Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


15.09.2026 | 16:11

img1111

BOLANI IT DAN KIM HIMOYA QILADI?

Bugun TikTok, Instagram, YouTube va boshqa platformalar bolalar hayotining bir qismiga aylangan. Biroq ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazilayotgan vaqt, kiberbulling, zararli kontent, “ideal hayot” bosimi, layk, obunachilar orqali tashqi tasdiqqa bog‘lanish kabi muammolar tobora ko‘proq muhokama qilinmoqda.

Jurnalist Muyassar Ibrohimovaning savollariga psixolog, Shveytsariya Lozanna xalqaro instituti (SIIL) talabasi Dilfuza JUMAYEVA, huquqshunos Ixtiyor ABDURAZZOQOV va “Domlajon” telegram sahifasi asoschisi, pedagog Isroil TILLABOYEV javob beradi.

Muyassar Ibrohimova: – Bola ba’zan ijtimoiy tarmoqlar va platformalar qurshovida soatlab qolib ketadi. Bu vaqtda uning miyasida, ruhiyatida nimalar sodir bo‘ladi? 16 yoshgacha bo‘lgan farzandlarimizning ruhiyati internet va texnologiyalar bosimiga qanchalik tayyor?

Dilfuza Jumayeva: – Har bir bolaning o‘z tabiatiga mos ichki intizomi bor. Agar bu ichki intizom xavfsiz muhit bilan birga o‘smasa, bolaga, albatta, bosim beradi. Axborot oqimining shiddati tez, ko‘rinishi turfa va natijasi kutilmagan. Farzandlarimizga birinchi o‘rinda oila va maktabda xavfsiz muhit kerak. Har bir bolaning bunga ichki ruhiy ehtiyoji bor.

Xavfsizlik bu – kichik yoshdagilarga hali noma’lum bo‘lgan voqea-hodisalarni ma’lum payt cheklash, sog‘lom chegara qo‘yish, buning o‘zi nimaligi va qanday xavf keltirishini tushuntirish, ayni paytda, bemalol harakatlanishi uchun hudud qoldirish. Telefon ishlatishni emas, me’yoridan ortiq foydalanishni tanqid qilish kerak. Farzandimizga mobil qurilmalarni dushman sifatida ko‘rsatib qo‘ymaslik zarur. Chunki ular vaqti kelib, gadjetlar dunyosiga qadam qo‘yadi. Ayniqsa, bugungi axborot va sun’iy intellekt asrida busiz na ta’lim, na ish bitadi. Bolaga telefon oldida o‘zini qanday boshqarishni o‘rgatish, unga yordam berish – eng to‘g‘ri yo‘l. Cheklov chora emas, siz qo‘lidan olib qo‘yganingiz bilan o‘rtog‘i yoki tanishining telefonidan foydalanaveradi. O‘g‘il-qizlarga bir umr qo‘riqchi bo‘lolmaymiz, lekin to‘g‘ri berilgan tarbiya ularning ishonchli himoyachisi bo‘lishi, shubhasiz.

Masalaning o‘q ildizlaridan biri: agar ota-onaning mehri, e’tibori yetishmasa, bola ehtiyojini telefon, internetdan izlaydi.

Muyassar Ibrohimova: – Afsuski, bugun bolam yig‘lamasin, deb erta yoshdan telefonga o‘rgatayotgan ham o‘zimiz…

Dilfuza Jumayeva: – Shunday. Gadjetlarda hissiy va rang-barang kadrlar bisyor. Ular hayotda ham bor, faqat unchalik tez va turfa emas. Bola qo‘liga telefon olganida o‘qish, o‘rganish ishtiyoqi pasayadi. Dofamin miya uchun juda ham muhim gormon. Kadrlarning tezligi, xilma-xilligi, ko‘pligi bolaga juda tez dofamin beradi va tez to‘yintiradi. Ular katta bo‘lgani sari bu hisni hamma joydan qidiradi. Eng achinarlisi, bu ehtiyoj keyinchalik nosog‘lom munosabatlar, ichkilikbozlik, kashandalik, bangilikka ham aylanishi mumkin.

Ilm olish, mehnat qilish, uzoq muddatli munosabatlarga kirishish vaqt, mas’uliyat talab qiladi. Ammo virtual dunyo va vizual qoniqishga o‘rgangan avlodda to‘rt yil oliy ta’lim olish, bir necha yil ishlabgina o‘z o‘rnini topish, turmush qurish, do‘stlashish, hamkorlik qilish kabi o‘n yillar, umrbod davom etadigan munosabatlarga toqatsizlik shakllanadi. Yoshlarning sintetik giyohvand moddalarga ruju qo‘yishi, yosh oilalar o‘rtasidagi ajrim, yigit-qizlarda yolg‘izlik, stress va depressiya kuzatilayotgani, avlodlar o‘rtasidagi masofaning jarlikka aylanib borayotgani – barchasining zamirida ko‘z ochib telefonni ko‘rgan avlodning Internetdan topgan “foydasi” yotibdi.

