Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


02.06.2025 | 17:54

img1527

ADVOKATLIK OSONMI?

(Bir pardalik kulgi)
Turkiston turmushidan olinub yozilmishdur.

O‘YNOVCHILAR

Davronbek – musulmon advokat, 24 yoshinda.
Xudoyberdi – yer sotg‘on chol, qulog‘i kar, 55 yoshinda.
Xushvaqt – ot yo‘qotgan tojik, 30 yoshinda.
Haydarali – mol yo‘qotgan dudug‘, 24 yoshinda.
Rapoil – nasiyag‘a mol sotg‘on, 60 yoshinda.
Egamberdi – to‘y qilub qarzdor bo‘lg‘on arobakash, 35 yoshinda.
Mehriniso – eri bilan urushub, chiqmoqchi bo‘lg‘on xotun, 32 yoshinda.
Abdujabbor – xizmatchi, qiziq, 22 yoshinda.

Parda ochilur, mukammal yovrupocha bejalg‘on uy. Bir tarafda qozuqlarda osilg‘on kamzul, shim, shlafalar turar.

Ustol-ustullar mukammal suratda tuzalg‘on bo‘lur.

Davronbek. Man bu dunyodan xabarsiz musulmonlarning ahvolig‘a juda hayronman. Man bu yerdan o‘qumoqg‘a ketg‘onimg‘a yetti yil bo‘ldi. Man Yovrupoda o‘qub yurg‘onimda Turkistondan chiqg‘on g‘azitalarni(ng) ko‘rub yaxshigina xursand bo‘lur edim. Bizning xalqlarning ham ko‘zlari ochilub, dunyodan xabardor bo‘lg‘onlardur deb o‘ylar edim. Lekin kelub ko‘ramanki, yana eski hammom, eski tos, turgan yeridan zig‘ircha ham qimirlamag‘on, ilgari bosmag‘on, ilm va maorifdan asar yo‘q. El butun toshdek qotg‘on, taraqqiyot, madaniyatdan nishon ham yo‘q. Xalq taassub chuquriga qarab yuz tuban ketg‘on. Oh… Koshki men qaytub kelmog‘on bo‘lsam edi. Bu qayg‘ulik hollarni ko‘rmag‘on bo‘lar edim. (Eshik taqillar.) Abdujabbor, chiqib qara, kim keldi.

Abdujabbor (masxara qilub, kulub). Bir chol kelibdur, kirsunmi?

Davronbek. Chaqir, kirsun.  

Xudoyberdi eshikdan kirub advokat ila ko‘rishur, uzundan-uzoq duo qilur.

Davronbek. Bo‘ldi-bo‘ldi, otajon, ko‘b cho‘zmang. (Joy ko‘rsatur.) Qani, otajon, nima xizmat?

Xudoyberdi. Ey… Bolam qo‘y. Mani qilgan ishimni asti so‘rama. (Cho‘ntagini kovlab, vasiqasin chiqarub, o‘qumoqg‘a boshlar.) “Zikri hududi yaki qit’az Mir darmurg‘ dam oriq dumaxona daftarinda 182 raqamda sharqan tamoman payvasta bamulki Dodajonboy 479 gaz arshin va g‘arban tamoman payvasta bamulki Abdulkarim oqsoqol 596 gaz arshin, januban tamoman payvasta bamulki varasai Abdumavlonboy 484 gaz arshin, shimolan tamoman payvasta ba haqira hai oima 487 gaz arshin chahor tarafash ma’lum shud”.

Davronbek. Juda yaxshi ma’lum shud, otajon. Manga bu vasiqani(ng) nimaga o‘qub bervotsiz? Man bu o‘qug‘onlaringizdan bir narsa ham anglamadim. Maqsadingiz nima? Maqsadg‘a keling. Faqat “Ma’lum shud” degan so‘zdan boshqasiga tushunganim yo‘q.

Xudoyberdi. Shoshma bolam, hamma maqsad shulda – vasiqaning ichida. Man o‘qub tamom qilay, san yaxshilab quloq solub tur. “Chahor tarafash ma’lum shud…”

Davronbek. Otajon! Manga bu vasiqani(ng) o‘qub berganingizdan hech bir foyda yo‘q. Man bu sizning “ma’lum shud – pa’lum shud”laringizg‘a tushunmayman. Maqsadg‘a keling! Bu yerg‘a kelmog‘ingizdan maqsadingiz nima?

Xudoyberdi. Bolam, man sho‘ri qaynog‘onman. Shul sanga o‘qub berg‘on vasiqadagi otamdan qolg‘on iki tanob joyimning bir tanobin to‘rt yuz so‘mg‘a bir boyga sotg‘on edim. Olti oyda “kupchuk” qilib beraman, deb notarusda “oldim-sotdim” xat qilub, iki yuz so‘m big‘ puli olub, agarda vaqtida “kupchuk” qilub berolmasam, to‘rt yuz so‘m qilub qaytaraman, deb o‘zim xat bilmaganim uchun notarusni(ng) mirzosiga qo‘l qo‘ydirub ketgan edim. Ey… bolam, jon… bolam! Man qurg‘ur “tana-man”, deb beparvolik qilub, olti oy muhlat o‘tub ketub, endi boyning oldiga borsam, manga dag‘dag‘alar qilur. Notarusga kelsam, tezlik ila olg‘on iki yuz so‘mni(ng) to‘rt yuz so‘m qilub olib kelub bermasang, yering xatlanib, so‘tda sotiladur, deydur. Yaqin sudya-pristo‘f borub yeringni xatlab keladur, deydur. Jon bolam, oppog‘ bolam, san shunga bir iloj qilmasang, boshim g‘ovlab, juda dovdirab qoldim.

Davronbek. Man musulmonlarni ishiga juda hayronman. Ish bilmaganlikdan, dunyodan xabarsizlikdan ishni pachava qilub qo‘yadur-da, eshikma-eshik sudralub yuradur. Xo‘sh, endi nima qilmoqchi bo‘lasiz? Mani oldimg‘a nima uchun keldingiz!

