Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


23.09.2024 | 15:29

img541

BOG‘ISTONGA AYLANAYOTGAN YURT

Muhtaram Prezidentimizning tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilgan “Yashil makon” dasturi doirasida atrof-muhit obodligi, manzarali ko‘chatlar o‘tqazish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Asrlar davomida sinalgan, mahalliy sharoitga mos bo‘lgan tut, gujum, eman, yong‘oq, qayrag‘och, jiyda, tol va shunga o‘xshash mevali va manzarali daraxtlarni ko‘paytirish va har bir xonadonda ko‘chat ekishni rag‘batlantirishga urg‘u berilayotgani bu ishga har bir fuqaro shaxsan mas’ul ekanini anglatadi.

O‘TMISHDAN IBRAT

Qadimdan ota-bobolarimiz meva­zor bog‘lar tashkil etish va ko‘rimli ko‘chatlar o‘tqazish masalasiga jiddiy e’tibor berishgan. Chunki meva-cheva tirikchilik manbayi hisoblansa, manzarali ko‘chatlar ko‘zni quvontirish uchun parvarishlangan.

Amir Temur tabiatni avaylab-­asrash, yer va suvdan samarali foydalanish, cho‘l-biyobonlarni obodonlash­tirish borasida juda ko‘p sa’y-harakat qilgan. Bu haqida “Temur tuzuklari”da shunday deyiladi: “…Har bir shaharda masjidlar, madrasalar, xonaqolar, hammomlar qurishni, musofir yo‘lovchilar uchun yo‘l ustida rabotlar bino qilishni, daryolar ustida ko‘priklar qurishni buyurdim. Qayerdaki bir daraxt qo‘porilsa, o‘rniga o‘n daraxt o‘tqazishni buyurdim…”

O‘sha davrda Sohibqironning farmoyishiga ko‘ra Movarounnahrning dehqonchilik vohalarida sug‘orish tarmoqlari chiqarilib, ekin maydonlari kengaytirildi. Samarqand, Toshkent, Bu­­xoro, Shahrisabz, Kesh va Farg‘onada irrigatsiya-sug‘orish kanal­lari ishga tushi­rildi. Zarafshon, Amudaryo va Sir­­daryo ustida ko‘priklar qurildi. Markaziy Osiyo hududida ilk bora zax suv­larni qochirish maqsadida zaxkashlar qazildi. Jumladan, Buxoro vohasining bir necha tumanlaridan o‘tuvchi Amir Temur zaxkashi o‘sha paytlarda ishga tushirilgan. Bunday ulkan bunyodkorlik ishlari boshqa hudud­larda ham davom ettirildi. Tarixchi Hofiz Abro‘ning yozishicha, Amir Temur Xuroson­dagi Murg‘ob vodiysida obodonchilik va deh­qonchilik ishlari­ning nochor ahvolda ekanligini ko‘rib, daryodan bosh oluv­chi 20 ta kanal qazdirib, suv chiqarib dehqonchilik va bog‘dorchilik ishlariga asos soladi. Qorabog‘da 42 km masofada kanal qazdiradi, Ozarbayjonning Mug‘on shahrida 12 ta bog‘ barpo ­etadi.

Amir Temur davrida betakror bog‘lar yaratilgan va ularga o‘ziga xos nomlar qo‘yilgan. Bular tarixchilar, shoirlar, sayyohlar asarlarida, o‘rta asrlar rassomlari miniatyuralari tasvirlarida aks ettirilgan. Movarounnahrning Samarqand, Toshkent, Buxoro, Shahri­sabz kabi shaharlarida biri-biridan go‘zal bog‘lar bunyod etilgan. Mazkur bog‘lar qadimiy an’analarga ko‘ra ikki xil ko‘rinishda, ya’ni tabiiy xushmanzara bog‘lar va geometrik shakldan tashkil topgan tartibli bog‘lardan iborat bo‘lgan. Bu bog‘larning obod bo‘lishi, gurkirab yashnashi uchun so‘zsiz, ­birinchi navbatda suv masalasi oqilona hal qilingan. Tabiiy manzarali bog‘lar­ning bir qismida dam olish uchun saroy va ayvonlar qurilgan, hovuzlar qazilib, favvoralar o‘rnatilgan. Bu turdagi bog‘larning o‘simlik va hayvonot dunyo­­si nihoyatda boy bo‘lgan.

