22.07.2025 | 08:45
1338
Akademik Abdulla A’ZAMOV: “ILMGA ASOSLANIB ISHGA KIRISHMOQ KERAK”

– Bu suhbat aynan “Jadid” gazetasi muxlislarining iltimosiga ko‘ra tashkil etilmoqda. Bunga ikki oy muqaddam gazetaning solnoma kitobi taqdimotida tabiiy va aniq fanlar, IT texnologiyalari va sun’iy intellekt rivoji haqida so‘zlaganingiz, millat oydinlarini, yoshlarni bu ilmlarni egallashga undaganingiz ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otgani turtki berdi.
– Ha, shunday bo‘lgan edi. Aslida men o‘shanda “Hazrat Navoiy – zamondoshimiz” mavzusida chorak soatlik chiqish tayyorlagan edim. Biroq… zamonning shiddati shu qadar jadalki, bir soat ichidayoq olamda axborot makonini ag‘dar-to‘ntar qiladigan voqealar yuz bermoqda. Tadbir arafasining tunida, keksalarga xos uyqusizlik sabab internetni titkilagan edim, Florida shtatidagi Vest-Poynt bazasida Ilon Maskning Amerika harbiy akademiyasi rektori bilan bo‘lgan suhbatiga duch keldim. Suhbatda akademiya ustozlari-yu tinglovchilar hozir edi. Unda bugungi dunyoning eng nomdor texnologi eng qudratli harbiy salohiyat namoyandalariga kelajak urushlari qanday bo‘lishi haqida o‘zining bashoratlarini so‘zlar, harbiylarni shunga tayyor bo‘lishga da’vat etar edi. Suhbat tafakkurimni bezovta qildi, chuqur o‘yga toldirdi. Axir, o‘zingiz mavzuga e’tibor bering: “Kelajak urushlari qanday bo‘lishi kerak?” Yo alhazar, nahotki AQSh hukumatida ta’sirli lavozimga tayinlangan buyuk ixtirochi va novator-tadbirkor o‘zining nodir iste’dodini dunyoda tinchlik, xalqlar o‘rtasida ahillikni ustuvor qilish o‘rniga, kelajak urushlari qanday bo‘lishiga yo‘naltirsa? Biroz alam ham qildi – so‘nggi to‘rt yil davomida universitetlar uchun “Differensial tenglamalar” kursi bo‘yicha darslik yozib, unga Ilon Maskning “Motivatsiya bilan, nima uchun kerakligini tushuntirib dars o‘tish kerak” degan so‘zlarini epigraf qilib olgan edim-da.
Harbiy akademiya rektori bilan bo‘lgan suhbatda Ilon Mask bildirgan fikrlarning mag‘zi shunday edi: bundan keyingi harbiy mojarolarda asosiy “jangchi” sun’iy intellektga asoslangan qurollar bo‘ladi. Ularning imkoniyati qudratda ham, aniqlikda ham insonga, ya’ni harbiylarga nisbatan beqiyos darajada yuksak va tezkorki, urushlarning borishi mutlaq o‘zgaradi. Darvoqe, biz hozirning o‘zidayoq bunga guvoh bo‘la boshladik.
Chamasi, ko‘z uyquga ilingan bo‘lsa ham, tuni bilan bu mavzu ong ostini band qilgan bo‘lsa kerak, yuqoridagi kitob taqdimotida ruhiy holat hamda majlis raisining “Matematiklarga xos bo‘lsin” degan pisandasi bois, tungi o‘y-tashvishlarimni imkon qadar lo‘nda ifoda etishga to‘g‘ri keldi.
Ochig‘i, o‘shanda ko‘nglimdagi fikrlarning bir qismigina tilga ko‘chdi, xolos.
Bugungi shiddatli axborot asrida gazetaday ko‘hna vosita nima demoqchi bo‘lsang, hammasini batafsil bayon etishga imkon beradi. Suhbatga taklif uchun rahmat.
– Chindan ham, bu borada gazetaning o‘rnini hech bir internet sahifasi bosa olmaydi. Imkoniyatdan foydalanib, bu boradagi fikrlaringizni biz bilan baham ko‘rsangiz.
– Bugun dunyo xaritasiga boqsak, taraqqiyot poygasida tabiiy resurslarga boy davlatlar emas, aynan ilmiy-texnika sohasi rivojlangan davlatlar peshqadam ekanini ko‘ramiz. Koshki, ular o‘zlarining bu natijalaridan tinchlik va o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘lida foydalansa, yo‘q, aksincha, ularning eng qudratlilari o‘z ta’sir doirasini kengaytirish, dunyo bozorlarini qayta taqsimlab olish, geosiyosat markazi bo‘lish, qarz evaziga hududlarni egallash, bir so‘z bilan aytganda, superxoqonlik iddaosi yo‘lidan borayotgani tashvishli.
– Bu hol barchani tashvishlantirmoqda. Mana shunday sharoitda mamlakatimiz oydinlari qanday yo‘l tutishlari lozim?
– Yuz foiz aminmanki, buyuk bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy yo‘lini tutgan odam yutadi. Bu yo‘l o‘z davrida jadidlik, Behbudiyning izdoshlari esa jadidlar (mujaddidlar) deb atalgan. Afsuski, yurtni, elning tafakkurini yangilashga intilgan jadidlar “rahmat” o‘rniga “qadimchi”lar degan muxolifatga duch kelgan, hatto bir jadidga yuzlab “qadimchi” to‘g‘ri kelgan. Jadidlar ular tomonidan tazyiq, haqorat va qatag‘onlarga uchragan.
“Jadid” so‘zining lug‘aviy ma’nolari – yangi, yaqinda paydo bo‘lgan, zamonaviy, so‘nggi rusumdagi, odat tusiga kirmagan, an’anaga teskari. Zamonaviy ibora bilan aytganda, novatorlik, innovatsiya deganidir.
