Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


05.02.2026 | 15:16

img1525

“AYOL UYGʻONMASA, UYGʻONMAS MILLAT”

O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi huzuridagi “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti bo‘lim boshlig‘i, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Farida ABDURAHIMOVA bilan suhbat

Farida opa, bu yil yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilindi. Bu ezgu maqsadga erishishda, albatta, xotin-qizlarning ishtiroki g‘oyat muhim. Suhbatimizni Yangi O‘zbekiston ayoli haqidagi mulohazalardan boshlasak.

– Bugun Yangi O‘zbekistonni barpo etish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek tarixiy jarayonlarda yashayapmiz. Bunda Ayol ma’naviyati, ma’rifati, uning jamiyatda tutgan o‘rni nihoyatda muhim.

Qaysi davlat xotin-qizlarining bilimli, zamonga mos kasb-hunarli bo‘lishiga e’tibor qaratmas ekan, o‘sha davlat albatta yutqazadi. Ayollari e’zozlangan yurtning esa kelajagi buyuk, avlodlari barkamol bo‘ladi.

Yana bir gap. “Bir o‘lkani bosib olmoqchi bo‘lsang, avval ayollarining ruhiyatini bil. Agar u yerda bo‘shliq, irodasizlik, loqaydlik, johillik, qo‘rquv va havoyi so‘zlarga uchish bo‘lsa, bu mamlakatni jangsiz ham bosib olasan”, degan hikmat bor. Bu tarixdan saboq, bugungi dunyo manzarasidan ibratdir.

Bugun yurtimiz aholisi 38 milliondan oshdi, uning 18 milliondan ziyodini xotin-qizlar tashkil qiladi. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida, har yilgi davlat dasturlarida xotin-qizlar masalasida alohida bandlar ajratilishi bejiz emas. Barcha islohotlar inson qadri, ayol ma’rifati uchun amalga oshirilmoqda.

Quvonarlisi, ayollarimiz orasida bugun 17 nafar O‘zbekiston Qahramoni, 15 nafar akademik, uch mingdan ortiq fan doktori bor. Sport va fan olimpiadalarida qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar haqida aytib o‘tirishning hojati yo‘q. Chunki xalqimiz har bir chempionimizni o‘z qiziday yaxshi taniydi, e’zozlaydi. Ay-Ti sohasiga qiziqayotgan, shu bo‘yicha saboq olayotgan, o‘z faoliyatini boshlayotgan qizlarimiz davrasi yildan yilga karra-karralab ko‘paymoqda. Mana buni barqaror rivojlanish mevasi, desa bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida mahalla infratuzilmasini yanada yaxshilash haqida katta loyiha va tashabbuslarni ilgari surdi.

“Hozirgi vaqtda qaysidir mahallada yo‘l, qaysi birida suv yoki elektr masalasi, boshqasida bog‘cha, maktab, tibbiyot, yana birida uy-joy bilan bog‘liq masalalarga alohida-alohida yechim berilmoqda. Ochiq aytish kerak, buning o‘zi bilan mahalladagi barcha masalalar to‘liq hal bo‘lib qolmaydi. Shuning uchun kelgusi yildan mahallani rivojlantirish bo‘yicha kompleks yondashuv joriy etiladi”.

“Murojaatnoma”dan

Tarixiy ma’ruzaning har bir bandini sinchiklab o‘qib chiqdim va har birining zamirida baribir Ayol, Oila, Yoshlar manfaati mujassam ekanini ko‘rdim. Prezidentimiz: “Yangi yilda mahallalardagi aholini, xususan, xotin-qizlarni sportga keng jalb etish, buning uchun zarur infratuzilmani yaratish bo‘yicha uch yillik dastur qabul qilib, bunga 1 trillion so‘m yo‘naltiramiz”, deya ta’kidladi.

– Demak, xotin-qizlarning har tomonlama rivojlanishi uchun huquqiy, moddiy va ma’naviy asoslar yaratilgan. Lekin ba’zi hollarda ana shu imkoniyatlardan foydalanmayotgan, chaynab berilgan luqmani yutishga-da hafsala qilmayotgan opa-singillarimizni ko‘ramiz…

– Jurnalistika bo‘yicha o‘qiganman, xotin-qizlar bilan ishlash bo‘yicha yarim asrdan ko‘p tajribam bor. Na kuzatuv, na ilmiy yondashuv bilan “Ayolga nima kerak?” degan savolga javob topishga qiynaldim, Zarnigorjon.

“Nimalar kerak o‘zi ayolga?” – bu savol balki dunyo yaralgandan beri aytib kelinadi. Shu savolga bir ziyoli, o‘zbek onasi, o‘zbekona ro‘zg‘or bekasi o‘laroq, hayotiy tajribamdan javob topishga harakat qildim.