Xudoyberdi. Jon bolam, oppoq bolam, tuprog‘ olsang, oltun bo‘sun, mendan qaytmasa, bola-chaqalaringdan qaytsun. Shuni bir ilojini qilg‘il.

Davronbek. Otajon, buni iloji faqat iki yuz so‘m olg‘on oqchangizni to‘rt yuz so‘m qilib qaytarasiz. Bo‘lmasa yeringiz so‘tda sotiladur. Mundan boshqa iloji yo‘q.

Xudoyberdi. Yo‘q, bolam, buni ilojini san qilasan. (Cho‘ntagini kovlar.) pulim ham uyda qolibdur. Jon bolam, bir so‘lkavoy beraman. San manga bir yaxshilab ariza yozub berasan. Shul arizada aytasanki, Xudoyberdi Topildiboy o‘g‘liga sudya-pristo‘f yana olti oy suruk bersun. Ana undan keyin man bu olti oy ichinda “kupchuk” kirfichini bitqazub beraman.

Davronbek. Otajon, meni hozir boradurg‘on joyim bor. Peshindan keyin soat 3 da keling.

Xudoyberdi. Jon bolam, oppog‘ bolam, hozir yozib bera qolsang bo‘lmasmi? Naki mo‘ysafid holimcha ovora qilub yurmasang? Jonim bolam, tuprog‘ olsang, oltun bo‘lsun, hozir yozib bera qol.

Davronbek. Otajon, men sizg‘a aytvotman-ku, hozir vaqtim yo‘q. Bir joyga boradurg‘on zarur ishim bor. Soat 3 da keling.

Xudoyberdi (o‘rnidan turib, achchig‘ ila). Hmmm… bolam, advokatlik osonmi? (Ketar.)

Abdujabbor(orqasidan kulub). – Hmmm… ota! O‘risga yer sotub, xat qilub bermoq osonmi? (Davrong‘a qarab) Qalay, xo‘jayin, karquloq cholni(ng) xo‘b kuzatub yubordimmi? Cho‘nchagini kavlavotuvdi, bir narsa berdimi?

Davronbek. Bor ishing‘a, ko‘p gapurma. (O‘rnidan turib yurub) Man munda kelub ish boshlag‘onimg‘a 7 – 8 oy bo‘ldi. Kelgan kishilarning hammasi mana shunga o‘xshagan kishilar. Bular bilan so‘ylashmoqg‘a bir qop jon kerak. Ish bilmag‘on va so‘zumg‘a tushunmag‘on odamga jigaringni xun qilub, bir soat-iki soat vaqtingni bekor o‘tkarmoqdan boshqa bularning ahvoliga kuyub, sil bo‘lishdan boshqa natija chiqmaydur. Bularning nazarida advokat bir ariza yozuvchi kishi. Har kunu munaqangi odamlardan 20 – 25 kelub, yo‘q yerga miyangni achitub, qoningni buzub, jigaringni ezub, chiqub ketadur. Bul ham kamlik qilub, bir soat umr yoshin fotiha bilan o‘tkaradur.

Eshikning qo‘ng‘irog‘i jing‘irlar.

Abdujabbor, chiqub qara, tag‘in qaysi bir dardi bedavo keldi.

Abdujabbor (kelub). Xo‘jayin, bir sallasi katta, juda bir qiziq (kular), juda bir g‘alati tojik keldi.

Davronbek. Chaqir, kirsun.

Xushvaqt (kirar). Assalomu alaykum, xo‘jayin, akunki sanga abdivakat bo‘lg‘onsan, biz saning oldingga kelg‘onmuz. Akunki, xo‘jayin, maniki ot yo‘qotg‘on. San bilganki, tavoqdek yag‘iri(ng) bor. Yag‘iringni ustingga, zang‘ar, yog‘ingdan surg‘onsan. Buk-u… kun uch kun bo‘ldi, qaysi go‘rga ketg‘oningni bilmaymuz. Qidirasan, qidirasan – topilmaysan. Agar topib berasan, besh tanga suyunchi berasan.

Abdujabbor. Suyunchini kim beradi? San berasanmi, xo‘jayin beradimi?

Davronbek (kulur). Otni kim yo‘qotg‘on, kim qidirg‘on? Suyunchini kim beradi?

Xushvaqt (achchig‘ ila). Akunki, abdivakat bo‘lg‘onsan, gapga tushunmaysan. Otingni man yo‘qotg‘onsan, man qidirg‘onsan, san suyunchi berasan.

Abdujabbor (Jabborning yoqasidan tutub, har ikisi bo‘g‘ishur). Akunki, sanki, abdivakat yo‘qsanki, yurmaysan. San bilan ishing yo‘qsan, akunki san masxarabozi qilasan, kulasan.

Davronbek (o‘rnidan turub ikisin ajratub qo‘yar). Qani, sho pochcha, gapur! Munda nima uchun kelding? O‘turub gapur!

Xushvaqt. Akunki xo‘jayin, man kecha folbinga, ayuzoyimkashg‘a borg‘onsanki, kaftingga bir so‘lkavoy qaytarg‘onman. Kitobingni varaqlab-varaqlab aytg‘onsanki, oting arusni qo‘liga balnitsaga tushg‘on. San bukun balnitsaga borg‘onmuz. San arusni tilingg‘a bilmag‘onsan. Balnitsaxonada arus ayg‘onsanki, arus tilini biladurg‘on odam olib gaplasan yoki ariza yozub olub gaplasan, degansan.

Abdujabbor. Hali qarab turing, otni keyindan ikingiz ham kasalxonaga borasiz.

Davronbek. Juda yaxshi bo‘lubdur. Oting balnitsaga tushgan bo‘lsa. Borub unda do‘xtirlikni o‘rganvotkandur.

Xushvaqt. Akunki xo‘jayin, oting do‘xtar yo‘qsan oyg‘ur (ayg‘ir).

