01.04.2025 | 09:13
618
ZAMONA KINOSIGA CHIZGILAR
Ikrom Bo‘riboyevning “Ketdik, kinoga tushamiz!” sarlavhali maqolasini o‘qib
Kino – shubhasiz, san’atlar ichida eng qudratlisi, chunki u bir vaqtning o‘zida millionlab insonlar tafakkuriga ta’sir etish imkoniga ega. Bugungi tezkor, global dunyoda xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod ongini turli mafkuraviy tahdid-u buhronlardan himoya qilish, ularni ruhan va ma’nan barkamol avlod qilib tarbiyalash, shuningdek, boy o‘tmishimiz, asriy qadriyatlarimizni jahonga ko‘rsatishda kino san’ati hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Xo‘sh, bugun o‘zbek kinematografiyasi ushbu missiyalarni qay darajada uddalayapti? “Jadid” gazetasining joriy yil 28-fevraldagi sonida chop qilingan “Ketdik, kinoga tushamiz!” maqolasida ayni savollarga javob izlanadi, maqola statistik ma’lumotlar, chuqur tahliliy kuzatuvlarga asoslangani, kino san’atining jamiyat hayotidagi o‘rni va roli har taraflama ochib berilgani bilan e’tiborni tortadi.

Muallif dastlab keyingi yillarda mamlakatimizda kino san’atiga qaratilayotgan e’tibor xususida to‘xtalar ekan, sohaga doir o‘nlab qaror va farmonlar qabul qilinganini qayd etadi. Shuningdek, qariyb chorak asrlik tanaffusdan so‘ng Toshkent xalqaro kinofestivali qayta tiklangani, “Oltin Humo” milliy filmlarni taqdirlash marosimi o‘tkazilayotgani, “O‘zbekfilm” binosi ta’mirdan chiqarilgani, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kino san’ati saroyi tashkil etilgani, “Tirik tarix” dasturining ishga tushirilgani, atoqli kino arboblarining yubiley sanalari nishonlanayotgani singari muhim islohotlarni ta’kidlaydi.
Darhaqiqat, so‘nggi yillarda kino san’atiga hukumatimizning g‘amxo‘rlig-u xayrixohligi har qachongidan-da ortdi, ayni jarayonda shaxsan davlatimiz rahbarining o‘zi tashabbuskor bo‘layotgani soha mutasaddilari zimmasidagi mas’uliyatni ikki hissa oshiradi. Maqoladagi fakt va dalillarni takrorlash fikridan yiroqmiz. Ammo muallif keltirgan misollarning jonli guvohi bo‘lgan mutaxassis o‘laroq mulohazalarimizni aytmasak, insofdan bo‘lmas. Bir vaqtlar “shpaklyovka” maskaniga aylangan “O‘zbekfilm” binosi va unga yondosh hudud bugun qay darajada obod bo‘lganini hammamiz ko‘rib turibmiz. Bu dargohga borsangiz, o‘zgarishlardan ko‘zingiz quvnaydi, bamisoli kino shaharchasiga tushib qolgandek bo‘lasiz. Atrof-javonibi xiyobonga aylangan, bir yoqda zamonaviy talablar darajasida barpo etilgan “Renessans” kino uyi, bir yoqda Butunrossiya kinematografiya instituti filiali va boshqa binolar jamlangan hududni kezsangiz, rosmana kinomuhitni his qilasiz. Muhimi, “O‘zbekfilm”da jarayon qizg‘in, kino otashi lovullab turibdi, mayli, baland-u past, yutug‘-u qusurli bo‘lsin, asosiysi izlanish bor. Quvonarlisi, kinoga qiziquvchi, kinoni qismat bilguvchi yoshlar ko‘paygan, ular kelajakda o‘zbek kinosini jahon ekranlariga olib chiqishni, abadiyatga daxldor filmlar yaratishni orzu qilishadi. Alqissa, ardoqli shoirimiz Muhammad Yusufning “O‘zbekfilm” sha’niga bitgan tanqidiy she’riga to‘la javob beradigan vaqt allaqachon kelgan.
