13.04.2026 | 14:48
626
“BIZ – O‘ZBEKNING YUZIMIZ”
Suhbatdoshimiz: Nodirjon FATXULLAYEV. Toshkentda tug‘ilib o‘sgan. Yevropadagi eng nufuzli, dunyo bo‘yicha top universitetlar qatoridan o‘rin olgan Karlov universiteti umumiy tibbiyot yo‘nalishi talabasi. Universitet hayotida faol: akademik senat a’zosi sifatida universitet darajasidagi qarorlarni qabul qilishda ishtirok etadi. Tibbiyot talabalari xalqaro uyushmasi koordinatori. Chexiyadagi o‘zbekistonlik talabalar va yoshlar assotsiatsiyasi a’zosi. Shuningdek, “Studensmedicus” blogini ham yuritadi.
– Nodirjon, Yevropada o‘qish qiyin, talablari qattiq, deyishadi. Nima uchun aynan Chexiyada o‘qishni, ustiga ustak, tibbiyotday o‘ta mas’uliyatli sohani tanlagansiz?

– Yevropada o‘qish haqiqatan ham oson emas: talablar yuqori, raqobat kuchli, har bir natija mehnat bilan qo‘lga kiritiladi. Lekin men uchun aynan shu muhit kerak edi. Chunki qattiq talab qo‘yiladigan tizim insonni chiniqtiradi, faqat bilim beribgina qolmay, mas’uliyat, intizom va mustaqil fikrlashga ham o‘rgatadi.
Chexiyani tanlashimning bir necha asosiy sababi bor. Birinchisi – ta’lim an’analari va sifati: bu yerda tibbiyot maktabi uzoq tarixga ega, klinik tajriba bilan nazariya bir-biriga bog‘langan, talabaning qo‘lida faqat kitob emas, bemor oldidagi haqiqiy mas’uliyat ham bor. Ikkinchisi – xalqaro muhit: turli davlatlardan kelgan talabalar bilan o‘qish fikr doirasini kengaytiradi, tibbiyotga va hayotga kengroq qarashni o‘rgatadi. Uchinchisi – Chexiya moliyaviy jihatdan o‘rtamiyona yashaydigan o‘zbek oilasi uchun G‘arbiy Yevropaning ko‘p davlatlariga qaraganda ancha qulay: kundalik xarajatlar va yashash narxlari nisbatan arzon.
Keyingi savolingizga kelsak, tibbiyot men uchun shunchaki kasb emas, insonlarga xizmat qilishdir. Ishi tushgan insonning salomatligi, hayoti, oilasi, ertasi sening qaroringga bog‘liq bo‘ladi. Bu sohada taxmin emas, dalilga asoslangan bilim, sovuqqonlik va bir vaqtning o‘zida insonparvarlik talab qilinadi. Mana shu yuqori mas’uliyat meni o‘zgacha tarbiyalaydi, o‘zimni ham, dunyoqarashimni ham uzluksiz ravishda o‘sishga majbur qiladi.
– Musofirlikning noni qattiq bo‘ladi. “Musofir bo‘lmaguncha musulmon bo‘lmaysan”, degan maqol ham bor. O‘zga yurtga, o‘zga urf-odatli, o‘zga mentalitet odamlariga, butunlay begona muhitga moslashib ketish oson bo‘lmagandir? Topganlaringiz va yo‘qotganlaringiz haqida gapirib bera olasizmi? Insonning shaxs sifatida shakllanishiga uning dunyo ko‘rishi nechog‘lik ta’sir qiladi, deb o‘ylaysiz?
– Albatta, musofirlikning noni qattiq. Bu gapni men nazariyada emas, amalda his qilganman. Chet elga chiqqan inson, avvalo, til, hujjat, ijara, dars, ish, kundalik mayda tashvishlar bilan yuzma-yuz qoladi. Lekin eng og‘iri maishiy qiyinchilik emas, ichki his-tuyg‘u: o‘z uyingdagi “tabiiy” bo‘lgan narsalardan kechasan. Sen kimligingni, qanday qadriyatlarga tayanishingni har kuni o‘zingga isbotlab yashaysan. Moslashish oson bo‘lmadi. Boshida muhit begona: odamlarning muloqoti, yumori, masofasi, tartib-qoidasi, hatto mayda odatlari ham boshqacha. Biroq vaqt o‘tib tushunasan: begona muhit senga qarshi emas, u seni tarbiyalaydi. Sen esa u yerda o‘zingni yo‘qotmasliging, o‘rganishni bilishing kerak.
