Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


20.01.2025 | 17:02

img669

Aleksey Dudarevning “Chiqindixona” pyesasidan iqtiboslar

Mazkur asar qadriyatlar, jamiyat muammolari va insoniylikni belgilaydigan omillar haqidagi mulohazalarni ilgari suradi.

Ey, Xudoning qarg‘ish urgan bandalari-i!.. Turingla-a-ar!.. Qavminglar rahnamosi keldi, yuvuqsizla-a-ar!.. Qiyomat-qoyim yaqinlashyapti, senlar yotibsanlar…

Ey, dunyoning tashvishlari, dunyoning tashvishlari… Bandalari shu qadar qabihlashib, shu qadar ilonning yog‘ini yalaganki, ularning hiyla-nayranglarini eslab qolishga ilohning ham aqli qisqalik qiladi!

Beozorliging chin dildanmas, indamasliging tilsizlikdanmas, bo‘ysunishing taqdirga tan berishdanmas!

Otam aytuvdi-ya: “Bolaginam, o‘sha yorug‘ olamga ikkinchi marta qaytib borma. Birinchi gal yog‘ochga mixlashdi, tag‘in borsang yo osishadi, yo jinnixonaga tiqishadi”, deb!

Bir paytlar olam yo‘q edi. Hozirgi bemazagarchiliklar ham yo‘q edi. Koinotda osudalik va o‘zaro muvofiqlik hukmron. Shunda tabiat kechirib bo‘lmas xatoga yo‘l qo‘ydi: ikkita yulduz “shar-raq” etib to‘qnashib ketdi, onasini hurmat qilay! Elektr, gamma, beta! Keyin nima bo‘ldi? Kosmik Chernobl bo‘ldi! Koinotda daydib yurgan qandaydir zarra bilan Ilohiy Ruh birlashdi! Ana undan keyin o‘sha zarrada aynish boshlandi! Chiridi! Yiring bosdi! Po‘panak qopladi! Yillar o‘taverdi. Milliard yillar o‘tib mikrob paydo bo‘ldi. Maysalar o‘sa boshladi, baliq va turli gazandalar, hayvon va odam… shohlar va qullar, odillar va zolimlar, donolaru nodonlar yaraldi! Dunyo keng, zarralar ko‘p – bir-birini g‘ajib kun ko‘raverishdi! Mana, o‘sha chirigan zarraning bir bo‘lagi mening yonimda turibdi.

Menga qara, ho‘, ziyolivachcha! Senlarni bitta qo‘ymay yig‘ishtirib, hojatxonaga cho‘ktirish kerak! Sotqinlar hamma zamonlarda ziyolilardan chiqqan!

Xo‘sh, ishlaring qalay?.. Joyida, de… Ishingni o‘zgartirdingmi?.. Kim-kim?.. Yo qudratingdan!.. Bunaqaligini bilganimda ajrashmasdim…

Bir paytlar bu yer qishloq bo‘lgan ekan, nimadir qurmoqchi bo‘lib buzib tashlashibdi. Keyin nima qurmoqchiligi eslaridan chiqib qopti. Shunday qilib, bu yer quling o‘rgilsin axlatxona bo‘p qolgan. Har kuni shahardan mashina-mashina axlat olib kelib, ustimizdan to‘kishadi. Ana, deraza bo‘yi bo‘p qoldi… Iya, hamma qulaylik axlatxonada bo‘ladi-da! Bu yerda odamning jonidan boshqa nima desang topiladi…

Inson erkin bo‘lmog‘i kerak! Gapirmoqchimisan – gapir, baqirmoqchimisan – baqir, jim o‘tirmoqchimisan – jim o‘tir!

Bizning jamiyatimizda hech kim, hech qachon och qolmaydi! Yo‘l qo‘ymaymiz! Yo‘q, agar boshqa bir sababdan o‘lmoqchi bo‘lsa, xalaqit ham bermaymiz.

