida ham gap-so‘zlar yuradi. 

Nima deymiz? Ilmiy salohiyati bor inson o‘zining bilimidan moddiy manfaatdorlik uchun foydalanganiga e’tiroz bildirish qiyin. Ammo birovning mehnati orqasidan “olim” bo‘lganlarni oqlab bo‘ladimi?

Urganch davlat universiteti professori Bahovuddin Sodiqov oliygohni tugatgach, aspiranturada qolib, besh yilda biologiya fanlari nomzodi ilmiy ishini yoqlagan edi. Mashhur olim, akademik Sobir Yunusovning shogirdi bo‘lgan yosh olim shu davrda tog‘u daralarni kezib, turli giyohlar tarkibida uchraydigan yangi ikkita alkaloid moddasini aniqlaydi. Keyinchalik qolgan umrini talabalarga saboq berishga bag‘ishlaydi. Bir vaqtning o‘zida akademik Sa’dulla Iskandarov bilan hammualliflikda ilk bora o‘zbek tilida talabalar uchun “Organik kimyo asoslari” darsligini ham yozadi.

Domladan “Nima uchun doktorlik ilmiy ishi ustida ishlamadingiz?” deb so‘raganimda shunday deb javob qildi: “Doktorlik ishim uchun kamida to‘rt-beshta yangi alkaloid kashf qilishim kerak bo‘lardi. Buning uchun kamida o‘n besh yil umrim sarflanardi. Olimlik mashaqqatli yumush…”

Marhum professor topgan alkaloidlar bugun ham farmatsevtikada dori-darmon tayyorlashda ishlatilmoqda…

O‘n yillar oldin eldoshim bo‘lgan bir ayol nomzodlik ishini ko‘rib, tahrir qilib berishimni iltimos qildi. Iqtisod fanlari nomzodligi uchun yoqlashga tayyorlangan ilmiy ish viloyatning besh yillik iqtisodiy ko‘rsatkichlari tahlilidan iborat ekan. Statistika boshqarmasida jild-jild bo‘lib yotgan raqamlarni o‘zaro taqqoslashdan nima naf chiqishini anglay olmadim. Olima fan nomzodi bo‘lganida tabriklashga uyaldim, rosti…

Yigirma yillar oldin deputat bo‘lgan rahbar xodim iltimosiga ko‘ra uning uchun “deputatlik so‘rovi”, “deputatlik hisobotlari”ni tayyorlashda ko‘maklashganim bor. Deputatning o‘zi bir varaq qog‘ozda kamida yigirmata imloviy xato bilan yozardi. So‘zni so‘zga tirkashdagi chalkashliklarini aytib o‘tirmay. Yaqinda o‘sha sobiq deputat qaysidir soha bo‘yicha falsafa doktori bo‘lgani haqidagi xabarga ko‘zim tushib, yoqamni ushladim.

Xususiy nashriyot egasi bo‘lgan ijodkor ukamiz zorlanib qoldi: “Olimlarning nomzodlik (falsafa doktori) ishlarini kitob holida chop qilishimga to‘g‘ri keladi. Birisi tarix bo‘yicha ilmiy ish ekan. Salkam yuz ellik betli monografiyada aytilmoqchi bo‘lgan fikrni olti-yetti varaqli maqolaga bemalol singdirish mumkin. Shuncha qog‘oz zoye, ketgan vaqtni ayting. Bundan kimga naf?”

Darvoqe, kimga naf? Avvalo, o‘ziga. Nomzod bo‘lgach dotsentlik martabasiga erishadi. Tabiiy ravishda oylik maoshi oshadi. Keyin doktorlikni ham shu zayl yoqlasa, yana maoshi ko‘tariladi. Professorlik o‘rni uchun kurashsa, yana oshig‘i olchi.

Bu son-sanoqsiz buyurtma ilmiy ishlardan jamiyatga foyda tegyaptimi? Tibbiyot sohasida falsafa doktori bo‘lganlar marhum professor Bahovuddin Sodiqov kabi bemorga nafi tegadigan dori-darmon tayyorlashda asqatadigan birorta tabiiy unsurni topib, tarkibini tahlil qilishganmi? Tarix bo‘yicha ilmiy ish yoqlayotganlar moziyning uzoq yoki yaqin davrida sodir bo‘lgan voqealarni hozirgi kun – istiqlol mafkurasi nuqtayi nazaridan tadqiq qilishyaptimi, “tariximizning kir va qora kunlari” haqidagi haqiqatlarni qay darajada ochib, xalqimizga yetkazishmoqda? Iqtisod bo‘yicha ilmiy ish qilayotganlar islohotlar jadallashuviga turtki bo‘ladigan qandaydir yangilik, iqtisodiy ustqurmalarni taklif qilishdimi?

To‘g‘ri, fanning ushbu sohalarida ozmi-ko‘pmi yangiliklar yaratayotgan fidoyi olimlarimiz bor. Ammo har yil “falon universitetda falon nafar fan nomzodi, fan doktori tayyorlandi” degan ko‘tarinki hisobotlarga tirkaladigan “olimlar” nimalar kashf qilishdi degan savolimiz havoda muallaq qoladi.

Yana bir gap. Tanishim ajablanish ohangida aytdi: “Hamma yoqni falsafa doktorlari bosib ketdi. Kuni kecha universitetni bitkazgan talaba ham bir yumalab falsafa doktori bo‘lyapti. Rosti, bugun olimlikning obro‘-mavqeyi pasayib ketgan”.

