20.06.2025 | 10:00
516
BEHBUDIY BILAN SUHBAT
Darslar rasman to‘xtagan bo‘lsa-da, o‘qituvchi uchun bola qalbi va tafakkuri bilan muloqot hech qachon tugamaydi. Chunki tarbiya va ma’rifat faqat sinfxonalarda, jurnal va dastur asosida kechadigan jarayon emas. U hayotning o‘zi kabi uzluksiz, rangin va qiziqarli bo‘lishi kerak. Shu nuqtayi nazardan qaralsa, har bir fasl bola qalbiga yo‘l topishning o‘ziga xos fursatidir.

Chinakam ustoz “tanaffus” davrida ham bola bilan ishlashga, uning dunyosiga hamroh bo‘lishga intiladi. Ayniqsa, bu yilgi ta’til biz uchun ma’rifatparvarlik misollarini yoshlar qalbiga yetkazish yo‘lida yangi ruh, ilhom bag‘ishlamoqda. Bu borada Prezidentimizning “Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ustozlarning ma’naviy-ma’rifiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, darslarimizda buyuk jadidning hayoti va merosini yoshlar qalbiga chuqurroq singdirish uchun yangidan yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Qaror doirasida belgilangan ilmiy-ma’rifiy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar va madaniy loyihalar Behbudiy shaxsiyati, uning hayot yo‘li va faoliyati misolida jadidlik g‘oyalarini yosh avlodga ta’sirchan, zamonaviy usullarda yetkazishda mustahkam zamin yaratmoqda.
Adabiyot fani o‘qituvchisi sifatida har gal darsga kirib, o‘quvchilar bilan Behbudiy haqida suhbatlashar ekanman, o‘ylayman: “Men hozir shunchaki ma’lumot bermayapman, ularga shaxsiyat, adolat, fidoyilik, bilim va bunyodkorlik ruhini uqtiryapman”. Negaki, Behbudiy asarlarida mana shu qadriyatlar mujassam. Qolaversa, biz pedagoglar millatning oyoqqa turishi, mutaraqqiylar qatoriga chiqishi uchun aynan jadid bobolarimiz fidoyiligidan ibrat olishimiz kerakmasmi?! O‘sha g‘oyat murakkab, chigal sharoitda, bir tomondan mustamlakachi va bolshevoylar, ikkinchi tomonidan qadimchi va mutaassiblar miltig‘-u qamchi o‘qtalib tahdid solib turgan bir zamonda oydinlarimiz bolajonlarga soatbay dars o‘tganmidi? Ularda ta’til yo tanaffus bo‘lganmidi? Yo‘q, ular o‘z o‘quvchilaridan hech qachon ruhiy va ma’naviy rishtalarni uzmaganlar, saboqlarini mudom qalbbay olib borganlar. Chunki millat qismati omonat turgan qaltis bir paytda ilm-ma’rifatni paysalga solish kechirilmas xiyonat ekanini yaxshi tushunishgan.
Bugungi yoshlarni Behbudiyga qiziqtirish oson ish emas. Buning uchun darslikdan tashqarilash ham kerak, quruq xronologiya kifoya qilmaydi. Biz Behbudiyni bolaga “o‘qitish” emas, “his etish”ni o‘rgatishimiz zarur. Masalan, “Agar siz Behbudiy bilan suhbatlashsangiz…” tarzida tashkil etilgan birgina metod-harakat bolani nafaqat fikrlashga, balki tarix bilan muloqotga chorlaydi.
Dars jarayonlarida “Behbudiy haftaligi” shaklida amaliy mashg‘ulot tashkil qilgan edik. Har gal darsda bobomizning bitta hikmatli so‘zi yoki maqolasi asosida fikr almasharkanmiz, ularni bevosita bugungi hayot bilan bog‘laymiz. Masalan, “Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdur” degan so‘zlarida alloma bizdan nimani kutayotgani jonli aks etadi. Bu ibora talqinida bolalar bilan axborot oqimini saralash, mustaqil qaror qabul qilish, dunyoga teran nigoh bilan qarash singari mavzularda bahs yuritamiz. Bola shaxsi ana shunday munozaralarda ochiladi, toblanadi, pishib yetiladi.
Shuningdek, qarorda qayd etilgan ko‘plab tadbirlar orasida kino, teatr san’ati, insholar tanlovi, ilmiy konferensiya kabi ko‘plab yo‘nalishlar qamrab olingani ham ayni muddao. Bu kabi turli formatlar darsdan tashqari muhitda ham Behbudiy shaxsini o‘quvchiga ma’nan yaqinlashtiradi.
Agar biz Behbudiyni darslarga jonli, teran va samimiy olib kirsak, har bir bola bu ismni o‘z hayoti bilan bog‘lay boshlaydi: “Beh bud!”, ya’ni “Yaxshi bo‘l, komil inson bo‘l!” degan hikmatni o‘z yurak prizmasidan o‘tkazadi va uning qalbida shunday savollar tug‘iladi: “Men qanday qilib xalqimga foyda keltira olaman?”, “Jamiyatni yaxshilashda mening hissam qanday bo‘lishi mumkin?” Ana shu so‘roqlar, ana shu intilish Behbudiy timsolida jadid bobolar orzu-istaklari va ezgu maqsadlari bugungi avlod tafakkurida yashashda davom etayotganining yorqin ifodasi bo‘ladi.
Xullas, ta’til vaqtida ham o‘quvchilar bilan muloqotni to‘xtatmasdan, maxsus telegram guruhi orqali Behbudiy hayoti va ijodiga oid saboqlarimizni davom ettiryapmiz. Quvonarlisi, jarayon tashabbuskorlari – o‘quvchilarimning o‘zlari.
Nigora YUNUSOVA,
Toshkent shahridagi 249-maktab o‘qituvchisi
“Jadid” gazetasining 2025-yil 13-iyundagi 24-sonida
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
82
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
132
KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT
O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]
13.11.2026 | 14:43
324