– Yurtimizda XX asr boshlaridagi jadidlik harakati nimadan boshlangan? Qanday zarurat bunga turtki bergan, deb o‘ylaysiz?
– Ta’limni yangilash uchun harakatdan boshlangan. Sirtdan olib qaraganda, eski maktablarda turli yoshdagi bolalar aralash, bo‘yrada o‘tirib o‘qishgan, madrasalardagi ta’lim usuli ham undan yiroq bo‘lmagan, jadidlar esa o‘quvchilarning parta va yozuv taxtasi bilan jihozlangan sinfxonalarda saboq o‘tishi tarafdori bo‘lishgan. Ammo bu jadidlikning sirtqi jihati edi, xolos. Qadimchilarning qarshiligiga uchragan asosiy jihat – ta’lim mazmunini yangilash bo‘lgan. Behbudiy Turkiyaga safari chog‘ida usmonlilarning ilg‘or oydinlari bilan suhbatlashib, bu mamlakatga endigina ta’sir o‘tkaza boshlagan Yevropa maktablari va universitetlaridagi ta’lim tizimi bilan tanishgan. O‘zimizni buyuk bobomizning o‘rniga qo‘yib ko‘raylik: bir yoqda algebra u yoqda tursin, hatto arifmetika ham yolchitib o‘qitilmayotgan ta’lim, ikkinchi tomonda esa matematik fizika, organik moddalar sintezi, genetika va hokazo. Oqibatda, bu yoqda ulovli yog‘och aravalar, u yoqda avtomobillar va elektr chiroqlari. Bu farqni bir so‘z bilan “dahshatli” deb ifodalash to‘g‘ri bo‘ladi.
Millat taqdiriga befarq, xudbin odamlar bunga parvo ham qilmas edi. Ammo jadid bobolarimiz buyuk millatparvar edilarki, jamiyatni taraqqiyot sari yuzlantirish harakatini boshlaganlar, bu borada ulkan natijalarga erishganlar ham (birgina o‘zbek matbuotiga asos solganlari uchun ularni to qiyomatgacha alqashga burchlimiz), alal oqibat bu yo‘lda jonlarini qurbon qildilar.
Aslida, jadidlik harakati rahnamolarining barchasi jamiyatda obro‘-e’tiborga ega, o‘ziga to‘q va hatto, ko‘pchiligi boy-badavlat insonlar edi. Hayotning jamiki noz-u ne’matlaridan rohatlanib yashashlariga hech bir monelik yo‘q edi.
– Nima sababdan ular osoyishta hayotdan voz kechib, dastavval mablag‘ va mulklarini, keyinroq martabalarini, eng oxirida hayotlarini bu yo‘lga tikkan? Siz bu borada qanday xulosaga kelgansiz?
– Aslan jadidlik tagida ta’limning shakli emas, mazmuni yotadi. Behbudiyning o‘rniga o‘zimizni qo‘yib ko‘raylik-da, shunday savol qo‘yaylik: 1910-yillarda Yevropa gimnaziya va litseylarida, ayniqsa, universitetlarida ta’lim dasturi qanday edi-yu, bizning ta’lim muassasalarimizda qanday bo‘lgan? Biror tadqiqotchi buni o‘rgansa maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Shu narsa aniqki, bizda matematika, hatto, Muhammad Xorazmiy algebrasini o‘qitish ham unutilgan edi o‘sha vaqtlarda. Beruniy va Ulug‘beklar davridagi sferik trigonometriyani tilga olmasa ham bo‘ladi. Xuddi shu davrda Germaniya universitetlarida yangi fizika, kimyo, fiziologiya kabi fanlar Nobel mukofoti sohiblari tomonidan o‘qitilayotgan edi.
Muhimi, Gʻarbda ta’lim jamiyatdagi ilmiy-texnika taraqqiyotining lokomotiviga aylangan, shu tufayli ichki yonuv dvigatellarini joriy etish, elektrlashtirish kabi moʻjiza bo‘lib tuyuladigan yangiliklar hayot tarzini keskin o‘zgartirib yuborayotgan, bizda esa holat eskiligicha qolayotgandi. Ana shu farqni anglagan, butun fitrati bilan millatparvar bo‘lgan jadidlar taraqqiyparvarga aylanishdi. Bugun endi ularning ta’limoti ham, kurashi ham, achchiq taqdiri ham barchaga yaxshi ma’lum. Bu narsalar “Jadid” gazetasi sahifalarida batafsil yoritilmoqda. Har tomonlama xayrli bo‘lgan bu ishni davom ettirish kerak, albatta.
Ayni paytda, agar jadid bobolarimiz tirik bo‘lishganida, qanday yo‘l tutgan bo‘lar edilar, degan savolni ko‘tarish vaqti allaqachon yetgan.
– Bugun zamon o‘zgacha demoqchisiz, shekilli?
