Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 9°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


12.04.2024 | 18:05

img527

QISMAT SHAFQAT QILGANDA EDI…

Yozuvchi do‘stimiz Xurshid Do‘stmuhammadning “Yolg‘iz” deb nomlangan qissasini shifoxonada o‘qib chiqdim. Shifokorlar “Ko‘p o‘qimang, ko‘zingiz charchaydi” deyishgandi, ammo bu kitobda meni muallif emas, unga so‘zboshi yozgan Shuhrat Rizayev chalg‘itdi. Olim do‘stimiz mening shifoxonaga otlanayotib, “Yolg‘iz”ni portfelimga solib qo‘yishimni avvaldan bilganday, so‘zboshini nima deb boshlabdi deng: “Oktyabrning birinchi shanbasi. Tong. Yolg‘izman. “Yolg‘iz”ni o‘qiyapman. Italiyada — O‘zbekiston elchixonasining pastak yolg‘izxonasida o‘qib tugatdim qissani. Uyda, tong-la saharda yolg‘izxonam — ishxonamda kirishgan edim muto­laaga, so‘ng bafurja yolg‘iz qolish imkoniyati topilmadi. Qarangki, nasib shu yerda ekan”.

Qissani o‘qiy boshlayman. G‘aroyib uslub. Hamma yozuvchining o‘ziga xos ifoda yo‘li bor, shu jihatdan ular bir-birlaridan farqlanib turadi. Xurshid Do‘stmuhammadga ham taalluqli bu gap. Ammo Shuhrat Rizayevning fikricha, uning uchun “…har asarda uslub bilan birga o‘z ijodiy manerasini topish muhim”. To‘g‘ri kuzatuv. Muallif bu maqsadga erishish, qo‘shiqning oxirigacha pardadan chiqib ketmaslik – sahna tili bilan aytganda – obrazda turish uchun, bilasizmi kimni… Abdulla Qodiriyning o‘zini yordamga chaqiradi, xalqona ibora bilan aytganda, “sopini Julqunboyning o‘zidan chiqaradi”.

“Yolg‘iz”ning mazmunini bayon qilish niyatim yo‘q. Qissani o‘qigan o‘quvchi hammasini tushunib oladi va ishonchim komilki, xuddi men kabi, mutolaa jarayonida uning ko‘ngliga ham ko‘p g‘aroyib fikrlar keladi.

Badiiy asarning bosh xususiyati shu – o‘quvchida ijobiy, salbiy, hissiy-emotsio­nal  fikr uyg‘otish. Xurshidning bu galgi uslub-manerasida asar qahramoni va muallifning fikrlari qorishib ketgan, bir-biridan ajrata olmay ham qolasiz. Mana, dast­labki misol: “Chorsu bozoridan chiqib, uyi tomon yo‘l olgan Abdulla (Qodiriy) dam “Mushtum” muharriri xonasida bo‘lgan sermunozara mashvaratni o‘ylab ketar, dam boyagina bozorda o‘z ko‘zi, o‘z qulog‘i bilan ko‘rgan-tinglagan hangomalarni qay yo‘sinda qog‘ozga tushirish yo‘lini izlardi. Xalq biladi, aytadi, yozmaydi, xolos. Biz esa xalqning bilganini, aytganini izlaymiz, topamiz, eshitamiz va u(lar)ni qog‘ozga ko‘chirib, xalqning o‘ziga o‘qitamiz. Mar­dum o‘zi bilgan va aytib yuradigan gaplarni o‘qigani sayin matbuotga qiziqishi ortadi, qo‘lma-qo‘l qilib o‘qiydi”.

Bu gaplar kimga tegishli? Ochiq va achchiq maqolalari ulusga ma’qul bo‘layot­ganini his eta boshlagan Qodiriygami yoki bugungi matbuotimiz muammolarini jiddiy o‘rgan­gan, xususan, gazeta-jurnallarimiz nega qo‘lma-qo‘l bo‘lib o‘qilma­yotgani, nomdor gazetalar nega endi xalq bilib-ko‘rib turgan muammolar, ma’naviy aynish­lar, el-yurt mulkini o‘marayotganlar xususi­da yozmayotganidan tashvishlanib, biz muhar­rirlarning burniga shedrinona musht tushirayotgan Xurshidgami? 

