Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 9°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


30.10.2025 | 09:58

img701

ASRIY  HASRAT yoxud tarixtalasharlar talvasasi

Ro‘zimboy HASAN

…Talabalar bilan bir uchrashuvda kutilmagan savolga javob berish majburiyatida qoldim. Bu savolni talaba emas, ularga saboq berayotgan, yana deng, tarix bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajasini olgan domla bergani g‘oyat tashvishli, achinarli edi. Savol jahon fanida inqilob yasagan “buyuk olimlar beshtaligi”ga kirgan Muhammad Xorazmiyning millati haqida edi. Buyuk olim yashagan davrda hali bugungi millat tushunchasi bo‘lmagani, bu tushuncha keyingi davrlarda muomalaga kiritilgani, Xorazmiy barcha ilmiy asarlarini o‘sha davrda fan tili hisoblangan arab tilida yozgani, bundan tashqari, saltanat hujjatlarini yuritishda amalda bo‘lgan forsiy hamda yerlik xalqning o‘zaro muloqotida turkiy va boshqa bir qator tillardan foydalangani, olimning qaysi millatga aloqadorligidan bahs ochishning o‘zi ortiqchaligini aytdim.

Javobim yakunlanmasdan, talabalardan biri qaysidir ijtimoiy tarmoqda Xorazmiy o‘troqlashgan arablardan ekani, shu sababli, asarlarini arab tilida yozgani va umrini aynan qondoshlari tuprog‘ida poyonlagani haqida aytib qoldi. Yana falsafa so‘qish ortiqchaligi uchun javobni qisqa qildim: “Kimning qay qavmga mansub ekanini aniqlash uchun uning DNKsini ekspertizadan o‘tkazish kerak. Bu sohada esa no‘noqman…” Bildimki, talabalar (va hatto tarixchi domla ham) ijtimoiy tarmoqlarda “bolalab” ketgan “tarixtalasharlar” saytlariga kirib turishadi, u yerdagi hudud, millat talashib, obro‘-sha’n talashib yoqavayron bo‘layotgan soxta olimlar yoyayotgan safsatalar bilan miyalarini “yuvishadi”.

Afsuslanarlisi, ijtimoiy tarmoqlardagi turli-tuman “podkast”lar ayrimlarning zehniyatlariga tobora o‘rnashib bormoqda. Eldagi to‘y-ma’raka va davralarda qishloqdan chekkaga chiqmagan kishilarning shu mazmundagi savollariga javob qaytarganim bor. Ularni tushunsa bo‘lar, ammo ziyoli insonlarning chalg‘ishlari, shu mazmunda savol berishlari, faqat savol bilan cheklanmay tortishishlari sahna ortida turgan yovuz niyatli kimsalar tomonidan tashkillashtirilgan loyihalarning ma’lum ma’noda o‘z oldlariga qo‘ygan maqsadlarga bir qadar erishgani, erishayotganini ko‘rsatadi. 

Hozirgi global zamonda dunyoda o‘z davlatchiligiga ega turkiy millatlarning birikish harakati yil sayin taraqqiy topib, Turkiy davlatlar ittifoqi atamasi shunchaki qog‘ozdagi chaqiriqdan aniq rejali harakatga aylanib borayotgan davrda unga qarshi kuchlar talvasaga tushib, turli ig‘vo va bo‘htonlar, yolg‘on-yashiqlar bilan yoshlar ongini zaharlashayotganiga befarq qarab turish mumkin emas.

