26.08.2025 | 09:12
567
“BUNDA BOR HARORAT, MUHABBAT, SHAFQAT…”
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 14-avgust kuni imzolagan farmonini o‘qib, akademik shoirimiz Gʻafur Gʻulomning “Sen yetim emassan” she’rini yana bir bor mutolaa qilish ehtiyoji tug‘ildi. “O‘zbekistondagi bir guruh falastinlik fuqarolarga davlat g‘amxo‘rligi, mehr-shafqat tamoyillari asosida ko‘mak berish tizimini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi ushbu farmon haqiqiy insonparvarlik siyosatining amaldagi ifodasidir.

Shoir iborasi bilan aytganda, “Quyoshday mehribon Vatan”imiz barcha davrlarda o‘z bag‘rikengligi, mehr-shafqati va insonparvarlik an’analariga sodiq qolib, muhtojlarga qo‘l cho‘zgan, ehtiyojmandlarga yordam ko‘rsatgan. “Zaminday vazmin-u mehnatkash, mushfiq” xalqimiz esa inson hayoti, sha’ni va qadr-qimmatini ulug‘lashga qaratilgan ezgu tashabbuslarga mehr bilan yondashib, ularni beta’ma-yu beta’na qo‘llab-quvvatlab kelgan.
Ikkinchi Jahon urushi davrida yurtimizga 1 million nafardan ortiq kishi ko‘chirib keltirildi. Ularning 200 mingdan ortig‘i bolalar edi. Xalqimiz ularga boshpana berib, so‘nggi burda nonini ham baham ko‘rdi, ota-onasidan ajralgan bolalarni o‘z farzandidek tarbiyasiga olib, butun dunyoga haqiqiy insonparvarlik namunasini ko‘rsatdi.
“BIR OGʻIZ SHIRIN SO‘Z NONDEK ARZANDA…”
Konstitutsiyamizning 17-moddasiga ko‘ra, “O‘zbekistonning tashqi siyosati davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning buzilmasligi, davlatlarning hududiy yaxlitligi, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik prinsiplariga hamda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan boshqa prinsip va normalariga asoslanadi”.
O‘zbekiston ichki va tashqi siyosatida ushbu prinsiplarga og‘ishmay amal qilib kelinmoqda. Shu bilan birga, jahon ayvonida ro‘y berayotgan muhim masalalarga munosabat bildirilib, global muammolar yechimiga doir ilg‘or tashabbuslar ilgari surilmoqda.
Xususan, Davlatimiz rahbari 2023-yil 31-oktyabr kuni Falastin–Isroil nizosi xususida to‘xtalib, “Biz Falastin va Isroil tomonidan qurbon bo‘lgan barcha insonlarning oilalariga chin dildan ta’ziya va hamdardlik izhor etamiz”, degan edi.
Prezidentimizning hamdardligi faqat so‘zda qolib ketmay, “bag‘rikeng o‘zbekning o‘chmas imoni” buyurganiday amalda ham o‘z ifodasini topdi. Gʻazo sektori aholisiga baholi qudrat yordam ko‘rsatish uchun BMTning Yaqin Sharq agentligiga 1 million 500 ming dollar ajratildi. Bu qaror xalqimiz va xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak baholandi, e’tirof etildi.
Davlatimiz rahbari xalqaro minbarlarda turib, dunyo yetakchilarini bot-bot ushbu hududda tinchlik o‘rnatishga chaqirmoqda. Quyida Prezidentimiz nutqidan parchalar o‘qiymiz:
“Global tinchlik va xavfsizlikka jiddiy tahdid solayotgan Yaqin Sharqdagi Falastin–Isroil urushi barchamizda katta tashvish uyg‘otmoqda. Biz tomonlarni zudlik bilan harbiy harakatlarni to‘xtatishga, tinch muzokaralarni boshlash, oqilona murosaga kelishga chaqiramiz” (Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining o‘n oltinchi sammiti, 2023-yil 9-noyabr).
* * *
“Eng og‘riqli muammolarga xalqaro huquqning umume’tirof etilgan me’yorlari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nizomi va rezolyutsiyalari asosida yechim topish muhim, deb hisoblaymiz. Jumladan, Falastin–Isroil nizosining yagona va adolatli yechimi “ikki xalq uchun – ikki davlat” tamoyilini ro‘yobga chiqarishdan iboratdir” (Parlamentlararo ittifoqning 150-Assambleyasi, 2025-yil 7-aprel).
* * *
“Gʻazoda sulh bitimining buzilishi va harbiy harakatlarning qaytadan boshlanishi barchamizni chuqur tashvishga solmoqda. Toki “Ikki xalq uchun – ikki davlat” tamoyili ro‘yobga chiqmas ekan, Falastin–Isroil nizosining adolatli yechimini topish mumkin emas” (Turkiy davlatlar tashkiloti norasmiy sammiti, 2025-yil 21-may).
* * *
“Ko‘pdan buyon cho‘zilayotgan Gʻazo fojiasiga e’tiboringizni qaratmoqchiman. XXI asrda ko‘z o‘ngimizda ko‘plab begunoh insonlarning nobud bo‘layotganini hech nima bilan oqlab bo‘lmaydi. Bu muammoning yagona yechimi – nizoni xalqaro huquq me’yorlari va qabul qilingan rezolyutsiyalar asosida adolatli hal qilishdir. Falastin xalqi o‘z mustaqil davlatiga ega bo‘lishga haqlidir” (To‘rtinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi, 2025-yil 10-iyun).
Ko‘rib turibmizki, Falastin masalasi ko‘tarilgan yig‘inlar turli darajada va mavzuda bo‘lsa ham, zaminning og‘riqli nuqtasiga bo‘lgan O‘zbekistonning munosabati aslo chetga surib qo‘yilgani yo‘q.