Amir Temur Movarounnahr hududi­dagi shaharlarning obodonchi­ligiga, jumladan, Toshkent shahriga ham alohida e’tibor qaratgani tarixdan ma’lum. Shahar atroflari dehqonchilik qilina­di­gan obod hudud sanalib, muhim strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Buyuk Ipak yo‘lida joylashgan makonlardan biri, moʻtadil iqlimi, sersuvligi bilan ajralib turgan. Toshkentni suv bilan ta’minlashda Sirdaryoning irmog‘i Chirchiq daryosi muhim ahamiyat kasb etgan. Bu daryodan Bo‘zsuv, Salor, Anhor, Kaykovus, Qorasuv kanallari bosh olib, atrofida shaharlar bunyod etilgan. Bu yerda dehqonchilik, jumladan, bog‘dorchilik taraqqiy etgan. Ayniqsa, shahar Amir Temur davrida ravnaq topib, hududi yanada kengaygan. “Bog‘iston”, “Bog‘i chinor”, “Bog‘i shamol”, “Bog‘ ko‘cha”, “Olmazor”, “Bodomzor”, “O‘rikzor”, “Terakzor”, “Qatortol” kabi bog‘ nomlari shu davrlarda shakllangan. Bu bog‘larni suv bilan ta’minlashda Darxonariq, Bo‘zariq, Zaxariq, Labzak arig‘i, Jonariq kabilar muhim rol o‘ynagan.

Samarqand shahrining sohibqiron Amir Temur davridagi ulug‘vorligini tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma” asarida juda aniq ifodalab bergan. Shuningdek, tarixchi ibn Arabshoh “Amir Temur tarixi” nomli asarida: “Temur Samarqandning atroflari va etaklarida bir necha qasaba (shahar)­lar bunyod qilib, ularni buyuk shaharlar Misr, Damashq, Bag‘dod, Sultoniya, Sheroz kabi azim va poytaxt shaharlar nomi bilan atadi”, deb yozgan edi.

Rui Gonsales de Klavixo Movarounnahrdagi Samarqand, Buxoro, Shosh, Kesh, Shahrisabz va boshqa shaharlarda oqar suvlar, o‘tloqlar, bog‘-rog‘lar, ekinzorlar gavjum ekanini yozgan.

Amir Temur barpo etgan bog‘larda mevali daraxtlardan tashqari chinor, tol, terak, tut, gujum va boshqa manzarali og‘ochlar o‘tqazilgan. Sohibqironning bog‘lar barpo etish an’anasi temuriy­zodalar Shohruh mirzo, Ulug‘­bek mirzo, Sulton Husayn mirzo, Bobur mirzo tomonidan davom ettirilgan.

TARIXIY AN’ANALARIMIZ

Qadimdan yurtimizda ko‘chat o‘tqazish va uni parvarish qilish muqaddas ish sanalgan. “Boqiy Buxoro” monu­mentida chol va nabiraning daraxt ko‘chati o‘tqazish holati tasvirlangani bejiz emas. Axir, hayot insonning tabiat bilan hamohangligidan boshlanadi-da aslida.

Isbot talab qilmaydigan bir haqiqat bor: atrof-muhit sofligi va ekologiyani avaylab-asrash hammaning ishi. Axir biz umrguzaronlik qilayotgan muhitning toza havosi uchun o‘zimizdan boshqa yana kim ham qayg‘urishi mumkin. Qadimda farzand tug‘ilishi bilanoq kelgusida o‘sib voyaga yetsa, o‘ziga imorat qurib olsin deb kamida 21 dona daraxt ekishgan ekan.

Yaqinda Mustaqillik bayrami oldi­dan Buxorodagi Labi hovuz majmuasi Nodir Devonbegi madrasasida “Uch avlod uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi. Mening diqqatimni madrasa hovlisidagi balxi tut beixtiyor o‘ziga tortdi. O‘ylanib qoldim. Ehtimol, bu tut shu bino qad rostlaganida ekilgandir. Qadim Buxoroning har bir masjid va madrasasi, imoratlari va dala shiyponlari oldida asosan balxi tut o‘tqazilgan. Barglarining rangi­ga boqsangiz, ko‘z yashnaydi. Yashil emas, to‘q va pishiq rangidan odam to‘yadi. Qaddi-qomati ham tik bo‘lib, bo‘yi chamasi 20–25 metrni tashkil etadi. Uning ostiga qo‘yilgan so‘rida soya-­salqin va toza havoda o‘tirib, maza qilib dam oldik, suhbatlashdik. Tut daraxti 150–200 kilogramgacha sifatli meva ham beradi. Aytishlaricha, urush yillarida tut mevasi non o‘rnini bosgan ekan. Tutning yana bir xususiyati kech kuzda sovuq urishi bilan barglarini birdan to‘kadi va ular yig‘ishtirib olinsa, chorvaga yaxshigina ozuqa bo‘ladi.

Havoni toza saqlash, ekologik mu­hitni avaylab-asrashda uning o‘rni benihoya katta. Qadimdan tut daraxti qadr­li sanalgan. U juda uzoq umr ko‘radi. Tanasi nihoyatda baquvvat bo‘lib, yog‘ochidan turli buyumlar yasaladi.

Tut daraxtining ildiz tizimi juda rivoj­langani bois, u qadimdan imoratlar­ning oldiga ekilgani ham bejiz emas. Avvalo, ular o‘z shoxlari bilan shu atrof-muhitda mikroiqlim hosil qilib, soya-salqinlik beradi. Shuningdek, yer osti suvlarining bug‘lanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, yer sho‘rlanishining oldini oladi. Imoratlarni zax bosishidan saqlaydi. Qadimdan dala maydonlari chetiga ekilgan balxi tutlar ekinni garmsel urishidan saqlab qolgan.