Topganlarim ko‘p. Birinchisi – mustaqillik. Chetda inson hech kimga suyana olmaydi: qarorni ham o‘zi qabul qiladi, oqibatini ham o‘zi ko‘radi.
Ikkinchisi – intizom va vaqt qadri. Bu yerda vaqtga munosabat qattiq: kechiksang, demak, tayyor emassan. Uchinchisi – fikrlash madaniyati: men turli millat va turli qarashdagi odamlar bilan o‘qib, bir haqiqatni tushundim: ilmda his-tuyg‘u emas, dalil gapiradi. Bu menga ham ichki tartib, ham kasbiy xolislik berdi. TEng muhimi, Vatan qadri. Odam o‘z uyidan uzoqlashganda, Vatanni ko‘proq his qiladi. O‘zbekiston men uchun geografik joy emas, mas’uliyatga aylandi.
Yo‘qotganlarim ham bor. Eng kattasi – oilam bilan birga bo‘lishday oddiygina baxt. Yaqinlaringning quvonchli va tashvishli lahzalarida yonida bo‘la olmaslik og‘ir.
– Vatan sog‘inchi ko‘z o‘ngingizda qanday namoyon bo‘ladi?
– Sog‘inch ko‘proq oddiy narsalarda bilinadi: uydagilarning ovozi, ona tilida suhbat, bolalikdagi odatlar, taomlar, hatto havoning hidi. Bayram kunlari yoki oila bilan birga bo‘lish kerak bo‘lgan paytlarda bu his yanada kuchayadi. Biroq bu hissiyot menga o‘zimni yig‘ishtirib olishga undaydi va maqsadimni eslatib turadi: insonlarga foyda keltiradigan kasbni puxta egallash va yurtimga kerakli inson bo‘lish.
– Chexiyada o‘zbeklar ko‘p ekan. O‘z vatandoshlaringizni uchratganda, nimalarni his etasiz?
– Avvalo, xursand bo‘laman. O‘z tilimda “Assalomu alaykum” deya so‘rashish imkoni yurakka issiqlik beradi. Biroz bo‘lsa ham, o‘zingni o‘z uyingdagidek his qilasan odam. Shu bilan birga, menda mas’uliyat ham paydo bo‘ladi: biz bu yerda o‘zimizni qanday tutishimiz bilan xalqimiz haqida tasavvur paydo qilamiz. Biz bu yerda o‘zbek millatining yuzimiz.
Ba’zi o‘zbek yigit-qizlari og‘ir ishlar qilib, pul topib yurishadi. Men ularni ayblamayman. Ko‘pchiligi oilasiga yordam berish ilinjida. Halol mehnat uyat emas. Lekin “O‘qiyman” deb kelib, ishga berilib ketib, o‘qishni orqaga surib qo‘ygan yigit-qizlarni ko‘rsam, ichim achiydi. Men o‘z millatim vakillarini baland maqsadlar bilan yashayotganini ko‘rishni istayman. “Keyinroq o‘qiyman” degan gap yillar davomida davom etishi va bora-bora bu istak butunlay yo‘qolib ketishi mumkin. Ishlashga majbur bo‘lsa ham, maqsadni yo‘qotmaslik lozim.
– Rivojlangan davlatlar tajribasini ko‘rgan ziyoli inson sifatida O‘zbekistonda ta’lim va tibbiyot tizimini yanada kuchaytirish uchun qanday takliflaringiz bor? Men o‘ylaymanki, hammasini insonlarning ongini, dunyoqarashini o‘zgartirishdan, har kim o‘zini o‘zi tarbiya qilishdan boshlashi kerak. Ko‘pincha farzandi tug‘ilganida qarz olib bo‘lsa ham dang‘illama beshik to‘yi o‘tkazgan, to‘qlarni to‘ydirib boyligini ko‘z-ko‘z qilgan ota-onalar, payti kelganda o‘sha farzandiga kitob olib berishga yoki uni qo‘shimcha to‘garaklar, o‘quv kurslariga yuborishga, ta’lim olishiga sarflash uchun pullarini qizg‘anadilar. Vaholanki, ta’limga tikilgan pul – kelajak uchun eng yaxshi sarmoya. Siz bunga nima deysiz?
– Men ham siz aytgan fikrga qo‘shilaman: islohotlar insonning ongi va dunyoqarashidan boshlanadi. Chunki tizimni inson tashkil qiladi: rahbar, shifokor, o‘qituvchi, ota-ona… Agar jamiyatda “ko‘z-ko‘z” qilish emas, bilim va mehnat qadrlansa, ta’lim ham, tibbiyot ham tezroq rivojlanadi. Ta’limga sarflash vaqti kelib faqat bir insonni emas, butun oilani, butun millatni, hatto butun insoniyatni yuksakka ko‘tarishi mumkin.
