Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


10.04.2024 | 21:22

img1012

“KISHI O‘RGANIB, SO‘NG DONO BO‘LUR…”

Bundan 40 yilcha oldin “Adabiy meros“ jurnalida “Qutadg‘u bilig”­ning uyg‘ur yozuvidagi varianti haqida“ sarlavhali bir maqola chop etilgan, maqola muallifi bugun 70 yoshini qarshilayotgan taniqli olim Qosimjon Sodiqov edi. Keyinchalik uning ilmiy faoliyatida bir necha yo‘nalishlar shakllandi. Bular: Qadimgi turkiy obidalarning kompleks tadqiqi; Qadimgi turkiy xalqlar qo‘llagan yozuvlar tizimi; Uyg‘ur yozuvidagi tarixiy-adabiy manbalar tadqiqi; Qadimiy yozma obidalarning lingvopoetik tadqiqi va tahlili.

 Q.Sodiqovning ilm ahliga tanilishida “Qutadg‘u bilig”ning til xususiyatlari” tadqiqoti muhim ahamiyat kasb etdi. Muallif bu asarida asosiy e’tiborni yodgorlikning fonetik va grafik xususiyatlariga qaratgan. U tahlil jarayonida qadimgi turkiy obidalar, “Xuastanift”, “Oltin yorug‘”, “O‘rta Osiyo “Tafsir”i”, “Devon-u lug‘otit-turk”, “Hibat ul-haqoyiq“ va boshqa manbalarni qiyosiy tahlil jarayoniga jalb etgan. Ishdagi umumiy ilmiy-nazariy hamda amaliy saviyaning balandligi shundan.

“XI–XV asrning turkiy yozuvidagi yodgorliklar“ ilk marta uyg‘ur yozuvidagi adabiy meros namunalarini o‘zbek kitobxoniga tanishtirgan yaxlit asar sifatida e’tiborga molik. Unda “Qutadg‘u bilig”, “Hibat ul-haqoyiq”, “O‘g‘uznoma”, Xorazmiyning “Muhabbatnoma”, shu­ning­­dek, Lutfiy, Sakkokiy, Qambar o‘g‘li, Javhariy, Qosim singari adiblarning g‘aza­l­­la­ri­dan namunalar keltirilgan. Matn­­­­lar­­ning transkripsiyada berilgani, asl matn qo‘lyozmasi namunalarining ilova qilingani ularning ilmiy qimmatini oshir­gan bo‘lsa, hozirgi o‘zbek tilidagi tabdillar kitobni keng omma uchun ham manzur etgan omildir.

Q.Sodiqovning ayrim tadqiqotlari uning manbashunos va matnshunos olim sifati­dagi fazilatlarini ochiq ko‘rsatib beri­shi bilan e’tiborga molik. Xususan, “Uy­g‘ur yozuvi tarixi (manbashunoslik va kitobat tarixi masalalari)”, “Turkiy matnnavislik tarixidan. Qadimgi yozma yodgorliklar”, “Ko‘k turk bitiglari: matn va uning tarixiy talqini”, “Qutadg‘u bilig”ning uyg‘ur yozuvli Hirot nusxasi“ bu jihatdan ajralib turadi. Ularda muallif manbaning asl mohiyatini uning asosiy mazmuni, yetakchi xususiyatlari, ijtimoiy, tarixiy, ilmiy hamda adabiy o‘ziga xosliklarini juda aniq va lo‘nda ifodalarda ko‘rsatishga harakat qilgan. E’tibor berilsa, bugun faqat o‘zimizda emas, xorijdagi ko‘plab tadqiqotlarda ham bu asarlarga murojaat etishadi. Mana shu faktning o‘ziyoq mazkur tadqiqotlarning teranligi va ahamiyatini tasavvur qilishga imkon beradi.

Qosimjon qiziqish doirasi ancha keng olimlar sirasidan. Uning falsafa va din tarixi (“Qadimgi turkiy xalqlarning diniy-falsafiy qarashlari”, “Sharq falsafasi”, “Qadimgi turk falsafasi”, “Oltin O‘rda va temuriylar davrida yaratilgan turkiy yorliqlar: tarixiy-filologik talqin”, “Ilk va o‘rta asrlarda yaratilgan turkiy hujjatlar”) yo‘nalishlaridagi kuzatish va to‘xtamlari fikrimizni tasdiqlaydi.

Ta’kidlash joizki, bunday kuza­tish­lar olimning milliy til tarixi va uning rivojiga oid qarashlari falsafiy-metodologik asos­larining quvvat olishi uchun ham munosib omil bo‘lgan.