BUXORONING YASHIL QALQONI

Buxoro paxtachiligining yirik seleksioner olimi Avxat Batalov viloyat hokimi nomiga o‘tgan asrning 50–60-yillarida Buxoro viloyatining shahar va tumanlari markaziga asosan shumtol (yasen) daraxti o‘tqazilgani, bi­roq endilikda ularni pala-partish kesib tashlash holatlari kuzatilayotgani va bunga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini bildirib, xat kiritganidan xabarim bor. Bu daraxt xalqimiz orasida hozir ham “o‘ris daraxt” deb nomlanadi. To‘g‘risi, bu daraxt Buxoroning iqlim sharoitida u qadar baravj o‘smasa-da, iqlimimizga nihoyatda chidamli ekanligini kuzatish mumkin. Bu daraxtni seleksioner olim “Buxoroning yashil qalqoni” deb atagan edi. Hozirgi kunda hatto shu daraxt ham juda kamayib ketdi, shu­ning­dek, yangidan biror yerda o‘tqazilayotgani ham yo‘q.

Manzarali daraxt sifatida nina barg­li daraxtlarni ko‘p ekamiz. Ammo kasal­lik tarqatuvchi hasharotlar doimiy yashil bo‘lib o‘suvchi daraxtlarni xush ko‘rgani natijasida bu og‘ochlar ko‘p kasalliklarga chalinmoqda.

Xo‘sh, nega keyingi yillarda manzarali daraxt sifatida nina bargli daraxt­lar o‘tqaziladigan bo‘ldi? Aslida, manzarali daraxtlar, jumladan, archa, qora archa, qarag‘ay va qora qarag‘ay tabiatan uzoq yil yashaydigan daraxt sanalsa-da, ammo bizning iqlimimizda juda tez qarib qolayotganini kuzatish mumkin. Qarag‘ay bizning sharoitda 15–20 yil o‘tmay eskirib, pastki shoxlari qurib qolayotgani, shuningdek, harorat -15 darajadan tushib ketganida sovuq urishi holati kuzatilmoqda. Qora archa esa haddan tashqari ko‘p kasallikka chalinayotgani oqibatida qurib qolayot­ganini ko‘rish mumkin. Lekin shunga qaramay, keyingi yillarda o‘rmon xo‘jaliklari va obodonlashtirish bo‘limlari asosan nina bargli daraxtlarni yetish­ti­rishga ixtisoslashtirildi.

HOSILA

Xoja Bahouddin Naqshband ziyoratgohiga kirib, chinni gujumlarga bir boqing: qanchalar ajoyib va so‘lim manzara! Nega shunaqa daraxtlarni yo‘l bo‘ylarida o‘tqazish, ularning ko‘chat­larini yetkazishni ko‘paytirish mumkin emas. Bu masalada Toshkent shahrida juda katta tajriba bor.

Toshkentda 1966-yilgi zilziladan keyin qayta qurish olib borilayotgan payt­da, markaziy maydonning Favvoralar xiyoboni yonida bir dona eman daraxti bo‘lib, shu joyning me’moriy yechimi nuqtayi nazaridan uni olib tashlash lozim bo‘lib qolgan. Masala Respublikaning birinchi rahbari darajasigacha ko‘tarilibdi. Sharof Rashidov “Bu niho­yatda jiddiy masala, o‘zim borib ko‘rib, fikrimni aytaman”, debdi va ertasi kuni tong saharda maydonga yetib kelibdi. Qarasaki, bir necha yuz yoshli eman daraxti barq urib o‘sib turgan ekan. Shunda birinchi rahbar hech bir ikkila­nishsiz, eman daraxtini saqlab qolish haqida ko‘rsatma bergan ekan. O‘sha daraxt hali-hamon yashnab turganini ko‘rib, Sharof otaning uzoqni ko‘ra bilishiga tan beraman. Har bir daraxtga xuddi shunday ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishimiz lozim emasmi?!

Fikrimcha, yo‘l bo‘ylariga kamishlov, kam suv talab qiladigan, uzoq yillar o‘sadigan, turli xil kasalliklarga chi­damli, mahalliy hududning iqlim sharoitiga mos daraxtlarni o‘tqazish lozim. Yo‘l va ariq bo‘ylarida eman, terak, chinni gujum, tol, kashtan, tut, yapon sakurasi va shunga o‘xshash manzarali daraxtlarni ko‘paytirish maq­sadi­mizga muvofiq keladi.

Eng muhimi, boshlangan xayrli tashabbusni har birimiz munosib davom ettirishimiz, bu zamin va tabiat bizga omonat ekanini unutmasligimiz kerak.

Muhammadqosim OLIMOV,
Kasaba uyushmalari Buxoro viloyati kengashi raisi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi

“Jadid” gazetasining 2024-yil 30-avgustdagi 36-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img599