Yodimizda, “yagona sovet xalqi” atamasi zo‘rlab ongimizga singdirilgan sobiq sho‘rolar davri nihoyasida bir olimnusxa qandaydir “boltalab bo‘lish siyosati” haqida kitob chop qilib, qadim Turkiston hududida ming-ming yillardan buyon yelkama-yelka yashayotgan, quda-anda millatlar orasiga nifoq solishni boshlab bergan edi. Ildizi to‘qima tarixga asos bo‘lgan ushbu g‘oya, afsuski, hamon yashovchan. Ijtimoiy tarmoqlarda “kim – kimniki”, “yer kimniki” deb yoqa yirtishayotganlar ro‘yxatiga sin solsangiz, “ey, bo‘ldi” deb bahsga nuqta qo‘yishga ko‘tarilgan qo‘lingiz beixtiyor telefon murvatlariga tekkanini sezmay, istab-istamagan holda bahsga qo‘shilib ketasiz. Yozgan haq gaplaringiz uchun haqoratga ko‘mib tashlashgani mayli, “mahkamaga tortish”, “topib sazoyi qilish” tahdidi hammasidan oshib tushadi. Shungami, aksar ziyolilar bu bahslardan chetda turishni ma’qul ko‘radi, asablarini asrashadi. O‘zlarining shu harakatlarini maqbul bilishlari bir tomondan to‘g‘ridir, ammo… o‘sha uchrashuvdagi tomdan tarasha tushganday berilgan savol ertaga, indinga qayta va qayta berilmasligiga kafolat yo‘q! Milliy nizo qo‘zg‘ashni maqsad qilgan yashirin kuchlarning fisq-u fasodiga yarasha javob qaytarmoq har birimizning burchimiz, aslida!

O‘z vaqtida jadid bobolarimiz ushbu illatlarga jim turishmagan, “tarixtalashar”, “shaxstalashar” kimsalarga munosib javob qaytarib, ularning tanobini tortib qo‘yishgan. Masalan, buyuk adib Abdulla Qodiriy “Qizil bayroq” gazetasining 1923-yil 17-may sonida chop qilingan “Bildirishlar” (“Hangoma”) nomli maqolasining “Tilxat” nomli ixcham bo‘limida shunday yozadi:

“Mankim, Turkiston o‘zbeklarining vakilidirman. Beraman ushbu tilxatni Tatariston vakili ibdash Abdurahmon Sa’diyga shul xususdakim, Chingiz, Temur, Ahmad Yassaviy, namanganlik shoh Mashrab, Abu Ali ibn Sino… bularning hammasi ham tatarlardir. Tatar qarindoshlar mazkurlarni har bir yo‘sin bilan tasarruf etmakka haqlidirlar. Temur, Ahmad Yassaviy, shoh Mashrab mardumlarning qabrlarini buzib, na’shlarini Tataristonga ko‘chirilganda o‘zbeklar churq etmay, balki ko‘mak berurlar. Navoiyning tatarmi va yoki o‘zbekmi masalasi alohida bir majlisda o‘lturishda hal qilinur.

O‘zbek vakili Dumbulboyev”.

Kesatib yozilgan ushbu kichik xabardan ko‘rinadiki, o‘tgan asr boshlarida ham peshonamizga taqdir bitgan ulug‘larni o‘zga millatlar “bizniki” deb da’vo qilgan, bu haqda davralarda gapirish bilan cheklanmay, vaqtli matbuotda iddaoli maqolalar chop qilgan. Qodiriy o‘z kesatig‘iga “Dumbulboyev” taxallusini tanlagani ham bejiz emas. Bu bilan u atrofdagi ayrimlarning bu kabi ig‘volarga beparvoligiga nisbatan go‘yoki “bir dumbul” o‘laroq javob qaytarish majburiyatini olganiga ishora qilgan.

Qodiriy millatlar orasida nizo qo‘zg‘ovchilarga qarshi yana bir qancha maqolalar e’lon qilgan. “Mushtum” jurnalining 1925-yil 22-sonida “Bir yil” maqolasida bildirgan keskin fikrlariga e’tibor bering: “Biz haqiqatni hayotdan oldiq. Hammadan ilgari shaxs o‘zini tanisin, so‘ngra boshqani! Zero, “O‘zini bilmagan o‘zgani bilmas”, so‘zi turmush onasining dard chekib tuqqan to‘ng‘ich o‘g‘lidir”.

Adibning “O‘zini bilmagan o‘zgani bilmas” so‘zini “turmush onasining dard chekib tuqqan to‘ng‘ich o‘g‘lidir”, deya ta’riflashi ortida millatparvarlik yotibdi. Yozuvchi bu orqali “O‘zgalarni taftish qilguncha (biror narsasini o‘ziniki qilishga urinish orqali), avvalo o‘zingni, tarixingni bil!” deya bong urmoqda. Zero, jadid bobolarimiz dolg‘ali zamonlarda amaliyotga aylantirmoqchi bo‘lgan maqsadlardan biri – maorif tizimini isloh qilish ortida ham millatning ko‘zini ochish, o‘zligini anglashga imkon yaratish, shu orqali yaxlit, jipslashgan millatni shakllantirish edi. Poydevori ilm-u ma’rifat, ezgulik, haqqoniyat asosiga qurilgan jamiyatni tashqi kuchlar hech qachon tanazzul sari boshlay olmaydilar, urinishlari “It hurar, karvon o‘tar” qabilida qolaveradi.

