Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 12°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


13.04.2024 | 14:28

img699

AYOL SURATIGA CHIZGILAR

Ayol kim, uning nafosati, jozibasi, go‘zalligi qanday mezonlar asosida baholanadi? Bu sifatlar faqat ularning tashqi ko‘rinishi bilan belgilanadimi? Albatta, yo‘q. Ayollik tarovati avvalo, uning ma’naviyati, ichki dunyosi, go‘zal ruhiyati, xulq-atvori va axloqining to‘kisligi bilan o‘lchanadi. Xo‘sh, shu ma’noda, o‘zbek ayolining kechagi va bugungi qiyofasi qay ko‘rinishda?  Ma’lumki, qadimdan Sharq ayoli o‘zini tutishidan tortib, husn-u jamoli-yu, aql-u kamoli bilan o‘zga xalqlarni hayratga solib kelgan. Gerodotning “Tarix” asarida tarannum etilgan massagetlar malikasi To‘marisning jasorati, Klavixo kundaliklarida tilga olingan temuriy malikalar shaxsiyatidagi ulug‘vorlik dunyo ahlini hayrat va hayajonga solgan. Ular momolarimizga xos bo‘lgan aslzodalik, axloqiy va ma’naviy poklik sirini bilishga urinishgan. Tarixning guvohlik berishicha, jahonda ayollar orasidan taniqli hukmdorlar, dono maslahatgo‘ylar, fozila, olima, shoiralar va san’at vakillari yetishib chiqqan. Ayniqsa, Sharq mamlakatlari tarixida ular ko‘pchilikni tashkil qiladi. Temuriylar sulolasiga mansub bo‘lgan Saroy Mulkxonim, Gavharshodbegim, Shodmulk Xotun, Xadichabegim, Xonzodabegim, Gulbadanbegim kabi malikalarning ibratli hayoti bunga yaqqol dalildir. Xususan, Saroy Mulkxonim aql-zakovat, yuksak idrok, did-farosat bobida benazir bo‘lgani bois “Bibixonim”, ya’ni “katta xonim” degan e’zozga musharraf bo‘lgan. U o‘z davrida qudratli saltanatning siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotida faol ishtirok eta­digan, saltanat ishlarida buyuk sohibqiron bobomizning dono mas­lahatgo‘yi bo‘lgan bag‘rikeng, donishmand va oqila ayol sifatida nom qozongan. Amir Temur saroyida joriy qilin­gan tartibga ko‘ra, chet ellik elchilarni qabul qilish chog‘ida hukmdorning xotinlari ham qatnashganlar. Ispa­niyalik mashhur tarixchi Gonsales de Klavixo ham ana shunday tantanali marosimda Amir Temurning yonida Saroy Mulkxonim boshliq ayollar ham ishtirok etgani haqida yozib qoldirgan.  Qadimdan xalqimizda ayollar or-nomus timsoli sanalgan. Hech kim o‘z onasi, ayoli yoki singlisini og‘iz to‘ldirib maqtamagan. Ehtimol, Alisher Navoiy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Muhammad Xorazmiy, Mahmud Zamaxshariy kabi ulug‘ mutafakkirlarning onalari haqida bizgacha juda kam ma’lumot yetib kelganining boisi ham shundadir. Ammo ularning volidalari yuksak fazilatlar va ilm-u odob sohibasi bo‘lishganiga shak-shubha yo‘q. Aks holda, xalqimiz orasidan bu kabi daholar yetishib chiqmasdi. Alisher Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” asarida yuksak kamolot sohiblari orasida bir qancha ayollarning nomlari ham tilga olingan. Xullas, biz o‘zbek ayollarining ichki va tashqi qiyofasini ularning millat tarbiyasi yo‘lidagi buyuk xizmatlari orqali yaxshi taniy­miz. Bu haqda o‘ylaganimizda ko‘z o‘ngimizda o‘zligini anglagan, Haqni tanigan, g‘ururli, jasur, aql-zakovatda tengsiz zukko Ayol siymosi namoyon bo‘ladi. Ayol – millat tarbiyachisi. Qaysi ijodkorning bolalik xotiralari yoxud tarjimai holini varaqlamaylik, albatta, vaqtida onasining ertaklar o‘qib bergani, xalq qo‘shiqlarini maroq bilan xirgoyi qilgani, Alisher Navoiy va Mashrabning g‘azallarini yoddan bilganiga guvoh bo‘lamiz. Zotan, jismonan, ma’nan, ruhan yetuk farzandlar tarbiyalash – ayol­ning eng ulkan, olijanob vazifasi hisoblanadi.  