– Xuddi shunday. Jadid bobolarimiz davrida ta’lim sohasida bizdagi va Yevropadagi farq naqadar katta bo‘lsa, bugun ilmiy-texnik taraqqiyot va innovatsiyalar jadalligidagi farq ham undan kam emas. Sirtdan qaraganda, bu borada ham rivojlanish qoniqarli, tashvishga hojat yo‘qday tuyuladi. Qayerga qaramang, hamma yerda yangi mahsulotlar, yangi texnika va texnologiyalar joriy etilmoqda. Shu jumladan, sun’iy intellekt vositalarini o‘rganish va foydalanish borasida ham. Ammo masalaning mag‘zi – qay tarzda degan savolda. 99,9 foiz holda sotib olish yoki o‘zlashtirish evaziga. Atrofimizga bir nazar tashlaylik. Uchoqlar, charxucharlar, radiolokatsiya, geolokatsiya, avtomobillar, elektrotexnika, elektronika va elektroenergetika jihozlari, sovitkichlar, televizorlar, telefon, kompyuter, qisqa to‘lqinli elektr-o‘choqlar, qurilish asbob-uskunalari va materiallarining deyarli hammasi Gʻarb mamlakatlarida, asosan AQShda o‘ylab topilgan. Hatto avtomobilni yomg‘ir yog‘ganda ham haydashga imkon beruvchi “deraza farroshlari”ni Meri Anderson degan AQShlik ayol o‘ylab topgan. Bu mamlakatda ot o‘rniga dvigatel qo‘shilgan aravadan to sun’iy intellekt bilan qurollantirilgan avtogacha minglab ixtiro joriy qilingan.
Kompyuter va kommunikatsiya texnologiyalari sohalarida ham shu ahvol. Ayrim superdavlatlar bu sohalarda jahon bozorini egallab olgani ularga ulkan iqtisodiy foyda keltirishdan tashqari, geosiyosiy ustunlik ham bermoqda. Internetlashgan bugungi dunyoda mijozga sezdirmasdan uning xos ma’lumotlarini o‘g‘irlash, kompyuterlarga virus yuqtirish yoki maxsus dastur vositasida istalgan paytda ularni ishdan chiqarish, dasturlashtirilgan avtomobil, uchoqlar va banklarga tajovuz imkoniyatlari naqadar xavfli. Qolaversa, bular hammasi – bugungi ahvol, ertaga bu borada qanday “ixtiro”lar qilinadi, ularni qanday niyatli kuchlar boshqaradi, oqibati nima bo‘ladi – tasavvur ojiz.
Bunday xavf-u xatar dolzarb bo‘lmagan taqdirda ham shuni unutmaslik lozimki, brend darajasida sotilgan birgina ixtiro keltiradigan foyda ancha-muncha mamlakatning bir yillik byudjetidan kattaroq bo‘lishi mumkin. Masalan, APPLE kompaniyasining 2024-yildagi daromadi 400 milliard dollar atrofida bo‘ldi. Biroz kulgili bo‘lsa ham yana bir misol: AQShlik Mariya Donovan degan xonim ixtiro qilgan suvshimar taglik (pampers) hozirgacha bu mamlakatga trillion dollarga yaqin foyda keltirdi.
Har qanday mahsulot yoki texnologiya yangilanar ekan, u juda katta qo‘shimcha qiymat bilan sotilishi tabiiy. Shuning uchun xarid qiluvchilar yil sayin ko‘proq mablag‘ sarflashga majbur bo‘ladi. Bu ayniqsa, informatsion texnologiyalar bozorida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Kompyuter va mobil telefonlarning avlodlari juda tez yangilanmoqda.
– Mana shunday muhitda bugungi jadidlar deb kimlarni aytish mumkin?
– Ixtiro qilishga intilayotgan, qilgan ixtirosiga patent olish uchun kurashayotgan, ixtirosini amaliyotga joriy qilib, yangi mahsulot ishlab chiqarishga intilayotgan va ularni eksport qilib, “o‘zbek brendi”ni dunyoga olib chiqishni niyat qilayotganlar – jadidlardir. Millatga o‘zligini anglatishni, yurt yoshlarini ilm-hunar egallashga da’vat qilishni, Vatanga yaxshilik sog‘inishni kasb qilganlar – jadidlar. Men boshqacha bo‘lishini tasavvur etolmayman.
– Aynan shunday. Faqat javobdan ozgina ajablangan joyim bo‘ldi. Nega endi ixtiroga patent olish uchun kurashish kerak?
– Hamma gap shunda-da. Bir paytlar faqat ixtiroga patent, kashfiyotga guvohnoma berish bilan shug‘ullanadigan byuro bo‘lgan. 2011-yili Intellektual mulk agentligi tuzilib, texnik ixtirolarni patentlash, musiqa asarlariga va boshqa ijodiy mahsulotlarga mualliflik guvohnomasi berish ham ana shu idora zimmasiga yuklandi. Sababi ayon – u ham yangilik, bu ham yangilik, har ikkisi ham ijod mahsuli. Ammo bizning sharoitda eng ezgu ishning ham avra-astarini ag‘darish odatiy hol. O‘zingiz tasavvur qilib ko‘ring – qo‘shiqqa mualliflik guvohnomasi oladigan otarchiga munosabat qayoqda-yu, o‘z yonidan pul sarflab ixtironi amalga oshirgan va bir quchoq hujjat hozirlagan muhandis yoki ilmiy xodimga muomala qayoqda? Artistlar uchun bu ish xamirdan qil sug‘urganday oson kechmoqda, ixtirochilar esa…
Yillab ovora bo‘lgan va bo‘layotgan ixtirochilar bor. Bir paytlar patentchilar ixtironing qay darajada yangiligini maxsus byulletenlarni titib aniqlashar va bu ancha vaqt talab etar edi. Holbuki, biz hozir axborot inqilobi davrida yashayapmiz. Xo‘sh, nega haligacha ixtironi ekspertizadan o‘tkazish oylab vaqt talab etyapti? Bu holat tushunarsiz.
Ehtimol shuning uchun ham aholi jon boshiga patentlar soni bo‘yicha mamlakatimiz past o‘rinda, ularni joriy etish bo‘yicha esa yana ham quyiroqdadir.