Albatta, bu yo‘nalishda ham uning qadimgi turkiy obidalarning lisoniy jihatlari tadqiqi va tahliliga oid faoliyati ustuvorlik qiladi. U adabiy til tarixida kechgan o‘zi­ga xos lisoniy qonuniyat va jarayonlar mohiyatini asosli tarzda ko‘rsatib beradi (“Turkiy yozma yodgorliklar tili: adabiy til­ning yuzaga kelishi va tiklanishi”), ular­ning matnga bog‘liq bo‘lgan mazmun xususiyatlari, ijtimoiy hamda adabiy-estetik baholarini muayyanlashtiradi (“Eski turkiy bitiglar”, “Ko‘k turk bitiglar”i va ularning talqini. Mangu bitiglar, ularning hozirgi adabiy tilimiz tarixida o‘rni va ahamiyatini aniqlaydi.

Mazkur tadqiqotlardagi asosiy fazilat lisoniy hodisalar mohiyatini zamonaviy tilshunoslikdagi mavjud yondashuvlarga xos me’yor va mezonlar bilan tahlil etishda namoyon bo‘ladi. Bu jihatdan olimning tavsiflashdan boshlab tipologik, oppozitsion (zidlash), komponent tahlil, rekonstruksiya, mantiqiy qiyoslash, muxtasar qilib ayt­ganda, kompleks yondashuvlardan foyda­lanishi ish samaradorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgani ko‘rinib turibdi.

Olimning fan tarixi, fan yutuqlarini omma­lashtirish borasidagi faoliyati ham rang-barang. Bu jabhada yana qa­dim­gi manbalar, ularning mazmun va mohiyati ulardagi yetakchi qonuniyat va tendensiyalar mohiyatini ko‘rsatish, yangi fakt va mate­riallarni ilmiy muomalaga kiritish, shu sohadagi mutaxassislar fao­liyatini tavsiflash yetakchilik qiladi.

O‘zbek turkiyshunoslik fanini xorijiy olim­lar nigohiga yetkazishda ham Q.Sodi­qov salmoqli ishlarni amalga oshirgan. Uning Amerika Qo‘shma Shtatlari, Germaniya, Janubiy Koreya, Mo‘g‘ulis­ton, Ozarbayjon, Rossiya, Turkiya, Xitoy, Qirg‘iziston, Qozo­g‘iston mamlakatlarida tashkil etilgan xalqaro anjumanlardagi ma’ruzalari buning yorqin misolidir.

U oliy o‘quv yurtlarining bir qator bakalavriat yo‘nalishlari hamda magist­ratura bosqichi uchun o‘quv dasturlari, qo‘llanmalar (“O‘zbek adabiy tili tarixidan (universitetlarning filologiya fakultetlari uchun qo‘llanma), “Qadimgi turkiy yozuvlar“ va “Qadimgi turkiy til“ fanlaridan dars matnlari, “Til tarixi: Ilk o‘rta asrlarda turkiy dunyoda kechgan lingvo-madaniy jarayonlar”, “Til tarixi: Ilk o‘rta asrlarda turkiy dunyo­da kechgan lingvo-madaniy jarayonlar”, “O‘zbek mumtoz adabiyoti”) yaratdi.

Ta’kidlash joizki, ularning asosiy qismi ilk marta dunyo yuzini ko‘rgan. Bu sohaning ancha qiyin va murakkabligi bunday og‘ir va mashaqqatli yumushlarni o‘z zimmasiga ola biladigan mutaxassis ustozlarning kamligi bilan izohlanadi.

Q.Sodiqov o‘qituvchi sifatida alohida ta’rif va tavsiflarga munosib. Buni unga talabalarning munosabatidan ochiq ko‘rish mumkin. O‘qituvchining bilgani boshqa, ammo bilganlarini boshqalarga yetkazish tamomila boshqa narsa ekanini mutaxassilar yaxshi bilishadi. Qosimjonning pedagogik mahorati bir umrlik tajriba­larning munosib natijasi sifatida jam­lan­gan. U faoliyatini umumiy o‘rta ta’lim maktabida boshlagani uchun ham bolalar psixologiyasini yaxshi biladi. Oliy ta’lim va undan keyingi ta’lim jarayonlarida ko‘p yillardan buyon mashg‘ulotlar olib borishi esa, katta yoshdagilar ruhiyatini ham atroflicha o‘rganish imkonini ber­gan. Hozirgacha u o‘zi faoliyat yuritib kela­yot­gan Toshkent davlat sharqshunoslik univer­siteti talabalari, izlanuvchilari hamda doktorantlari davrasida qizg‘in pedagogik jarayonlar ichida mashg‘ul.