Bitta chertkiga har qanday burun dosh bera oladi, ammo u ko‘payib ketsa-chi? Mana, o‘qing: “Odamlarni gazit-jurnalga jalb etishda maqsad-maslak bo‘lmog‘i darkor. Quruq gazitxonlik-jurnalxonlik bilan ish bitmaydi. Basirat ko‘zlarini ochmoq lozim ularning. Qandoq hayot kechirmoqdalar, inson qavmi aslida qandoq yashamoqqa loyiq – biladilarmi shuni ular?” Yana: “Abdulla Munavvar qorining “Taraqqiy” gazeti­da bosilgan maqolasini yodga oldi. Xo‘b yozgan, topib yozgan, anglab yetarmikanlar degan niyatda achchiq, qilichning tig‘idek o‘tkir yozgan – bu dunyoga nima uchun kelgonini bildirmoqlikni ko‘zlamoq zarur, bilsin axir, odamlarimiz! Bilsin, bilsin, ko‘zlar ochilsin! Yo‘q, yana bir karra, o‘n karra yo‘qkim, “…bilmaslar, bilmaganlarini ham bilmaslar… Buyuk padarimiz Behbu­diy hayotini, umrini, jismi jonini gumrohlar boshi uzra mash’ala o‘rnida yoqdi – bil­di­larmi? Munavvar qori, mavlono Fitrat, Tavalloni taniydurlarmi biz jurnalxonlikka da’vat etayotgan qavm?”

Fikr keladi: milliy matbuotimiz bosib o‘tgan tikonli, kundali yo‘llarni, havo o‘tmas panjaralarni, Furqatni, Hamzani, Zavqiy domlani, hech bo‘lmasa so‘nggi jadidlarimizni bugun davriy nashrlarga olazarak ko‘z tashlayotgan, g‘aroyib bashoratlari bilan mashhur bo‘layotgan “mutaxassis”lar biladilarmi, odob bilan aytganda, dutor chertishni bilmagan kishi dutorchi qizlar ansambliga rahbar bo‘lsa, o‘sha kunning o‘zida kulgiga qolishidan xabarlari bormi?

Bir tomondan – bugungi adabiyot, san’at, matbuot, ma’naviy-ma’rifiy nashrlar inson bu yorug‘ olamga nima uchun kelgani, qanday yashamoqligi, yerni – yer, suvni – suv, havoni – havo, insonni – inson maqomida saqlab qolish (Chingiz Aytmatov) global vazifa bo‘lib qolgani xususida fikr yuritmoqdami? Ikkinchi tomondan – bosma nashrlarning tanazzuli haqida chirillayotganlar millatni yana qanday balolarga giriftor qilishmoqchi? Olis o‘tmishda ilmning Elbrusdan baland cho‘qqilariga ko‘tarilib, “Ovrupo mual­lim­lari” maqomiga yetishgan ajdod­la­ri­miz merosidan bugun kimlar ko‘proq foy­da­lanmoqda: o‘zimizmi yo bosh­qalarmi? Milliy tafakkurdan mosuvo bo‘lib, mil­liy taraqqiyot yo‘lini yo‘qotganimiz, dinimiz oyoqosti bo‘lgani, “oq oltin” yetishtiruvchi oltin qullarga aylanganimiz yodimizdami? Tavallo bobo kuyunib yozganicha bor:

Ilm-u ma’rifat ham hunardan

qoldi mahrum bizni xalq,

Ma’rifatsizlik balosiga

yo‘liqg‘on bizni xalq.

