29.05.2025 | 12:32
745
“ALDANGAN KUTILGANLIK” LINGVOPOETIKASIGA CHIZGILAR
Har qanday san’at asarida, xususan, badiiy asarda voqeaning ham, undagi lisoniy tasvirning ham kutilmaganligi, favquloddaligi, ohorliligi mutlaqo ayricha ahamiyatga molik, mazkur sifatlarga sohiblik badiiy matn rasoligining azaliy o‘lchovlaridan biri bo‘lib kelgan.
Dunyo tilshunosligida “aldangan kutilganlik effekti” (inglizcha – “defeated expectancy” yoki “amalga oshmagan bashorat” degan hodisa ko‘pdan beri tadqiqotchilar e’tiborida bo‘lib kelmoqda. Mazkur termin dastlab atoqli tilshunos va poetikashunos Roman Yakobson tomonidan fanga olib kirilgan.

O‘zbek tilidagi raso va rango-rang badiiy matnlarda bunday aldangan kutilganlik hodisasining go‘zal namunalari bisyor. Masalan, hassos so‘z san’atkori Cho‘lponning “Kecha va kunduz” romanidan olingan quyidagi parchaga e’tibor qilaylik, undagi sinestetik metafora asosidagi g‘ayriodatiy birikmada voqelangan anomaliya – aldangan kutilganlikning badiiy-estetik salmog‘idan hayrat va huzur tuymaslikning iloji yo‘q: “Hammaning ko‘zi uning og‘ziga tikilgan edi, undan keyin hamma ko‘zlar birdaniga mingboshi tomonga burilib, uning og‘ziga osildilar. Ko‘plar og‘izlari bilan ham tinglardilar”. Tovushning og‘iz bilan emas, quloq bilan tinglanishi barchaga birday ma’lum. Lekin til mantig‘i va jamiyatning anglash taomiliga tamoman ters holda Cho‘lpon buning aksi mazmunida g‘ayriodatiy birikma tuzgan va yangi soliq xabari ta’siridagi hayronlikdan og‘zi ochilib, izoh kutayotgan omi-yu benavo olomonning oniy holatining real rasmini o‘quvchi ko‘zi o‘ngida gavdalantirgan. Og‘iz bilan tinglamoq birikmasi mazmunida voqelangan aldangan kutilganlikni ilg‘amaslikning imkoni yo‘q, shubhasizki, u ekspressiyadan iborat badiiy-estetik maqsadning ro‘yobi uchun xizmat qilgan. Og‘iz bilan so‘z shakli o‘quvchi idrokida yemoq, gapirmoq, tishlamoq kabi so‘zlarni taqozo qilishi, mazkur so‘z shaklini eshitgan o‘quvchi aynan shu so‘zlarni kutishi tabiiy, ammo matnda uning kutishi “aldanadi”, bu holat uning diqqatini matndagi ayni o‘rinda uzoqroq tutishga majbur qiladi. Bu esa “aldangan kutilganlik” sezgisining badiiy-estetik salmog‘iga kuch beradi. Keltirilgan parchadagi “ko‘plar og‘izlari bilan ham tinglardilar” jumlasining ohori, ohangi va tasvir tarangligi ta’minotining tom sinoati aslida ana shu o‘rindagi aldangan kutilganlik hodisasiga ko‘radir.
Aldangan kutilganlik badiiy matnda ayrim so‘z va birliklarning ko‘chma ma’noda, ayniqsa, obrazli ko‘chma ma’noda qo‘llanishida ham o‘ziga xos asos bo‘ladi. O‘tkir so‘z sezgisi sohibi Erkin A’zamning “Shoirning to‘yi” qissasida obrazli ko‘chma ma’noning betakror namunalarini ko‘rish mumkin, masalan: “(Mafkuraxonimning) xushro‘y-xushbichim qiz-juvonlarga talpinishi odamni biroz o‘ylantiradi. Shu rag‘bat sababmikan, Ozod Sharq ayolining rutbasini ko‘tarish bahona, ko‘p xotinni turli-tuman lavozimlarga “ekib tashladi”. Tabiiyki, lavozimlarga tayinlanadi, birikmadagi birinchi so‘zdan keyin o‘quvchining “kutgani” ayni shu tayinlandi so‘zi bo‘ladi, ammo matnda mazkur kutishga teskari o‘laroq ekib tashladi so‘zi qo‘llangan, ya’ni o‘quvchining mo‘ljali “aldangan”, aldangan kutilganlik voqelangan. Ammo lavozimlarga ekib tashladi birikmasidagi ekib tashlamoq so‘zi obrazli ko‘chma ma’noda qo‘llangan, ana shu tarzda zimn-u zamini mustahkam, o‘tkir kinoya boricha bo‘y ko‘rsatgan.