Mamlakatimizda ixtirochilar ko‘p, ijtimoiy tarmoqlarda energiya tejamli betonqorgich, yangi qurilish materiali, original qishloq xo‘jaligi agregati va hokazolarni yaratayotgan hamyurtlarimiz haqida xabarlar tez-tez chiqib turadi. Ammo hozirgacha biror yurtdoshimizning yangi ixtirosi ommaviy ishlab chiqarila boshlangani, dunyo miqyosida shov-shuv bo‘lganini eshitmadik.
Nega? Qachongacha?
Ixtirochilik harakati iqtisodiy taraqqiyotning lokomotiviga aylanishi uchun patent byurosi qayta tiklanishi maqsadga muvofiq. Muhimi, u patent xizmati ko‘rsatadigan, ish uslubi mohiyatan byurokratik idoradan farq qiladigan, qayerda ixtirochi bor bo‘lsa, izlab topadigan, nafaqat ixtironing yangiligini ekspertizadan o‘tkazib guvohnoma beradigan, balki ularni joriy qilinishi uchun mas’ul idora sifatida o‘zi yelib-yuguradigan obyektga aylantirilishi kerak.
– Bunga nima xalaqit beryapti?
– Kim bilsin. Balki patent byurosining byudjetini asosan ishlab chiqarishdan topiladigan daromaddan olinadigan ulush evaziga shakllantirish usulini joriy etish kerakdir. Shunda patentshunoslar aynan samarador ixtirolarni tezroq patentlashdan manfaatdor bo‘ladi. Buning uchun Patent byurosi ixtiyorida loyihalashtirish instituti va tajriba-konstruktorlik korxonasi bo‘lishi ham kerak. Darvoqe, ixtiroga hammualliflik iddaosini qilmasliklari uchun Patent byurosi xodimlariga ixtirochilik bilan shug‘ullanish man etilishi kerak. Bu idora ayni paytda ixtirochilarni ishlab chiqaruvchilar bilan bog‘lovchi vazifasini o‘tashi lozim. Yangi ixtiro qilingan ishlanmalar va mahsulotlar (xizmatlar, texnologiyalar)ning doimiy ko‘rgazmasi yuritilishi, yilda bir marta yarmarkasi tashkil etilishi ham ayni muddao bo‘lar edi.
– Ustoz, Sizni ayrimlar adabiyotshunos, boshqalar esa matematik olim sifatida taniydi. Ixtirochilik borasida, uning muammolari haqida bunchalik puxta tasavvurga egaligingizdan xayolimga shu savol keldi: o‘zingiz ham ixtirochilik muammolari bilan to‘qnash kelganmisiz?
– Yaraga tuz sepdingiz. Kamina sof nazariyotchi ahli ilmga mansubman. Ayni paytda matematikaning ixtirochilikka tutashadigan nuqtalari ham yo‘q emas. “Myobius yaprog‘i” deb ataladigan geometrik sirtdan har ikki tomoni qumli silliqlash lentasi yasalgan. XIX asrda S.Blek “O‘n besh” o‘yinini ixtiro qilgan. U o‘z davrida venger ixtirochisi Ernyo Rubik o‘ylab topgan “kubik-rubik” o‘yinidan ham mashhurroq bo‘lgan. Hatto, gazetalarda “15” o‘yiniga berilib ketgan mashinist poyezdni boshqarishni unutib, uning halokatiga sabab bo‘lgani haqida ham yozishgan. Rubik kubchasi ommalashib ketgach, uning patentini sotib olish ham qimmatlashib ketgan. Holbuki, oddiygina o‘yinchoq Vengriyaga shuhrat va milliardlab daromad keltira boshlagan edi. Shunda sobiq Ittifoq va Vengriya hukumatlari boshqotirg‘ich ayirboshlashga kelishgan. 1989-yili “Комсомолская правда” gazetasi boshqotirg‘ichlar tanlovini e’lon qildi. Kamina “Dodekaedr” degan matematik boshqotirg‘ich bilan unda ishtirok etib, g‘oliblardan biri bo‘ldim. Yangiliklarni ishlab chiqarishga joriy qilish sovet iqtisodiyotida qiyin ish edi. O‘nta ixtiromning birortasi ishlab chiqarilmadi. Men yangi boshqotirg‘ichlarni o‘ylab topishda davom etdim. Ulardan biriga patent olishga urinib ko‘rildi, qancha vaqt Beshyog‘ochda joylashgan patentlar kutubxonasida ixtironing yangiligini asoslashga sarf bo‘ldi. Ammo urinishlarim zoye ketdi. Ariza bir qancha hujjatlar ilova qilinib, Moskvadagi patent byurosiga pochta orqali jo‘natilar edi. Arizalar birda unisi kam, birda bunisi yetishmaydi, degan vaj bilan qaytarildi. Bu orada SSSR parokanda bo‘ldi, mustaqil O‘zbekistonning o‘z patent byurosi tuzildi. Afsuski, u sobiq Ittifoq byurosining ish uslubini aynan ko‘chirib olgan edi. 2000-yillarda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan ixtirochi S.Ismatxo‘jayev bir ixtirosini matematik asoslash masalasi bilan murojaat qildi. Issiqlik elektrostansiyalari samaradorligini oshirishga qaratilgan bir ixtiro uchun u kishi bilan birga patent olishga muvaffaq bo‘lindi, ammo yana bir shunday ixtiro uchun berilgan ariza bir yildan ko‘proq sarson qilindi. Holbuki, u amaliyotga joriy etilib, samara bera boshlagan edi. Laboratoriyamizda issiqlik almashuv jarayonlari sohasiga qiziqib, yana bir prinsipial yangi ixtiro g‘oyasiga patent olmoqchi bo‘ldik. Uning asosiy qismlaridan biri murakkab geometrik tuzilishga ega edi. Patentga ariza berish uchun uning chizmasini, ishlash prinsipini asoslash uchun real maketini tayyorlash lozim edi. Chizmalarni-ku kompyuterda yasash imkoniyati tug‘ilgan, ammo maket-chi? Kartondan maket yasaldi, ammo biror tokar uni metalda yasab bera olmadi. Xullas, bu xobbini yig‘ishtirishga to‘g‘ri keldi. Endi tasavvur qiling, chekka qishloqda yashaydigan havaskor samarali qishloq xo‘jaligi texnikasi bo‘yicha ixtiro qildi, deylik. Xo‘sh, u qayerga boradi?