“Ofarin, domullo Tavallo, ofarin! Achchiqroq, chimdibroq aytavering emdi haq so‘zni, Usto, achchiqroq”, ko‘nglidan o‘tkazadi Qodiriy”.

Achchiq yozish izsiz ketmaydi. Achchiq haqiqat kimningdir ko‘zini ochadi, fikri uyg‘onadi, tafakkuri bo‘y ko‘rsata boshlaydi. Yo‘lchi kabi (“Qutlug‘ qon”) bozorning o‘rtasida, “yuqoridan pastga, pastdan yuqoriga o‘rmalayotgan” odamlar orasida jism-u jonini taroziga qo‘yib, “Tokaygacha mundoq yashaymiz”, deya cho‘qmordek mushtini baland ko‘taradi. Bosqinchi bu mushtdan vahimaga tushadi, vujudini qo‘rquv egal­laydi. “Elni tobe olomon darajasida ushlab turmoq, boshida qamchi o‘ynatmoq, oyog‘ini tushovlamoq zarur”, degan fikrga keladi. Mana, eshiting. “Yolg‘iz” qissasi qahramonlaridan biri Karim qori bo‘lim melisa idorasiga kelganida o‘ris zobiti bu yerga yig‘ilganlarga shaharda va, ayniqsa, bozor ichi va uning tevaragida osoyishtalikni saqlash muhimligini shun­day tushuntiradi: “Bozorda olomon­ning to‘planishiga yo‘l qo‘ymaslikni eplol­mayap­miz. Salomlashsin-omonlashsin – rux­sat, sotsin-olsin – ruxsat, istaganicha tilan­chi­lik qilsin – ol, bunga ham ruxsat, yo‘q, bu xaloyiqni nima jin urgan – bilmadim, sal chalg‘isang – to‘dalashadi, shovqin ko‘taradi, qo‘yib bersang, to‘xtamay bir-biri­ni xabarlaydi. Savdogaridan, lo‘ttibozidan, qalandaridan gadosigacha siyosatdan so‘qiydi, siyosatdan… To‘da­lash­ma. (Karim qoriga qarab) Haromni nima deydi musulmonlaringiz? Haromni… m-mak, makruh! Topdimmi?! To‘dalashma, gazetxonlik – makruh, deb fatvo chiqaring, olam guliston! Qutulasiz-qo‘yasiz” (Yo tavba, bugun bir yosh rahbar “She’rxonlik, g‘azalxonlikni kamaytiraylik” desa, ikkinchisi “Navoiyning she’rlarini (g‘azal­la­­ri­­ni demoqchi) tizzasi yirtiq jinsi shimda ham o‘qisa bo‘laveradi”, uchin­chisi “Ona tilini bundan buyon yengilroq o‘qi­tamiz, asosiy e’tiborni xorijiy tillarni o‘rganishga qaratamiz”, deb turibdi – uzviy­lik bormi, bor).

Zobitning ko‘ngli to‘lmay yanada jo‘shadi: “Turon” kutubxonasiga tanda qo‘yganlar, ertadan kechga dovur qiroatdan (aslida mutolaadan, ilm olishdan) bosh ko‘tarmaydiganlar bilan alohida shug‘ullanurmiz. Lekin kutubxona devoriga, ya’ni ko‘chaga-ya, gazit-jurnal ilish qaysi xomkallaning ishi? Qaysi dushmanning ishi? Qo‘poruvchilik bu! Kontrrevolyutsiya!.. O‘z ko‘zim bilan ko‘rdim, gala-gala, ochirit deysan! Bittasi ovozi boricha o‘qiyapti, qolganlar xa-xa-xo, xa-xa-xo! Savodsiz olomonni yig‘ib olib, kimning ustidan kulyapti, kimlarni mazax qilyapti ular…”

Xalqning xabardor bo‘lishidan, haqi­qat­ni anglashidan, tomirlarida qan­day qon oqayotganini bilishidan kim qo‘rqadi – bos­qinchi qo‘rqadi. Oxir-oqibat shu qo‘rquv uning o‘zini halok qiladi.

