21.12.2024 | 11:11
448
“BOBUR”DAN RANG OLGAN “BABURIN”…
Kuni kecha mashhur rus yozuvchisi Ivan Turgenevning “Punin va Baburin” qissasini o‘qib chiqdim. 1874-yilda yozilgan ixchamgina asarda voqealar qadimiy dvoryanlar mulkiga egalik qiluvchi boy pomeshchik ayolning o‘n ikki yoshli nabirasi Petya Baburin va uning do‘sti Punin atrofida sodir bo‘ladi.
Aytmoqchi bo‘lganim aslo bu haqda emas. Negadir XIX asrning ikkinchi yarmida rus xalqi orasida keng tarqalgan, shuningdek, qissa qahramonlaridan biri bo‘lgan Baburin istilohi e’tiborimni tortdi. Xayolimni yarq etib yorishtirgan nom – Bobur bo‘ldi.

Xullas, shu so‘zning iziga tushdim. Rus manbalarida bu familiyaning kelib chiqishi va ma’nosi haqida bir qancha taxminlar mavjud ekan. Ajablanarlisi, aksariyat adabiyotlarda Baburin atamasi ildizlari forschada “yo‘lbars” ma’nosini anglatuvchi Bobur Mirzo ismiga bog‘lanishi bayon qilinadi. Ammo nazariyalar bu bilan cheklanib qolmaydi. Yana bir versiyaga ko‘ra, Baburin Bobur ismiga kichraytma va erkalash shakli qo‘shimchasi qo‘shilishdan hosil bo‘lgan. Shu tariqa Bobur – Baburinga, Baburina esa ayollarga nisbatan qo‘llanadigan familiyaga aylangan.
Yana bir manbada bu ismning ruslar orasida paydo bo‘lishi Markaziy Osiyodan kirib borgan turkiy qabilalar bilan bog‘liq ekanligi aytiladi. Ayrim atamashunoslar esa Baburinning “Bobrov” ismi bilan aloqasi bor deb hisoblab, uni qunduz bilan bog‘lasa, yana bir versiyaga ko‘ra Baburin “Babura” laqabidan kelib chiqqan bo‘lib, rus shevalaridagi “buvi”, “kapalak”, “achchiq qo‘ziqorin”, “oshiq o‘yini uchun suyak”, “toshbaqa baliq” kabi so‘zlardan yasalgan bo‘lishi mumkin. Ushbu nom Tula hududlarida ishlatilgan “baburit” – “gapirmoq” fe’lidan kelib chiqqan, degan taxminlar ham bor.
Ushbu familiya xususida bir qancha farazlarni o‘qir ekanman, ularning aksari bobomiz Bobur Mirzo shaxsiyatiga bog‘lanishi haqiqatga eng yaqin variant sifatida keltirilayotganiga guvoh bo‘ldim. Hatto, S.B.Veselovskiyning 1974-yili Moskvada nashr etilgan “Onomastikon. Qadimgi ruscha ismlar, taxalluslar va familiyalar lug‘ati”da ham XVI asrdagi yer egalari bo‘lmish Baburinlar haqida so‘z yuritiladi. Bu, o‘ylashimcha, shoh va shoir zamoniga eng yaqin davrdir.
To‘g‘risi, kalavaning ikkinchi uchini o‘zimizning tarix zarvaraqlaridan topib quvonib ketdim. O‘zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirov “Avlodlar dovoni” romanida Baburin atamasi tarixiga oid qiziq faktlarni keltirib o‘tadi. Asarda yozilishicha, Bobur Mirzo hind o‘lkalari podshosi bo‘lganidan keyin o‘z elchisi Xo‘ja Husaynga maktub berib, uni Moskoviya (Moskva)ga elchi qilib yuboradi. Uch yillik sargardonlik va bir necha bor g‘animlar tuzog‘iga tushib, qutulib, Moskvaga yetib borgan Xo‘ja Husaynning Boburning elchisi ekaniga unchalik ishonmaydilar. Chunki Bobur Hind yerlariga podshoh bo‘lganidan ularning xabarlari ham yo‘q edi.
Asarda karvon bekatida kasal bo‘lib yotgan Xo‘ja Husaynning hindistonlik ekanini eshitgan Matvey ismli kishi uni o‘zining uyiga olib ketib, ayiq o‘tidan tayyorlangan dorilar bilan davolagani aytiladi. Xo‘ja Husayn shu tariqa Matvey Semyonovich Kalitinning yurti hisoblangan Muromda uch yil qolib ketadi. U bilan xizmatkoriga muromliklar o‘rmon chetidan yog‘och uy qurib beradilar, uni “Baburin posol”, ya’ni “Boburning elchisi” deb hurmat qiladilar.
Bora-bora Xo‘ja Husayn ruslar orasida Baburin degan familiya bilan taniladi. U xizmatkori bilan o‘rmon chetida turadigan joyga “Baburinskiy xutor” degan nom beriladi. Matvey Semyonovich bilan Xo‘ja Husayn bir-birlarining tillarini o‘rganishadi. Daryo yo‘li bilan Novgorod orqali Qozon xonligiga borib, tijorat qilishadi va Hindiston safari uchun mablag‘ yig‘adilar. Ular ko‘p xavf-xatarlarni boshdan kechirib, nihoyat, Agraga yetib kelishadi.
Demak, yozuvchining ta’kidicha, hozirda rus xalqi orasida keng tarqalgan Baburin – Bobur Mirzoning elchisi Xo‘ja Husayn nomi bilan bog‘liq ekan. Bu daryodan tomchi, xolos. Hali yana qanchadan-qancha turkiy so‘zlarimiz jahon tillarida yashab yuribdi. Biz ham turkiy so‘zlar qanotida dunyo kezishda davom etamiz!
Bobur ELMURODOV,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori
“Jadid” gazetasining 2024-yil 13-dekabrdagi 51-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
78
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
595
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
593