Ajdodlarimiz hech bir zamonda savodsiz, omi bo‘lishmagan. Biroq sobiq Ittifoq davrida o‘zbek ayolining qoloqligi, uning oila ishiga o‘ralashib qolgani, jamiyatdagi muammolarga aqli yetmasligi, zamonaviy ilmlardan bexabarligi yoki oilada huquqsizligi haqida asossiz bong urildi. Shu bahona bilan ayollarni “ochiqqa chiqarish”ga zo‘r berildi. Biroq sho‘rolar nozik jins vakillarini o‘qitish, zavod, fab­rikalarga ishga joylashti­rish orqali ularni og‘ir mehnatga jalb qilishni ko‘zlagan edi. Oqibatda ayollar azon­dan kechgacha dalada tinim bilmay ishlaydigan, korxonalarda beli bukchayib og‘ir yumushlarni bajaradigan ishchi kuchiga aylantirildi. Shu maqsadda traktor va mashina ruliga o‘tirgan, qoramoyga belanib mehnat qilgan xotin-qiz­lar qahramon darajasiga olib chiqildi. O‘sha davrlarda tug‘ruq ta’tili atigi qirq kundan iborat bo‘lgani, sho‘rlik ayol­lar beshikdagi bolasi bilan paxta dalasida ter to‘kishga majbur etilgani, minglab norasida go‘daklar paxtazorlarda voyaga yetgani ham achchiq haqiqat. Sobiq tuzumga ko‘proq “qora ishchi”lar kerak edi. Shu bois ayollar ko‘proq bola tug‘ishga da’vat etilib, serfarzand onalar “Qahramon ona” unvoni bilan siylandi. Buning oqibatida qanchadan qancha ayol­lar va norasida go‘daklar nobud bo‘lgani, ruhan va jismonan majruh bo‘lib qolgani ham bor gap. Yaxshiki, o‘sha ayanchli kunlar allaqachon o‘tmishga aylandi. Bugun jamiyatda ayolga, onaga munosabat, e’tibor butunlay o‘zgargan. Lekin hali bu borada ham ayrim muammolar saqlanib qola­yot­ganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Ba’zi ayollarning o‘z o‘rnini, qad­rini, vazifasini bilmasligi ortidan oilada muvozanat buzilishi kuzatilmoqda. Aksariyat hollarda, ayol oilada barcha mas’uliyatni o‘z zimmasiga olayapti. Erining mas’uliyatsizligi, tanballigi oqibatida far­zandlarini boqish, uy-joyli qilish taraddudida chet ellarga ishlashga ketayotganlar onalar ham talaygina. Ayol nafaqat o‘z huquqini, balki qadr-qimmatini, zimmasidagi vazifasini ham bilishi zarur. U birinchi navbatda millatning kelajagi uchun mas’uldir. Bu vazifa – ayol uchun kamsitish emas, balki sharafdir. Xalqimizda: “Qush uyasida ko‘r­ganini qiladi”, degan naql bor. Bola nafaqat oilasida ko‘rgani­dan, balki tomirida oqayotgan qoni va irsiyatidan ham “tarbiya oladi”, shaxs sifatida shakllanadi. Bugun butun dunyo­da ayollar­ning jamiyatdagi o‘rni, ularning ijtimoiy hayotdagi mavqei borasida turli bahs-munozaralar davom etmoqda. Ularning ta’lim olishi va boshqa haq-huquqlarini ta’minlash haqida qayg‘urilyapti. Shu o‘rinda bir narsani ta’kidlash lozimki, ayol­ni tarbiyalash, uning maqomi va hurmatini jo­yiga qo‘yish va zarur sharoitlar yaratib berish orqali millatni tarbiyalash mumkin. Atoqli ma’rifatparvar Abdurauf Fitrat “Oila” kitobida: “Dunyoviy ishlarni bajarishda erkak va ayol o‘rtasida umuman farq bo‘lmaydi. Va agarda ona sog‘liqni saqlash va bolalar tarbiyasidan ogoh bo‘lmasa, bu qoidalarni bajara olmaydi. Bu johillik va nodonlikning natijasida mamlakatimiz bolalarining yarmi­dan ko‘prog‘i nobud bo‘ladilar, qolganlari esa axloqi yomon va ishyoq­mas bo‘ladilar”, deya ta’kidlagani bejiz emas… Chindan ham, bizning momolarimiz ulug‘ ayollar edi. Xo‘sh, bugungi ayollarimizning ma’naviy qiyofasi qanday? Nahotki, ha­shamga o‘chlik, gap-gashtak, to‘y-­tantanalar, sarpo-suruq yig‘ish poy­gasi ular hayotining mazmuniga aylanib qolgan bo‘lsa? Yoki bolasining tarbiyasi bilan shug‘ullanish o‘rniga erta-yu kech ijtimoiy tarmoq­lardan bo‘shamaydigan, o‘zi­ga oro berish­dan charchamaydigan ayollar bilan maqtanamizmi?

Xullas, o‘ylantiradigan savollar bisyor. Nima bo‘lganda ham, barcha xotin-qizlar bepul ta’lim bilan qamrab olingan, davlat va jamiyat ularga juda katta umid va ishonch bilan qarayotgan hozirgi davrda har bir ayolning ma’naviy qiyofasi to‘kis va mukammal bo‘lishi kerak. 

Muyassar IBROHIMOVA

“Jadid” gazetasi 2024-yil 8 -mart 11-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img77

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img594

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img591