Men bunday tarbiyani o‘z oilamdan ko‘rganman. Bizning uyda biror yumushni bajarishmi, qayergadir borishmi kerak bo‘lib qolgan paytda bir og‘iz “imtihonim bor” desam, hech kim meni majbur qilmagan. “Bor, darsingni qil”, deyishardi. Men boy oiladan emasman, lekin ota-onam har doim ta’limni birinchi o‘ringa qo‘ygan: turli to‘garak, qo‘shimcha darslar, til kurslari, kerak bo‘lsa, kitob va materiallar… O‘qish uchun pul kerak bo‘lsa, imkoni boricha hech qachon rad etishmagan. Mening Chexiyaga kelib o‘qishim ham ota-onamning shu qo‘llab-quvvatlashi va uzoqni ko‘ra olgan oqilona investitsiyalari tufayli bo‘ldi.
Tizimga taklif sifatida qisqacha aytsam: ta’lim va tibbiyotda sifatni baholash va javobgarlikni kuchaytirish, dalilga asoslangan yondashuvni kengaytirish, yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash hamda ota-onalar orasida “to‘yga emas, bilimga sarflash” madaniyatini kuchaytirish kerak. Shu o‘zgarishlar bir-birini to‘ldirib, natija beradi, deb o‘ylayman.
– Yevropada talabalar uchun yaratilgan qulayliklar haqida gapirib bersangiz.
– Yevropada, xususan, Chexiyada talabalar uchun qulayliklar ko‘p, lekin talab ham qattiq. Ta’lim tizimi odatda juda aniq: dars jadvali, imtihon talablari va baholash mezonlari oldindan ma’lum bo‘ladi, shuning uchun tayyorgarlikni rejalashtirish osonroq. Universitet kutubxonalari va onlayn manbalar yaxshi ishlaydi, ko‘p ilmiy materiallarga kirish imkoniyati bor. Talabalar uchun jamoat transportida chegirmalar, ba’zi joylarda talabalar turar joyi, sport imkoniyatlari va talabalar tashkilotlari orqali hayotga moslashishni yengillashtiradigan muhit yaratilgan. Tartib-qoida ham muhim: ko‘p ish qonun asosida, tizimli ketadi, hujjat ishlari va kundalik masalalarda ham aniqlik bo‘lgani talabaga xotirjamlik beradi.
Noqulay tomonlari ham yo‘q emas, albatta. Eng kattasi – yuklamaning ko‘pligi: ayniqsa, tibbiyotda material ko‘p, imtihonlar qattiq, stress yuqori, ba’zan dam olishga vaqt topilmaydi. Oila va yaqinlar uzoqda bo‘lgani uchun yolg‘izlik hissi paydo bo‘lishi mumkin, chunki bu yerda ko‘p narsani o‘zing hal qilishingga to‘g‘ri keladi. Qimmatchilik masalasi ham bor: ijara, oziq-ovqat va boshqa xarajatlar hamyonni qattiq nazorat qilishni talab etadi.
– Siz tibbiyot sohasida o‘qish bilan birga, blogerlik ham qilasiz. Chexiyadagi talabalar hayotini yoritib borasiz. Bundan ko‘zlangan maqsad nima?
– Men blogerlikni Chexiyadagi talabalik hayoti haqida haqqoniy tasavvur berish uchun qilaman. Ko‘pchilikka chet elda o‘qish ushalmas orzu yoki juda qimmatday ko‘rinadi. Men esa amaldagi yo‘lni, tayyorgarlikni, hujjat ishlarini, til masalasini va kundalik hayotni oddiy, tushunarli qilib ko‘rsatishga urinaman. Motivatsiya va yo‘l-yo‘riq beraman: abituriyentlar va ota-onalarni haddan tashqari qo‘rqitmasdan, bir vaqtning o‘zida ortiqcha o‘y-xayollarga berilishiga yo‘l qo‘ymasdan, real faktlarni ular bilan bo‘lishaman. Chexiyada o‘qishni o‘rtacha o‘zbek oilasi ham moliyaviy va madaniy jihatdan ko‘tara oladi, deb bilaman. Maqsadli reja, to‘g‘ri ma’lumot va tayyorgarlik bo‘lsa, bu yo‘l ko‘pchilik uchun ochiq. Men aynan shu imkoniyatlarni ko‘rsatishni, odamlarga ishonch va aniq yo‘l xaritasi berishni ko‘zlaganman.