Shu satrlarni qog‘ozga tushirayotga­nimda, palata devoriga qadalgan “tilbuzar”da (xalq bugun ayrim telekanallarni “dil­buzar” ham deydi) andijonlik hofiz Ilhom Jo‘raevning konserti boshlandi. Qog‘ozdan bosh ko‘tarib, “O‘zbek” nomli qo‘shiqni miriqib tingladim.

Bug‘doylarga to‘lsin uylaring, O‘zbek,

To‘ylaring to‘ylarga ulansin, O‘zbek. 

Zo‘r niyat. Ammo menga qo‘shiq matnining boshqa bir satri ta’sir qildi:

Zanjir uzgan qulni to‘xtatib bo‘lmas…

Yon daftarimga bir vaqtlar yozib qo‘y­gan fikrni esladim: “Qulligini bilmagan qul – eng yaxshi qul”.

Biz qullik zanjirini uzgan ozod el­miz, tariximiz, ong-shuurimiz soxta­lik­dan tozalanayotgan, imon-e’tiqo­di­miz mustah­kamla­nayotgan, ilmiy salo­hiya­­ti­miz jahon kengliklarini yana yorita boshlagan elmiz. Shu yo‘lda sobit turay­lik, chalg‘imaylik, fitna-fasodga, minnatli marhamatlarga uch­may­lik. Yangi O‘zbekistonning ­yangi xalq­chil siyosatiga sadoqatli bo‘laylik. Hammasi o‘zimizga, aql-idrokimizga bog‘­liq.

“Yolg‘iz”ning tili – alohida mavzu. “O‘tkan kunlar”ning o‘tmagan tili” maqo­lam­da bu xususda bilganlarimni aytganman. Meni hozir ko‘proq “og‘zi beparhez, ­Buxo­roi sharifda tahsil ko‘rgan, Eshonguzar mahallasidan tortib Samarqand darboza deparasigacha izzat-hurmati baland, imom­lik obro‘yiga ega” Isoq domlaning qarashlari qiziqtiradi. Bu oqsoqolning fikricha, yozg‘uchi degani “…yo‘q yerdagi gaplarni topib-termachlab, gazit-jurnalga chiqarib, odamlarni maymunga oshno qiladi, so‘ng musht urib ag‘da­radi”. Mayli, bu – “Mushtum”ning o‘tmish yillardagi zalvorli “bolg‘asi” ta’si­rida shakllangan qo‘ng‘izona bir qarash-da. Ammo mana bunisiga nima deysiz: “Uldurki, zamona oxir bo‘ldi, ­in-im!.. Hamma yoq rasvoi raddi balo! Nima ko‘p – huda-behuda ish ko‘p. Yozvossanmi?.. Sharorat peshalari avjida, bizzi faqir­lar esa xorlikda. Nauzibillah, nauzi­billah!.. Kiyimlar etaksiz, sochlar belga yetadi. Bunga ko‘nsang erkaklar xotun, xotunlar esa erkak qiyofasiga kirib bo‘ldi. Aql ketdi, aql. Aql ketdimi, qulog‘ingda bo‘lsin, bola, borar yo‘limiz, qilar ishlarimizning oyog‘i ­arshi a’loda – boshi qora tufroqda deyaver!”

Har yomonda bir omon bor, deydilar. Isoq domla, o‘zi bilibmi-bilmaymi, fikrlashdan to‘xtagan, kerakli yumushlar qolib, ahamiyatsiz ikir-chikirlarga o‘rala­shib qolgan jamiyatning ayanchli taqdiri xususida so‘zlamoqda. Fikr jamiyatni, davlatni, odamlarni, yoshlarni, xotin-xalajni harakat holatida, izlanish-u inti­lishda ushlab turadi. Fikrsizlik taraq­qiyot yo‘llarini yopadi. Taqa-taq yopadi, arzingni kimga aytasan? Ming shukurki, bugun jamiyatda fikr uyg‘oqligi, ijtimoiy faollik muhiti yuzaga keldi, matbuotda jur’at paydo bo‘ldi. Uni parvarishlamoq kerak.