Katta avlod vakillari o‘tgan asrning ikkinchi yarmida o‘tkazilgan Toshkent xalqaro kinofestivalining dovrug‘ini yaxshi eslashadi. Poytaxtimiz Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlarining nufuzli kinoizdihomiga mezbonlik qilar, dunyoning manaman degan kinoijodkorlari mamlakatimizga tashrif buyurar edi. Taassufki, shunday katta festival ancha yillardan beri to‘xtab qolgan edi. 2021-yil Prezidentimiz tashabbusi bilan kinofestival qayta tiklandi va o‘tgan yillar davomida uch marotaba yuqori saviyada tashkil etildi. “Ipak yo‘li durdonasi” nomli xalqaro festival mag‘rib-u mashriqni birlashtirib, jahonning ne-ne kinoyulduzlariga bag‘rini ochdi, turli millatlarning yuzlab filmlari namoyish etildi. Bu sa’y-harakatlarning bo‘layotgani yaxshi, zotan, bugun insonning qalb-u shuuri, ruhiyatiga tez va chuqur ta’sir etish, millatning o‘zligi, qiyofasi (imiji), ruhiyati, ma’naviy tutumlari, asriy kechmishlarini dunyoyi dunga namoyish etishda kinochalik qudratli vosita yo‘q hisobi. Basharti shunday bo‘lgach, uzoq yillik tanaffusdan so‘ng ko‘hna kentimizda bunday olamshumul festivalning o‘tkazilishini har qancha alqasak, arziydi.
Shu o‘rinda 2023-yilgi kinofestival doirasida yuz bergan bir voqeani eslab o‘tsak. Mamlakatimizga serbiyalik mashhur kinorejissyor, ko‘plab xalqaro kinomukofotlar sovrindori Emir Kusturitsa tashrif buyuradi. Aytishlaricha, Toshkentga ilk bor kelgan jahongashta rejissyor poytaxtimizdagi bunyodkorlik ishlarini ko‘rib, hayratga tushibdi va Toshkent Parij-u Dubaydan ham zo‘r ekan, degan xulosaga kelibdi. “Vaholanki, Emir Kusturitsa shaxsini bilgan insonlar yaxshi anglashadiki, u insonni yolg‘on yoxud “paxta qo‘yib” gapirishga dunyodagi hech qanaqa pul, hech qanday iltifot ham majbur qilolmaydi”, deb yozadi o‘zbekistonlik kinorejissyor Muzaffarxon Erkinov Facebook sahifasida. Bundan xulosa qilsa bo‘ladiki, kinofestival mamlakatimizning turistik salohiyatini oshirishga ham xizmat qilishi mumkin ekan. Axir katta auditoriyaga ega bo‘lgan birgina shaxsning e’tirofi sabab minglab sayyohlar O‘zbekistonga kelishi hech gap emas!
Maqolada kino san’ati turli rakurslardan tahlil qilinadi, har bir fikrni isbotlash uchun aniq statistik ma’lumotlar keltiriladi. Xususan, muallifning kinematografiyani ommalashtirish va targ‘ib qilishda kinoteatrlar, televideniye va internet imkoniyatlaridan samarali foydalanish haqidagi mulohazalari e’tiborimni tortdi.
Kinoni katta ekranda, kinoteatrda tomosha qilishning zavqi bo‘lak. Chunki mahobatli ekranda filmning butun jozibasi – tasviriy go‘zalligi, vizual ifodasi, voqealar muhiti, koloriti, aktyorlarning emotsional holatigacha barini his qilish, yurakdan kechirish mumkin. Katta ekranda hamma narsa tabiiydek tuyuladi: siz shamolning quturishi, bo‘ronning uvullashi, suvning jildirashi, qushlarning chug‘uri, otlarning kishnashini baayni real hayotdagidek tinglaysiz, vujudingizdagi sezgilar harakatga keladi. Shunday ekan, imkon topib, kinoteatrlarga tushib turish kerak.