Har bir davlat rahbarining munosabati o‘sha mamlakat va xalqning pozitsiyasini ifoda etadi. Garchi Gʻazoga to‘g‘ridan to‘g‘ri moddiy yordam berish imkoni nihoyatda chegaralangan bo‘lsa ham, ruhiy madad berish qo‘limizdan keladi. Jahon hamjamiyati e’tiborini bu masalaga tez-tez jalb qilish tinchlik yo‘lidagi muhim qadamdir.
Falastin xalqiga bu olamda yolg‘iz emasligini, ular haqida qayg‘uradigan, ular uchun tinch kunlar boshlanishini xalqaro qonunchilikda mustahkamlashga urinayotgan do‘stlari borligini his qilishning o‘zi kuch-quvvat bag‘ishlaydi.
“SO‘NGGI OYLAR ICHRA BIRINCHI CHECHAK…”
Davlatimiz rahbari 2024-yil 11-noyabr kuni Falastin muammosiga bag‘ishlangan navbatdan tashqari arab-islom sammitida ishtirok etib, tinchlikka eltuvchi bir nechta xayrli tashabbuslarni ilgari surgan edi. Jumladan, Prezidentimiz Falastin–Isroil muammosini tinchlik va diplomatiya yo‘li bilan hal etishga qaratilgan barcha amaliy harakatlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlab, urushda jabrlangan bir guruh falastinlik bolalar va ayollarni O‘zbekiston shifoxonalarida beg‘araz davolashga tayyorligini ta’kidlagandi.
Ushbu xayrli tashabbus ortidan o‘tgan yilning 26-dekabr kuni O‘zbekiston tomonidan Toshkent–Misr–Toshkent yo‘nalishida maxsus charter reys amalga oshirildi. Urush hududlarida aziyat chekkan 100 nafar falastinlik bolalar va ayollar olib kelindi.
O‘zbekistonga kelgan bemor bolalar va ayollar, ularga hamrohlik qiluvchilar davlat tomonidan to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi va sog‘lomlashtirish sihatgohlariga joylashtirildi.
“VA MEHNAT NONINI KO‘RAMIZ BAHAM…”
“O‘zbekistondagi bir guruh falastinlik fuqarolarga davlat g‘amxo‘rligi, mehr-shafqat tamoyillari asosida ko‘mak berish tizimini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon mohiyatan tub islohotlarimiz izchilligi va nazorati kafolatlarini aks ettiradi. Ushbu tarixiy hujjatda reabilitatsiya qilingan falastinliklarga ko‘mak berishning eng mayda detaligacha daqiqlik bilan hisobga olingan. Har bir vazifa tegishli vazirlik va tashkilotga biriktirilgan. Farmonning insonparvarlik mohiyati-yu, huquqiy va siyosiy jihatlarini keng sharhlash siyosatshunoslarga tan, albatta. Biz esa undagi ayrim qismlarga e’tibor qaratmoqchimiz.
Farmon matni shu qadar sinchkovlik, insonparvarlik, ko‘ngilparvarlik va milliy qadriyatlarimizga xoski, falastinliklarga nisbatan “mehmon” so‘zi tanlangan. Bu sifat ko‘ngilga tegmaydigan, ayni o‘zbek xalqi xarakteriga mos ifoda bo‘lganki, uning zamirida dinimiz, madaniyatimiz va an’analarimiz ustuvorligi yotibdi.
Farmonda nazarda tutilganidek, “Mehmonlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qisqa va uzoq muddatlarga mo‘ljallangan takliflarni ishlab chiqish, joylarda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini monitoring qilish” ham ochiq muloqot tamoyilining yana bir ko‘rinishidir. Bunga hamohang ravishda “har bir oila uchun zarur bo‘lgan ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish rejalarini ishlab chiqib”, tasdiqlash nazarda tutilgan.
Farmonda yana quyidagilar o‘z aksini topgan:
– mehmonlar yashash manzillari bo‘yicha ularning farzandlarini davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarga joylashtirish;
– ta’lim tashkilotlarida mehmonlar farzandlarining moslashuvi va har tomonlama kamol topishi yuzasidan doimiy monitoring amalga oshirish;
– mehmonlarni davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovidan 2028-yil 1-yanvariga qadar ozod etish;
– mehmonlarning farzandlari davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarga navbatga qo‘yilmagan holda, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari talabnomasi asosida joylashtirish;
– mehmonlarning farzandlarini davlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida qo‘shimcha ta’limga (kasb-hunar, axborot texnologiyalari, oliy ta’lim tashkilotlariga tayyorlash yo‘nalishida) jalb qilish hamda ularni o‘qitish xarajatlarini Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan to‘liq qoplab berish.
Farmonda tibbiy va ruhiy dalda olgan, moddiy ko‘mak ko‘rsatilgan mehmonlarning bandligini ta’minlash ham ustuvor masala sifatida alohida e’tiborga olingan. Buning uchun Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan birgalikda mehmonlarning xohishiga ko‘ra ularning bandligini ta’minlash, zamonaviy kasb-hunarni egallashiga ko‘maklashish bo‘yicha Respublika komissiyasiga takliflar kiritadi.
Shuningdek, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan mehmonlarni oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash”, “Biznesga birinchi qadam” va “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturlari doirasida tadbirkorlikka jalb qilish choralari ko‘riladi.
Bir so‘z bilan aytganda, mazkur farmon mehmondo‘st o‘zbek xalqi hamda Rahbarining “azaliy odamiylik” tamoyillariga naqadar sodiqligini yana bir bor namoyon etdi.
Otabek BAKIROV
“Jadid” gazetasining 2025-yil 22-avgustdagi 34-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