Qissa bozor manzaralari bilan davom etadi. “Yana o‘sha eski, ko‘pchilikka tanish g‘ala-g‘ovur: opqoling-kepqoling, qo‘l tashlang, hoy, qani, hoy, mana, ho‘-o‘ kuchingdan, ho‘-o‘ tilingdan… To‘planma, qochib qol… tarqal, tarqal dedim haromi. Otaman, osaman, badarg‘a qilaman sartni bolasi…” 

Bugun, shukurki, “To‘planma, tarqal, aql so‘qma, tilingni tiy, amaldorning ishiga aralashma, burningni ehtiyot qil”, degan dag‘dag‘alar yo‘q, aksincha, “Ey, toza palaklar, Vatan suygichmisiz, ish bilgichmisiz, fi­dojonmisiz, imon-e’tiqodingizga dog‘ tush­­­­­­maganmi, unda vaqtni o‘tkazmay, to‘planing, uyushing, birlashing, safga turing, saflarni to‘ldirib, millatga xiz­mat qiling, ko‘ringki, ajdodlarning orzusi usha­ladigan, olis-olislardagi, kecha-yaqindagi armonlar bahor nafasiga dosh bera olmay duv-duv to‘kiladigan, odam odam maqomida yashaydigan, umridan rozi bo‘ladigan zamon keldi, hurlik keldi”, degan xitob­lar yangramoqda, nahotki eshitmayotgan bo‘l­sangiz? Davlatimiz rah­bari “Tanqidiy maqolalarni ko‘proq yozing­lar, muammolarni dadil tahlil qilinglar, bizga yordam beringlar, ortingizda men turibman”, deb takror-takror aytmoqda. Gazetalarimizda suv ko‘p, suv bo‘lganda ham iste’molga yaroqsiz suv. Gazeta bo‘lib gazeta emas, axborot byulleteni deyishga til bormaydi – odamning yuzi issiq.

Abdulla Qodiriy “Mushtum”da e’lon qilgan “Yig‘indi gaplar” maqolasi uchun jonini fido qildi. Amir Umarxonning kanizi (o‘sha – bir emas, uch hukmdorni mah­liyo qilgan kanizak) haqida boshlab qo‘ygan ro‘moni qo‘lyozmasiga mo‘ylovdor mirshab­lar moxorka o‘rab chekishdi, nosning tufugi­ni o‘rab axlatga otishdi. Istiqloldan ikki yil avval ada­biyot gazetasida tug‘ruqxonalarda chaqa­loq­larni umumiy emizish haqida kuyunib yozgani­mizda taniqli rahbarlardan biri firqa yig‘i­nida maqolamizni, xuddi Julqunboy tarixini yaxshi biladiganday, “chuv­rindi gaplar”, deb atadi.

“Yolg‘iz”ga qaytamiz. “Yig‘indi gap­lar” bois jiddiy surishtiruv, g‘ala-g‘ovur boshlanadi: “Abdulla “Qaydan ham Komilning (“Mushtum” jurnali muhar­riri Komil Aliyev) ra’yiga yurdi?! Uning so‘ziga kirib, o‘qishni tashladi, tinib-tinchimas maqolanavisga aylandi… “Yig‘indi gap­lar”ni bosilmasidan burun o‘qima­gandim, deb tonib o‘tiribdi… Bir u emas, G‘ozi, Sanjar, Mirmuhsin, ular­ga qo‘shilib Ziyo ham gunohning barini bir ovozdan Abdulla­ning boshiga ag‘darib turishibdi. Ha, bir ovozdan!”