Davronbek. Yaxshi, do‘xturxonadan borub, otingni xabarini oldingmi? Oting bor ekanmi?

Xushvaqt (achchig‘lanub). Do‘xturxonaga man borasan san bormaymuz, kasal bo‘lg‘oning yo‘qsan.

Abdujabbor (kulub). Do‘xturxonaga ikalangiz birga borasiz. Ikovingizni ham boqizmoq kerak.

Xushvaqt. San haramzodag‘a gapurmaymiz. San nimaga bizning so‘zingg‘a aralash bo‘lasan. (Jabborga qarab yugurar.)

Abdujabbor qochar.

Davronbek (Xushvaqtni qo‘ludan ushlab kelub, o‘tqazub). Qani, sho pochcho, uni qo‘yaber, gapurgin-chi, munda nimag‘a kelding? Nima qilmoqchisan? Maqsading nima?

Xushvaqt. Akunki xo‘jayin, munda gaplaganga maqsading shul bo‘lg‘onsan. Man arus tilingni bilmaymiz. Bir so‘lkavoy xizmat haqingni beramuz. Mani ila birga balnitsag‘a boradirg‘on bo‘ldingiz. Tezroq-tezroq bormasalaringiz kasalingiz zo‘rayub ketadur.

Davronbek. Sho pochcho, biz tilmochlikni tashlab yuborg‘onmiz. Tezroq bor. Bir odam topub balnitsaga borgin, otingni tezroq ajratub olg‘il.

Xushvaqt. Akunki xo‘jayin, o‘zing bormaysan, xizmatkoringni buyurasan, birga borub otingni arusni(ng) qo‘lidan olub bermasang bo‘lmaysan.

Abdujabbor (kulur). Sho pochcho, balnitsaga man bormayman, o‘zing bora ber, man kasal bo‘lganim yo‘q.

Davronbek (achchig‘lanub). Sho pochcho, meni zarur ishim bor. Bir joyga boraman. San ham tezroq borub, otingni ajratub ol. Ko‘p gapurub munda maynabozlik qilub o‘lturma.

Xushvaqt. Akunki xo‘jayin, sanki abduvakot bo‘lg‘onsan, man sani arus tilingni bilmaymuz, bo‘lmasa bir yaxshi ariza yozub berasan. Arusingg‘a olub borub beramuz. Otingni balnitsaxonadan ajratub olamuz. (Yonidan belbog‘idan hamyonini olub bir so‘m chiqorub bermoqchi bo‘lar.)

Davronbek. Sho pochcho, puling yoningda tursun. Hozir-da meni bir yerda zarur ishim bor. Soat uchda kelg‘il. Juda yaxshilab ariza yozub beraman. Borub otingni ajratub olasan.

Xushvaqt (achchig‘lanub). Gapurasan, gapurasan ish qilmaysan. Juda dangasa bo‘lg‘onsan. Hozir yozub bermaysan. Odamni ovora qilasan (o‘rnidan turub). Hmm… Abduvakot bo‘lg‘oning osonmi? Soat uchda kelamuz, yozub berasan, aldamaysan! (Chiqub ketar.)

Abdujabbor (yaqin kelub). Xo‘jayin, hamyonini kovlavotgan edi, pul-mul berdimi? Bizga iki oydan beri moyana tegmay yotibti. Kecha ukam kelgan edi. Otam tayinlab yuborg‘on ekan, uyimizda go‘sht, yog‘ guruch, sovzi, piyoz, o‘tun-ko‘mur, tuz, chirog‘ butun odosh bo‘lg‘on emish. Shunga pul kerak edi, pul. Xo‘jayin, bir nimarsa qilub, bir ilojini qilmasangiz, ulay-bulay qilub, u yog‘-bu yog‘ingizni kovlab, amal-taqal qilub bir oz oqchani(ng) tadorikini qilub, loaqal iki oylikni berolmasangiz ham biror oylikni marhamat qilmasangiz, bo‘boydan baloga qolamiz.  

Davronbek. Bir oz sabr qil, sanga nima bo‘lsa-da, oqcha topub berurman. Shoyad biror-bir durustroq ish kelub qolsa. Juda bo‘lmasa ishkof-fishkoflardan birortasini sotub seni haqqingni berurman. Bor, xabar ol, choy tayyor bo‘lg‘on bo‘lsa olib kel. (Abdujabbor ketar.)

Oh, koshki men advokat bo‘lg‘uncha do‘qturlik ilmin tamom qilub, xalq uchun ham foydalik bo‘lur edi. Men jigarimni xun qilub o‘qub yotg‘on vaqtimda ba’zi yor-do‘stlarim menga aytgan edilar: “Sen advokatlikdan ko‘ra do‘qturliqg‘a o‘qug‘il”. Man o‘ylag‘on edim, huquqdan mahrum, ahvoli olamdan xabarsiz musulmonlarning oz-moz bo‘lsa-da, qo‘limdan kelg‘oncha huquqlarin himoya qilsam. Xalqg‘a manfaat yetkursam, degan edim. Meni ul umidlarim bo‘shg‘a chiqdi. Mana ko‘rasiz, xalq mandan, man xalqdan bezor bo‘ldim. Endi ochuq manga ma’lum bo‘ldiki, umuman xalq orasinda ilm va ma’rifat tomir yoyub, madaniyat taraqqiy qilmag‘uncha manga o‘xshash bir-iki odam xalq orasida ishlab, xalqni ko‘zin ochamiz, huquqin mudofaa qilamiz, demak, yerdan turub yulduzlarg‘a qo‘l uzatmoqg‘a o‘xshash xayoliy bir nimarsa ekanlig‘i emdi ochiq va aniq ma’lum bo‘ldi. Mana ko‘rasiz, yonimg‘a kelgon kishilarning hammasi bir-biridan battar sahroyi va baqiroq, quruq fotihadan boshqa bir narsa yo‘q. Yetti-sakkiz oy ichinda bor-yo‘qni yeb bitirdim, emdi novbat uy asboblarig‘a yetdi. Yaxshisi shulki, esing borida etagingni yop degandek, taxta-o‘qlog‘ini yig‘ishtirib biror kanturg‘a kirub xizmat qilmasam, bu yo‘lda borganda sil bo‘lmoqdan boshqa natija chiqmaydurg‘ong‘a o‘xshaydur. (Abdujabbor choy keltirar.)