Ayol shunday mo‘jiza ekanki, alpinist bo‘lmasa ham bir cho‘qqini zabt etishni topshirsangiz, egallab qaytadi. Qanday qilib? Buning uchun ko‘p narsa kerakmas, yonida unga ishonadigan, ruhlantiradigan, suyanch bo‘ladigan, qo‘llab-quvvatlaydigan odam bo‘lsa, bas. Nozik xilqat vakilalari uchun qimmatbaho sovg‘a bilan shirin so‘zning qiymati teng, balki so‘z qadrliroq. Ikki og‘iz lutf-u karam kimni o‘ldiribdi?! Uning sabri toshdan qattiq, ammo qalbi qizg‘aldoq bargidan nozik: bitta so‘z bilan to‘kilib ketishi, bitta so‘z bilan qanot chiqarib parvoz qilishi mumkin. Mana, Prezidentimizning ma’ruzalari, uchrashuvlardagi so‘zlariga e’tibor bering. U kishi shunchaki tabriklab yo olqishlab qo‘ymaydi, o‘z nutqlarida xotin-qizlarimiz sha’niga bitilgan allomalarning so‘zlari, shoirlarning shohbaytlaridan misol keltiradi. Bundan har bir erkak o‘rnak olishi kerak.

Bir vaqtlar “Ayolini asragan erlar” degan maqola o‘qigandim. Mazmuni umumiyroq esa-da, sarlavhasi manzur bo‘lgandi. Boya aytganimdek, ayolning suyanchi eri bo‘lsa, oilada farog‘at, ishda omad yor bo‘ladi.

Shu o‘rinda ayrim singillarimni koyib qo‘ymasam bo‘lmaydi. Masalan, 56 yil bo‘libdi mehnat faoliyatimni boshlaganimga. Turli darajadagi mas’ul vazifalarda ishladim. Ammo kim bo‘lishimdan qat’i nazar, uyga kirib borganimda uy bekasiga, rafiqaga, kelinga, onaga aylanaman. Charchoq bo‘lmaydi deysizmi, bo‘ladi. Lekin uyda halovat bo‘lmasa, oila davrasidagi vaqt mazmunli o‘tmasa, kim uchun, nima uchun yelib-yugurib yuribmiz?! O‘z oilasida tinchi yo‘q odam mahalla, jamiyat, davlat tinchi haqida bosh qotira oladimi? Shuning uchun bugungi kun ayollariga aytgim keladi, oila – muqaddas, uni asrash kerak.

– Siz o‘sha mashhur “Qirq tog‘oraning qirq nog‘orasi” serialining g‘oya mualliflaridansiz. Ushbu kartina hamon dolzarbligini yo‘qotmagan. Aksincha, to‘y-hashamdagi isrof, “gap” va “ulfatchilik”ka mukkasidan ketgan ota-onalarning saviyasi, bunday oilalardagi bolalar tarbiyasi masalasi yana ham dolzarblik kasb etmoqda.

– Bir asr oldin Abdulla Avloniy yozib ketgan: “Onalarimiz bilim va tarbiya o‘rnig‘a erlari ila urushib-talashub qizlarig‘a mol qilmakni yaxshi ko‘rurlar”. E’tiborni to‘yga qarataveramiz-u, keyingi hayotni o‘ylamaymiz. Yosh qizlarimiz, kelinlarimiz bugun me’yorni unutib qo‘ymoqda.

Mana, bir misol. Yaqinda to‘y qilgan bir ona gapirib berdi: “Kelinning har turli qiliqlarini ko‘rib, o‘g‘limning chehrasi ochilmasligidan xavotirlanib, “Turmushlaring yaxshimi?” desam, o‘g‘lim: “Ona, hammada shunaqa bo‘ladimi? Ikki oy yashagan bo‘lsak, bir oy urishib, gaplashmay yashadik”, deydi. “Nimaga urishding?” desam, uzoq jim qolib: “Dugonalarim asal oyida chet elma-chet el yuribdi. Siz ham meni Eyfel minorasiga olib borishingiz kerak. Bo‘lmasa mashina olib bering!”   deb shart qo‘ygan keliningiz”, dedi. Bolam ham yo‘q demagan, faqat ozgina kutishini, qarz-qavolani uzib, sekin-asta hammasiga erishishni aytgan. Tannoz xonim oyoq tirab turib olgan. Ajrashib ketmasa edi, deb xavotirdaman…”

Mana bunday savdolar borki, endi o‘sha “Qirq tog‘oraning qirq nog‘orasi” serialini yangitdan olish kerak.