Qirq yillik tadqiqotlari natijasida avval fan nomzodi, so‘ng fan doktorligi yoqlagan, o‘ttizdan ortiq risola, monografiyalari chop qilingan, ilmiy merosi ikki yuz taboqdan oshadigan taniqli bir olim og‘riqli mavzumizga nuqta qo‘yadigan gapni aytdilar: “Hozir fan nomzodligi uchun tayyorlanayotgan ayrim “ilmiy ish”lar muqaddam talabalar yozadigan diplom ishlari darajasida va hatto undan pastroq ham”.

Haqiqiy olimning taassufida jon bor. Falsafa – ilmning negizlaridan hisoblanadi. U alohida fan. Abu Nasr Forobiy “dunyoning ikkinchi muallimi” o‘laroq buyuk faylasuflar qatorida tilga olinadi. So‘nggi bir asrda yurtimizdan dunyo tanigan falsafa fani fidoyilari, sanoqli faylasuflar chiqishgan.

Fanning qaysidir yo‘nalishida ilmiy ish qilish ishtiyoqida bo‘lgan bo‘lg‘usi olimlar hali ilmiy ish yozishga kirishishlari bilan bir qator kerak-keraksiz topshiriq, ko‘rsatmalar girdobida qolishadi. Ulardan qaysidir xorij jurnalida maqola chiqarish talab qilinadi. Biladigan insonlar “qo‘g‘irchoq” deb ataydigan o‘sha ilmiy jurnallarda (to‘g‘ri, ular orasida jahonning eng nufuzli universitetlarining nashrlari ham bor, ammo ularga hammaning bo‘yi yetmaydi) maqola chiqarishning o‘zi bo‘lmaydi. Har bir maqolani chop qildirish uchun falon dollar pul to‘lash kerak. O‘sha ilmiy jurnallarning adadi qancha, qaysi davlatlarga tarqaladi (tarqaladimi o‘zi?), nufuzi qanday? Buning ahamiyati yo‘q. Yana ilmiy ishini tayyorlagan yosh olim hali himoya arafasida uni bir necha nusxada nashr qildirishi kerak. Buyam katta mablag‘ talab qiladi. Qisqasi, ilmiy ish ustida ishlash, qandaydir yangilik yaratish, amaliyotga joriy qilishdan ko‘ra shunga o‘xshagan “majburiy nashrlar” aksar boshlovchilarning hafsalasini pir qiladi – yosh olimning cho‘ntagidan hamisha shamol uvillab turadi axir.

Universitetda tahsil olganimda “Matbuotda parafrazalarning ishlatilishi” mavzusida kurs ishi yozganman. Olti oy davomida bir qator vaqtli nashrlarni erinmasdan varaqlab, aynan mavzuga oid so‘zlarni izlab, topib, ularning qaysi o‘rinlarda qay ma’noda ishlatilganini tahlil qilganman. Qirq varaqli kurs ishim yuksak baho olgan va hatto bu mavzuni kengaytirib, nomzodlik ilmiy ishi qilishga taklif ham qilishgan. Oilaviy sharoit sabab aspiranturada qololmadim – jurnalist kasbini tanladim.

Hozirda talabalar kurs va diplom ishlarini “qanday yozayotganlari” haqida ham ko‘p eshitaman. Ijtimoiy tarmoqlarda barcha fanlar bo‘yicha shu mavzudagi kurs va diplom ishlari keragidan ortiq – tiqilib yotibdi. Talaba o‘zi tanlagan mavzuni yuklab oladi, sal-pal o‘zgartiradi (hafsalasi bo‘lsa) va qarabsizki, ishlar “besh”. Shu zayl kurs va diplom ishlarini “yoqlagan” talaba keyinchalik shu tariqa osongina olim bo‘lishiga ajablanishning hojati yo‘q.

Ulamolar ilm o‘rganishni igna bilan quduq qazishga tenglashadi. Endi ilmda yangilik yaratishni tasavvur qilavering!

Yana bir mulohazali fikr. Muqaddam “fan nomzodi” deb yuritiladigan ilmning ilk bosqichiga bugun “falon fan bo‘yicha falsafa doktori” degan qo‘shimcha qo‘shilishida qanday mantiq bor? Balki, bu yangilik boshqa davlatlar tajribasidan kelib chiqib iste’molga kirgandir, ammo… falsafa doktorlari yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorindek ko‘payib ketgan davrda har bir ilmiy ishning qiymati, darajasi, jamiyatga, davlatga va iqtisodimizga foydasi qanday?

Mustaqillik davrida ilmiy darajalar berishning markazlashgan tizimi tashkil qilindi. Bu esa sobiq sovet davrida amaliyotda bo‘lgan tizim – har bir yoqlangan ilmiy ishning Moskvadagi maxsus organ tomonidan tasdiqlanishidek amaliyotga chek qo‘ydi. O‘sha davrlarda himoya qilingan ish tasdiqlanishini yillab kutishga to‘g‘ri kelardi. Mustaqillik o‘laroq ilmning bu richagi o‘z qo‘limizga o‘tdi – OAK (Oliy attestatsiya komissiyasi) tuzildi. Bu yaxshi. Ammo yuqoridagi mulohalarimizdan kelib chiqqan holda so‘ramoqchi bo‘lganimiz – OAK har bir yoqlangan ilmiy ishni qay darajada nazoratdan o‘tkazmoqda? Hozirgacha ko‘chirilgan yoki birorta qiymati yo‘q ilmiy ish bekor qilinganmi? Qilinishi mumkinmi?

Ushbu mulohaza va savollar havoda muallaq qolib ketmas deb umid qilamiz.

Ro‘zimboy HASAN,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

“Jadid” gazetasining 2025-yil 18-apreldagi 16-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605