Ma’lumki, boyitmoq so‘zining ma’noviy qamrovida musbat munosabat va mutlaqo ijobiy baho aks etgan. Ammo “Shoirning to‘yi”da bu so‘z salbiy munosabat va mutlaqo manfiy baho ifodachisi sifatida istifoda qilingan (o‘quvchi xunuk xato bilan ifodasi taqozo etadigan boshqa fe’lni, masalan, to‘ldirdi so‘zini kutgan, uning kutishi aldangan!) va undagi kinoyaning zahrini sezmaslik mumkin emas: “Oqsoqol umri mobaynida juda ko‘p xato qilgani ma’lum. Bugun, majlisni yakunlay turib ana shu noxush ro‘yxatni tag‘in bir xunuk xato bilan “boyitdi” desa bo‘ladi”.
Badiiy matnda perifrazalar, ya’ni tasviriy nomlar ishtirok etganda, o‘ziga xos bir tarzda aldangan kutilganlik ham voqelanadi. O‘quvchi diqqati bu nom ostidagi mazmuniy mohiyatga yetish uchun bir on unda to‘xtaladi. Tasviriy nom anglatgan obyekt idrok etilgach, aldangan kutilganlik oydinlashadi va tasviriy nom o‘zining lingvopoetik va stilistik “yuk”ini namoyon qiladi. Bunda ko‘pincha o‘tkir kinoya rosmana bo‘y ko‘rsatadi, Erkin A’zamning “Shoirning to‘yi” asaridan olingan quyidagi parchada guvoh bo‘lish mumkin: “Bu binoning loyihasini Bessarab dashtlarida tug‘ilib, noyob iqtidori bilan “bepoyon o‘lkam”ning poytaxtini zabt etgan, uning qoq yuragida “dunyo yo‘qsillarining dohiysi” maqbarasini ham chizmalab bergan bir me’mor yaratgan. Qolaversa, bu kabi tarixiy obidalarning tamal toshini yengiltaklikni jini suymaydigan, har ishda haybat-u dabdabaga o‘ch mo‘ylovdor dohiyning shaxsan o‘zi qo‘ygan”. Anglashilib turganiday, “bepoyon o‘lkam”, “dunyo yo‘qsillarining dohiysi”, “mo‘ylovdor dohiy” perifrazalari SSSR, Lenin, Stalin nomlarining tasviriy ifodalaridir, ularning qo‘shtirnoq ichida yozilishi esa matndagi kinoyani yanada ta’kidlaydi.
Badiiy tasvir vositalaridan biri bo‘lmish gradatsiyada ham ko‘pincha aldangan kutilganlik kuzatiladi. Masalan, quyidagi parchada buni ko‘rish mumkin: “Ramazonning o‘zi ayniqsa bayram qildi. Muzika boshlanishi hamono o‘rtaga tushib, holdan toyguncha o‘ynadi. O‘yini ham o‘ziga o‘xshagan edi: goh tizzalariga shapatilay-shapatilay davra bo‘ylab kavkazchasiga yo‘rg‘alab ketadi, goh qo‘llarini ikki yonga siljitgancha kiftlarini qimirlatib, “Ha-a, hu-u!” deya qiyqiradi, hayqiradi, sakraydi, irg‘ishlaydi: goh jilmayadi, goh hazilga qovog‘ini uyub oladi: duch kelgan qizni raqsga tortadi, ajabki, u ham nozlanib o‘tirmay peshvoz chiqib boraveradi: qizga qarab kuladi, yig‘laydi, po‘pisa qiladi, yolvoradi: endi mag‘rur, purviqor, keyin yana tushkun, g‘amgusor, yana izhor, iltijo… Chapak, olqishlar… (E.A’zam, “Anoyining jaydari olmasi”). Parchada uchta gradatsiya qatori mavjud bo‘lib, ularning birinchisi – kuladi, yig‘laydi, po‘pisa qiladi, yolvoradi tarzida kelgan. O‘quvchi bu qator oxiridagi yolvoradi so‘zini ko‘rar ekan, uning kutgani aldanganday bo‘ladi, chunki qatordagi ketma-ketlikning mazmunan o‘sib borishi buzilgan, ya’ni mazmunan tushish anglashilgan. Keyingi qatorlarda ham shunday nouyg‘unliklar bor, shunga ko‘ra aldangan kutilganlik seziladi va u tasvirning badiiyligini yanada muntazamlashtiradi.