Amerika Qo‘shma Shtatlarining qudrati ham, shuhrati ham asosan ixtirochilik uchun maksimal qulay muhit yaratilganida deb o‘ylayman. Bugun shunday muhit Xitoyda ham mavjud, shu sababli dunyo bozorlarini “Made in China” tamg‘ali mahsulotlar bosib ketdi.
Beixtiyor qiyoslaysan: bizda-chi? Qaysi o‘zbek ixtirochisining yangiligi tovarga aylantirilib, dunyo bozoriga chiqarildi?
Bundan 15 yilcha avval vodiylik bir o‘smir qo‘lbola dron (kvadrokopter) yasab uchirgani haqida xabar tarqalgan edi. Dron boshqarilmaydigan bo‘lgani uchun qo‘shni davlat hududiga qo‘ngan. Ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarga ko‘ra, yigitchaga ma’muriy chora ko‘rilgan. Albatta, dron yasash yangilik emas. Ammo u yigitchada ixtirochilikka moyillik va iqtidor bo‘lgan. Agar u qo‘llab-quvvatlanganida, balki keyinchalik boshqariladigan dron yasagan bo‘larmidi…
Axir, Sergey Korolyov ham bosh konstruktor bo‘lib dunyoga kelmagan, ilk faoliyatini oddiy fanerdan qo‘lbola uchish moslamasi yasashdan boshlagan. Turkiyalik aka-uka Xaluk va Saljuq Bayroqdorlar ham shunday yo‘lni bosib o‘tishgan.
– Sizningcha, bugun iqtisodiyotimiz uchun eng dolzarb ixtirochilik sohasi qaysi?
– Yaxshi savol. Mamlakatimiz iqtisodiyotida paxta xomashyosini tayyor mahsulotga aylantirish salmoqli o‘rin egallashi ma’lum. Uzoq yillar davomida O‘zbekiston paxta tolasini eksport qilib keldi. Bu – mehnatni dehqon qilib, foydasini xorijlik fabrikantlar ko‘radi, degani edi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev esa paxta tolasini imkon qadar chuqurroq qayta ishlash, tayyor mahsulotga aylantirib, so‘ng sotish siyosatiga katta e’tibor qaratmoqda. Mamlakatimiz eksportida tayyor kiyim-kechak ulushi ortib borayotgani quvonarli. Bu borada yana bir muhim masala kun tartibiga chiqmoqda. U ham bo‘lsa, paxtani qayta ishlash – tolani chigitdan ajratuvchi, ip yigiruvchi, gazlama to‘quvchi va oxirgi bosqichda tikuvchi asbob-uskunalar ishlab chiqarishdir. Hozirgacha ular asosan xorijdan sotib olinmoqda. Holbuki, har qanday dastgoh vaqt o‘tishi bilan eskiradi. Ham texnik jihatdan, ham “ma’naviy” jihatdan. Shu ma’nodaki, avval sotib olingan texnika o‘z o‘rnini yangisiga, samaraliroq, energiyatejamkorroq, kompyuterlashgan (yaqin yillar ichida esa sun’iy intellekt boshqaradigan) yangi avlodlariga bo‘shatib beradi. Bu hodisani yuqorida informatsion texnologiyalar misolida ham aytib o‘tdim. Dastgohlarning yangi avlodi avvalgisidan ancha qimmat bo‘lishi, paxta xomashyosining narxi esa juda sekin o‘sishi hisobga olinsa, paxtachilikdan keladigan daromad yil sayin pasayib boradi, degan xulosa chiqadi. Shunday ekan, paxtani tayyor mahsulotga aylantiradigan uskunalardan kamida bir-ikki turini o‘zimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish zarur. Faqat bu bilan cheklanmay, ana shunday uskunalarni muntazam yangilab borishni ta’minlaydigan texnologiya yaratilishi ham nihoyatda dolzarb. Buning uzviy sxemasi yaxshi ma’lum: ilmiy-tadqiqot instituti – ixtirochilik va ratsionalizatsiya markazi – tajriba-konstruktorlik byurosi – sinab ko‘rish nusxasini yasaydigan ustaxona – zavod.
Bundan tashqari, innovatsiyalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish tizimi ham yaratilishi kerak.
AQSh iqtisodiyotining yuksalishi aynan paxtadan boshlanganini eslash o‘rinli. O‘sha davrlarda (bizda XIX asr oxirlarigacha) paxtaning tolasi chigitdan qo‘lda ajratilgan. Tasavvur qiling-a, millionlab tonna paxtani shu tariqa tolaga aylantirishning o‘zi bo‘ladimi? 1793-yilda Eli Uitni paxta tozalovchi “jin-mashina” ixtiro qiladi. Shu tufayli tolaning tannarxi keskin arzonlashib, AQSh paxta bozorida boshqa davlatlarni sindiradi.
– Yurtimizda ixtirochilikni rivojlantirish borasida qaysidir tashkilotlarga o‘z takliflaringizni berganmisiz?