Bu dengizdan tomchi, xolos. Demak, xotin-qizlar bilan ishlash bo‘yicha mas’ullarning qiladigan ishlari ko‘p hali. Bu borada malakali psixologlarimiz, oilashunos olimlarimiz, “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti vakillari ham kamarbasta xizmatdamiz.

O‘tgan yili uch yarim mingga yaqin mahallada xotin-qizlar faollarini 36 soatlik malaka oshirish darslariga qamrab oldik. Har birining qo‘liga 10 nomdan ortiq qo‘llanma topshirdik. Endi ular ham xonadonga kirib, buvijonlar, qaynonajonlar, onajonlar bilan ishlasa, dilimizni xira qiladigan, davlatimiz rivoji, xalqimizning farovonligi, oilalarimizning mustahkamligiga raxna soladigan salbiy holatlar o‘z-o‘zidan kamayadi.

Bu yo‘lda adabiyot, san’at, madaniyat sohalaridan, kitobxonlikdan unumli foydalanish zarur.

– Sir emas, bugun xotin-qizlarimizning aksari o‘z qarashlarini instagramdagi blogerlar, psixologlar, motivatorlarning chiqishlari orqali ham shakllantirmoqda. Bu qanchalik to‘g‘ri?

– Avvallari yoshlarimiz psixologga muhtoj bo‘lmagan. Nega? Chunki yigitlar bilan otasi, amaki-tog‘alari, ustozlari shug‘ullangan, ularning haqiqiy erkak bo‘lib voyaga yetishida yo‘l-yo‘riq berib borgan. Qizlarimiz esa momolarining qabatida o‘tirib, onasining yonida yurib hayotga tayyorlangan. Ulardan yashirgan, uyalgan sirlarini yangalariga ochgan. Qizlar tarbiyasida amma-xolalarning, mahalla kayvonilarining roli katta bo‘lgan. Bugun oilaviy muloqot kamayib bormoqda. Umuman, kunlik o‘zaro jonli muloqot soatlari qisqarib ketyapti. Natijada, qizlar o‘z dardiga davoni ijtimoiy tarmoqlardan izlayapti.

Shuning uchun psixolog kerak hozir, faqat bir qoidani unutmagan holda. Ya’ni, tarbiyachining o‘zi tarbiyalangan bo‘lishi kerak. Ammo bugun na ma’lumotga, na farosatga ega bo‘lgan chala psixolog-u qoloq motivatorlar kasriga oilalarda ichki nizolar kuchayib bormoqda. Er-xotin, ota-bola munosabatlari keskinlashdi. Avlodlar o‘rtasida shundoq ham tafovutlar mavjud, uzoqni o‘ylamay qilingan chiqishlar esa uni jarlikka aylantiryapti.

O‘zim ham bir nechta “instadaho”larni eshitib ko‘rdim. Ko‘rinib turibdiki, aksarining gapi, maslahati va tavsiyalari xorij manbalaridan tarjima qilingan. Axir har bir xalqning, har bir mintaqaning o‘z shart-sharoiti, dunyoqarashi bor. Hech kim Afrikada po‘stin kiyib yurmaydi-ku! Shuning uchun har gap quloqqa yoqsa, ergashib ketmasdan o‘ylab, mulohaza qilib ko‘rish kerak.

Ammo bu bilan odamlarni psixologdan cho‘chitib qo‘yish ham kerakmas. Shu sohada o‘qigan, tajriba oshirgan malakali mutaxassislarga murojaat qilib, turli masalalarda yordam olishning zarari yo‘q, hatto, foydali ham. Shuning uchun oliy ta’limda oilashunos psixologlarni tayyorlashga yanada ko‘proq e’tibor qaratish kerak. Mana, 10 millionga yaqin oila bor. Shu bois, bir necha yillik oilaga ham, yangi oilaga ham psixologning maslahati kerak. Lekin u qanaqa tavsiya beryapti? Ehtiyoj bor ekan, asl psixologlarni o‘zimiz tayyorlab, Internet olamiga olib kiraylik. Aks holda, begona kalit solingan qulf buzilganiday, o‘zining ruhiyatida muammosi bor “ruhshunos”lar millat ruhiyatini buzib qo‘yishi hech gap emas.

Motivatorlikka da’vom yo‘q, lekin buvi sifatida aytgim keladi yoshlarga: siz hammani seving – oilangizni, qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘ni, shunda sizni sevuvchilar doirasi ham kengayadi. Shunda o‘zingizni kerakli, qadrli deb his qilasiz. Mehr bersangizgina, mehr olasiz. Odam taftini odam oladi.

