Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 9°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


25.02.2026 | 10:12

img1353

MUMTOZ MUHABBAT MAMLAKATI

Hindiston deyilganda, biz kabi yoshi ulug‘ insonlar xotiriga beixtiyor “Sangam” badiiy filmi keladi. Chunki muhabbat madhiga aylangan bu film ekran yuzini ko‘rgan yillarda hali barcha xonadonlarda televizor atalmish “moʻjiza” yo‘q edi. Tuman markazidagi yagona kinozalga kirishdagi ur-to‘polonlar haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Shu bois, mahallada kimning uyida televizor bo‘lsa, xonadon sohiblarining qosh-qovog‘iga qaramay, “Sangam”ni ko‘rishga kirib boraverganmiz…

Faqatgina u emas, aslida, barcha hind filmlari muhabbat haqidagi sof qo‘shiqlar bo‘lib, tillarda ham, dillarda ham jaranglardi. Bu jarang ko‘ngilni tug‘yonga, yurakni o‘tga solar, ko‘zlarni yondirar, vujudingizni kuydirardi. Bizning bolalik tasavvurimizda Hindiston samimiy sevgi saltanati, otashin oshiqlar oshyoni, guldek go‘zallar go‘shasi – mumtoz muhabbat mamlakati bo‘lib porlab turardi. Yillar o‘tib, qo‘limiz kitob ko‘rib, ongimiz tiniqlashganda, nazarimiz tiyraklashib, dunyoga qalb ko‘zi ila boqqanimizda, anglab yetdikki, Hindiston faqat ishq-sevgi yurti emas, balki dunyo tamadduniga katta hissa qo‘shgan chinakam daholar diyori ham ekan.

Shukurkim, yosh yetmishdan oshganda, bizga ham shu qutlug‘ o‘lkaga safar qilish nasib etdi. Ijodkor borki, ko‘zi ko‘rsa, qo‘li qalam qidiradi. Shu ma’noda, ko‘zimga Hindiston ko‘rsatgan hayratni, dilimga o‘sha mashhuri jahon – Toj Mahal to‘kkan tarovat tavsifini aziz yurtdoshlarimga ham ilingim keldi.

HIND SORI CHORLAGAN ISTAK

Dunyoning yangi yetti moʻjizasining biri Hindistonda va ne baxtki, u bizning ulug‘ ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Bobur avlodlari tomonidan bunyod etilgan! Kaminani yarim asrdan buyon Hind soriga chorlab turgan istak – shu xilqatni o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rish orzusi edi.

Hind diyorida qadimdan ilm-fan, ayniqsa, tabiiy fanlar taraqqiy etgan. Shu taraqqiyot va ilm-u hikmat maxzanidan bahramand bo‘lish niyatida Abu Rayhon Beruniy 45 yoshida sanskrit tilini o‘rgangan ekan. Bu o‘lkada kechgan o‘n ikki yillik hayoti mahsuli sifatida “Hinduston” nomli kitob yaratgan. Ibn Sino tib sohasidagi chuqur izlanishlarida hind xalq tabobati sirlariga murojaat etgan. Amir Temur davrida ikki mamlakat o‘rtasida savdo aloqalari o‘rnatilgan.

Hind zaminida ko‘nglimizga iftixor nurini to‘kkan manzil – Bobur boboning bosh farzandi Humoyun Mirzo abadiy qo‘nim topgan Dehli shahriga qadam qo‘ydik.

DEHLI DILDA QOLDI

Samolyotimiz 30-yanvar kuni tonggi soat 6 da Dehli xalqaro aeroportiga qo‘ndi. Bizni ushbu maskanda O‘zbekiston vakili bo‘lib xizmat qilayotgan ikki hamyurtimiz – Murodjon hamda elchixona bosh kotibi Abdulaziz o‘zbekona mehr-u oqibat bilan kutib olishdi. Abdulaziz boshqaruvidagi mashinada mehmonxonaga yo‘l oldik. Biroz hordiq chiqargan bo‘lib, so‘ng oqibatli va ma’rifatli qadrdonim Asqar hoji Boybo‘sinov va umr yo‘ldoshlarimiz hamrohligida Dehli shahri bilan yaqindan tanishish uchun sayohatni boshladik.