Abdujabbor. Xo‘jayin, hech kim kelgani yo‘qmi?

(Eshik qo‘ng‘irog‘i jing‘irlar.)

Davronbek. Jabborqul, chiqub qara, qaysi olihimmat keldiykin?

Abdujabbor (kirub, zo‘r berub kulur). Olaverasiz, xo‘jayin, bir g‘archcha yog‘, bir juda soqoli uzun juhut kelubti, kirsunmi?

Davronbek. Chaqir, kirsun.

Rapoil eshikdan kirar. Salom berar. Davronbek alik olar, yer

ko‘rsatur. O‘ltirar. Yonidan veksil olub,

ustol ustiga qo‘yar.

Rapoil. Garamjon, man bir odamg‘a bir yil va’dag‘a yuz so‘mga nasiyaga mol sotib edim. Garamjon, akun juda muttaham odam ekan. Hozirda iki yil yaqin bo‘ldiki, mani pulimni bermaydur. Garamjon, veksilim oq veksil edi, notarusg‘a borsam ariza bilan qo‘shub berg‘il deydur. Garamjon, bir so‘m pul berayin, yaxshilab bir ariza yozub bersangiz, shu muttahamdan pulimni undirub olsam.

Davronbek. Qarzdor odam qarzidan oz-moz to‘laganmi yoki butun hammasini talab qilasizmi?

Rapoil. Garamjon, bir-iki karra besh-o‘n so‘mdan bergan. Qirq so‘m to‘lagan, oltmish so‘m qolgan.

Davronbek. Siz bir odamg‘a agarda molni nasiyag‘a sotadurg‘on bo‘lsangiz, oltmish so‘mlik molni yuz so‘mg‘a bersangiz yaxshi. Endi nima qilmoqchi bo‘lasiz? Shu veksil yuzasidan yuz so‘m talab qilasizmi yoki qolgan oltmish so‘mni so‘raysizmi?

Rapoil. Garamjon, juda muttaham odam ekan, mani ovora qildi. Albatta shu veksildagi yuz so‘mni(ng) beraberadur.

Davronbek. Man bunday ishg‘a ariza yozmayman. Siz boshqa bir odamg‘a borub yozdiringiz. Olasining oltmish so‘mi qolg‘on bir kambag‘al bechorani kuydurub yuz so‘m olmoqchi bo‘lasizmi?

Rapoil. Garamjon, siz ba’zi boylarning qiladig‘on ishindan xabaringiz yo‘q ekan. Bir boshpo‘tg‘a iki qat hujjat qilub oladurlar. Masalan, bir veksil olub, yana bir tilxat qildirub oladurlar. Agar vaqtida to‘lay olmasa ham veksilg‘a, ham hujjatg‘a oqcha oladurlar. Bir odam bir yuz so‘m qarzdor bo‘lsa iki yuz so‘m to‘laydur. Yana ellik so‘m xarajot to‘lasa, iki yuz ellik so‘m to‘laydur. Man Garamjon, unaqa qilvotg‘onim yo‘q-ku? Nihoyati oltmish so‘mni yuz so‘m qilub olaman. Yozabering, xizmat haqingizni yaxshi beraman, garamjon.

Davronbek. Yo‘q, man munday xiyonat aralashadurg‘on ishlarg‘a ochdan o‘lsam ham aralashmayman. Siz borub bir boshqa odamga yozdiring. Agarda xohlasangiz man faqat oltmish so‘mning o‘zigagina yozaman.

Rapoil. Xayr…xayr… Garamjon. Siz xafa bo‘lmang. (Cho‘ntagini kovlar, pul olib bermoqchi bo‘lur.) Mana, Garamjon, yak so‘m, arizani juda yaxshilab yozingiz.

Davronbek. Hozirda meni zarur yumush bilan boradurg‘on yerim bor, soat uchda keling.

Rapoil. Garamjon, mani ovora qilmang, soat uchda mani ham ishim bor. Do‘konim ochiq qoladi. Hozir yozib berasiz, mo‘ysafid holim bilan mani ovora qilmang.

Davronbek. Aka dom-ullo, so‘z degan bitta bo‘ladi. Hozir mani ariza yozmoqg‘a vaqtim yo‘q, sudg‘a boradurg‘on ishim bor.

Rapoil (o‘rnidan turub). Garamjon xafa bo‘lmang, bo‘lmasa soat uchda kelaman. Tog‘in va’dangizg‘a xilof qilmang. Albatta soat uchg‘a kelaman. Siz ham borg‘on yeringizdan soat uchdan kech qolmay keling.

Davronbek. So‘zni ko‘p cho‘zmang, gap degan bitta bo‘ladi.

Rapoil. Garamjon, hmm… advokatlik osonmi? Man sizga bekorga ariza yozub bering devotmanmi? (Chiqub ketar.)

Abdujabbor orqasidan masxara qilub, kulub qolar.

Davronbek. Birni ko‘rub fikr qil, birni ko‘rub shukr qil demishlar. To‘g‘ri so‘zdur. Man musulmonlarning hol ahvollarin ko‘rub xafa bo‘lsam, juhudlarning orasida ham shunaqa ezma kishilar bor ekan. Albatta dunyodan xabarsiz, ilm-u maorifdan xabarsiz qavmlarning hol-ahvollari shunday bo‘ladur. Faqat bularning ishlari bir-birlarin aldamoq va bir-birlarin tuzoq qo‘yub tutub oshamoqdur. Bularning orasiga ilm va madaniyat nurlari yoyilub, inson qatorig‘a kirmaguncha o‘zlari eshikma-eshik ovora bo‘lganlari bir sari, manga o‘xshag‘on o‘z elimg‘a, xalqimg‘a foyda yetkurarmukinman, degan kishilarning miyasini qoqub, qo‘lig‘a berub, oz fursatda jinni qilishlari tabiiydur. (Eshik qo‘ng‘irog‘i jing‘irlar.) Abdujabbor, chiqub qara, tag‘in qanaqa dardisar kelgan ekan.