Erk – bebaho boylik, men senga aytsam. Odam esa faqat yolg‘izlikdagina erkin bo‘la oladi. Ikkita, uchta, yuzta, mingta, millionta bo‘ldimi – tamom, erking bilan xayrlashaver. Biz bu dunyoga yakka-yakka kelganmiz, yakka-yakka ketamiz. Qara, odamlar bir joyga to‘planib olib, bir-birining go‘shtini g‘ajib yotibdi. Aka uka bilan, qabila qabila bilan, bir xalq boshqasi bilan, hammasi birlashib esa Xudo bilan jang qilishyapti! Faqat tarqoqlikkina odamlarni birlashtiradi!

Hali tug‘ilib ulgurmasingdan butun dunyodan qarzdorsan! Ota-onangdan, qarindosh-urug‘ingdan, yeringdan, uyingdan. U yog‘i bundan ham battar: xotiningdan, farzandlaringdan, do‘stlaringdan! Dunyoga kelib ko‘zingni ochasan-u, tepangda qarzini so‘rab turganlarni ko‘rasan! Chunki ular seni dunyoga keltirgan, yedirgan-ichirgan, tarbiyalagan, kiyintirgan! Va bu bilan seni qulga aylantirishgan!

Ey, xudo! Bu erkaklar namuncha maydalashib ketmasa-ya! Nimaga yaraysizlar o‘zi, nimaga? Safsata sotish, ichish, mushtlashish – bo‘ldi, qo‘llaringdan boshqa hech nima kelmaydi!

Odamning o‘ziga o‘zi o‘xshab yashashi qanchalik huzurbaxsh ekanini bilsang edi!

Urushdan keyin tug‘ilish nimaligini bilasanmi o‘zing?! Ular peshanasida sho‘ri bilan tug‘iladi!.. Qo‘rqmay yashashning faqat bitta yo‘li bor, deb o‘yladim. Uyam bo‘lsa – mansab, amal! Amal pillapoyasining mumkin qadar teparog‘iga chiqmoqchi bo‘ldim. Shunda boshqa qo‘rqoqlar ustidan hukmimni o‘tkazaman, deb o‘yladim! Lekin, olmoqning bermog‘i bor, hamma narsa uchun haqini to‘lashing kerak ekan. Shon-shuhrat uchun talant bilan, to‘kin-sochin hayot uchun mashaqqatli mehnat bilan… to‘lash kerak ekan.

Nima ish qilaman? Qo‘limdan nima keladi? Egilib-bukilish va tirjayish keladi, xolos! Rahbarlarning ko‘nglini olish keladi! Tariqcha ma’no bo‘lmasayam chiroyli gapirish keladi! Bular mening qon-qonimga singib ketgan, Vita! Rost gapirishga tanamdagi har bir hujayra qarshilik ko‘rsatadi!

Qiziq, nega endi odamzod boshiga kulfat tushgandagina Xudoni eslab qoladi? Sog‘-salomat, o‘ynab-kulib yurganida emas?

Ey, Xudo! Agar rostdan ham bor bo‘lsang shunday qilginki, manavining ichidan yo pul, yo oltin chiqsin!

Odamzod uchun onadan boshqa muqaddas zot yo‘q… Faqat ona – tamom!

Hamma yaxshi odamlar yig‘lashni xush ko‘rishadi… Yig‘lolmaydiganlar yaxshi odam bo‘lmaydi… Agar hamma yaxshi odamlar bir joyga yig‘ilib, oyda bir marta yig‘lab turishsa, dunyo hozirgidan pokroq bo‘lardi… Nega endi kulgi kuni bor-u, yig‘i kuni yo‘q? Hamma bir vaqtda, baravariga yig‘laydigan kun bo‘lishi kerak…

Bir kuni qaynonam, muchalim nima ekan, deb qiziqib qoldi. Hisoblab ko‘rsam, ilon chiqdi. “Ilon ekansiz” devdim, o‘z-o‘zidan mendan xafa bo‘p o‘tiribdi. Men aytdim, xafa bo‘lmang, dedim, yoshsiz – ilonsiz, xudo xohlasa o‘n yillardan keyin ajdar bo‘p ketasiz, desam men bilan umuman gaplashmay qo‘ydi. Shu insofdanmi?..

O‘likni ko‘mishayotganda sira e’tibor qilganmisan: odamlar tobutni ko‘tarib shoshilishadi. Tobutni lapanglatib o‘zlaridan-o‘zlari chopib ketishadi. Go‘rga qo‘yganidan ke­yin belkuraklarni talashib-tortishib, shosha-pisha tuproq tashlashadi. Bo‘lmasam ularni hech kim shoshiltirayotgani yo‘q. Ko‘mib bo‘lib, yengil tortishadi. Bo‘lmasam-chi! Axir bitta odam kamaydi, dunyo kengayib qoldi!