Dastlabki ko‘rganimiz mahobatli “Hindiston darvozasi” bo‘ldi. U to‘rt tarafidan ham bir xil ko‘rinishga ega. Poyiga, yon-veriga ekilgan anvoyi gullarni ko‘rib ko‘zingiz qamashadi. Qish faslida dimog‘imiz ko‘klam havosiga to‘yingandek zavq-u shavqqa to‘ldik. Hindistonda ichki turizmning a’lo darajada yo‘lga qo‘yilgani havasimni keltirdi. “Hindiston darvozasi” tegrasida yuzlab yoshlar sayilga chiqqan bo‘lib, agar qiyoslasak, chet elliklar 20 foizni tashkil etsa, qolgan 80 foizi mahalliy aholi vakillari edi.

Ko‘rkam va ulug‘vor darvoza ro‘parasida Vatan ozodligi yo‘lida jonini fido qilgan yurt o‘g‘lonlari sharaflanib, salobatli yodgorlik o‘rnatilgan. Shu sahn bo‘ylab qurilgan inshootlar, inson zakosi bilan yaratilgan go‘zalliklarni tomosha qilib, bugungi Hindistonning urib turgan yuragi aynan shu joy ekan, degan o‘yga bordim. Chunki darvoza atrofidagi betakror manzaralardan sal o‘tib, biroz nariga ko‘z tashlasangiz, markaziy hukumat qarorgohlarini, o‘nlab ma’muriy idoralarning muhtasham binolarini, kinoteatrlar, san’at saroylari, moziygohlar, oliy o‘quv muassasalari, Maxatma Gandi, Javoharla’l Neru nomidagi muzeylar, maftunkor bog‘-rog‘lar, keng va tekis ko‘chalar – boringki, Hindiston davlatchiligi qudratiga timsol bo‘la oladigan eng e’tiborli bunyodkorlik namunalarini ko‘rasiz.

Albatta, uch ming yillik tarixga ega olamga mashhur Dehliga bizning nigohimiz ilk bor tushayotgani uchun hayajonimiz baland edi. Qishning avji chillasida turfa daraxtlar bir dona ham bargini to‘kmagan, atrof yam-yashil, havo harorati ham iliqqina. Ko‘hna va ayni paytda zamonaviy qiyofa kasb etgan o‘tmish va bugunning ajoyib sintezi bo‘lgan Dehli bizni maftun etdi. Bu shahar yangi asrimiz me’morchiligi yutuqlari asosidagi bunyodkorlik bobida qanchalik ilgarilab ketgan bo‘lmasin, baribir, o‘z tarixiy ulug‘vorligini ham saqlab qolganiga amin bo‘ldik.

BOBURIYLARNING BOQIY TARIXI

Dunyoda buyuk Sohibqiron bobomiz va temuriyzodalar qurdirgan ulug‘vor inshootlar, yaratgan bog‘-rog‘lar, ta’lim va shifo, ma’naviyat va ma’rifat maskanlari asrlar osha jahon ahlining dilida havas chirog‘ini yoqib kelayotgani, shubhasiz. Mayli, takror bo‘lsa ham aytay: oltin konidan oltin chiqadi, oqqan daryo yana oqaveradi.

Hayotning yana bir haqiqati shuki, har qanday ota ham o‘z farzandiga jonini baxshida qilavermaydi. Agar u ulkan saltanatning sohibi, mashhur shoir va izzat-e’tiborda betimsol, buning ustiga, yosh bo‘lsa, yanada murakkab holatdir. Ammo Bobur jonidan aziz ko‘rgan dilbandi Humoyunning o‘lim bilan olishayotganini ko‘rarkan, dosh berolmaydi va uning boshi uzra yetti marotaba aylanib, Yaratganga nido qiladi. Kimningdir jonini olish kerak bo‘lsa, bolasini emas, o‘zini qurbon etishini so‘raydi. Inson qalbini larzaga soladigan bu dilgir lavha, mana, besh yuz yildirki, turkiylar ongida jasoratning oliy namunasi bo‘lib porlab turadi. Shu bois ham, Bobur Mirzo asos solgan imperiya, o‘zga yurtda bo‘lishiga qaramay, 330-yildan ko‘proq vaqt yashagan.