Ahli donishlar “Har qanday yangilik – unutilgan eskilik”, deganlar. Haqiqat uchun boshini kundaga tikkan jadid bobolarimizdan qolgan asriy hasrat bugun yana bosh ko‘tarmoqda. Ular bir asr ilgari katta-kichik davralarda, kam sonli vaqtli matbuot sahifalarida ig‘vo qo‘zg‘ashga uringan bo‘lsa, bugun ularning qo‘lida qudratli va tezkor qurol bor – bu, internet. Qo‘lida shapaloqdek telefoni bor har kimning uyiga kirib borgan “o‘rgimchak to‘ri” ayni zamonda odamlar ongini kecha-yu kunduz zaharlash bilan band. “Birniki – mingga, mingniki – olomonga” o‘z ta’sirini o‘tkaza oladi. Ming afsuski, ayrim “podkast” atalmish buzg‘unchi loyihalarning obunachilari soni yettitalik raqamlarda ifodalanadi. “Bir ko‘rgan – tanish, ikki ko‘rgan – bilish, uch ko‘rgan – qarindosh”, deyilmish otaso‘zimizga quloq tutsak, ana shunday buzg‘unchi saytlar allaqachon millionlab hamyurtlarimiz va ko‘proq yoshlarimizga “qadrdon qarindosh” bo‘lib olgan.

“Tarixtalashar” kaslar ochiqdan ochiq BMTga a’zo barcha davlatlar tomonidan tan olingan hududiy yaxlitlik tamoyiliga qarshi borib, qaysi makon yoki shahar kimga tegishligi haqida qandaydir “tarixiy hujjatlar”ni burningizga niqtab, o‘z fikrini o‘tkazishga zo‘r berish bilan cheklanmay, fisq-u fasodlarning boshqa usullarini ham qo‘llashyapti. Bu holatni yaqin tariximizda yurt boshiga, millat oydinlari boshiga turli kulfatlarni yog‘dirgan, ularni ma’nan va jismonan mahv qilgan sho‘ro dohiylarining tug‘ilish (va hatto o‘lish) sanalariga bag‘ishlab chiqargan esdalik nishonlarini tap tortmay ayrim eldoshlarimiz ko‘kraklariga taqib qo‘yishlarida ko‘ramiz. Ular bu bilan go‘yo tarix axlatxonasiga uloqtirilgan sobiq ittifoq haliyam mavjud, ertami-indin dunyo xaritasida bo‘y ko‘rsatadi, demoqchi bo‘ladi. Bu niyatlari amalga oshishi uchun “Bo‘lib tashla va hukmronlik qil” degan, eski sinalgan “siyosat”ni go‘ridan tortib chiqarib, bayroq qilishga urinadi. O‘sha “nishon”ni olgan kimsalar mukofotlangani haqida ijtimoiy tarmoqlarda faxr bilan yozishganida, ayrim o‘zini ziyoli hisoblaydigan odamlar o‘sha “kavaler”ni tabriklayotgani yanada ayanchlidir. Bu holat manqurtlikdan boshqa narsa emas! Bu shahid bobolar qabriga tosh otish bilan teng!

…Kuni kecha qo‘shnimizning sakkizinchi sinfda o‘qiydigan nevarasi: “Sizdan bir narsa so‘rasam bo‘ladimi?” deb qoldi. “Nima savol?”  deb so‘radim-u eshitib, boshim hushimdan uchdi. Qo‘lida qimmatbaho telefon ushlagan bola: “Ibn Sino o‘zbekmi, tojikmi? Maktabda shu haqda bahslashib qoldik”, desa bo‘ladimi. Jahlimni zo‘rg‘a bosib dedim: “Ibn Sino – katta olim. Shu qadar kattaki, uning siymosi qo‘lingdagi matohga sig‘maydi! Bor, darsligingni yaxshilab o‘qi!”

“Jadid” gazetasining 2025-yil 24-oktyabrdagi 43-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img103

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img615

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img611