Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 12°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


04.06.2024 | 15:34

img761

BAXTLI BOLALIK HUQUQI

Bu dunyoda har bir bola­ning baxtli yashashga haqi bor. Ammo hamma oilada ham mavjud shart-sharoit bunday tolega esh bo‘lavermaydi. Ajrimlar yoxud noqobil ota-onalarning o‘z maqomiga noloyiqligi ayrim hollarda baxtli bolalikka soya solishi mumkin. Shu bois bolalar ulg‘ayib, hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun davlat tomonidan muayyan g‘amxo‘rlik chora-tadbirlari belgilangan. Ammo ba’zan subyektiv omillar insoniylik mezonlariga zid kelib qolishi ham mumkin. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Zangiota tumanlararo sudi­ning sudyasi Dilbar Mavlonova bilan suhbatimiz shu mavzuda bo‘ldi.

– Ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez farzandiga aliment to‘lashdan bo‘­yin tovlayotganlar haqidagi xabar­larga ko‘zimiz tushadi. Ular­ni jinoyatchi kabi ta’qib etish qan­chalik to‘g‘ri?

– Qonunchilikka ko‘ra, ota-ona o‘z bolalarini tarbiyalash huquqiga ega va tarbiyalashi shart etib belgilangan. Oila kodeksining 73, 96-moddalariga binoan, ular o‘z farzand­lari tarbiyasi va kamoloti uchun javobgar bo‘lib, bolalarning sog‘­lig‘i, jismoniy, ruhiy, ma’naviy va axloqiy tarbiya­si­ga g‘amxo‘rlik qilishi, shuningdek, voyaga yetmagan bolalarini ta’minlashlari lozim.

O‘z navbatida voyaga yetmagan, shuningdek, voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalar ta’minoti uchun aliment ota-onalarning kelishuviga binoan ixtiyoriy tartibda, shuningdek, sud tartibida undirilishi mumkin.

O‘z majburiyatlarini ixtiyoriy ra­vish­da bajarmagan ota (ona)­dan sudning hal qiluv qarori yoki buy­ru­g‘i­ga asosan aliment undiriladi. Bun­day majburiyatlar bajarilma­gan hollarda jazo choralarining qo‘l­la­nilishi esa bevosita qarzdor­ning mas’uliyatini oshiradi. Aliment to‘­lash haqidagi sudning hal qiluv qarorini bajarishdan bo‘yin tovlagan shaxslar Oila kodeksining 79-moddasiga asosan ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi yoki jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin. O‘zR MJtK­ning 47-moddasiga asosan, ota-ona­lar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxs­lar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi maj­buriyatlarni bajarmaslik, shu jumladan, voya­ga yetmagan bolalar­ning ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelgani uchun, bazaviy hisob­lash miqdorining bir baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga asos bo‘ladi. Ko­deks­ning 474-moddasiga muvofiq, moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash, ya’ni ularni moddiy jihatdan ta’minlash uchun sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga binoan undirilishi lozim bo‘lgan mablag‘ni ikki oydan ortiq muddatda to‘lamaganlik uchun – o‘n besh sutka muddatga ma’muriy qamoqqa olish yoki bir yuz yigirma soatgacha haq to‘lanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etish jazosi belgilangan. Ushbu Kodeksga muvofiq, ma’muriy jazolarning mazkur turlari qo‘llani­lishi mumkin bo‘lmagan shaxslarga bazaviy hisob­lash miqdorining yigirma baravari miqdorida jarima ham solinadi.

– Mo‘may daromad topadigan otalarning ayrimlari o‘z kirimini kamaytirib ko‘rsatish orqali farzandiga arzimas miqdorda aliment to‘lashi haqida eshitganmiz. Bunday hollar ochiqlanmaydimi?

– Agar undiruvchida ushbu holatni tasdiqlovchi ishonchli ma’lumotlar bo‘lsa, bevosita bu haqida tegishli Majburiy ijro byurosi davlat ijrochisiga xabar berib, qarzdorning daromadlarini tekshirish to‘g‘risida iltimosnoma kiritishi lozim.

“Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonun talabidan kelib chiqib, davlat ijrochisi qarzdorlikni undirish mumkin bo‘lgan barcha daromad manbalari va mol-mulklarini aniqlash choralarini ko‘radi.

– Aliment olib voyaga yetgan bola kelajakda otasiga qarashga majburligi aytiladi. Bu o‘zaro sulh­mi? Ushbu masala ham qonun nazoratiga olinadimi?

– Buni sulh deb baholash xato. Ota-ona o‘z bolalari oldida qanday majburiyatga ega bo‘lsa, voyaga yetgan va mehnatga layoqatli farzandlarning ham o‘z ota-onalari oldidagi burchlari, shu jumladan, ularga g‘amxo‘rlik qilish va moddiy ta’minlash majburiyati qonunchilikda mustahkamlab qo‘yilgan. Afsuski, so‘nggi vaqtlarda ota-­onalarning o‘z farzandlaridan aliment undirish masalasida sudga murojaat qilishlar soni ko‘payib bormoqda. Bu birinchi navbatda, shu oiladagi muhitga, ota-ona va bolalar o‘rtasida shakllangan o‘zaro munosabatga bog‘liq.

– Deylik, otaning daromadi ali­ment to‘loviga yetmaydi yoki u hech qayerda ishlamaydi. Bunday hollarda masalaga qanday yechim topiladi?

– Qonunga binoan voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish haqida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmasa, ularning ta’minoti uchun aliment sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va yoki boshqa daromadidan undiriladi. Bunda har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonunchilik bilan belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 26,5 foizidan kam bo‘lmasligi kerak. Taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa e’tiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda aliment to‘lovlar miqdori Qonunga muvofiq o‘zgartirilishi, kamaytirilishi yoki ko‘paytirilishi ham mumkin.

– O‘z otasini sudga berish, o‘z haqini sud orqali undirish bola­ning ruhiyati, psixologiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Buning oldini olish borasida ham qandaydir choralar ko‘riladimi?

– Nafaqat sudga berish, balki bolaning o‘z otasidan alohida yashashining o‘zi bolaning ruhiyati­ga salbiy ta’sir o‘tkazadi. Bu holat odatda otaning o‘z majburiyatlarini qanchalik anglashi va ado etishiga bog‘liq bo‘ladi. Hozirda ko‘p­lab huquqiy targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Xususan, maj­buriy ijro bo‘limi vakillari tomonidan ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘z majburiyatidan bo‘yin tovlayotgan qarzdorlar qidirib topilayotgani, ulardan qarzlarni undirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, ularga nisbatan qo‘llangan jazo choralari to‘g‘risida maqolalar, fikr-mulohazalar oshkora berib borilmoqda.  

– Amerika Qo‘shma Shtatlarida agar oilada nizo kelib chiqsa, ona va farzandlar boshqa shtatga ko‘chirilib, birinchi navbatda ona ish bilan ta’minlanarkan. Ayting-chi, bizda ham aliment to‘lovidan tashqari, farzandlar moddiy ta’minotini yaxshilaydigan qandaydir ishlar amalga oshiriladimi? Balki shunday choralar ko‘rilsa, aliment kechiksa ham ona va bolalar moddiy tanglikka tushib qolishmasmidi?

– Prezidentning 2022-yil 7-martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yana­da jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘­ri­sida”gi 87-sonli Farmonida aynan xotin-qizlarning huquq va qonu­niy manfaatlarini himoya qi­lishga qaratilgan bir qator vazifalar va ularni amalga oshirish mexanizmi belgilangan. Xususan, aliment to‘lovchining boshqa ijro hujjatlari bo‘yicha maj­buriyatlari mavjud bo‘l­ganda, qarz­dordan undirilgan mab­­lag‘ aliment to‘lovlari bo‘yicha qarz­dorlik to‘liq qop­langandan so‘ng qonun hujjatlarida belgilangan tartib­da va navbat bilan taqsimlanadi. Xuddi shunday, ijro harakatlari davomida qarzdorga solingan jarimalar va ijro harakatlari­ni amalga oshirish xarajatlari ham aliment to‘lovlaridan joriy qarzdorlik to‘liq qop­langandan so‘ng undiriladi.