– Yigirma yilcha burun bir qadrdonim oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi sohasiga rahbarlikka tayinlandi. Qutlagani bordim. Suhbat asnosida “takliflaringiz bo‘lsa, ayting”, dedi. “Qani endi, kasb-hunar kollejlari va texnika oliy o‘quv yurtlarida ommaviy ixtirochilik harakati boshlansa”, deb ishni har yili o‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasalarining talabalari o‘rtasida “Yosh ixtirochilarning respublika ko‘rik-ko‘rgazmasi”ni o‘tkazishdan boshlashni taklif qildim. U ma’qul topdi. Ko‘rik bir marta o‘tkazildi ham. Ammo negadir davom ettirilmadi. Balki bu sohaga e’tibor sust bo‘lgani uchun birinchi yiliyoq shov-shuvli natija chiqmagandir. Agar u izchil davom ettirilib, hukumat miqyosiga olib chiqilganda, hozirgacha muhit o‘zgargan bo‘larmidi.
– Bunday muhitni yaratish uchun endi nimalar qilish kerak?
– Birinchi navbatda “hechdan ko‘ra kech” deganlaridek, mazkur ko‘rik-ko‘rgazma-tanlovni tiklash, hatto uni ixtirolar auksioni darajasiga olib chiqish ayni muddao bo‘ladi. So‘ng yoshlar orasida ilmiy-texnik tafakkur shakllanishiga e’tiborni kuchaytirish kerak. Bir paytlar amerikalik yoshlarning ma’budlari Merilin Monro kabi kinoyulduzlar, Elvis Presli kabi estrada yulduzlari, mashhur basketbolchi va beysbolchilar bo‘lgan. Ammo shuni ham ta’kidlash lozimki, Tomas Edison, aka-uka Raytlar ham mashhurlikda ulardan qolishmagan. Axborot texnologiyalari inqilobi boshlanishi bilan Bill Geyts (Microsoft), Stiv Jobs (Apple), Larri Peyj va Sergey Brin (Google), Mark Sukerberg (Facebook) kabi innovatsiya darg‘alari amerikalik yoshlar uchun yo‘lchi yulduzga aylandi.
Bugun AQShlik yoshlar o‘rtasida mashhurlikda hech bir yulduz Ilon Maskning yaqiniga ham yo‘lay olmaydi. YouTube kanalida Ilon Maskning yangi mahsulotlari taqdimoti yoki sun’iy intellekt haqidagi suhbatlari zalda o‘n minglab tomoshabinni yig‘adi, ijtimoiy tarmoqlardagi kuzatuvlar soni esa yuz milliondan oshadi. Darvoqe, yigirmanchi asrda dunyoda eng mashhur sobiq Ittifoq fuqarosi ham aynan ixtirochi M.Kalashnikov bo‘lgan. Bugun ham Rossiya aynan harbiy ixtirochi-muhandislari bilan qudratli bo‘lib turibdi.
Yana bir muammo – yoshlarning ilmiy-texnik tafakkurini shakllantirishga ommaviy axborot vositalarining loqayd bo‘lib kelayotgani. Bir zamonlar “Yosh texnik”, “Kuch – bilimda”, “Fan va turmush”, “Rulda”, “Texnika”, “Elektronika”, “Yosh naturalist”, “Kvant” degan jurnallar millionlab nusxalarda nashr etilgan, markaziy televideniyeda ixtirochilik va ilmiy-texnikani targ‘ib qiluvchi dasturlar ancha ommalashgan edi. Ularni o‘qigan, ko‘rgan o‘quvchilarning katta qismi texnikaga shaydo bo‘lar, nimanidir o‘z qo‘li bilan yasash ishtiyoqiga tushar edi. Bu esa bo‘lg‘usi muhandis, ixtirochilar uchun dastlabki zaruriy qadamlardir.
Bugun ahvol qanday? Boshqa MDH davlatlarida ahvol qandayligini bilmayman, ammo bizda televideniyening asosiy qahramonlari hamon qo‘shiqchilar, raqqosalar, hatto telejurnalistlarning o‘zlari…
Qat’iy ta’kidlash joizki, yurtimizning shon-shuhratini dunyoga yoyishda sportga teng keladigan soha hozircha yo‘q. Xalqaro musiqa va opera tanlovlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritishga qodir iste’dodlar ham shunday maqtovga loyiq. Qolaversa, kuy-qo‘shiqlarsiz to‘y-tantana tasavvurga sig‘maydi. Bular ikki karra ikki to‘rt deganlaridek, ravshan haqiqat. Faqat shovqin bilan cheklanish yomon. Kimlargadir og‘ir botsa ham qayd etish lozim: sport ham, san’at ham bugungi hayot uchun zarur, ixtirochilik, innovatsion tadbirkorlik esa davlatning qudratini, millatning kelajagini belgilovchi omillardir.
Yana takrorlaymiz, bu sohalarni bir-biriga zid qo‘yish aqldan emas. Ammo qushning ikki qanoti ham sog‘lom, baquvvat bo‘lsagina u yuksaklarga parvoz qila oladi. O‘xshatish tushunarli bo‘lsa kerak. Xo‘sh, bizda taraqqiyot lochinining u qanoti qanday-u, bu qanoti qay holda? Bu borada jurnalistlarimizdan gina qilishga haqlimiz. Ayniqsa, telejurnalistlardan. Tokaygacha lapar-u yallachilarni osmonga olib chiqib, yulduzga aylantirish bilan shug‘ullanasiz? Ular bilan bir qatorda, hatto birinchi navbatda ixtirochilikka intilayotgan iste’dod egalarini izlab topishga kirishing (ularning ko‘pligiga shubha yo‘q), xalqqa taniting, muammolarini hal qilishga ko‘maklashing. Shuni bilingki, ularda mo‘may pul topish imkoni yo‘q, aksincha, o‘z faoliyatida deyarli har qadamda obyektiv va subyektiv to‘siqlarga duch kelishadi. Ularni qo‘llab-quvvatlashga mahalliy hokimiyat va sarmoyadorlarni jalb qiling, kerak bo‘lsa, ularni byurokratlardan himoya qiling. Ularning har bir muvaffaqiyatini keng targ‘ib qilingki, xalq bilsin, yaqindan tanisin.