1530-yilda 47 yoshida olamdan o‘tgan Bobur Mirzodan Humoyunga Hindiston saltanati meros bo‘lib qoldi. Hurmatli o‘quvchilarimiz uchun Humoyun Mirzoning jangi jadallarda o‘tgan yillari, hukmronlik faoliyati ma’lum ekanini hisobga olib, uning tafsilotlarini bayon etishdan tiyildik. Faqat ba’zi jihatlarni ta’kidlashni joiz bildik.

Humoyun hukumat boshqarish tizimini ham o‘ziga xos badiiy-falsafiy usulda tashkil etgan. Masalan, u ruboiy yoki tuyuqqa qiyosan, to‘rt bo‘limdan iborat hukumat tuzgan: harbiy ishlarni nazorat qiluvchi “Olov boshqarmasi”; sug‘orish ishlari bilan shug‘ullanadigan “Suv boshqarmasi”; soliq solish va davlat yerlarini boshqarish bilan shug‘ullanuvchi “Yer boshqarmasi” hamda musulmon imomlari, saroy shoirlari va tarixchilar masalalari bo‘yicha “Havo boshqarmasi”. Ushbu ma’lumotlar bilan tanishar ekanman, beixtiyor yodimga hazrat Navoiyning quyidagi satrlari keldi:

To‘rt unsur, yetti ko‘k, olti jihot,
Nodir-u oliy asosi koinot.
Barchadin ashrafki ul inson erur
Kim, kamolida xirad hayron erur!

Biz Humoyun Mirzo uchun farzandi Akbarshoh tomonidan barpo etilgan maqbara ansamblini ko‘rib, hazrat Navoiy vasf etgan o‘sha hayronlig‘ ostonasida turib qoldik. Sayyohlar va minglab hindistonliklar yuz-u ko‘zida ham shunday ifoda mujassam. Aytishlaricha, Humoyun Mirzoning maqbarasi keyinchalik Toj Mahalning bunyod bo‘lishi uchun me’moriy asos va va ilhom manbayi bo‘lib xizmat qilgan ekan.

Humoyun Mirzo muzeyidagi noyob eksponatlarni tomosha qilarkanmiz, taassurotlarimiz yanada boyidi. Muzey yer ostiga qurilgan bo‘lsa-da, boburiyzodalardan meros qolgan osori-atiqalar yer ustida yurgan odamlarning ko‘nglini rom etadi.

TOJ MAHAL – MUHABBAT QASRI

Safarimizning ikkinchi kuni – 31-yanvar, erta tongda mehmonxona darvozasida bizni Agra shahriga olib borish uchun Shashvat ismli hind sayrboni kutib turardi. E’tiborlisi, bu bola ishlaydigan sayyohlik kompaniyasini turklar ochgan ekan. Xullas, Dehli shahridan Agra tomon yo‘lga chiqdik. Oraliq masofa 250 kilometrdan ko‘p. Darvoqe, Hindistonga kelgan turistlar eng avvalo “uch oltin burchak” deb ataluvchi manzillar: Dehli – Agra – Jaypur shaharlarini ziyorat qilarkan. Chunki bu yo‘nalish orqali Hindistonning olis tarixi, kechagi kunlari va bugungi manzaralarini ko‘rishingiz mumkin. Qolaversa, bu muazzam shaharlarda aynan boburiylar sulolasining zarhal izlari, tilloga teng yodgorliklari bamisoli dengiz tubidagi marvaridlardek yastanib yotadi.

Agraga olib boruvchi katta yo‘ldamiz. To‘rt qator yo‘lda mashinalar ravon yelib boradi. Bunaqasini Yevropaga qilgan sayohatlarimda ko‘rib, qoyil qolgandim. Biroq Hindistonda yevrostandartdagi shunday yo‘llar borligini tasavvurimga ham keltirolmasdim… Bu ilonizi yo‘lning ikki cheti ko‘m-ko‘k ekinzor, katta-kichik daraxtlar, gohida bir necha kilometrlar bo‘ylab ekilgan xushmanzara gulchechaklar, bir so‘z bilan aytganda, ko‘rib ko‘z quvnaydi.