Nimaga duch kelgan joyga burunlaringni tiqasanlar? A? Qayerda qon, g‘am, kulfat bo‘lsa o‘sha yerni titkilaysanlar! Nega? Odam qanday xohlasa, shunday yashaydi. Qo‘lidan kelgunicha, kuchi yetgunicha, bildingmi? Senlar uni bir qolipga solmoqchi bo‘lasanlar! O‘z holiga qo‘y, tinchgina yashasin, axir!!!

Biz o‘tib ketamiz, bolalarimiz-nevaralarimiz qarib-qartayganida yig‘i kuni keladi… Ayolu erkak, kattayu kichik, yoshu qari yilda bir marta bo‘lsayam ko‘zlari yig‘idan qizarib yuradi! Odamlar ko‘z yoshlaridan uyalmaydigan bo‘ladi! Uchrashganda yig‘lashadi, xayrlashganda yig‘lashadi, sevgidan, yorug‘likdan, o‘tmishdan, kelajakdan yig‘lashadi… Shunday kun keladi…

Boshlig‘imizning o‘g‘li yoshligida juda sho‘x bo‘lgan ekan… Biror nojo‘ya ish qilib qo‘ysa, otasi Rublyovning bir suratining oldiga oborib, “Qara, ahmoq, go‘zallik insonni odamiy qiladi”, deb tikka qilib qo‘yar ekan… Bola bechora hayoti davomida yigirma yilcha tik turib rasm tomosha qilgandir!.. Buyam tarbiya-da… O‘sha bola katta bo‘lganidan keyin muzeylardan rasm o‘g‘irlaydigan mutaxassis bo‘lib yetishdi…

Ona Vatan uchun hech kim ortiqcha emas! Shuning uchun hamma normal hayotga qaytishi kerak! Kim shu yerlik bo‘lsa – ishga joylashsin, boshqa yoqlardan kelgan bo‘lsa – uy-uyiga jo‘nasin.

Allo, allo… Iltimos, buvimni ulab bering… Alyoshnikov qishlog‘i… Ha, sakkiz yil oldin o‘lib ketganlar… Buvi! Meni eshityapsizmi, buvijon! Bu men – Alyoshaman!.. Sizni judayam sog‘indim, buvijon… Yaqinda boraman… Bu dunyo judayam qabih va iflos bo‘p ketdi… Sizlar yashagan davrdagiday emas… Endi sizdan bir qadam ham ajralmayman… Birga yashaymiz, buvi!..

Dunyo qaridi, Yer qaridi… Insoniyat bolalikni ham ko‘rdi – unda xudolar odamlar bilan yonma-yon yashardi… Shiddatli, jo‘shqin yoshlik ham o‘tdi – unda odamzod ruh bilan emas, tana bilan oziqlana boshladi… Mana endi keksalik keldi eshik qoqib… Keksalik bilan birga turli kasallik, horg‘inlik keldi… Ajal eshik ortida turibdi…

Yaxshiyam o‘lim degan narsa bor, “shap” etadi – oladi-qo‘yadi. Odamzod hecham o‘lmasa, bilasanmi, nima bo‘ladi? E, onasini hurmat qilay, azobning o‘zi-ku! Ocharchilik, qimmatchilik, urush, inqiloblar, qamoq, quvg‘in, SPID, daryolar qurigan, yer ishdan chiqqan – sen bo‘lsang yashayverasan, yashayverasan, yashayverasan! Onasini hurmat qilay, o‘ylasam o‘zimam qo‘rqib ketaman!

Sen tildan qolsang kim gapiradi? Qushlarmi, maysalarmi, Yermi yo osmon, kim?.. Olam – soqov, zamon – gung… Kim gapiradi?..

Qo‘y, tegma ularga… Ular shundoq ham o‘lib bo‘lgan… O‘zi yuradigan, ovqat yeb, kiyim kiyadigan murdalar…

Oqil Abdubarnoyev tayyorladi.


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596