Abdujabbor(chiqub kirar, suyungan holda). Xo‘jayin, damingizni chiqarmang, bir juda yasang‘on xotun, bir juda katta boyni xotunig‘a o‘xshaydi.

Davronbek. Bor, ko‘p sergap bo‘lma, chaqir, kirsun.

Mehriniso (eshikdan kirar, so‘rashur. Advokat joy ko‘rsatur, o‘ltirar). Jonginam, opaginang aylansun, sani daragingni eshitub olding‘a keldim. Bizani mahallani yaqinidagi Rustambekni o‘g‘li ekansan. Opaginang aylansun, man boshimdan o‘tgan sarguzashtlarimni sanga birin-birin so‘ylab berayin, san yaxshigina quloq solub, tinglab, xatga yozub turgin. Opaginang aylansun, qo‘lingg‘a qalam-qog‘ozingni ol.

Davronbek. Xolajon, avval gapuradurg‘on gapingizni cho‘zmasdan qisqagina qilub gapirung. Qog‘oz, qalamga navbat keyin keladur.

Mehriniso. Opaginang aylansun, dunyoda mani hasratimga quloq soladurg‘on odam ham bor ekan. Dod-faryodimga yetadurg‘on kishini endi topdim. O‘n besh yildan beri man baxti qaro sho‘rlik… degan bir qimorbozni qo‘liga tushub, o‘tga yoqilub, toshg‘a chaqildim. Kuyub-o‘rtanub cho‘b-ustuxon bo‘lub ketdim. Rahmatlik ota-onam bor vaqtida bu yigit o‘lgur erim manga muncha zulm qilolmas edi. Ular (o‘l)gandan keyin ayniqsa bu sho‘rlik boshim to‘qmoq ostida qoldi. Har kun ichg‘on oshim zahar-zaqqum, ko‘rg‘on kunimni it ham ko‘rmasun. Mani muttaham erim qurgur bir kun qimorg‘a yutqizub kelub, alamini mendan olsa, bir kun mast bo‘lub kelub, man sho‘rlikni boshiga qiyomat kunini soladi. Ichg‘on oshim – zahar-zaqqum, ko‘rgan kunim – jahannam!

Davronbek. Xolajon, bu yerga kelishdan maqsadingiz nima – shundan gapuring, gapni ko‘b cho‘zmang.

Mehriniso. Opaginang aylansun, jonginamni qoqay. Mani hasratlarim juda ko‘p. Bir boshidan sanga tushuntirmasam, maqsadimga yetmayman, alamimdan chiqmayman. “Etni tutog‘i bit” degandek, mani qimorboz okam qo‘yarda-qo‘ymasdan, ota-onalarim mung‘a bermaymiz, desalar ham yolg‘on-yashiqlarni gapurub, maqtab, shu zolimni qo‘lig‘a mani asir qilub qo‘ydi. O‘n besh yildan beri it azobin tortaman, dard-u hasratlarimni aytayin, desam hech bir jonkuyarim yo‘q. Bir necha martaba qozig‘a borub arz qilg‘on edim, yigitgina o‘lgur erim ma’ruzmi, rivoyatmi, allanima balolar qilub, yana uyiga haydab olub keldi. Manga yo‘l-yo‘ruq ko‘rsatadurg‘on bir jonkuyar bo‘lmadiki, u zolimning qo‘lidan man mushtiparni ozod qilsa!

Davronbek. Xolajon, endi nima qilmoqchi bo‘lasiz, eringizdan chiqmoqchisiz?

Mehriniso. Opaginang aylansun, ilojini topsam ul zolimni uyida bir nafas ham turmayman.

Davronbek. Eringizni sizg‘a jabr-zulm qilishig‘a mahallangizni domla-imom, ellikboshilari sizni(ng) tarafingizdan guvohlik beradilarmi?

Mehriniso. Opaginang aylansun, ijoraxo‘r imom ila poraxo‘r ellikboshi qachon man mushtiparni tarafi bo‘ladi deysan. Qozixonaga borganda hammahallalari muttaham erimni tarafi bo‘lib ketdilar.

Davronbek. Bo‘lmasa endi eringiz urgan vaqtida qo‘ni-qo‘shnilaringizdan iki kishini guvoh qilib manga keling, man ilojini qilaman.

Mehriniso (boshini ochub, yarasini ko‘rsatur). Opaginang aylansun. Mana o‘tgan kuni urgan. Yarasi hali ham tuzalgani yo‘q.

Davronbek. Mana, man sizg‘a katta ko‘chadagi do‘xturxonag‘a qog‘oz yozub beraman. Olub borsangiz, qo‘lingizg‘a guvohnoma qilub beradur. Soat uchda shu guvohnomani olub keling, man sizg‘a tegishlik joyga ariza yozub beraman. Tez fursatda zolim eringizdan qutulursiz.

Mehriniso. Opaginang aylansun (o‘rnidan turub), advokatlik oson ish emas, manga o‘xshag‘on g‘arib-benavolarni(ng) dodiga yetmoq kerak (chiqub ketar).

Abdujabbor (orqasidan). Qimorboz erga tegub, kaltakini yeb, boshlarni yorub yurmoq ham oson emas.