Alqissa, bu zamonlar ham o‘tdi. Ilohim, qaytib kelmasin. Kelmaydi ham. Ammo… bir narsa o‘tmadi, butunlay yo‘q bo‘lib ketmadi – bizda hamon qo‘rquv bor. Matbuotning maqsadini tushunmaslik, uni do‘st, hamkor, beminnat maslahatchi sifatida ko‘rmaslik, u bilan el-yurt manfaati yo‘lida jo‘rovozlik qilmaslik bor. Hamma illatlar­ning xamir­turushi shu qo‘rquvda.

Teleko‘rsatuvlardan birida boshlovchi singlimiz har gal suhbatdoshidan nimadan qo‘rqishligini so‘raydi. G‘aroyib savol. Qo‘rquvdan men ham mosuvo emasman, ammo mendagi qo‘rquv – qo‘rquvning o‘zi emas, uning dahshatli natijasi.

Matbuotga qo‘rquv ko‘zi bilan qaray­diganlar birinchi navbatda o‘zini tanqiddan ihota qilishga kirishadi. Tanqiddan xoli sohalar, mavzular, hududlar, ba’zi hol­larda – alohida shaxslar shunday paydo bo‘ladi. Yaqin o‘tmishimizning bunday “alohida”liklari qayta tirilmasligi kerak. Yangi siyosatning talabi shunday. Xalqdan hech narsa yashi­ril­masin, soxta­kor­lik, ko‘zbo‘yamachilik, shaxsiy “ishtaha”­ning nahanglashuvi, davlat ichida to‘rt tomoni o‘rab qo‘yilgan, kirish taqiqlangan “orol”chalar paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik zarur.

Biz bugun shu yo‘ldan bormoqdamiz: davlat rahbari, hukumat, parlament, matbuot, jamoatchilik, ijodkor ziyolilar, us­toz-u murabbiylar, yoshlarning fikri-zikrida shu maqsad. Ammo yagona to‘g‘ri yechim degani hamisha ham osonlikcha topilavermaydi, bahs-munozara, tortishuv, albatta, bo‘ladi. Yangi O‘zbekistonning yangi siyosati sabab mamlakat ijtimoiy hayotiga, faollik va mas’uliyat maydoniga kirib kelayotgan fidoyi, jur’atli vatan­dosh­la­ri­mizni amalda qo‘llab-quvvatlaylik. Shunda­gina fikrdan fikr unadi, najot yo‘llarining chiroq­lari yonadi.

Shu jumlalarni bitar ekanman, “Yol­g‘iz”­ning 188-sahifasidagi bir raqam­ga ko‘zim tushib, tuyqus seskanib ketaman: “1937-yilning o‘zida matbuotda Abdulla Qodiriydek insonni yer bilan yakson qilishga qaratilgan ellikdan ortiq maqola bosilgan. Ellikdan ortiq, yana bir yilning o‘zida deng”. 

Nihoyat, kitobning so‘nggi sahifasini ochaman, so‘nggi jumlani o‘qiyman: “Ayov­siz taqdir va ayanchli qismat shafqat qilganida edi, milliy romanchiligimiz Otabegi bo‘lmish Abdulla Qodiriy o‘zi tamal toshini qo‘ygan ayni shu yo‘sindagi ijodiy uslub an’analarini yanada rivojlantirgan, yana ko‘plab noyob va nodir asarlar yaratishi muqarrar edi…”

Agar biz bugun milliy parlamen­ti­mizdagi, hukumatimiz, vazirlik va idora­lar tarkibidagi yosh jur’atlilarni, tili va dili birlarni, yangicha qarashlarni hech bo‘lmaganda, tushunishga harakat qilsak, bu bilan jamiyatda yuzaga kelayotgan oshkora­lik­ni, davlatimiz rahbarining xalqchil siyo­satini yanada mustahkamlagan, yangi deputatlik saylovlarida jur’atlilar safini yanada to‘ldirgan bo‘lamiz. Bunday qilmasak, katta-kichik burunlarimiz chert­ki­bop­­li­gicha qolaveradi.

Ahmadjon MELIBOYEV

2024-yil 2-fevral 6-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img107

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img618

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img614