Aldangan kutilganlik badiiy matndagi an’anaviy emas, balki bevosita muallifning o‘zi yaratgan original o‘xshatishlarida ham voqelanadi. Atoqli adib Xayriddin Sultonning “Bunchalar shirinsan, achchiq hayot” hikoyasidan olingan quyidagi parchani ko‘raylik: “Bu kun ham quyosh xuddi sovqotayotgandek osmonda bir muddat siyqa tanga kabi xira yaltirab, so‘ng pag‘a-pag‘a kulrang bulutlar ostiga kirib ko‘zdan yo‘qoldi”. Bu jumladagi quyosh xuddi sovqotayotgandek o‘xshatishi behad original, hatto g‘ayriodatiy obrazli o‘xshatish, chunki quyosh va sovqotmoq so‘zlari bir-biri bilan qovusha olmaydigan tushunchalarni ifodalaydi, ammo ular matnda o‘xshatishning zaruriy unsurlari sifatida qovushgan. O‘quvchi uchun quyosh so‘zidan keyin sovqotayotgandek so‘z shaklining kelishi, tabiiyki, kutilmagan, uning kutishi aldangan, shuning uchun bu o‘xshatish bir on bo‘lsa-da, o‘quvchi diqqatini g‘ippa ushlaydi. O‘xshatishning mantiqiy-estetik mohiyati va tasviriy kuchi mazkur jumlaning davomidagi tasvir bilan ochiq anglashiladi. Shuni ham aytish kerakki, mazkur hikoyaning nomidagi shirin va achchiq so‘zlari orasidagi antitezaga ko‘ra aldangan kutilganlik voqelanadi. Ana shu tufayli hikoya sarlavhasining o‘zi ham lingvopoetik jihatdan behad rost va rasodir.
Ta’kidlash joizki, tilning qaysi sathida voqelanishidan qat’i nazar, albatta, jiddiy lingvopoetik qimmatga ega. Sintaktik sath doirasida aldangan kutilganlik turli ko‘rinishlarda voqelanadi, bunda, masalan, zidlovchi bog‘lovchilar vositasida shakllangan konstruksiyalar ishtiroki bilan voqelangan aldangan kutilganlik hodisasi ham semantik-stilistik, ham lingvopoetik jihatdan alohida diqqatga sazovor. Ana shunday konstruksiyalar ishtirok etgan jumlalar ayrim tadqiqotchilar tomonidan “aldangan kutilganlik”li gaplar” deb nomlanib, bunday gaplarning og‘zaki nutqda va badiiy adabiyotda juda keng tarqalgani alohida ta’kidlanadi. Aytish mumkinki, zidlovchi bog‘lovchilar, ya’ni matndagi shunday diskursivlar semantikasi izohlashlarda anchayin abstrakt bir tarzda tasavvur qilinsa-da, matnda o‘zining kuchli ta’sirchanlik va badiiyatga daxldor imkoniyatlarini namoyon qiladi.
Albatta, o‘zaro zidlanuvchi, qarama-qarshi turuvchi gaplar yoki sintaktik birliklar o‘rtasidagi mazmuniy-mantiqiy ziddiyat qanchalik keskin, kutilmagan va kuchli bo‘lsa, voqelanayotgan aldangan kutilganlik shunchalik qabariq o‘zini ko‘rsatadi va uning badiiy matndagi badiiy-estetik salmog‘i, lingvopoetik ta’kidi shunchalik sezilarli bo‘ladi. Cho‘lponning “Kecha va kunduz”idagi mana bu jumlaga e’tibor beraylik: “Kulmasdan chidab bo‘lmaydigan maqomlarda u (Razzoq so‘fi) ham kuladi, lekin u kulish – kasal odamning kulishiday og‘ir, bir xil sovuq hazillarday malol keltiruvchi, yolg‘on xushomadlarday ko‘ngilga uruvchi bo‘lardi”. Ko‘rinib turganiday, o‘quvchi rost kulgini kutadi, matnda bunday kulgiga tamoman ters qiyofadagi soxtadan soxta kulgiga ro‘baro‘ bo‘ladi, alaloqibat uning kutishi “aldanadi”, bu yolg‘on kulgining ich-u tashi o‘tkir o‘xshatishlarda betakror bir tarzda gavdalantirilgan.