Unutmaslik kerakki, tadbirkorlik erkin gullab-yashnaydigan muhitdagina ixtirochilik unib-o‘sadi. U hosilga kirganida esa mamlakat shuhratini yuzlab yillar davomida olamga yoyadi. Yurtimizning taraqqiy qilgan davlatlar safiga qo‘shilishida o‘ta muhim rol o‘ynaydi.
Bu borada “Jadid” gazetasiga bir taklifim bor: tahririyat jadid bobolarimiz faoliyatini yoritishga bir sahifa ajratsa, bugungi jadidlik, ya’ni ixtirochilik va innovatsiyalarga ikki sahifa o‘rin ajratishi kerak. Shunda ma’rifatparvar ajdodlarimizning ham ruhi shod bo‘ladi.
Qani endi, har yili mustaqillik bayrami arafasida mukofotlanadiganlar qatorida o‘z ixtirosi bilan tanilgan ixtirochilar, novatorlar soni san’atkorlarnikidan kam bo‘lmasa. Qani endi, har yili mamlakat ixtirochilari anjumani o‘tkazilib, ulardan eng munosiblari sharaf shohsupasiga ko‘tarilsa… Orzuga ayb yo‘q.
– Gap ommaviy axborot vositalarining ijtimoiy tafakkurga ta’siriga kelib taqalgan ekan, yana bir o‘ta bahsli mavzuga to‘xtalmasdan iloj yo‘q. U ham bo‘lsa – O‘zbekistonda atom elektrostansiyasining qurilishi mavzusi. Bu mavzu bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda necha bor ayyuhannos ko‘tarildi. Emishki, atom elektrostansiyasi qurilishi mamlakat mustaqilligiga putur yetkazadi, xalqimiz boshiga Chernobil fojiasini soladi va hokazo…
– Ana shunday muhokamalar avj olsa, hamma o‘zicha dono bo‘lib ketadi. Hech kim, bir og‘iz mutaxassislardan so‘raylik-chi, demaydi. Haliyam yaxshi eslayman. Kamina 1998-yili “Tafakkur” jurnaliga bergan intervyumda mamlakatimiz uchun atom elektrostansiyalari (ha, xuddi shunday – bir emas, bir nechta, kerak bo‘lsa, o‘nlab stansiyalar) zarur, degan fikr bildirgan edim. To‘g‘risi, o‘shanda jurnal bosh muharriri ikkovimiz ayyuhannoschilar bu fikrlar uchun bizni “falonquldan pismadonqulga” solishlarini kutgan edik. Ammo biron bir aks sado bo‘lmadi. Chamasi, Feysbukda gapni qiyadiganlar “Tafakkur” degan jurnal borligini ham bilishmaydi. Albatta, atom elektrostansiyasidan xavfsiraydiganlar orasida xolis o‘ylaydigan ahli afkor ham bor. Ammo ular ham qarshi dalil keltirganlari yo‘q. Imkoniyatdan foydalanib, mulohazalarimizni batafsilroq bayon qilaylik. Birinchidan, AES qurilishi mustaqillikning “tagiga suv quyishi”ga biron bir misol yo‘q. Amerika qit’asidagi barcha AESlar AQSh energetiklari tomonidan qurilgan. Jumladan, AQSh bilan munosabatlari doim o‘zgarib turadigan Braziliyada ham. Ammo biror marta Amerika o‘zi qurgan AES orqali u yoki bu davlatga bosim o‘tkazgani haqida ma’lumot yo‘q. Yoki “Росатом”ni olaylik. Bu kompaniya tomonidan xorijiy mamlakatlarda o‘ndan ortiq AES qurilgan. Hozirgi kunda Xitoy va Hindiston kabi yirik mamlakatlardan tashqari Turkiya, Eron, Vengriya, Misr, Bangladesh davlatlarida AES qurishni boshlagan, yana o‘nga yaqin davlat, jumladan, Qozog‘iston bilan kelishuvlar imzolangan.
AES qurilishiga qarshilarning ikkinchi dalili – bunday stansiyaning portlash xavfi bor. Shuni bilishimiz lozimki, AES aslo atom bombasi degani emas. Chernobildagi fojia sababi inson omili bilan bog‘liq (navbatchi muhandis sarxush holatda reaksiyani sekinlashtiradigan murvat o‘rniga tezlashtiradiganini bosib yuborgan). Bunday anqovlik AESda emas, oddiy o‘choqdagi olovdan ham fojia keltirib chiqarishi mumkin. Yaponiyaning Fukusima-1 stansiyasida ro‘y bergan fojiaga esa stansiya qurilishiga joy noto‘g‘ri tanlangani sabab – dengiz ko‘rfazi to‘lqinni kuchaytirib, sunamiga aylantirishi mumkinligi hisobga olinmagan. Zilzila boshlanishi bilan himoya vositalari ishga tushib, reaktorlar to‘xtatilgan ammo suv bosishi falokat keltirib chiqargan. Darvoqe, Fukusima-1 stansiyasidan 10 chaqirim masofadagi Fukusima-2 atom stansiyasi hamon bir maromda ishlab turibdi.
Bu ikki yirik hamda yana bir necha kichikroq avariyalar sababli bugun AES qurilishi va ekspluatatsiyasining xavfsizligi inson qo‘li bilan bunyod etilgan va etiladigan barcha inshootlar xavfsizligidan bir necha marta yuqoriga ko‘tarilgan.