Ko‘p yillik o‘qib-o‘rganishlar Qosimjonda har qanday olimning havasini keltiradigan darajada keng va mustahkam bilim zahiralari, ularni boshqalarga yetkazishning shakl va usullaridagi rang-baranglik juda munosib tarzda mujassamlashgan. Uning fikr bayonida mayinlik, muntazam va mustahkam mantiq, fakt va materiallarning zich va tig‘izligi, o‘ziga bo‘lgan ishonch har doim sezilib turadi. Taqdirning inoyati meni mamlakatimizning ayrim o‘quv muassasalarida, shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasidagi oliy ta’limning doktorant va ilmiy tadqiqotchilarga Q.Sodiqov bilan birga dars o‘tishga musharraf qilgan edi. Mana, shunday darslar jarayonida, shuningdek, uzoq yillardan beri bir soha va yo‘nalishda, bir tashkilotda ishlab kelganim uchun undagi aql-u zakovat, pedagogik takt va mahoratning yuksak parvozlarini ko‘p marta kuzatishga muyas­sar bo‘lganman.

Qadimgi davr manbalari va materiallari bilan shug‘ullangan mutaxassislar o‘sha davrlar manbalarining til xususiyatlari, so‘zlar ma’nosidagi o‘ziga xosliklarni to‘la va to‘g‘ri anglash muammosiga duch kelishi tayin. Shunday qiyinchiliklarni o‘z boshidan kechirgan olim o‘zi nashr qilgan manba va materiallarga oid maqola va kitoblarida har doim ko‘plab lug‘at va izohlarni ilova qilib keladi. U yaratgan “Ilk va o‘rta asrlar turkiy matnlari nomlarining izohli lug‘ati”, “Qutadg‘u bilig“ so‘zligi“ talabalar uchun ham, mutaxassislar uchun ham ayni muddao bo‘ldi.

Olimning asosiy faoliyat yo‘nalishining qaymog‘i uning qadimiy manbalar matn­larini o‘rganish, tadqiq va tahlil qilish, shuningdek, ularning ilmiy, akademik nashr­larini tayyor­lashda namoyon bo‘ldi. Ayniqsa, Mah­mud Koshg‘ariyning “Devon-u lug‘otit-turk“ asarining yangi nashri (Nashr­ga tay­yorlovchi Q. Sodiqov. G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2017) bu yuksaklikning oliy cho‘qqisi, de­yish mumkin. Ahmad Yugnakiyning “Hibat ul-haqoyiq“ asarining yangi trans­kripsiya, tabdil va izohlar bilan talqin etilishi esa, mumtoz adabiyot namunalarini nashr etishda bu jabhada uzukka qo‘yilgan ko‘zdek yarashiqli bo‘ldi. “Muhokamat ul-lug‘atayn”ning yangi nashri esa (Qosimjon Sodiqov tahlili, tabdili va talqini ostida. “Akademnashr”, 2017) mazmun va mohi­yatiga ko‘ra bugungi navoiyshunoslikka muno­sib hissa bo‘lib qo‘shildi.

“Devon-u lug‘otit-turk“ qadimiyat bilan aloqador bo‘lgan ko‘plab tushuncha va so‘zlarning qomusiy lug‘ati. Mahmud Koshg‘ariy “Devon-u lug‘otit-turk”da “alp“ so‘zining izohi uchun qadimiy bir ma­qolni keltiradi: Alp yag‘ida, alchaq jag‘i­da. Maqoldagi oxirgi so‘z arab yozu­vi­da bosh­qacharoq ko‘rsatilgan, uning trans­kripsiyasida esa boshqa shakl beril­gan.

Mana shu ayirma Q.Sodiqov tomonidan e’tiborga olingan. U asliyat(qo‘lyozma)­dagi shakl­ga diqqat qaratib, uning “čoǧïda”“shaklini tiklagan. Natijada maqol­ning tarixiy shakli bilan bog‘liq haqiqat (“Alp yag‘ida, alchaq jo‘g‘ida“ – “Botir dushman bilan to‘qnash­ganda, yuvosh tirishishda sinaladi”) qaror topgan.

Qosimjonning ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash sohasidagi ustozlik maqomi ham shoyoni tahsindir. Uning shogirdlari bugun res­publikamizning turli oliy o‘quv yurtlarida, mehnat jamoalarida faoliyat yuritishmoqda. Ularning safini xorijlik shogirdlar, chet ellarda faoliyat yuritayotgan ko‘p sonli mutaxassislar ham to‘ldirib turibdi.

Filologiya fanlari doktori, professor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Qosimjon Sodiqov inson sifa­tida ham ko‘pchilikka o‘rnak va namuna.

Zero, Yusuf Xos Hojib aytganlaridek:

Kishi o‘granib o‘tru bilga bo‘lur, Bilig bilsa o‘tru qamug‘ ish unur.

Mazmuni:

Kishi o‘rganib, so‘ng dono bo‘ladi, Bilim bilsa, so‘ng hamma ish unadi.

Boqijon TO‘XLIYEV, filologiya fanlari doktori.


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596