01.04.2025 | 16:16
387
ASAD AKANING ASIL BOG‘I
Ma’lumot uchun:
Yaqinda Toshkent viloyati Xondayliq qishlog‘ida yangi tashkil etilgan kutubxonada hamda Gʻazalkent madaniyat saroyida jadid adibi Sidqiy Xondayliqiyning “Saylanma”, shuningdek, yozuvchi Asad Asilning “Izlaringni izlayman, Alqor” kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bir guruh taniqli ijodkorlar hamda adabiyot muxlislari ishtirok etgan mazkur taqdimot o‘ziga xos adabiyot bayramiga aylandi. Har ikki kitob O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida nashr etilgan.
Tahririyat

Ijod ahli o‘zlari yozgan asarlar saviya-darajasini ko‘p hollarda yaxshi biladi. Yaxshi chiqqan kitoblarini boshqalarga o‘qish uchun tavsiya qiladi. O‘zlari o‘qib, o‘zlari zavqlanadi ham. Bu hol mening boshimdan ham o‘tgani rost. Asad Asil “Izlaringni izlayman, Alqor” kitobi nashriyotga berilgan kunlardan boshlab quvonchini yashirmadi. Uchrashib qolsak yoki qo‘ng‘iroqlashsak, albatta, shu kitobdan so‘z ochadi. Kitob nashr bo‘ldi ham. Biroq qo‘limga yetib kelmadi. Shu orada yana bir necha marta qo‘ng‘iroqlashib gaplashdik. Asad aka shu go‘zal kitobini xuddi menga tavsiya qilganidek boshqalarga ham o‘qish lozimligini aytgan bo‘lsa ajabmas…
To‘g‘risi, qiziqdim va yaqinda kitobni Yozuvchilar uyushmasidan oldim. Kitobning naqshbezagi nihoyatda ko‘rkam – oq va tabiat rangiga mos yashiltob. O‘qiy boshladim. Mazmuni ham muqovani eslatadi. Oydin-muhim fikrlar: tabiatni asrash, qo‘riqlash, ehtiyot qilish – bu kabi masalalar unda kuyunchaklik bilan bayon qilinibdi. Bundan salkam qirq yil narida yozilgan publitsistik maqolalari mazmuni hali-hanuz dolzarb, eskirgan emas.
Inson tabiatdan bahra olar ekan, Asad aka yozgan muammolar hamisha bashariyatga xavf solib turadi. Bir sahifasida ulkan bog‘ bunyod qilganini bayon qilibdi Asad aka. Shunda beixtiyor yuqoridagi sarlavha xayolimga keldi. Shu oqsoqol adib asari haqida maqola yozmoqqa kirishdim-da, o‘zimga savol berdim: “Qachon taniganman Asad akani?” Bu adibning ismini eshitganimga chorak asr bo‘lgani rost. Ayrim asarlarini o‘qiganman ham. Oqtoshda istiqomat qilayotgani va oyinayi jahon orqali Asad akaning jismoniy mashqlar bajarayotganini bir ko‘rsatuvda ham tomosha qilgan edim. Bunday mashqlarni adib boshqalarga ham o‘rgatib yuradi.
Asad Asil bugun Bo‘stonliq tumanidagi Xondayliq qishlog‘ida istiqomat qiladi. Sidqiy Xondayliqiy asarlari nashri bo‘yicha izlanadi. Matbuotda maqolalar bilan chiqishlar qiladi. Qishloqdagi Sidqiy Xondayliqiy nomidagi moʻjaz kutubxonaning tashkil etilishida ham Asad akaning ulushi katta, albatta. Kutubxona ochilishida Xondayliqqa bordim. Hammadan ham Asad Asil quvondi.
