08.10.2024 | 12:28
533
AFGʻONISTON NAVOIYSHUNOSLIGI
Jahon xalqlari adabiyotida buyuk tafakkur sohibi sifatida maydonga chiqqan adiblar o‘zi tug‘ilib voyaga yetgan zaminni ham tarix sahifasiga muhrlaydilar. Ijodkorni kamolotga yetkazgan muhit, tuzum, sharoit shaxs bilan birga o‘rganilar ekan, o‘z davri va keyingi zamonlarda ham ular qoldirgan merosni saqlash, o‘rganish, ijodiy an’analarini davom ettirish mas’uliyati o‘sha xalq, millat zimmasiga katta vazifa yuklaydi.

Dunyo adabiyotshunosligida buyuk o‘zbek shoiri va davlat arbobi Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bo‘lgan qiziqish bemisl darajada. Alisher Navoiy asarlarida aks etgan yuksak tafakkur va badiiy mahorat turkiy xalqlar adabiyotini ham xalqaro maydonga ko‘tardi. Bugungi kunda Afg‘oniston davlati hududida yashayotgan o‘zbek qavmlari adabiyoti tarixi, Alisher Navoiy asarlarining manbalari, shoirning bunyodkorlik faoliyatini ham kengroq o‘rganish zarur. Xususan, XV asrda Alisher Navoiyning hozirgi Afg‘oniston hududida olib borgan keng ko‘lamdagi bunyodkorlik ishlari haqidagi manbalarni tugal tadqiq qilish lozim.
Adib tug‘ilib o‘sgan zaminda u haqidagi folklor namunalari, asarlarining nashri, badiiy ijoddagi vorislari, umuman, Afg‘oniston navoiyshunosligini tadqiq etish masalasi sohada muhim vazifa hisoblanadi.
Alisher Navoiy nafaqat ulug‘ shoir va taniqli davlat arbobi, balki asrining o‘ziga xos muhandisi, inshootlar qurilishining katta homiysi sifatida ham ma’lum-u mashhur edi. 1480-yillarda Navoiy o‘zining hisobidan Hirot va mamlakatning turli shaharlarida bir necha madrasa, rabot, masjid, xonaqoh, hammom va ko‘priklar qurdiradi. U xayriya inshootlari qurishga shu qadar berilganki, Afg‘onistondagi o‘zbeklar orasida “Alisher Navoiy Allohning 1001 muborak ismiga atab 1001 ta obida bunyod etishni niyat qilgan”, degan gaplar bugunga qadar yetib kelgan. Ayrim fikrlarga ko‘ra, 1001 ta inshoot deganda Navoiy yordami bilan muhtojlarga qurib berilgan uy-joylar ham nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin. Lekin bunday uy-joylarning nomi ham, ro‘yxati ham bizgacha yetib kelgan emas.
Ko‘pni ko‘rgan ba’zi keksalar, u har to‘rt yilda bir marta keladigan kabisa (sakrash) yilining 366 kuniga teng 366 ta obida qurib, o‘zidan o‘lmas meros qoldirgan, deyishadi. Xalq fikricha, Alisher Navoiyning qo‘li suvga ham, yerga ham, ko‘kka ham yetgan. Suvda quduq, ko‘prik va hovuz, yerda madrasa, masjid, dorush-shifo (kasalxona) qurgan bo‘lsa, ko‘kka teng noyob asarlar yozdi.
“Shoh istilohlari” kitobi muallifi Amin Hiraviy ta’biri bilan aytganda, Navoiy faoliyati asosida “Xurosonning sahro-yu dashtlari va shahr-u qishloqlarida masjidlar, madrasalar, karvonsaroylar, bog‘lar, ziyoratgohlar qurildiki, qalam tili uni tasvirlashga ojizdir”. Bugungi Afg‘oniston va Eron hududida Alisher Navoiy tomonidan jami 370 dan ortiq xayriya inshootlari qurilgani haqida ma’lumotlar bor.
“Vaqfiya” asarida o‘z ixtiyoridagi ulug‘ mutafakkirning mablag‘lari hisobiga qurilgan bir qator obidalar sanab o‘tiladi. Hirotdagi Ixlosiya o‘quv majmuasi, Amir Alisher Navoiy kutubxonasi, Abdurahmon Jomiy maqbarasi, Qirqqiz karvonsaroyi va hammomi, Bobo Kamol Hirot ko‘prigi, Hirot Fanohiya madrasasi, Nishopurdagi Attor maqbarasi, Mashhaddagi Gilosbuloq suv yo‘li, Shoh Qosim qabri, Bandi Turuq, Anvor Turbat jomi, Imom Rizo ziyoratgohi ayvoni, Sangi Bo‘st karvonsaroyi, Tarshiz masjidi, Esfarin raboti, Chinoron raboti, Saraxs masjidi kabi inshootlar shular jumlasidandir. Keyingi vaqtda Saripul g‘isht ko‘prigi, Mozori Sharifdagi Hazrat Ali qadamjosi, Oqina sardobasi, Balhdagi Nahri Shohiy kanali, Andxundagi Bobo Vali hovuzi va boshqa obidalarni ham Alisher Navoiy barpo ettirgani aytilmoqda.