Albatta, Hindistonga kelsangiz-u, faqat maqtasangiz ham bo‘lmaydi. Chunki u yerga borganlar yaxshi biladigan, asabi baquvvat va bag‘rikeng odamni ham hayron qoldiradigan holatlar borki, tilga olib o‘tmasak, safarimiz yolg‘onga o‘xshab qoladi. Dehli, Agra va Jaypurda ham ko‘chaning “ega”si sigirlarmikin, degan xayolga bordik. Xalqona gap ila aytsak, Hindistonda hech kim sigirlarning “mushugini pisht” demas ekan. Chunki hinduizm diniga ko‘ra, sigir muqaddas, ilohiy jonzot hisoblanadi.

Atrof-muhit ekologiyasi, tozalik bilan bog‘liq muammolar ham kam emas. Ulkan-ulkan zamonaviy binolar qarshisida yoki yonida chiqindizorlar bor. Shahar arxitekturasiga soya solishiga qaramay, kim nima xohlasa, shuni qurib olgan – hech kimning ishi yo‘qdek… Bu bizga go‘yo guldek shaharlar yuziga chiqqan so‘galdek ko‘rindi… Negativlarni shu joyda muxtasar qilib, andisha ila “Har to‘kisda bir ayb”, deb qo‘ya qolamiz.

Chor tarafga termilib, 250 chaqirimni bosib o‘tganimiz-u, o‘sha mashhur Agraga ham yetib kelganimizni bilmay qolibmiz. Agra shahri – tom ma’noda boburiylar saltanatining markazi, yuragi. Biz ana shu mumtoz, tarixiy shaharga yetib keldik. Muhabbat mehrobi ko‘ngil ko‘shkida, desak, albatta bu shoirona tashbeh bo‘ladi. Muhabbat merosini esa ko‘ngil qasri xazinasidan izlasak, qanday bo‘larkin? Bu fikrda muhabbatning nuri bordek tuyuladi menga. Axir, Toj Mahal deganda, avvalo, asl ismi Shahobiddin Muhammad Xurram bo‘lgan Shoh Jahonning qalb ko‘zgusida qad rostlagan qasr ko‘z oldimizga kelmaydimi?!

Bu “Saroylar toji” tomon qadam qo‘ygan odam borki, ranglar raftoridan sehrlanadi. Hayrat havasidan ko‘ksi to‘liqadi. Inson aql-u zakovatining betimsol qudratiga qiyos bo‘lib bunyod etilgan mazkur muhabbat qasri 374 yildan buyon salobat va viqor bilan turibdi. Sadoqat ham samodan tushmaydi, albatta. Ayniqsa, muhabbat ahli uchun vafo – yurak yuzidagi gul. Yurak yuzidagi shu gulni uzmoq uchun tom ma’noda muhabbatning sultoni bo‘lmoq kerak. Shoh Jahon ana shunday dilbar shaxs edi. Sevikli rafiqasi Mumtoz Mahal uning uchun Yaratgan bu olamda ato etgan ne’matlarning eng a’losi, eng aziz va mukarrami ekan-da.

Dunyoning o‘nlab mamlakatlaridan taklif etilgan yuzlab qo‘li gul usta, hunarmand, 20 mingga yaqin odamning 22 yil ishlashi, 74 metr balandlikdagi besh gumbazli, burchaklarida to‘rtta minora, inshootga tutash hududdagi nafis favvoralar, hovuzlar, yam-yashil bog‘-u bog‘chalar, rango-rang gulzorlar – umumiy maydoni 17 gektarga teng bu majmuaning har qarichi yaxlit ulkan mo‘jizaning uzviy qismidek ko‘rinadi.

Bizga hamrohlik qilayotgan sayrbonimizning aytishicha, Toj Mahalni ko‘rish istagida odatiy kunlarda 25 ming, shanba va yakshanbada esa 40 ming atrofida sayyoh kelar ekan. Zero, sayyoramizda diqqatga sazovor go‘shalar kam emas, biroq Toj Mahal yagona, bunaqasi boshqa joyda yo‘q!