Muyassar Ibrohimova: – Isroil aka, Siz yigirma yildan buyon pedagogika sohasi ichidasiz. Psixologimiz muammo va oqibatlarini aytdi. Siz bilan yechim haqida suhbatlashsak. Sizningcha, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida telefonni butunlay cheklash muammoga yechim bo‘la oladimi?

Isroil Tillaboyev: – Hozirgi kunda bir yuz to‘rtta davlat maktab hududida qisman yoki to‘liq telefonni taqiqlagan ekan. O‘quvchilar ko‘p vaqtini maktabda o‘tkazadi. Bu paytda ota-onadan ko‘ra o‘qituvchiga, maktab jamoasiga mas’uliyat yuklanadi. Bilasizmi, telefondan foydalanish borasida qat’iy qonun-qoidalar ishlab chiqilmagani uchun maktab jamoasi ham ikkilanib qolgan. Hozircha, asosiy masalalardan biri maktabda direktordan tortib oddiy xodimgacha bu borada namuna bo‘lishi kerak.

Istaymizmi-yo‘qmi, telefondan foydalanish madaniyati kattalarda ham to‘liq shakllangan, deya olmayman. Hatto, dars jarayonida ham attestatsiya testlarini yechib yoki turli videolar ko‘rib o‘tirgan pedagoglar borligini rad etib bo‘lmaydi.

Bugun o‘quvchidan talab qilish uchun ma’muriy bazani mustahkamlab qo‘yish zarur.

Dilfuza Jumayeva: – Shu bilan birga, ota-ona ham bu borada ta’lim muassasasiga ko‘makchi bo‘lsin. Masalan, qizimning maktabida uyali aloqa vositasidan foydalanish umuman mumkin emas. Uyda ham shunga amal qilamiz. Bu borada, avvalo, o‘zimiz – kattalar o‘rnak bo‘lamiz. Dasturxon atrofida, farzandlar bilan suhbat davomida, sayr va sayohatlarda telefonni chekkaga surib qo‘yamiz. Farzandimizning ustidan hukmron bo‘lish emas, ular bilan birga qoidalarga rioya qilishimiz lozim. Shunda bolaning ham tartibga kelishi osonlashadi, u o‘zini tahqirlangan, kamsitilgan yoki mahrum qilingan, deb o‘ylamaydi.

Muyassar Ibrohimova: – Davlat 16 yoshgacha bo‘lgan bolaning ijtimoiy tarmoqdan foydalanishini cheklashga haqlimi? Mobil qurilmalardan butkul cheklash bolaning axborot olish huquqiga zid kelmaydimi? Ixtiyor aka, bu savollar bilan Sizga murojaat qilamiz, avvalo.

Ixtiyor Abdurazzoqov: – Axborot asrida hamma yangilikni imkon qadar ertaroq, boshqalardan oldinroq olishga harakat qiladi. O‘zbekiston Respublikasida 16 yoshga to‘lmagan yoki voyaga yetmagan shaxslarning axborot texnologiyalaridan foydalanish masalalari huquqiy jihatdan tartibga solingan. Yaqinda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri ham maktab yoshidagi bolalar uchun telefondan foydalanish masalasida alohida normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish masalasi ko‘rilayotganini aytdi. Asosiy maqsadimiz 16 yoshgacha bo‘lganlarning ommaviy axborot vositalaridan ma’lumot olishi, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini to‘xtatish emas, filtrlash bo‘lishi kerak.

O‘zbekiston Respublikasining “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni bor. 2018-yil 24-martdan kuchga kirgan bu Qonunning 16-moddasida axborotlar sinflashtirib berilgan. Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2012-yilda chiqarilgan “Ta’lim tashkilotlarida mobil qurilmalardan foydalanishni tartibga solish to‘g‘risida”gi Nizomni tasdiqlash haqida qaror bor. Allaqachon qonunchiligimizda bu masalani tartibga solish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar bazasi bor. Lekin suhbatdoshlarimiz aytganidek, bu faqat bir tomonning masalasi emas.

Dilfuza Jumayeva: – Maktabda telefondan foydalanishni qat’iy tartibga solish shart, albatta. Mutlaq taqiq ise olti yoshgacha kerak, deb o‘ylayman. Chunki bu davrda bola o‘zini boshqara olmaydi.

