31.01.2025 | 16:46
588
BIRINCHI MILLIY YURIST YOXUD O‘Z HUQUQINI HIMOYA QILOLMAGAN TOSHPO‘LATBEK NORBO‘TABEKOV
Hujjatlarga ko‘ra, O‘zbekistonda inqilobga qadar o‘zbeklar orasida yagona oliy ma’lumotli kishi Toshpo‘latbek Norbo‘tabekov bo‘lgan. Bu haqda O‘zbekistonning birinchi rahbarlaridan Akmal Ikromov o‘z ma’ruzalaridan birida ta’kidlab o‘tarkan, yig‘ilganlarda uning hayoti, faoliyatiga qiziqish uyg‘ongan. Chindan ham, u kim edi?

Toshpo‘latbek Norbo‘tabekov 1898-yili Toshkentning Olmazor mahallasida kosib To‘raxon domla xonadonida tug‘ilgan. “Beshikdagi bolaning bek bo‘larin kim bilar?” deganlaridek bolalikda boshqalardan deyarli farqli jihati bo‘lmagan Toshpo‘latbek haqida jadidlarning nomdor nashrlaridan biri hisoblangan “Sadoyi Farg‘ona” gazetasining 1915-yil 15-may sonida Ashurali Zohiriyning “Turkistonda birinchi yurist” maqolasi bosmadan chiqadi. Jumladan, unda quyidagi ma’lumotlar uchraydi: “…Toshkentdan shahrimizga kelib o‘rnashib qolg‘on yosh Toshpo‘latbek afandi Norbo‘tabek o‘g‘li, avvalda Ho‘qond rus-tuzem maktabida ibtidoiy tahsilni bitirgandan keyin Toshkent gimnaziyasiga keldi. 1909-yilda gimnaziyani bitirib chiqib, yana shu yilda Petrograd universiteti (dorilfununi)ning yuridik fakulteti (huquq shoʻbasi)ga kirdi. Onda 4 yil o‘qig‘ondin keyin 1914-yil 10-dekabrda Demidovskiy muzeyida podshohlik imtihonni ham berib, shahodatnomasini olib, Ho‘qandga qaytdi.
Toshpo‘latbek afandi shu yil 13-martda 18-raqamli farmoyish ila Toshkent shahrining sudyalik mansabiga tayin bo‘linib, hozirdan tajriba (praktika) uchun Toshkent sud palatasiga kotib vazifasini ado qilib turadurg‘on bo‘ldi.
Toshpo‘latbek afandi milliy tilni bir turkistonlik shakliy (ya’ni o‘rischa aralashtirmasdan) gapirgani kabi o‘qimoq, yozmoq to‘g‘risida ham bir mulladan yaxshiroq biladir.
Toshpo‘latbek afandi Turkistonning tub yerli xalqidan ellik yilning yetishtirgan mevasidir… Shuni ham aytib o‘tmoq kerakki, Toshpo‘latbek afandi shahrimizning Rusiya mansabdorlari, ulug‘ savdogarlari oralarida e’tibori ziyoda bo‘lg‘onidek, musulmon savdogarlar va yon shahar nazdlarida ham hurmati ziyodadir”.
Toshpo‘latbek Peterburg universitetida tahsil ko‘rib yurgan chog‘ida talabalarning inqilobiy harakatlarida faol qatnashgan. Shu bois Peterburg ma’muriyatida uni poytaxt shaharlarda ishlashi qat’iyan taqiqlab qo‘yilgan. Bungacha u Istanbul shahrida talabalar amaliy mashg‘ulotlarini o‘tkazgan. Turkistonga kelib sud organlarida ishlagan, advokatlik qilgan, Sirdaryo viloyati oziq-ovqat boshqarmasida faoliyat yuritgan.
Chor hukumati ag‘darilgach, Toshpo‘latbekning ijtimoiy-siyosiy, inqilobiy hayotdagi faolligi yanada oshgan. 1917-yil aprelida Toshkentda birinchi umummusulmon o‘lka qurultoyi hay’atiga saylanib, musulmon deputatlari sovetida, shuningdek, askar va ishchi deputatlari sovetida faol xizmat qilgan.
Jadidlar sa’y-harakati bilan 1917-yil 26–29-noyabr kunlari Qo‘qon shahrida bo‘lib o‘tgan IV Turkiston o‘lkasi musulmon sovetlari qurultoyida Turkiston muxtoriyati – birinchi mustaqil, demokratik, milliy davlat sifatida maydonga keldi. Qurultoyda Toshpo‘latbek Norbo‘tabekov Turkiston muxtoriyatining milliy majlisiga saylanib, Turkiston hukumati a’zosi bo‘ldi. Biroq bu hukumat bolsheviklar tomonidan 1918-yil fevralida qurolli yo‘l bilan ag‘darilib, hurriyat kurashchilari beshafqat qirg‘in qilingani tarixdan yaxshi ma’lum. Ana shu qatliomdan tasodifan omon qolganlardan biri Toshpo‘latbek Norbo‘tabekov aprel-may oylarida Turkiston o‘lka sovetlarining V s’yezdida asos solingan Turkiston muxtor sovet sotsialistik respublikasining tashqi ishlar xalq komissarligi kollegiyasi a’zosi bo‘lib saylandi.