Inson bilan tirikdir inson,

Muhabbatdan hayotning boshi.

Odamzodga baxsh etadi jon,

Odamlarning mehr quyoshi.

Erkin VOHIDOV

Beminnat psixolog bu – kitob. Masalan, jadid bobomiz Abdurauf Fitratning “Oila” degan asari bor. Unda oilaga oid eng mayda masalalargacha e’tibor qaratilgan. Bir asr oldin yozilgan bo‘lsa-da, bugungi qator muammolarimiz ham aks etgan. Afsuski, bu kitob kam adadda chiqqan. Men xohlardimki, 50 minglab nusxada chiqarib, oila qurayotgan yoshlarga, FHDYO bo‘limida nikoh guvohnomasiga qo‘shib bersak, qanday yaxshi bo‘lardi. Bir umrga dasturulamal bo‘lib qoladi shu xonadonda.

– Kitob o‘qish uchun ham oilada bo‘sh vaqt bo‘lishi kerak. Ayniqsa, farzandlar dunyoga kelgach, yosh onalarimizda ana shu vaqt masalasi muammoga aylanishi sir emas.

– “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining birinchi bo‘lim, birinchi bandida bitta narsaga e’tibor qaratdim. Maktabgacha ta’limga bolalarimizni qamrab olishni 2030-yilgacha 81 foizga yetkazish nazarda tutilgan. Keyin o‘ylab qoldim, nimaga birinchi bo‘lib shu vazifa qo‘yildi, boshqa narsalar emas?

Avvalo, bolaning dunyoqarashi, bilimi o‘sadi, sog‘lom turmush tarziga o‘rganadi. Maktabgacha ta’lim onaga nima beradi? Birinchidan, halovat – bolasi ishonchli qo‘llarda, yaxshi parvarishda ekaniga ishonch hosil qiladi. Ikkinchidan, bo‘sh vaqt – o‘z ustida ishlay oladi, kitob o‘qiydi, o‘zini parvarish qiladi. Mana shuning uchun ham bu masala dolzarb, buning tagida juda gap ko‘p.

– Farida opa, o‘zingiz faoliyat olib borayotgan dargohning maqsad-muddaolarini yana bir bor o‘quvchilarimizga sharhlab bersangiz.

– O‘zbekiston Prezidentining 2023-yil 21-dekabrda imzolangan “Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining faoliyatini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarning faolligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilgan.

Institut oldiga xotin-qizlar qo‘mitasi tizimi xodimlari, shuningdek, mahalladagi xotin-qizlar faollarining malakasini oshirish, ularning faoliyatini uslubiy qo‘llab-quvvatlash, oila, xotin-qizlar va gender tenglik masalalariga oid muammolarni chuqur tahlil qilish, natijalari bo‘yicha muammolar yechimi yuzasidan davlat organlari va tashkilotlari uchun tavsiyalar ishlab chiqish va kiritish, targ‘ibot ishlari uchun uslubiy qo‘llanmalar va targ‘ibot materiallarini tayyorlash, xalqaro indeks va reytinglarda O‘zbekiston o‘rnini yaxshilash bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqish va tegishli vazirlik va idoralarga kiritib borish singari muhim maqsadlar qo‘yilgan.

Ayni paytda, muassasamizda oila, xotin-qizlar va gender tenglik masalalari bo‘yicha fanlararo fundamental, ilmiy-amaliy tadqiqotlar, sotsiologik so‘rovlar, ilmiy konferensiyalar o‘tkazish, olimlar va ilmiy salohiyatli kadrlarni tayyorlash, ilmiy tadqiqot o‘tkazayotgan izlanuvchilarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ishlanmalarini amaliyotga joriy etishga ko‘maklashish, ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish va tahlil qilish, xalqaro tashkilotlar, jamg‘armalar, mahalliy va xorijiy tadqiqot markazlari, o‘quv muassasalari bilan shartnomalar asosida tadqiqotlar olib borish hamda o‘rganishlar asosida takliflar ishlab chiqish ishlari olib borilmoqda.

– Shoira Sharifa Salimova yozadiki, “Ayol uyg‘onmasa, uyg‘onmas millat”. Farida opa, millat ayollarini uyg‘otish yo‘lidagi faoliyatingiz bardavom bo‘lsin. Salomat bo‘ling! Yangi-yangi tadqiqotlar, kitoblar va ijod mahsullari orqali xalqimiz ilmiy-ijodiy xazinasini boyitib boravering!

Suhbatdosh:
Zarnigor IBROHIMOVA

“Jadid” gazetasining 2026-yil 30-yanvardagi 5-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img87

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600