12.05.2026 | 09:46
2144
BOKUDAGI “VAQT HAYKALI”
O‘zbek-ozarbayjon adabiy aloqalari qadimiy va mushtarak ildizlarga ega bo‘lgani uchun ham bugun chinakam yuksalish bosqichiga kirdi. O‘tgan zamonlarda bu ikki qondosh va jondosh el adabiy do‘stligi alohida shoir-u adiblar faoliyati misolida rivojlanib kelgan bo‘lsa, ayni kezda o‘zaro munosabatlar, ayniqsa, adabiy do‘stligimiz har qachongidan ham kengroq ko‘lamda ravnaq topmoqda.
Yaqinda Boku shahrida O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning “Vaqt haykali” kitobining ozarbayjon tilidagi nashri taqdimoti yuqori saviyada tashkil etilgani mustahkam adabiy hamkorligimizning yana bir dalili bo‘ldi.

Ozarbayjon xalq yozuvchisi Anor Rzayev tadbirni ochar ekan, jumladan, shunday dedi: “Azaldan qondosh va bir-birimizni yaxshi bilgan elmiz. Ikki xalqning birdamligini, ikki Prezidentning do‘stligini bilib, kuzatib turibmiz. Davlat rahbarlarimiz olib borayotgan siyosat tahsinga sazovor. Bu do‘stlik adabiy hamkorligimizga ham keng yo‘l ochayotir. Sirojiddin Sayyidning “Vaqt haykali” kitobi ozarbayjon tiliga tarjima etilgani hammamizni xursand qildi. Shoirning yuksak she’rlari va dostonlari ozarbayjon xalqining adabiy-ma’naviy xazinasiga aylanishiga ishonaman”.
Taqdimotda O‘zbekistonning Ozarbayjon Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Bahrom Ashrafxonov, Ozarbayjon Milliy Majlisi deputati Javanshir Feyziyev, Ozarbayjon xalq yozuvchisi Chingiz Abdullayev, filologiya fanlari doktori, professor Almaz Ulvi Binnatova, shoirlar Ilg‘or Turk o‘g‘li, G‘ayrat Majid kitob haqida fikrlarini bildirdi. Kamina ham ushbu she’riy to‘plam tarjimasining ahamiyati xususida so‘zladim.
“Vaqtga haykal qo‘ymoq payti ham yetdi!” – ushbu satr Sirojiddin Sayyidning 1984-yili yozilgan “Saksoninchi yillar” dostonidan olingan. Vaqt degan ulug‘ ne’matni qadrlash, uni yelga sovurishdan saqlanmoq, asl haqiqatlarga bag‘ishlamoq – vaqtga haykal qo‘yish deganda shoir ana shu teran mohiyatni nazarda tutadi. Uningcha, hayot – hazrat Navoiy kuylagan azob, ustoz G‘afur G‘ulom e’zozlagan ezgu dard. Zero, haqiqiy she’r ana shu azob va ezgu dard hosilasi. Vaqtga ijodkor qo‘yajak haykal “Foniy hasrat emas – Oliy Orzudan, O‘tkinchi g‘am emas – Yuksak Ishonchdan” qurilmog‘i zarur. “Tug‘yondan, vijdondan, giyohdan, tongdan, Shabnamdan, qasamdan, sevgi, quvonchdan” bunyod etilmog‘i kerak bu haykal.
Haqiqiy shoir yuragini mudom millat dardi, bashariyat dardi o‘rtaydi. U hazrat Navoiy bo‘lib, Astrobodga surgun etiladi, Sobir Termiziy bo‘lib suvga g‘arq qilinadi. Dunyoda kechayotgan urush-taloshlar, zulm-o‘ldirishlar, talon-torojlar qalbini muttasil iztirobga soladi, ruhini g‘am dengiziga cho‘ktiradi. Afg‘oniston qumlarida askarlar yiqilganda, U ham yozuv stolida so‘zsiz yaralanadi. Jenevadagi tinchlik shartnomalari cho‘zilganda, uni tahlikaga solgan muddatlar ham uzayadi. Nikaraguada, Bayrutda yuz bergan vayrongarchilik va qotilliklardan daftariga qonlar sachraydi, samolarda jon bergan Muin Bsisu hasrati uning ham ko‘ngliga mung soladi. Ona ko‘zyoshlari timsolida dunyo ko‘zyoshlarining mohiyatini anglaydi. Inson dard bilan buyuk ekanini yurakdan his etadi. Butun dunyo vijdonlarini birlashmoqqa chorlaydi.