Minglab fillarda o‘nlab yurtlardan keltirilgan qurilish materiallari, Makrana shahridan olib kelingan shaffof marmarning o‘ziga xos xususiyati shundaki, u bulutsiz kunlari oq, tong pallasida pushti va oy yorug‘ida kumush rangda ko‘rinadi, tovlanib-tuslanadi…

Keling, Toj Mahalni ipidan ignasigacha sharhlab, qimmatli vaqtingizni olmay. Inchunin, internet manbalarida millionlab ma’lumotlar borki, bu borada mening yordamimga ehtiyoj sezmaysiz…

Hindistonga borib, ularning shoulari, tomoshalarini ko‘rmaslik – Hindistonga bormaslik bilan barobar. Sayrbonimiz bizni “Mohabbat The Taj” teatriga, imperator Shoh Jahon va uning rafiqasi Mumtoz Mahalbegimning otashin ishqidan hikoya qiluvchi jonli spektaklni ko‘rishga taklif etdi. 80 nafar mahoratli aktyor ishtirokidagi sahna namoyishi bizni olis tarix sari boshlab ketdi. Hindlar faqat kinoda emas, teatrda ham yetakchilardan biri ekanini angladik. Spektakldan mutaassir bo‘lganimizdan hatto yakunda shoh va malika rollarini qoyilmaqom qilib ijro etgan bosh qahramonlar bilan sahnada suratga ham tushib oldik.

So‘ng Mumtoz Mahal va Shoh Jahon mangu qo‘nim topgan qabrlarni ziyorat etib, Qur’on tilovat qildik. Bu go‘shadan ko‘ksimizni tog‘dek ko‘tarib chiqdik. Muhabbat qasrining poyida turib, boburiylar saltanatining salobatidan hayratga tushdik, uning mahobati qoshida boshimizni egdik. Hindistonning katta-kichik ahli, o‘nlab chet mamlakatlardan kelgan ming-minglab sayyohlarning chehrasida, so‘zidagi hayajon va e’tirof zohir.

TENGLIKDA YANGI TARAQQIYOT SARI

Safar davomida O‘zbekistonning Hindistondagi favqulodda va muxtor elchisi Sardor Rustamboyev bilan suhbatlashish imkoniyatiga ega bo‘lganimiz sayohatimiz mazmun-mohiyatini yanada nurlantirdi, desam, haqiqatni aytgan bo‘laman. Avvaliga elchixonamiz binosi va uning hududidagi ulug‘vor go‘zallik, o‘zbekona fayz-u tarovat, elchixona xodimlariga yaratilgan shart-sharoitlar bizni mamnun etdi. Hindistonga kelishidan oldin Fransiyada besh yildan ziyod elchi bo‘lib ishlagan Sardor Mirzayusupovich bilan qisqa, ammo mazmunli muloqot qildik, deb o‘ylayman.

Bugun Hindiston–O‘zbekiston munosabatlari qayta tiklanish davrini boshdan kechirmoqda. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi o‘rtasidagi muntazam oliy darajadagi muloqotlar hamda erishilgan yuksak natijalar tufayli aloqalarimiz yangi strategik bosqichga ko‘tarildi. E’tiborlisi, kishi boshiga o‘rtacha ichki mahsulot miqdori O‘zbekistonga nisbatan kam bo‘lsa-da, iqtisodiyotning umumiy miqdori bo‘yicha Hindiston 2025-yili dunyoda to‘rtinchi o‘rinni egallagan. Shu sababli, o‘zaro hamkorlik uchun ulkan salohiyat mavjud.

– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan qo‘yilgan ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha vazifa o‘tgan yili ortig‘i bilan bajarildi, – dedi suhbat chog‘i hurmatli elchimiz. – 2025-yil yakunlari bo‘yicha ushbu ko‘rsatkich 1 milliard 306 million dollardan oshib, yillik o‘sish 37 foizni tashkil qildi. Savdo-sotiq hajmini yaqin kelajakda 2 milliard dollarga yetkazish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Hindistonga eksport hajmini oshirish dolzarb yo‘nalish hisoblanadi. O‘tgan yili eksport hajmi 56 foizga o‘sdi va 153 million dollardan oshdi.