Davronbek (o‘rnidan turub jiddiyat ila). Oh, zolim madaniyat, bizim turkistonliklarning orasig‘a qachon kelub tomir yoyasan?! Qachon bizam bu jaholat zindonidan xalos qilasan?! Bizda uy tarbiyasi boshlanub, xotun-qizlarimiz ilm-u maorif ila nurlanmag‘uncha, bizning oramizda shunday ko‘ngilsiz hollar davom etsa kerak. Mana bu xotun bechorani erga berg‘on vaqtlarida o‘z xohishi bilan, o‘zining rizolig‘i bilan, o‘zi ko‘rub xohlag‘on eriga bermasdan hayvon kabi kuchlab, qo‘lidan tutub bir zolimning qo‘lig‘a berganlar. Bu mushtipar ma’sumaning butun umri azob-mehnatda, qayg‘u va kulfatda o‘tub dunyog‘a kelg‘oniga-da ming marotabadan pushmon yeb, g‘am zindonida yashag‘on. Mana bizning oramizdan munday ko‘ngilsiz hollarni(ng) yo‘q qilmoq uchun butun kuch-quvvatimizni(ng) xotun-qizlarimizni(ng) o‘qutmoq, maorif va madaniyat ila oshno qilmoq yo‘linda sarf qilmog‘imiz lozimdur. Shundagina bizlar ham boshqa qavmlar orasinda o‘rtoqchasig‘a yashamog‘imiz mumkindur. (Eshik qo‘ng‘irog‘i jing‘irlar.) Abdujabbor, chiqub qara, yana kim keldi.

Abdujabbor (zo‘r berib kulur). Xo‘jayin, bo‘lib qoldingiz, g‘archcha moy, beliga qamchin qisturg‘on bir aravakash, kirsunmi?

Davronbek. Chaqir, kirsun.

Egamberdi (kirub, advokat bilan ko‘rishub o‘ltirur). Mullo aka, man bechora juda og‘ir kung‘a qoldim. Barakallachilarning so‘zig‘a kirub, o‘z holimg‘a qaramasdan katta to‘y qilub, qarzdor bo‘lub, bir parcha hovlim qarzimg‘a xatlanub, yaqinda sotiladurg‘on bo‘lib qoldi. Xotunim, to‘rt adad yosh go‘dak bolalarim ila ko‘chada qoladig‘on bo‘ldim.

Davronbek. “Ena – o‘ltirishingg‘a qarab chena” degandek, kambag‘al odam nima uchun o‘z holingizg‘a qarab to‘y qilmadingiz, nima uchun ko‘rpangizga qarab oyoq uzatmadingiz?

Egamberdi. Mulla aka, aslo qo‘yavering, “jin charchaganni urar, dev tegirmonchini”, – degandek man sho‘rlikni jin urmasa ko‘chadagi “barakallachi”larning so‘zig‘a kirarmidim. To‘y qiladig‘on vaqtimda qarindosh-urug‘im, yor-do‘stim juda ko‘payub ketdi. Har biri manga to‘yni katta qilmoq uchun nasihatlar qila boshladilar. Ularning so‘zlariga uchub, mani qarasangiz hotamtoy bo‘lib ketdim. O‘zimcha bir qozonchada osh qilub kesdirmoqchi edim. Betahorat benamozni bo‘ynig‘a qo‘ygandek, iki kun osh berishni gardanimg‘a qo‘ydilar. Undan qarasangiz, xotun “aka” janjal qilub, bir kun “xotun oshi”ni bo‘ynig‘a qo‘ydi. Shunaqangi qilub Aminjon boyni nevaralari uch kun osh berdilar-da, kafangado bo‘ldilar.

Davronbek. O‘zingiz tuppa-tuzukkina tushunadirg‘on odam ekansiz, nima qilub ularning so‘ziga aldandingiz? To‘yni o‘z o‘ylaganingizcha qila qolmadingiz?

Egamberdi. Ey, mulla aka, man-ku man. Ularning gapurg‘on gapiga siz bo‘lsangiz ham aldanar edingiz. Qo‘ynimni puch yong‘oqqa shunday to‘lg‘azdilarki, bor-yo‘g‘imdan ayrilgandan keyin ko‘zim moshdek ochildi.

Davronbek. Bobolarimizning “o‘tgan ishga o‘kinma”, “keyingi pushmon joningga dushman” degon hikmatli so‘zlari bor. Endi nima bo‘lsa, bo‘lib o‘tmishdur. Asosiy maqsadg‘a keling. Munda kelmoqdan maqsadingiz nima? Hovlingiz xatlangan ekan, endi nima qilmoqchi bo‘lasiz?

Egamberdi. Mulla aka, nima qilmoqchi bo‘lar edim. Man bir aravakash odam munaqangi ishlarga aqlim yetadi deysizmi? Miyasini yegan ahmoq bo‘lmasam, “barakallachi”larning so‘zig‘a kirub shu holga tusharmidim. Endi bu xususda maslahatni o‘zingiz berasiz. Shul to‘y to‘g‘risida mahallamizdagi Orifjon boydan veksil berib, pul qarz olg‘on edim. Vaqtida to‘lolmadim. Besh-olti kun bo‘ldi, hovlimni, uy asboblarimni, xotunimni mollarigacha sudya-pristo‘v olub kelub xatlab ketdi. Sho‘rlik boshim, nima qilishimni bilmay, sizning qoshingizg‘a keldim. Endi sizdan yordam bo‘lmasa, mani hech bir jonkuyar, yo‘l ko‘rsataturg‘on kishim yo‘q.

Davronbek. Hovlingiz o‘zi necha sarjin?

Egamberdi. Hovlim qirq sarjincha bor.

Davronbek. Yigirma sarjinni xotuningizni mahri deb ko‘rsatmoq mumkin. Onangiz bormi?

Egamberdi. Yetmush yashar bir mushtipar onam ham bor.

Davronbek. Qolgan yigirma sarjinini onangizning mahri deb ko‘rsatiladur. Boshqa xatlang‘on mollaringizning ham xotuningizning moli deb ko‘rsatmoq mumkin. Boy sizdan hech narsa ololmaydur.

Egamberdi. Jon mulla aka, bu ishlarni(ng) nima bo‘lsa ham o‘zingiz to‘g‘rilaysiz, munaqa narsalarga mening aqlim yetmaydi.