Ixtiyor Abdurazzoqov: – Yana bir asosiy muammo: axborot olishga nisbatan immunitet sustligi. Ko‘pchiligimiz ko‘rayotganlarimizni foydali, foydasiz, haqiqat yoki feyk ma’lumotga ajratmaymiz, saralamaymiz. Aslida, OAVdagi materiallarda ham qaysi auditoriya va yosh uchun mo‘ljallangani qat’iy ko‘rsatilishi shart. Afsuski, bunday belgi kamdan kam kontent va ko‘rsatuvlarga qo‘yiladi. Shu jihatdan, axborot taqdim qiluvchilarga ham majburiyat, qoidalar kiritishimiz kerak.

Muyassar Ibrohimova: – Doimiy ravishda boshqalarning chiroyli hayoti, muvaffaqiyati va tashqi ko‘rinishini, ideal hayot tasvirini ko‘rish bolaning o‘ziga bo‘lgan bahosiga qanday ta’sir qiladi?

Dilfuza Jumayeva: – Bunday holat bola qadr-qimmatini, ichki mezonlarini tashqi reaksiyaga bog‘lab qo‘yadi. Ya’ni, obunachilar, layklar, ko‘rishlar soni, tashqaridan kelayotgan baho farzandlarimizda qachonki menga layk bosishsa, qabul qilinaman, tan olinaman, degan fikrni uyg‘otadi. Bolaning o‘zini baholashi, o‘zini qanday his qilishi va kayfiyati tashqi omilga bog‘liq bo‘lib qoladi va bu qaramlikka olib keladi. Unga reaksiya berilmasligi yoki past baho berilganda, buni juda og‘riqli qabul qiladi va yopilishiga, o‘zini qabul qilolmasligiga sabab bo‘ladi.

Isroil Tillaboyev: – Ijtimoiy tarmoqlarning yana bir salbiy tomoni – aksar o‘quvchilar o‘z idealini turli bema’ni qiliqlari bilan yuz minglab auditoriya yig‘gan yoshlar orasidan topyapti. Yaqinda bir video ko‘rdim. O‘smirlar shunday “qahramon”lari izidan suratga tushish, birga o‘ynash uchun yig‘lab yuguryapti.

Bugun telefonni yig‘ishtirish bilan ish bitmaydi. Maktab o‘quvchilari orasida xalqaro olimpiada g‘oliblari ham ko‘paymoqda. Afsuski, ularni hech kim tanimaydi. O‘qituvchilar mana shunday bolalarning shaxsiy sahifalarini yaratib, hayot tarzi, o‘qish tartibini ko‘rsatishiga ilhomlantirishi kerak.

Dilfuza Jumayeva: – Har bir bolaning ichida qahramonga intilish hissi bor. O‘g‘il bola uchun otasi, qiz bolaga ona qahramon bo‘la olsa, nur ustiga nur. Bunday munosabatda ham do‘stlik, ham ishonch, ham xavfsizlik bo‘lib, ota-ona va farzand aloqasi yanayam iliqlashadi. Qabulimga keladiganlarning aksariyatida ota-onasidagi muammo takrorlanadi. Ko‘plab bolalarda namuna, ergashish uchun qahramon yo‘q. Ular ulg‘aygungacha, ijtimoiy tarmoq yoki boshqa yerdan qahramonini topadi va unga ishonadi.

Muyassar Ibrohimova: – Ota-onaning nazorati qachon g‘amxo‘rlikdan nazoratga aylanadi?

Dilfuza Jumayeva: – Telefon – bolaning shaxsiy buyumi. Lekin uni yashirin yo‘llar bilan emas, birgalikda ko‘rish mumkin. Shunda ona farzandining kimni kuzatayotgani va bu qanday oqibatlarga olib kelishini tushuntiradi.

Telefonni cheklamoqchi bo‘lgan inson avval o‘zi bola bilan shug‘ullanishga tayyor bo‘lsin. Ham telefonni cheklab, ham ota-onaning muloqoti bo‘lmasa, bu yomon oqibatga olib keladi. Farzandga eng yaxshi hamroh ota-onasi va sog‘lom muhit bo‘lishi kerak. Yosh bola nega havo bunaqa, nega quyosh chiqadi yoki nega o‘t o‘sadi, degan oddiy savollarni beradi. Bir kuni o‘sha savollarni bermay qo‘yishi mumkin. Siz borgan sari uning hayotidan surilib, chiqib borasiz. Sizning o‘rningizni telefon egallashiga tayyormisiz? Har doim bolangizga telefon berganingizda, shu savolni o‘zingizga bering. Eng muhim yechim – muloqot. Agar bola savollariga ota-onadan javob ola bilsa, telefon uning uchun yordamchi vosita bo‘ladi, xolos.

Muyassar Ibrohimova: – Vaqt ajratib kelganingiz va mazmunli suhbat uchun hammangizga rahmat.

«Jadid» gazetasining 2026-yil 11-sentyabrdagi 37-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img88

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600