Aliment to‘lash majburiyatini bajarishdan bo‘yin tovlab kelayotgan va qidiruv e’lon qilingan shaxs­lar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni majburiy ijro organlarining rasmiy veb-saytlariga joylashtirish, shuningdek, davlat ommaviy axborot vositalari­da e’lon qilish amaliyoti joriy etildi. Unga ko‘ra, ushbu manbalarda qidiruvdagi shaxslar va ularning mol-mulki to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lgan fuqarolarga majburiy ijro va ichki ishlar organlariga xabar berish imkoniyati yaratilgan. Bu, albatta, aliment bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lganda qarzdorlik to‘liq bartaraf etilguniga qadar davom etti­riladi. Bundan tashqari, qarzdor­ning transport vositasini bosh­qarish huquqini vaqtincha cheklash, qarz­dorga lisenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega bo‘lgan davlat xiz­matlarini vaqtincha ko‘rsatmaslik, aliment bo‘yicha qarzdorlik mavjudligini nikoh tuzish uchun monelik qila­digan holat sifatida belgilash choralari ko‘rilgan.

Yuqorida ta’kidlangan Farmonning 20-bandiga asosan Majburiy ijro byurosi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda “Ali­ment to‘lov­lari” davlat maqsadli jam­g‘ar­­ma­si tashkil etilgan. Farmon ijro­si­ni ta’minlash maq­sadida Vazirlar Mahkamasi­ning “Aliment to‘lovlari jamg‘armasi faoliyatini tash­kil ­etish to‘g‘risida”gi 2022-yil 3-avgustdagi 427-sonli qarori ham qabul qili­nib, aliment to‘lovlari jamg‘armasi­dan foydalanish tar­­ti­­bi bel­gi­lan­gan. Unga ko‘ra, sud qa­rori bilan aliment to‘lash majburiyati yuk­la­til­gan shaxs­lardan belgilangan mablag‘larni uch oy ichida undirish imkoni bo‘l­ma­gan hollarda “Aliment to‘lovlari” davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari aliment to‘lovlari bo‘yicha shakllangan qarzdorlik­ni bir yo‘la to‘lashga yo‘naltiriladi. Keyin­chalik ali­­ment to‘lash maj­buriyati yuklatilgan qarzdordan sud qaro­risiz majburiy tar­tib­da undirib olinadi.

– Ajrim sudi o‘tkazilayotganda bir oilaning buzilib ketishiga, go‘daklarning yetim bo‘lib qolishiga sababchi bo‘layotgan uchinchi tomonlar ham surishtiriladimi? Ular­ni hech bo‘lmaganda “moddiy” tomondan jazolash, kerak bo‘lsa, ulardan ham aliment undirish mumkinmi? Sizningcha, bu ajrimlar kamayishiga omil bo‘l­may­dimi? 

– Sudlar tomonidan nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rish jarayonida barcha sabab­lar o‘rgani­ladi. Lozim bo‘lsa, taraflarning ko‘r­sat­malaridan kelib chiqib, uchin­chi shaxslar jalb etilib, xulosalar olinadi. Nikohdan ajratish va aliment undirish to‘g‘risidagi talablar, alohida mustaqil talablar hisoblanadi. Oila kodeksining 122-moddasida voyaga yetmagan, shuningdek, voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj shaxslarga ta’minot berish majburiyati sud tomonidan ularning qarindoshlari: bobo, buvi, nevara, aka-uka, opa-singil, shu­ning­dek, o‘gay ota va o‘gay ona, o‘gay o‘g‘il va o‘gay qiz, doimiy tarbiyada bo‘lgan shaxslar zimmasiga yuklatilishi mumkinligi qayd etilgan. Bunda, bolalarning ota-onasi aliment to‘lash imkoniyati yo‘qligi, biroq bobo (buvi) va boshqa qarindoshlarning esa moddiy imkoniyatlari yetarliligini aniqlash lozim.

Shoira ERMETOVA suhbatlashdi

“Jadid” gazetasi | 2024-yil 31-may | 23-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img77

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img593

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img591