Davronbek. Siz bo‘lmasa soat uchda keling, yaxshilab man sizga ariza yozib beraman. Shul ariza bilan hovlingiz sotilishdan to‘xtaladur.

Egamberdi. Xudo xayr bersun, mandan qaytmasa bola-chaqalaringizdan qaytsun. Manga o‘xshagan yo‘lda qolg‘on odamlarga sizdek o‘qig‘on-bilg‘on kishilar dastgirlik qilmasa, kim qiladur. Advokatlikam oson ish emas. Manga o‘xshag‘on g‘arib-benavolarg‘a rahnamolik qilmog‘ingiz kerak. (O‘rnidan turub.) Bo‘lmasa soat uchda kelaymi? (Keta turib.) albatta soat uchda kelaman. Jon mulla aka, arizani juda yaxshilab yozib berasiz (chiqub ketar).

Davronbek. (Abdujabborni chaqirub). Bir istakon choy olub kel, choyim ham sovub qoldi.

Abdujabbor (Istakonda choy olub kelub qo‘yar). Xo‘jayin, hech narsa chiqdimi? Bu keladig‘on sirrival-qayrog‘lardan loaqal bizning moyanag‘a yetadurg‘on pul-mul kelsa edi, yaxshi bo‘lar edi.

Davronbek. Ko‘p sergap bo‘lma, gap degan bitta bo‘ladi. Har narsa qilsam ham, oqcha topub beraman. Bor, o‘z ishing‘a bor.

Abdujabbor chiqub ketar.

Mana, ko‘rasanki, bu dunyodan xabarsiz, ilm-u maorifdan mahrum, madaniyatdan uzoq yashagan bizning xalqimiz hali qanday qizg‘onch, qanday qo‘rqinch, qanday tahlikali ekanlig‘i oftobdan ham ravshan ko‘rinub turadur. Bir kambag‘al arobakash nodonlik soyasida bid’at to‘y uchun butun bor-yo‘g‘idan ayrilub kafangado bo‘lgan. Bir necha yildan beri topgan, bolalarni o‘qutmak uchun kerak bo‘ladurg‘on oqchasidan ayrilmoq ila barobar bir parcha hovlisi ila mol va ro‘zg‘oridan ham butun mahrum bo‘lub, jaholat va nodonlik yo‘lida butun oilasi ila qurbon bo‘lg‘on. Munday bid’at va isroflarning yo‘q bo‘lmog‘i xalqimizning maorif va madaniyat ila taraqqiy qilmog‘iga bog‘liqdur. Agarda biz hozirgi ilm va urfon taraqqiy qilub, butun dunyog‘a nur sochib turg‘on bir zamonda eng muhim vaqtlarimizni ana shunday bid’at, quruq o‘yin-kulgi, tortish va talashlar birla o‘tkarsak, dunyo yuzindan inqiroz olamig‘a qarab ketmog‘imizga shak va shubha yo‘qdur. Munday bid’at va isroflarni(ng) oromizdan yo‘qotmak uchun yoshlarimiz butun kuch va quvvatlarini(ng) ilm va maorif yo‘liga sarf qilmoq ila barobar tish va tirnoqlari ila butun quvvatlarini(ng) bu bid’at ishlarini(ng) yo‘q qi(l)moq yo‘lida tirishmoqlari lozimdur. (Eshik qo‘ng‘irog‘i jing‘irlar.) Abdujabbor, chiqub boq, tag‘in qaysi bir bosh og‘rig‘i keldi.

Abdujabbor (kelub, zo‘r berub kular). Xo‘jayin, xo‘jayin men… juda bir qiziq… juda bir g‘alati… hali kelsa ko‘rarsiz, kula-kula o‘larsiz.

Davronbek. Ko‘p sergap bo‘lma, bor chaqir, kirsun.

Haydarali (kirar). Aaaassalom alaykum!

Davronbek. Vaalaykum assalom, xush keling, o‘tiring. Qani, nima xizmat?

Haydarali.  Mmmm…an bbbukun uuuuch iki… un bbb..o‘ldi. uuu….yimdan mol o‘g‘urlatg‘on eee..dim. bugun daragini ttopdim. Mmmani molimni olgan odam qozog‘ ekan. Endi yugurib sizning oldingizg‘a kkkeldim. Iiiloj qilub shul odamdan mani molimni olub berasiz.

Davronbek. Yaxshi, o‘rtoq, ma’lum bo‘ldiki, siz mol yo‘qotgan ekansiz. Molingizni olgan odam qozog‘ ekan. Daragini topibsiz. Munda nimaga keldingiz? Endi nima qilmoqchi bo‘lasiz?

Haydarali.  Nnn…ima qilmoqchi bbb… bo‘lardim, shshsh…ul odamdan mmmani mmm…olimni olib berasiz.

Davronbek. Man qozi emasman yoki bir amaldor emasman. Birovni molini birovg‘a olib bermoqg‘a mani kuchim yetmaydi. Siz molingizni olg‘on odamni topsangiz, qoziga chaqirtiring, qozi hukm qilub, molingizni olib beradur.

Haydarali.  Mmman ul odamni tttonimayman, lllekin bbbir odamdan eeeshitdim, dddaragini tttopdim.

Davronbek. Bir odamni(ng) o‘g‘ri qilmoq uchun birovdan eshitgan gap kifoya qilmaydur. Mol ila ushlamoq kerak yoki ko‘rg‘on-bilg‘on guvoh-isbot kerak bo‘ladur. Munaqangi ko‘rma-ko‘raki bir odamni(ng) o‘g‘ri qilub bo‘lmaydur.

Haydarali.  Ggguvohlarim bbbor, bbbo‘lmasa siz manga qqqozig‘a bir ariza yozub bering.

Davronbek. Guvohlaringizni otini, otasini(ng) otini bilasizmi?

Haydarali.  Yyyo‘q, bbbbilmayman.