Yana bir kontr-dalil – qurilish sifatiga kafolat yo‘q degan ro‘kach. Birinchidan, AES qurilishi bajaruvchi mamlakatning maxsus nazorat organi tomonidan kuzatib boriladi. Axir, AESning xavfsizligi shu mamlakat obro‘si uchun ham, iqtisodi uchun ham naqadar muhimligi kunday ayon. Ikkinchidan, qurilishning har bir qadami BMTning atom energetikasi bo‘yicha maxsus tashkiloti – MAGATE agentligi tomonidan nazorat qilinadi. Uchinchidan, buyurtmachi qurilish jarayonini istalgancha kuzatish va nazorat qilish, jumladan, kun-u tun ishlaydigan videokameralarga yozib borish imkoniyatiga ega.
O‘zbekistonlik o‘nga yaqin yadrochi fiziklarimiz dunyoning yetakchi yadroviy tadqiqot markazlarida ishlaganlar, ulardan bir nechtasi MAGATE inspektori vazifasini ham bajargan. Atoqli o‘zbek olimi Behzod Yo‘ldoshev mashhur Stenford va Vashington universitetlarida yadro fizikasi bo‘yicha professor bo‘lgan. O‘zbekiston Fanlar akademiyasining 1956-yili tashkil etilgan Yadro fizikasi institutida 1959-yilda yadro reaktori ishga tushirilgan. Bu reaktorning ishlash prinsipi AES reaktoridan katta farq qilmaydi. Shuncha yildan buyon yurtimiz atomchilarining bir necha avlodi reaktorning xavfsizligini ta’minlab, mamlakat fani va iqtisodiyotining yuksalishiga o‘z hissalarini qo‘shib kelmoqda.
Yurtimiz yerosti boyliklari ro‘yxatida uran rudasi salmoqli o‘rin egallaydi. Bu ruda ham tabiiy gaz va ko‘mir kabi bir yoqilg‘i, AES o‘choqlarida yonib elektr energiyasi berishi kerak. Maktabda fizikani tuzukroq o‘qimagan odam xodalar bilan sim tortib kelinsa bas, elektr o‘zi oqib kelaveradi, deb o‘ylaydi. “Atom elektr stansiyasi – bomba!” degan iddao undan ko‘p farq qilmaydi.
O‘zbekistonda AES qurilishi uchun barcha sharoit ham, o‘tkir zarurat ham bor. AES elektr energiyasi ishlab chiqarish barobarida suvni chuchuklashtiruvchi vosita hamdir (Isroilda shu usulda olingan suv iste’mol qilinadi). Shuningdek, AES qurilishi boshlanishining o‘ziyoq mamlakatning xalqaro obro‘sini yuksaltiradi – yurtimiz “Yadro energetikasi klubi”ga a’zo davlatlar safiga kiradi, muhandis kadrlar tarkibida sifat o‘zgarishi yuz beradi, iqtisodiy taraqqiyot uchun ham, ijtimoiy rivojlanish uchun ham mustahkam poydevor yaratiladi. Zotan, yurtimizda gaz va ko‘mir zaxiralari hisobli, suv va shamol energetikasi imkoniyatlari cheklangan, quyosh stansiyalarini ekspluatatsiya qilish akkumulyator va panellarni utilizatsiya qilish muammosini keltirib chiqaradi. AES esa eng arzon va ekologik toza, ayni paytda cheklanmagan miqdorda elektr energiyasi ishlab chiqarishga imkon beradi.
AES mavzusidagi bahslarda muxoliflar shunday argument bilan og‘zingga uradilar: “Avariya yuz bermasligiga kafolat berasizmi?” Aslan to‘g‘ri savol. Unga savol bilan javob berish to‘g‘ri bo‘ladi: “Uchoqlarda uchasizmi? Ularning doimo sog‘-salomat qaytib yerga qo‘nishiga kafolatingiz bormi?” Fizika-matematika bo‘yicha mutaxassis sifatida kafolat beramanki, AESni ekspluatatsiya qilish havo laynerlarini boshqarishdan bir necha chandon oson. Holbuki, yigitlarimiz qiruvchi uchoqlarda murakkab oliy pilotaj figuralarini yasab uchmoqdalar. Ko‘z tegmasin, hozirgacha “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasining parvozlari xavfsizlik bo‘yicha dunyoda eng yuqori o‘rinlardan birini egallab turibdi.
Yaqinda yozuvchi Xayriddin Sulton qalamiga mansub yangi “Osmon-u falaklarda” kitobining taqdimoti bo‘ldi. Kitobdan o‘zbek uchuvchilari haqida uchta hayotiy novella o‘rin olgan (Novella personajlaridan biri hamda kitobda bayon qilingan voqealarning bir necha shohidi taqdimotda hozir edilar). Novellalarning birida o‘zbek uchuvchisi shassilari ochilmay qolgan yo‘lovchi uchog‘ini eson-omon qo‘ndirgani haqida hikoya qilingan. Albatta, bu – aviatsiya tarixida bo‘lib turadigan holat. Novellada so‘zlangan holatda yurtdoshimiz uchoqni shunday qo‘ndirgan ekanki, nafaqat biror yo‘lovchi, hatto uchoq ham, bo‘yog‘i qirilganini aytmasa, umuman ziyon topmagan.
Xullas, ilm-fanga asoslanib ishga kirishmoq kerak, tamom-vassalom. Zamonning talabi shu!
– Aytganlaringiz, keltirgan dalillaringiz kishini sog‘lom mulohazaga undaydi. Hatto yoshlarimizga motivatsiya beradi, deb o‘ylaymiz. Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur, ustoz.
Suhbatdosh: Abdulhamid MUXTOROV
“Jadid” gazetasining 2025-yil 18-iyuldagi 29-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