Ba’zan badiiy matnda kutilganlik to‘g‘ridan to‘g‘ri, ochiq ifodalanadi, undan keyin ayni kutishdan mantiqan kelib chiqishi lozim bo‘lgan voqea sodir bo‘lmaydi, kutish aldanadi. Bunday hollarda aldangan kutilganlik yanada kuchli qabariq poetik ta’kid bilan yukinadi. Masalan, taniqli adib Murod Muhammad Do‘stning “Dasht-u dalalarda” hikoyasidagi quyidagi ikki jumla tarkibidagi lekin va ammo bog‘lovchilari ana shunday ham mantiqiy-semantik, ham poetik-tasviriy aldangan kutilganliklarni ta’kidlab kelgan: “Xadicha bir sidra kiyimini tugun qilib, poygakda qotib turdi, bechora biror sado chiqishini kutdi, lekin Polvon er bo‘lib bir narsa demadi. Xadicha dahlizga chiqib yana birpas turdi, hovliga chiqib hovlida turdi, ilindi, qaytarib olar-ku, dedi, ammo Polvon teskari-to‘ng bo‘lib yotaverdi…”

Aldangan kutilganlik ta’kidi zidlovchi bog‘lovchili qo‘shma gapning ikkinchi qismini zidlovchi bog‘lovchi bilan birga alohida gap maqomida qo‘llaganda ham yanada ta’kid oladi, bunday qo‘llanishlar badiiy matnlarda ko‘p uchraydi. Masalan, Cho‘lponning “Kecha va kunduz”idan olingan quyidagi parchalarda buni ko‘rish mumkin: “Bolasi yo‘qlar bolaga qiziqadi. Lekin bolaning “balo” bo‘lgani ham bor… Mingboshining yer-suvi shu qadar ko‘pki, hisobini o‘zi ham bilmaydi. Lekin Xudo bu sevgili quliga davlatni ikki qo‘llab uzatsa-da, farzand to‘g‘risida biroz o‘ksitib qo‘ygan”.
Ba’zan yozuvchining o‘ziga xos mahorati bilan badiiy matnda birgina zidlovchi bog‘lovchining o‘zi bilan ham bayon qilingan fikrga tamoman zid bo‘lgan voqealar silsilasining jamiga bilvosita ishora qilinishi mumkin. Mohir nosir Erkin A’zamning “Anoyining jaydari olmasi” hikoyasidagi mana bu parchaga e’tibor qilaylik: “O‘tgan hafta tunga yaqin uyimga telefon bo‘ldi… Bir hamshaharimizning tog‘asi vafot etibdi, ertalab chiqarishmoqchi, iloji bo‘lsa, shu gapni jiyaniga yetkazishim kerak ekan. “Bemahalda sizni bezovta qildik-da, og‘ajon, ovora bo‘lasiz-da”, deb qayta-qayta uzr so‘rashdi, “Iloyo bir o‘g‘lingiz o‘nta bo‘lsin, baraka toping”, deya rosa alqashdi. Ishdan qattiq charchab kelgan edim, o‘zimcha mulohaza yuritdim: “Jiyanining uyi shaharning bir chetida! Ertalab chiqarisharkan, bugun borib aytdim nima-yu saharda ishxonasiga telefon qilib qo‘ydim nima – baribir janozaga yetib borolmaydi”. Yetib borolmasligi aniq edi, lekin…” Shundan keyin quyidagicha xatboshi keladi: “Ana shunday, mening uyimda telefon bor! Men ishdan charchab kelaman! Nega bunday, Ramazon? O‘rnimda sen bo‘lganingda nima qilarding?” Qahramonning ana shu o‘y-kechinmalari bilan tanishgach, “lekin”ga yuklangan uning o‘z vaqtida qilmagan ishidan keyincha tasavvurotida tiklangan afsusli yukning salmoqli og‘rig‘i bor bo‘yicha anglanadi, shu birgina bog‘lovchi, yordamchi so‘z deyiladigan unsurning tasvir va ta’sir qamrovining bu qadar kengligidan hayrat va huzur tuyasiz, mustaqil ma’no tashimaydi deb qaraladigan so‘zchaning “Kichkina demang bizni… ” deyayotganini eshitganday bo‘lasiz.