Xo‘sh, bugun respublikamizdagi kinoteatrlarning ahvoli qay darajada? Ular biz ta’riflagan hodisalarni tomoshabinga yetkazishga qodirmi? Ikrom Bo‘riboyev Kinematografiya agentligi taqdim etgan ma’lumotlarga tayanib, mavjud kinoteatrlarning holatini tahlil qiladi. Ma’lum bo‘lishicha, hududi jihatidan ikkita katta mintaqa – Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent viloyatida birorta kinoteatr yo‘q ekan! Demak, bu hududlarda yashovchi aholi filmni katta ekranda ko‘rishdek takrorlanmas estetik zavqdan benasib qolmoqda… Kinoteatrlarga tashrif buyuruvchilar sonini oshirish uchun nima qilish kerak? Fikrimizcha, bu borada reklama va marketing tizimini yanada kuchaytirish lozim. Yurtimiz kinoteatrlarida namoyish etilayotgan filmlarni turli media vositalar orqali keng targ‘ib qilish, markaziy ko‘chalardagi reklama peshlavhalaridan samarali foydalanish darkor. Hozir kinoseanslar haqida afisha.uz sayti muntazam ma’lumot berib boradi. Shuningdek, agentlik tizimidagi tashkilotlarning telegram kanallarida ham xabarlar mavjud. Ammo bu kanallarning auditoriyasi katta emas. Nazarimizda, kinoteatrlar faoliyatini yirik o‘zanlar orqali targ‘ib qilish, faol blogerlar bilan hamkorlik qilish zarur.
Muallifning bugungi mediadunyoda kinematografiyani ommalashtirish, sara filmlarni xalqqa yetkazishda internet imkoniyatlaridan oqilona foydalanish haqidagi mulohazalari ham e’tiborga molik. Zotan, bugun hayotimizni internetsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi, virtual makon turmushimizning ajralmas uzviga aylangan. Shunday sharoitda yaxshi kinoasarlarni ijtimoiy tarmoqlar, platformalarga joylashtirish g‘oyat zarur ahamiyat kasb etadi. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham dunyodagi eng ommabop 10 ta internet platformasiga milliy filmlarni joylashtirish vazifasi belgilangan. Afsuski, hozircha milliy filmlarimizning internetdagi targ‘iboti bo‘yicha ham maqtana olmaymiz. Maqolada keltirilgan ayrim raqamlar bunga misol.
Qolaversa, o‘zbek kinosini televideniye orqali targ‘ib qilishga doir fikrlarga ham to‘la qo‘shilamiz. Davlat va nodavlat telekanallarida filmlar tahliliga bag‘ishlangan, kino san’ati yangiliklarini muntazam yoritib boruvchi ko‘rsatuvlarning soni va sifatini yaxshilash kerak. Xalqimizga yaxshi filmlarning yutug‘ini, saviyasiz kartinalarning kamchiligini ro‘yi rost ko‘rsatib beradigan ko‘rsatuvlarga ehtiyoj katta.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, “Ketdik, kinoga tushamiz” maqolasi o‘zbek kinosining tarixi, zamonaviy jarayonlari, sohadagi muammolar va istiqbol masalalarini ochib beruvchi yaxshi bir tadqiqot bo‘ldi. Muallif tomonidan bildirilgan fikrlar, taklif va tavsiyalar mutasaddilar, kinoijodkorlar tomonidan inobatga olinsa, bu faqat milliy kinematografiyamizning rivoji uchun xizmat qilgan bo‘lar edi.
Shohrux ABDURASULOV,
O‘zR FA San’atshunoslik instituti katta ilmiy xodimi,
san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori
“Jadid” gazetasining 2025-yil 21-martdagi 12-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
78
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
595
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
593