Akaning “Izlaringni izlayman, Alqor” kitobi munosabati bilan boshlangan bu kirish so‘zim biroz cho‘zildi. Uzr. Maqolalar, badialar hamda hikoyalardan tarkib topgan bu kitobning o‘ziga kelsak, yozuvlari, bayonlarida muallifning qalbi, dunyoqarashi, vatansevarligi, tabiatparvarligi, eng muhimi, bebaho insoniy fazilatlari namoyon bo‘ladi. “Chinorlar” maqolasida qishloqda yetishib chiqqan ulkan ma’naviyat zahmatkashlari xususida ham so‘zlaydi. “Tabiatni asraylik!” degan hayqiriq bu kitobda yetakchi. Muallif tabiatni yaxshi ko‘radi, ona zamin uchun kuyunadi. Nabotot va hayvonot dunyosini asrashni o‘ylaydi. Shuning uchun tog‘larni toptayotgan mol-qo‘ylar masalasini o‘rtaga qo‘yadi; giyohlarni ildizi bilan quritayotgan g‘oratchi zararkunanda kimsalardan so‘z ochadi. Baliqlarni, xonbaliqlarni avaylash kerakligi xususida bong uradi.
Chinor va toshdevor – shu ikki so‘z Fazliddin degan yigitning qismatidan so‘zlaydi. Fazliddin ko‘ngil odami ekan. Kimgadir ko‘ngil qo‘ygan bo‘ladi, ammo suyganiga yetisha olmaydi. Balki:
“Aylanay, gullarning tilidan,
Ko‘zlarimga ranglar to‘lmoqda.
Yuragimning uzun yo‘lidan,
Shirin-shirin kunlar kelmoqda.
Suyganlarim suyunchi bering-ay”.
(Eshqobil Shukur misralari)
deganicha ishq domiga tushgan mahallari qo‘shiq ham kuylab yurgandir. Ammo shirin-shirin kun ta’mini tota bilmaydi. Shunda Fazliddin qishlog‘ida chinor ko‘chatlari ekadi, ularni balo-ofatlardan qo‘rish uchun toshdevorlar quradi. To‘g‘risi, shu suyganiga yetolmagan oshiq yigitning yozuvchiga “Bu toshdevorni sevganiga yetolmagan Fazliddin Bobomurodov tiklagan edi”, deb yozib qo‘ysangiz…” degan gapini o‘qiganda odamning yuragi bir hapqiradi. Allatovur, telbavash bo‘lib yurgan yigit alamini mehnatdan oladi. Yoki o‘zidan yaxshi bir nom qoldirishning yo‘lini shunday o‘ylab topdimikin u? Juda ko‘p ijod ahli o‘zi erisha olmagan muhabbati ramzi uchun badiiy asarlar yozadi. Fazliddinning “toshdevor va chinorlar”i – balki uning ko‘nglining o‘ziga xos ifodasidir. Odam o‘yga toladi, achinadi ham… Nima bo‘lganda ham toshdevor bilan chinorda allaqanday Fazliddin qismatiga taalluqli ramz borga o‘xshaydi.
“Izlaringni izlayman, Alqor” kitobidan joy olgan hikoyalarni, ayniqsa, voqeiy hikoyalarni qiziqish bilan o‘qidim. Voqeiy hikoyalar ta’siri, tabiiyligi, hayotiy va samimiyligi bilan e’tiborga molik. Ularning har biri bevosita ona tabiat, tog‘-toshlar, daraxtlar, hayvonot olami, zovlar, ovchilar, dara va ovlar bilan bog‘liq. Yozuvchi to‘qigan joyida ba’zan sun’iylashadi. “Sof sevgi bekati” – aslida voqelikka asoslangan. Unda qahramon o‘zini pardalashga urinadi. Biroq unda qandaydir biografik ma’lumotlar seziladi. Zotan, jonivorlarni, qushlarni ehtiyot qilish xususida yozganlari Asad Asil degan tog‘parvar, tabiatparvar, bog‘parvar bir insonning chin ma’nodagi og‘riq dardlari va yurak sadosidir.