Qahramonimiz 1919-1920-yillarda Turkistonda avj olgan fuqarolar urushi davrida Toshkent Eski shahar favquloddagi komissiyasida huquqiy maslahatchi, huquq bo‘limi mudiri, muhim ishlar bo‘yicha maxsus tergovchi bo‘lib faoliyat yuritgan.
Uning xalqaro anjumanlardagi chiqishlari o‘sha davrning taniqli siyosiy arboblari tomonidan yuksak baholangan. Xususan, 1920-yil 1–8-sentyabrda Boku shahrida o‘tkazilgan Sharq xalqlari qurultoyida Turor Risqulov, Munavvar qori, Cho‘lpon, Salimxon Tillaxonov, Rajab Muhammedov, Qudratilla Yunusiy, Obidjon Mahmudov, To‘raqul Jonuzoqov, Zayniddin qori Nasriddinov, Hoji Safo Jo‘raboyev singari turkistonlik millat fidoyilari qatorida Toshpo‘latbek Norbo‘tabekov ham faol qatnashgan. O‘shanda u qurultoyda sermazmun nutq so‘zlab, sovet hokimiyatining mustamlakachilik siyosatini quyidagicha fosh qilgan: “Biz ozodlik, tinchlik va birodarlik shiorlari faqat qog‘ozda emas, balki hayotda ham amalga oshishini talab qilamiz…”
U faqatgina o‘zining huquq sohasidagi faoliyati bilan cheklanmay, yangi iqtisodiy siyosatga o‘tish davrida vayron bo‘lgan Turkiston xalq xo‘jaligini tiklashga salmoqli hissa qo‘shdi. Markaziy xalq xo‘jaligi kengashi vakili sifatida 1921–1923-yillarda Boku, Tbilisi va Kavkazortidagi boshqa shaharlarda bo‘lib, hududlararo iqtisodiy va savdo aloqalarini mustahkamlashda jonbozlik ko‘rsatgan.
Shuningdek, u mohir diplomat sifatida Buxoro xalq soveti Respublikasi muxtor vakolatxonasi rahbari Abdurahim Yusufzoda bilan birgalikda Rossiya va Buxoro Respublikasi o‘rtasidagi iqtisodiy aloqa va hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratadi. O‘sha kezlari Buxorodan ipak, qorako‘l, gilam, paxta, jun, qo‘y terisi, qizilmiya ildizi kabi mahsulotlar bilan Moskva va boshqa shaharlarni ta’minlash bo‘yicha SSSR va RSFSR o‘rtasida shartnoma tuziladi. Bunda Toshpo‘latbek Norbo‘tabekovning o‘rni va xizmati katta bo‘lgan.
O‘rta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanish o‘tkazilganidan keyin O‘zbekiston SSR Xalq Komissarlari Soveti tuzilib, unga 1925–1937-yillarda Fayzulla Xo‘jayev raislik qilgan. Hujjatlarga ko‘ra, Fayzulla Xo‘jayevning shaxsan o‘zi Toshpo‘latbek Norbo‘tabekovni ish boshqaruvchi lavozimiga tavsiya qilgan.
1925-yil fevralida Buxoroda o‘tgan O‘zbekiston sovetlari birinchi qurultoyida faol qatnashgan Toshpo‘latbek Norbo‘tabekov oradan bir oy o‘tar-o‘tmay – mart oyida O‘zSSR adliya xalq komissarligi kollegiyasiga a’zo bo‘lib saylangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, u o‘zi to‘lg‘azgan shaxsiy varaqasida “Qaysi tillarda erkin gaplasha olasiz?” degan savolga “fors, rus, turk, qozoq, o‘zbek, fransuz, lotin tillarini bilaman” deb javob qaytargan. Lekin u o‘zining qat’iy dunyoqarashiga ega bo‘lgan shaxs sifatida sovet siyosatchilari bilan til topisha olmadi.
Toshpo‘latbek Norbo‘tabekov butun umri davomida sidqidildan mehnat qilsa-da, tub aholi manfaatlarini ustuvor qo‘ygani uchun sovet rejimi tomonidan ta’qib va tazyiq ostida yashashga majbur bo‘ldi. Tabiiyki, yuragi millatga muhabbat bilan limmo-lim qahramonimiz o‘z hammaslaklari qatori mash’um 37-yilning qatag‘on mashinasi domiga tashlandi.
Taassufki, qahramonimizning keyingi taqdiri haqida aniq bir ma’lumot yo‘q.
Rustambek SHAMSUTDINOV,
tarix fanlari doktori, professor
“Jadid” gazetasining 2025-yil 24-yanvardagi 4-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
77
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
593
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
591