Ma’lumki, Hindiston bilan tovarlar harakatiga logistika yo‘nalishlaridagi mavjud muammolar salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ushbu vaziyatdan kelib chiqib, mamlakatlarimiz o‘rtasida tovarlar harakati uchun “havo ko‘prigi” yaratish masalasi ustida izchil sa’y-harakatlar olib borilmoqda. Toshkent-Amritsar va Toshkent-Dehli yo‘nalishlarida yuk tashishga Hindiston rasmiy idoralari tomonidan ruxsat olindi. Shuningdek, eksport hajmini oshirish maqsadida O‘zbekiston mahsulotlari uchun turli tarif va notarif barerlarni olib tashlash bo‘yicha ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu paytgacha 40 ta mahsulotga fitosanitariya ruxsati olingan. Joriy yil yana 10 ga yaqin mahsulot uchun ham ruxsatnoma rasmiylashtirishga erishiladi.

Dehli shahrida birinchi “O‘zbekiston” savdo uyi ochilishiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Ushbu tashkilot Hindiston rasmiy idoralarida ro‘yxatdan o‘tkazildi va tez kunda o‘z faoliyatini boshlaydi. 2025-yil 1-sentyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda hind kapitali ishtirokida faoliyat yuritayotgan korxonalar soni 341 taga yetdi (shundan 253 tasi xorijiy, 88 tasi qo‘shma korxona). O‘tgan yili Hindiston kapitali ishtirokida 45 ta yangi korxona ta’sis etilgan.

– Bugun mamlakatimizda, – deya davom etadi elchi, – Hindiston bilan hamkorlikda 877 million dollarga teng 20 ta loyiha amalga oshirilmoqda, 303,2 million dollarlik investitsiya o‘zlashtirildi. Investitsiyalar axborot texnologiyalari, farmatsevtika, to‘qimachilik, charm-poyabzal, tibbiyot, ta’lim va boshqa sohalarga yo‘naltirilmoqda. So‘nggi yillarda Hindistondan O‘zbekistonga sayohatchilar oqimini ko‘paytirishga erishilmoqda. 2025-yilda ushbu mamlakatdan 80 mingga yaqin turist kelib, yillik o‘sish 15 foizni tashkil qildi. Joriy yil 100 ming nafarlik marrani zabt etish rejalashtirilgan.

O‘tgan ikki yilda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi havo qatnovi sonini uch baravarga oshirishga erishildi. Bugun haftasiga 17 ta samolyot Toshkent, Dehli, Mumbay shaharlari va Goa shtatini bog‘lab turibdi. “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi yoniga “Centrum Air” aviakompaniyasi qo‘shildi, yaqinda “Qanot Sharq” kompaniyasi ham ruxsat olishi kutilmoqda…

Ta’lim sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish uchun yaratib berilgan qulay imkoniyatlar natijasida ushbu yo‘nalishdagi aloqalar yangi pog‘onaga ko‘tarilmoqda. Bugun 15 mingdan ortiq hindistonlik yoshlar mamlakatimiz universitet va institutlarida ta’lim olmoqda. Ushbu qiziqish yildan yilga kuchayib boryapti. Shu sababli, Andijonda hind talabalari uchun maxsus majmua yaratilmoqda. Hisob-kitoblarga qaraganda, O‘zbekistonda o‘qiyotgan bir nafar talaba yiliga o‘rtacha 10 ming dollar atrofida mablag‘ sarflaydi. Bu esa faqat ta’lim sohasida o‘tgan yili Hindistondan taxminan 160 million dollar investitsiya jalb qilindi, deyishga asos bo‘ladi.

Shuningdek, yoshlari nihoyatda iqtidorli. Xususan, bugunning eng zamonaviy sohasi sifatida e’tirof etilayotgan axborot texnologiyalari bobida ularga teng keladigani kam. Bunga hozir Hindistonda 5 milliondan ortiq dasturchi borligi, ikki texnogigant – Google va Microsoft kompaniyalari bu yurtga e’tiborini kuchaytirishni boshlagani, hind mutaxassislarini o‘ziniki qilib olishga jiddiy intilayotgani va eng asosiysi, ana shu ikki raqobatchi kompaniya rahbarlari aslida hindistonliklar – Satya Nadella (Microsoft raisi va bosh direktori) hamda Sundar Pichai (Google bosh direktori) ekani yaqqol misoldir…

Bugun O‘zbekistonda Hindistonning to‘rtta universiteti – Toshkentda Amiti universiteti, Andijonda Sharda universiteti, Jizzaxda Sambram institutlar guruhi va Buxoroda Acharya institutlar guruhi o‘z kampusini ochgan. Joriy yil Era universitetining Nukus shahrida va Sharda universitetining Toshkent viloyatida filiallari faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tashkiliy jarayonni nihoyasiga yetkazish ko‘zlangan.