Davronbek. Bo‘lmasa, borub guvohlaringizni nomlarini, otasini(ng) otini ham turadurg‘on joylarini, hamda molingizni olg‘on odamning otini va turadurg‘on joyini yaxshilab bilub keling.

Haydarali.  Mmman xxxat bilmasam, hhhammasini otini esimdan chiqarub qo‘yaman. Mmmang‘a shshogirdingizni qo‘shasiz. Mmman bilan bbborub yozub olub kkkeladur.

Davronbek. Shogirdim sizdan ham battar, xat yozishni bilmaydi.

Haydarali.  Bbbo‘lmasa o‘o‘o‘zingiz bbborasiz, bbbiz sari qadam bbbosganingizg‘a sizni qqquruq qo‘ymayman.

Abdujabbor. Xo‘jayin, bo‘b qoldingiz, bora qoling, o‘zingiz ham juda zerikib o‘turub edingiz, o‘ynab kelasiz, ham pul topasiz.

Davronbek. O‘rtoq (kulub), mani juda ishim ko‘b, siz bilan bormoqg‘a qo‘lim tegmaydur. Ko‘b gapni cho‘zmang. Borub, guvohlaringizni yaxshilab bilub, soat uchda keling. Man sizga juda yaxshilab ariza yozub beraman. Molingiz tezda qo‘lingizg‘a kiradur… (jiddiyat ila o‘rnidan turub). Mana ko‘rasiz, bizning xalqning holi! Hammasini(ng) yig‘ishtirib kelsangiz, bir pichoqg‘a sop bo‘lmaydur. Bir tarafdan, bularning nodonliklarig‘a va ahvoli olamdin xabarsizliklarig‘a ich-ichingdan yonsang, ikinchi tarafdan bularning yana ketayotgan vaqtlarida ham “…advokatlik osonmi?” deb masxara qilub ketishlari jigarimni boshini ezadi. Yo‘q, hali ham bo‘lsa tezda jinni bo‘lmasdan ilgari bu taxta-o‘qlog‘ini yig‘ishtirub, birorta kanto‘rg‘a xizmatg‘a kirmasam, yaqin fursatda bu johil va nodon, o‘z haq va huquini anglamagan xalqlarga foyda yetkuraman, deb o‘z jonimg‘a jabr qilmoq ham durust emas. Shul to‘g‘rida bobolarimizning hikmatli so‘zlari bor: “Qaromug‘ donasi bo‘lg‘uncha, yaxshining yamoni bo‘l, yamonning yaxshisi bo‘lg‘uncha, yaxshining yamoni bo‘l”. Albatta, bu so‘z to‘g‘ri so‘zdir. (Oynaga qarab, u yog‘-bu yog‘ini tuzatub, soatig‘a qarab.) Soat bir bo‘lub qolubdur. Har nima bo‘lsa ham bir daf’i savdo uchun shahardan tashqari birorta o‘rtog‘imning bog‘iga borub, yuragimni chigilini yozub kelmasam, sil bo‘lishumga sag‘al qolur. (U yog‘-bu yog‘ini tuzatub, Abdujabborni chaqirub.) Abdujabbor, san hech yoqg‘a qimillama, boyagi iki odam guvohnoma olib kelsa, olib qol, boshqalari kelsa, aytgilki, advokat bugun juda uzoq bir joyg‘a mehmon bo‘lub ketdi, ertaga keling, deb jo‘natib yubor. Tag‘in eshikda mani poylashub o‘turmasun. Man kechqurun soat beshda kelaman (chiqub ketar).

Abdujabbor. Bu bizni advokat xo‘jayinimizni o‘zi ishni ko‘zini yaxshi bilmaydi. Xalqni aldab, pulini olish ilmini o‘rgangan emas. “Lo‘lini eshagini sug‘or, pulini ol” degan eski zamondan qolg‘on gapga ham aqli yetmaydur. Oldiga kelg‘on odamlarning barig‘a unaqa qil, munaqa qilub kel (deb), hammasini oldidan quruq chiqarub yuboradur. Ularg‘a to‘g‘risini gapuraman deb, unaqangi-munaqangi deb ertalabdan-kechgacha boshlarini qotirub o‘tiradur. Bizning odamlarga unaqa-munaqa deb falsafa sotish kerak emas, ish qilmoq kerak, ish ko‘rsatmoq kerak, yo‘l topmoq kerak. Pul, ey qurboning bo‘lay oqchajon, to‘ram, sira pul bechora Abdujabbor akang‘a ham yuzingni ko‘rsatasanmi, yo‘qmi?.. Shoshmang, mana, man hozir pul topishni hiylasini topdim. Ko‘rasiz, man advokat bo‘lsam, pulni nishobini qanday o‘zimg‘a og‘dirar edim. Bizning advokat tog‘omiz o‘zi ishning ko‘zini bilmaydur. Mana, man hozir advokat bo‘laman, ko‘rasiz; man qanday pul topaman (yugurub borub osig‘liq turg‘on advokatning eski kiyimlarin kiyub, advokat bo‘lub o‘ltirub, papiros chakur).

Yuqorida zikr qilinmish kishilar birin-ketin kelub, ariza yozdirurlar. Har birlarining arizalarin juz’iy chaqiriq qilub, chizub konvertg‘a solub, qo‘llarig‘a berub, jo‘natub, har birlaridan bir-iki, uch to‘rt so‘mdan pul olur.

Abdujabbor(o‘zidan-o‘zi kulub, suyunub). Mana ko‘rdingizmi, bizning advokat o‘zi ishning ko‘zini bilmaydur. Ul ertalabdan beri jigarini xun qilub, bir tiyin ham topgani yo‘q edi. Man yarim soat ichida yigirma so‘mga yaqin pul topdim. Har narsag‘a ham hunar kerak, hunar!

Shul vaqt eshikdan hamma ariza yozdirg‘onlar kelub, advokatning xizmatchisi ekanini anglab, yaxshilab ururlar.

Parda tushar.

Abdulla AVLONIY


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605