– O‘qishdan va ishdan ortib badiiy kitoblar ham o‘qiysizmi? Umuman, raqamli texnologiyalar zamonida badiiy kitob o‘qish nechog‘lik zarur va insonga nima beradi, deb o‘ylaysiz?
– Badiiy kitob o‘qish muhim, deb bilaman. Raqamli texnologiyalar zamonida, ayniqsa, kitob insonga insonligini eslatib turadi. Kitob o‘qigan odam tiniq fikrlaydi, diqqatni jamlay oladi, hissiyot va tafakkuri boy bo‘ladi. Eng muhimi, kitob sabr qilishni o‘rgatadi va chuqur tafakkur qilish qobiliyatini shakllantiradi. Lekin rostini aytsam, hozir men badiiy adabiyotni ko‘p o‘qiy olmayapman. Tibbiyotda o‘qish yuklamasi katta, vaqtning asosiy qismi dars va amaliyotlar bilan o‘tadi. Bo‘sh vaqt topilsa, men ko‘proq tarixga oid kitoblarni o‘qiyman, shu jumladan, O‘zbekiston tarixi haqidagi asarlar meni qiziqtiradi.
– Yevropada ta’lim olgan jadid bobolarimiz Yevropa ta’lim tizimi, fan-texnikasi va jamiyat boshqaruvi tajribasini o‘rganib, uni o‘z yurti taraqqiyoti uchun qo‘llashga harakat qilganlar. O‘qishni tugatgandan keyin o‘z oldingizga qo‘ygan maqsadlaringiz qanday?
– Asosiy maqsadim – yaxshi vrach bo‘lish va orttirgan bilimimni Vatan manfaatiga, xalq manfaatiga xizmat qildirish. Men uchun diplomning o‘zi yetarli emas: klinik fikrlash, dalilga asoslangan tibbiyot, bemorga hurmat, jamoada ishlash va tizimli tashkilotchilik madaniyatini o‘zimda mustahkamlash muhim. Keyinchalik O‘zbekistonning ham shu standartlarga yaqinlashishiga hissa qo‘shishni istayman.
Men jadid bobolarimizning yo‘lini hurmat qilaman. Ular Yevropani ko‘rib, fan va ta’lim tajribasini o‘rganib, o‘z yurti uchun yangi maktablar ochgan, dunyoviy fanlarni joriy etgan, millat ongini uyg‘otishga harakat qilgan. Men ham shu ruhni davom ettirishni: chetda ko‘rganimni ko‘r-ko‘rona ko‘chirish emas, balki O‘zbekiston sharoitiga moslab, amalda foydali bo‘ladigan shaklda qo‘llashni xohlayman. Shuning uchun kelajakda faqat vrach sifatida emas, ta’limda va jamiyat hayotida ham foydali ishlar qilishni, talabalarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish, chet elda o‘qish imkoniyatlarini real va mas’uliyatli tarzda tushuntirish, odamlarda bilimga qiziqish va ishonch uyg‘otishni istayman.
– O‘zbekistonlik tengdoshlaringizga dil so‘zlaringiz?
– Mening tengdoshlarimga aytadigan gapim shu: imkoniyat bor, lekin u o‘z-o‘zidan kelmaydi. Har kim o‘z hayoti uchun javobgarlikni olsa, har kuni oz bo‘lsa ham o‘z ustida ishlasa, natija, albatta, bo‘ladi. Kimdir tezroq, kimdir sekinroq yuradi, lekin eng muhimi, to‘xtab qolmaslik. Iltimos, bilimni ikkinchi o‘ringa surmang. To‘y, gap-so‘z, boylikni ko‘z-ko‘z qilish o‘tib ketadi, lekin bilim va kasb siz bilan qoladi. Til o‘rganing, kitob o‘qing, mutaxassislikni puxta egallang, tartib va intizomni odat qiling. Har qanday sohada, ayniqsa, tibbiyotda jamoaga kerak bo‘ladigan sifatlar shu.
Chet elga chiqsangiz ham, chiqmasangiz ham, o‘zingizni yo‘qotmang. Vatanga, millatga muhabbat faqat gap emas: halollik, madaniyat, mehnat, odobda aks etadi. Siz shu vatanning fuqarosi, shu millatning vakili sifatida mas’uliyatni his etishingiz bilan namoyon bo‘ladi. Qayerda bo‘lsangiz ham, o‘zbek degan nom faqat yaxshi ma’noda tilga olinishiga sababchi bo‘ling.
Oydin YO‘LDOSHEVA suhbatlashdi.
“Jadid” gazetasining 2026-yil 27-martdagi 13-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