1960-yillardan boshlab bugungi kunga qadar Afg‘onistondagi navoiyshunoslikka mamlakat olimlari o‘ziga xos hissa qo‘shib kelmoqda. Bular qatorida Muhammad Ya’qub Vohidiy Juzjoniy, Abdulhakim Shar’iy Juzjoniy, Abdulhay Habibiy, Abdulloh Korgar, Abdulloh Ruyin, Said Muhammad Olim Labib, Said Tojuddin Toshqin Bahoiy, Nurulla Oltoy kabilarning nomini qayd etish va mazkur ro‘yxatni yana davom ettirish mumkin. Bu mamlakat navoiyshunosligining bosh xususiyatlaridan yana biri – mazkur olimlarning eski o‘zbek yozuvi va dariy tili, arab yozuvidan ta’lim va kundalik faoliyatda foydalanish bobida yaqinligidadir. Ya’ni, Navoiy davridan beri davom etib kelayotgan eski o‘zbek tiliga oid matn va so‘zlashuv an’anasining Afg‘onistonda saqlangani bu yurt navoiyshunoslarini Navoiyga, masalan, arab yozuvidagi Navoiy asarlari qo‘lyozmasiga har jihatdan yaqinlashtiradi.
Afg‘onistonda Alisher Navoiyning nashr etilgan asarlari ko‘lami ham juda katta va ular bugungacha sevib mutolaa qilinadi. Muhim bir jihati shuki, alloma shoirimizning Afg‘onistonda nashr bo‘lgan aksar kitoblari muqovasida ehtirom bilan “Amir Nizomiddin Alisher Navoiy” tarzida yozilganini ko‘rish mumkin.
Hazrat Navoiy hayoti va ijodiga oid bir qator tadqiqot ishlari jamlangan kitoblar ham mavjud. Ular o‘zbek va dariy tilida yozilgan. Shuningdek, Afg‘oniston davlatining rasmiy tillaridan biri – pashtuda ham Alisher Navoiyga oid ko‘plab maqolalar yozilganini qayd etish lozim.
Shimoliy Afg‘oniston viloyatlarida mahalliy o‘zbeklar orasida Navoiy davri an’analari hozirga qadar davom etib kelmoqda. U yerda yosh-u qari hamma she’r yozadi yoki yoddan ko‘p she’r biladi. O‘z nutqini she’r bilan bezaydi, fikrini Sharq mumtoz adabiyoti vakilining qarashlari, she’rlaridan parcha keltirish bilan asoslashga o‘rgangan. Chunki Afg‘oniston maktablaridagi ta’lim tizimida, o‘rta asr musulmon Sharqida bo‘lganidek, she’rning o‘rni katta. Shu bois bu yurt shoirlari she’r yozar ekan, Alisher Navoiyga o‘xshashga intiladi. Hazrat she’rlariga nazira bog‘laydi, ergashadi. Buning natijasi o‘laroq, Afg‘onistondagi o‘zbek ziyolilari Navoiyni ko‘p va xo‘b yodlaydi. Mana shunday Navoiy yo‘lidan ketgan shoirlar qatorida Domla Bedil, Muhammad Olim Labib, Mir Muhammad Amin Qurbat, Muhammad Amin Matin Andxo‘yi, Muhammad Yahyo Hafiziy Juzjoniy, Zikrilla Ishonch, Gʻulomsahiy Vakilzoda kabilarni eslash mumkin. Afg‘onistonlik o‘zbek shoirlarining Alisher Navoiy she’rlariga muxammaslari, javoblari va ergashib yozgan she’rlarining o‘zigina to‘plansa, bir necha jildlik kitob bo‘ladi. Umuman olganda, Afg‘onistonda mumtoz adabiyot janri va uslubida she’r yozish an’anasi ancha kuchli.
Afg‘onistondagi Alisher Navoiy qurdirgan obidalar, navoiyshunos olimlar hamda Alisher Navoiy an’analarining davom etib kelishi haqidagi ma’lumotlar ayni sohaning bugungi mutaxassislari qarashlari-da kengayishiga yordam beradi, albatta.
Azizullah Aral,
Afg‘onistonlik tadqiqotchi
“Jadid” gazetasining 2024-yil 4-oktyabrdagi 41-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
87
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