Hurmatli Prezidentimizning oqil va dono siyosati tufayli dunyo O‘zbekistonga, O‘zbekiston dunyoga ochilyapti. O‘zbekistonimizning porloq istiqboliga ishonch ortmoqda va biz kelajakni Hindiston bilan yaqin strategik sheriklikda ham ko‘ryapmiz. Buning uchun barcha zarur omillar, kuchli siyosiy iroda, mustahkam tarixiy poydevor, o‘sib borayotgan iqtisodiy aloqalar bor va eng muhimi, ikki xalq o‘rtasida samimiy mehr va xayrixohlik mavjud.

XAYR, DEHLI, XUSH QOL, TOJ MAHAL!

Akbarshoh majmuasini ziyorat qilgach, Agradan chiqib, uchinchi manzil – ko‘hna Jaypur shahriga ham bordik, u yerni obdon aylanib, yana Dehliga qaytib keldik. Dehlida bizni elchixona mas’ul xodimi Sadriddin Suyarov kutib oldi. U hali vaqtimiz bemalol bo‘lgani sababli, Dehlining qolib ketgan diqqatga sazovor boshqa joylariga olib borib, bizni yaqindan tanishtirdi. Keng tarmoqli savdo majmualarini ko‘rdik. Sadriddinga dilimdagi savolni berdim:

– Hindistonliklarning qaysi jihatiga havas qilsak arziydi?

– Hindlar kimningdir yuz-ko‘zicha emas, tom ma’noda vatanparvar, – dedi Sadriddin samimiylik bilan. – Boriga shukur, yo‘g‘iga sabr qiladigan qanoatli odamlar. Vatanning sha’ni, millatining qadri uchun ko‘ksini qalqon qilishga tayyor. Bu yerda xo‘mrayib yurganlarni qariyb uchratmaysiz. Eng hayratlanarlisi, ko‘chada tug‘ilib, bir umr ko‘chada yashab o‘tadiganlari ham taqdiridan nolimaydi. Turli e’tiqodda bo‘lishidan qat’i nazar, ular qayta tug‘ilishiga ishonadi. “Agar men hozir sabrli bo‘lsam, qayta tug‘ilganimda eng badavlat, eng boy inson bo‘laman”, degan hayot falsafasi va ishonch bilan yashaydi ular.

Ha, bu o‘lka – bir yarim milliarddan ortiq inson uchun ona Hindiston!

Darvoqe, bu yurtda hind va ingliz tillari asosiy, davlat tili hisoblanarkan. Mamlakat viloyatlarida yashaydigan aholi ichida qaysi tilda so‘zlashuvchilar ko‘pchilikni tashkil qilsa va u hindiy yoki ingliz tili bo‘lmasa, o‘sha til uchinchi davlat tili bo‘larkan. Dinlar esa juda ko‘p, har kimning o‘z e’tiqodi bor. Shunga qaramay, barcha ahil-inoq, bir-biriga gina qilmay, tinch-totuv yashab kelmoqda.

Biz ona Vatanimiz sari yo‘lga chiqarkanmiz, hind xalqining metin sabr-u qanoatiga, mehnatkashligiga, odamlarining kulib yurishi, tinchligi va boy tabiatiga ko‘z tegmasin, dedik. Do‘stligimiz abadiy bo‘lsin, barcha sohalarda aloqalarimiz taraqqiy topaversin, deb niyat qildik.

Mahmud TOIR,
O‘zbekiston xalq shoiri

Toshkent–Dehli–Agra–Jaypur–Toshkent

“Jadid” gazetasining 2026-yil 20-fevraldagi 8-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img107

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img618

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img614