Asad aka tabiat qo‘ynida ko‘chatlarning gurkirab o‘sishi, unishi, odamlarga zavq-shavq bag‘ishlab turishi uchun yeladi, yuguradi. Shu bois ov haqidagi hikoyalari tuganchida, garchi voqealarni juda qiziqarli, detallashgan, butun tafsilotlari bilan bayon qilsa ham, jonivorlarni ovlashga chaqirmaydi, balki tabiat insondan o‘ch olishi mumkinligiga ishoralar qiladi. Deylik, yonida ulog‘i bor tog‘ echkilarini shafqatsiz otib ovlagan kimsalar qismatidan ta’sirli o‘rinlarni topib yozadi.
Adib hikoyalaridagi obrazlar aniq tasavvur qilinadi. Ukkiboy otaning ko‘z qarashlari va yurishlari ham o‘z ismiga monand. Qish kunida ayiq o‘ngiriga tushib qolib, karaxt ayiqni emib jon saqlagan va ayiq bilan ona-bola tutingan Ukkiboy ota shu-shu ovni tashlaydi. Darvoqe, Asad Asil hikoyalarida ismlarga alohida diqqat qaratadi. Ismi jismiga mos kelmagan bir kimsani “Ismi Odil, ichi g‘ofil”, deb juda qisqa va aniq tavsiflasa, Qo‘chqor ismli obraz to‘g‘risida gapira turib, qilmishini ismiga bog‘lab “Qizni buraman shoxiga ilib ketdi”, deb yozadi.
Asad Asil hikoyalarida qo‘llangan so‘zlar – ovchilar, ov anjomlari, tog‘ tabiati – o‘t-o‘lanlar, daraxtlar, toshlarga tegishli qator sifatlar va so‘zlar borki, ular voqelik tasvirini chinligi, atrof-muhit ob-havosi, hudud koloritini tugal yoritishga xizmat qiladi. Masalan, to‘qli, qo‘ra, o‘tov, keraga tosh, do‘lana so‘yil, teman dala, og‘il-otxona, ayg‘ir, ayil, chilvir, kiyik, to‘ng‘iz, ko‘chki, o‘pqon, g‘oratchi (brokonyer) – asarlari matnida bunday so‘zlar juda ko‘p. Bir hikoyasida mitti kuchukcha ovoziga boshqa itlar sasidan ajratib urg‘u beradi. Kuchukcha Sirtlonga aylanadi. Muallif shu olg‘ir it bilan Arslon-bo‘rini qarama-qarshi qo‘yadi. Sirtlonning egasi Shermat akani “otidan ham ko‘ra itiga ko‘proq ixlos qo‘ygan” deb ta’riflaydi. So‘ngra yana bir mubolag‘ani qo‘shadi: “Havasmandlar gapi bilan aytganda, zig‘irmoy palovidan iligi to‘q o‘sgan Shermat ovchi zabardast yigitlik yillarida bu tog‘larning etagidan kirib, yoqasidan chiqardi. Chotqolning hamma sir-asrorlari unga besh qo‘lday ma’lum”. Dasturxonga qo‘yilgan noz-ne’matlar tavsifida: “Lofi bilan aytganda, kosadagi sovinqiragan sutning qaymog‘i ustida chang‘i uchsa ko‘targuday!..” deb yozadi.
Yozuvchi voqeiy hikoyalar ustasi. Ayni damda jonkuyar-kuyunchak tabiat qo‘riqchisi ham. Adibning Oqtoshda o‘n gektarlik bog‘i bor. Bog‘ning saxiy og‘ochlari har yili mo‘l-ko‘l hosil beradi. Aslida Asad Asilning asarlari o‘quvchilar uchun chin ma’nodagi ma’naviyat bulog‘i, adib bunyod etgan muhtasham ma’rifat bog‘idir.
Muhtaram gazetxon, adibning “Izlaringni izlayman, Alqor” kitobini o‘qib, gapimga amin bo‘lasiz, albatta.
Bahodir KARIM,
professor
“Jadid” gazetasining 2025-yil 21-martdagi 12-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599