Cho‘lponning “Kecha va kunduz”ida shu “kichkina” so‘z mana bu tarzda kattaygan, “semirgan”: “Odatda onaning ko‘ngli yumshoq bo‘ladi. Zebining onasi – Qurvonbibi Saltidan haligi chaqiriqni eshitgandan keyin darhol rozilik berdi:
– Mayli, o‘ynab, yozilib kelinglar. Qish ichi yuraklaring g‘ash bo‘lgandir… Yosh narsalar, – dedi. Zebi onasining beradigan javobini ilgaridan bilardi. Bu ona qizining saodatidan boshqa narsani bilmaydirgan onalardan edi. Dunyoda qanday yaxshilik va xayriyatlik bo‘lsa, hammasini shu birgina qizi uchun istar va orzu qilardi. Lekin…”
Onaning rozilik so‘zlariga bu birgina “lekin” elchib kelganidan, bechora qizlar sevinish to‘lqinlarini yana bir qur ko‘tarishga fursat topolmadilar.
Hamma jim qoldi. Har kim o‘z oldida bir narsa topib shunga ko‘z tikkan va u narsada Zebi – o‘z otasini, Qurvonbibi – o‘z erini, Salti – qovog‘idan doim qor yog‘ib turgan sovuq bir so‘fini ko‘rardi.
Zebining onasi Qurvonbibining qizi va Saltining o‘ynab-yozilib kelishi uchun rozilik so‘zlarining lekin bilan tugashi qizlarni birdan sergaklanishga majbur qiladi, bu lekinning alohida tugallanmagan gap maqomida turishida qo‘rqinchli mazmun mujassam. Onaning so‘zlariga elchib (ergashib) kelgan birgina “lekin” so‘zi endi yordamchi so‘z emas, balki tamoman mustaqil va “mustahkam” so‘z sifatida ko‘p mazmunlarni o‘zida jamlaydi.
Badiiy matnda ba’zan aldangan kutilganlikli gaplar ikki gapga ajratiladi va zidlovchi bog‘lovchi ikkinchi gapning boshida emas, balki oxirida joylashtiriladi. Bunday hollarda zidlashtirish, qarshilantirish mazmuni yanada keskin, kuchaygan holda ifodalanadi, ayni paytda aldangan kutilganlik effekti ham kuchli poetik ta’kid oladi. Quyidagi parchalarda bu holatni ko‘rish mumkin: “– Ha, mayli, surishtir! Sudrama lekin! Ha!.. Mingboshi shu joyda o‘zining Miryoqubga e’timodini ko‘rsatmoq uchun uning yelkasiga urib-urib qo‘ydi” (Cho‘lpon “Kecha va kunduz”).
Og‘zaki nutqda ammo va lekin zidlovchi bog‘lovchilari birgalikda juft holda ham qo‘llanadi, bunda zidlash, qarshilantirish munosabatlari yana ham kuchli va qabariq tarzda o‘z ifodasini topadi. Badiiy matnda bunday holatlar alohida lingvopoetik qimmat kasb etishi tabiiy. Cho‘lponning “Kecha va kunduz”ida bunga guvoh bo‘lish mumkin: “Yotig‘i bilan ayt: mayli endi, vaqtini choq qilib yursa yura tursin, ammo-lekin haddini bilsin, haddini…”
Umuman, aytish joizki, badiiy matnlarda aldangan kutilganlik hodisasi favqulodda muhim lingvopoetik qimmatga ega, uning, tabiiyki, xilma-xil namoyon bo‘lish ko‘rinishlari va vositalari mavjud. Ularni atroflicha tadqiq va tahlil qilish juda ko‘plab diqqatga sazovor lingvopoetik xulosalar chiqarishga imkon beradi.
Nizomiddin MAHMUDOV,
filologiya fanlari doktori, professor
“Jadid” gazetasining 2025-yil 23-maydagi 21-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596