Doston mana bunday xulosalanadi:
Mening ko‘z oldimda
Vaqt turar faqat –
Butun Insoniyat
shaklidagi Vaqt.
Vaqtni insoniyat shaklida tasavvur etish, his etish uchun shoirona tafakkur va ijodiy taxayyul, tongday toza qalb zarur, yurakda cho‘ng dard bo‘lmog‘i kerak. Sirojiddin Sayyid ana shunday zalvorni yelkasiga olgan salohiyatli ijodkor. Shu bois, turli millat shoirlari uning asarlarini o‘z tillariga tarjima qilmoqqa ehtiyoj sezayotir. She’rlari qardosh o‘lkalarda ham sevib o‘qilmoqda.
“Vaqt haykali” kitobini ozarbayjon tiliga taniqli ijodkorlar Akif Azalp va Yashar Qosim tarjima qilgan. Kitobdan shoirning inson va jamiyat munosabatlari, hayot va ishq falsafasi, Vatan va xalq muhabbati, tarix va zamon konsepsiyasi bilan bog‘liq sara she’rlari, “Saksoninchi yillar” hamda “Tanazzul” dostonlari o‘rin olgan. Bu nashr o‘zbek she’riyatining ham yutug‘i, o‘zbek-ozarbayjon adabiy aloqalari muttasil rivojlanayotgani dalilidir.
Safar rejamizning eng muhim qismlaridan biri – tarixiy Ganja shahriga borish va buyuk Nizomiy Ganjaviy maqbarasini ziyorat etish edi. Mezbonlarga ehtirom hamda ularda Ozarbayjon o‘lkasi haqida kengroq taassurot uyg‘otish uchun bo‘lsa kerak, yo‘limiz Buyuk Kavkaz tog‘lari dovoni orqali tashkil etildi. Ulovimiz yo‘lning tanobini tortib borar ekan, Buyuk Kavkaz tog‘lari etagida joylashgan shirvonshohlar saltanatining boshkenti Shamaxi shahridan o‘tdik. Eramizdan avvalgi V-IV asrlardayoq aholi istiqomat qilgan bu tarixiy shahar yuksak madaniyat va adabiyot markazi sifatida ham shuhrat qozongan. Shamaxi boshqa barcha fazilatlarini sanamaganda ham, Imodiddin Nasimiy, Xoqoniy Shirvoniy, Mirza Aliakbar Sobir, Sayyid Azim Shirvoniy, Muhammad Hodiy singari ulug‘ shoir-u mutafakkirlar vatani ekani bilan ham mo‘tabar maskanlardan sanaladi.
Ganja shahrida bizni shahar hokimi o‘rinbosari Odil Tagiyev va Ozarbayjon Fanlar akademiyasi Ganja bo‘limi mas’ul kotibi Alimuxtor Muxtorov kutib oldi. Birgalikda Shayx Nizomiy Ganjaviy maqbarasi ziyoratiga bordik. Qur’on tilovat qildik. Buyuk Nizomiy Ganjaviy va ulug‘ xalafi hazrat Alisher Navoiyning pok ruhlari, ikki ulug‘ qardosh xalqlarimiz do‘stligi va adabiy hamkorligi yuksalishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berayotgan ikki davlat rahbari haqiga xayrli duolar qildik.
Nizomiy ziyoratidan so‘ng fuzuliyshunos olim va adib Mir Jalol Pashayevning uy-muzeyida bo‘ldik. Ozarbayjon Yozarlar birligining Ganja viloyati filialida shoir-u adiblar bilan qizg‘in ijodiy muloqot o‘tkazildi. Ozarbayjon Xalq yozuvchisi Anor Rzayevning onasi Nigor Rafibeyli haykali poyiga gullar qo‘yilib, shoira xotirasiga ehtirom ko‘rsatildi. Boku shahridagi “Shahidlar xiyoboni”dagi sovet davri fitnalarining qurbonlari xotirlandi. Shundan so‘ng Ozarbayjon Respublikasining birinchi prezidenti Haydar Aliyev yodgorligi poyiga gulchambarlar qo‘yildi.
Ozarbayjon safari do‘stlik ko‘priklarini yanada mustahkamlagani bilan xotiramizga muhrlandi.
Nurboy JABBOROV,
filologiya fanlari doktori, professor
“Jadid” gazetasining 2026-yil 8-maydagi 19-sonida
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
97
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
135
KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT
O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]
13.11.2026 | 14:43
328



