17.12.2024 | 10:34
1037
CHINGIZ AYTMATOV
Muallifdan:
12-dekabr – Chingiz Aytmatov tug‘ilgan kun…
Bu kunda nafaqat bitta yozuvchi tavallud topdi, balki qirg‘iz tarixida yangi davr tug‘ildi. Qirg‘iz ma’naviyati, erkin tafakkuri cho‘qqilari bevosita shu nom bilan chambarchas bog‘liq… Shu kuni u dunyomizga o‘z davriga, zamonga, cheksizlikka, insoniy tuyg‘ularga sig‘maydigan alohida tafakkur shakllari, ma’naviy quvvat bayroqdori sifatida kirib keldi.
Uning So‘zi avloddan avlodga o‘tib kelayotgan buyuk vijdon va haqiqat karvoniga o‘xshaydi. Uning So‘zi, Tafakkurining yo‘li abadiydir…

Aytmatov:
Birinchi va so‘nggisi
Aytmatov haqida yozishni boshlashimdan oldin u bilan bog‘liq ikkita voqea yodimga tushdi. Bular mening u bilan bo‘lgan birinchi va so‘nggi… uchrashuvlarim… Bu uchrashuvlarning har ikkisi ham ko‘nglimdan chuqur joy olgan va go‘yoki o‘chmas olov kabi qalbimni mudom yondiradi. Nazarimda, bu ikki uchrashuv o‘rtasida abadiy bog‘liqlik mavjudga o‘xshaydi. So‘zimni shu uchrashuvlar tafsiloti bilan boshlasam…
1975-yil. Saraton. Men maktabni tamomlab, institutga o‘qishga kirish harakatida edim. Qo‘limga maktabning yetuklik attestati tegishi bilanoq Sergey Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya instituti (VGIK)ga o‘qishga kirish uchun Moskvaga otlandim.
Maktabda o‘qib yurgan davrimda “Sovetskiy ekran” jurnalida kinorejissyor bo‘lish uchun Sergey Gerasimov ijodiy ustaxonasida tahsil olgan Zamir Eraliyev haqidagi maqolani o‘qiganman. Bizning tanishuvimiz shu orqali boshlangan edi, so‘ngra u menga xat orqali rejissyor bo‘lishni istaganlar bajarishi zarur bo‘lgan barcha shartlar va talablarni jo‘natib turardi.
Sergey Eyzenshteynning olti jildlik asaridan boshlab, kino ustalari – Dovjenko, Gerasimov, Qulijonov, Piryev va boshqalarning kino san’ati haqidagi barcha asarlarini o‘qib chiqdim. Ammo hatto filmlar tomosha qiladigan kino klubi ham bo‘lmagan ovloq bir qishloqda tug‘ilib o‘sgan menday g‘o‘r yigitchaga bunday mutolaalar nima ham berishi mumkin edi? O‘qiganlarim miyamda mexanik ravishda muhrlandi, xolos. O‘qiganlarimdan nimalarnidir tushungan bo‘lsam-da, biroq anglab yetmaganlarim bisyor edi.
“Men, albatta, o‘qishga kirishim kerak!” – degan fikr orom bermay qo‘ydi. Shunday xayollar bilan tun-u kun ko‘z o‘ngimda namoyon bo‘ladigan Moskvadagi mashhur VGIK qarshisida o‘zimni ko‘rdim.
Go‘yoki faqat meni kutib turgandek institut eshiklari lang ochiq, yo‘laklar bo‘m-bo‘sh, ikki-uch kishigina u yoqdan bu yoqqa o‘tib-qaytib turardi. Qorovulning, “E, imtihonlar qachonlar tugagan… Ortingizga qaytib ketavering, endi kelgusi yil kelasiz…” degan gapi ustimdan bir chelak muzday suv quyib yuborgandek bo‘ldi.
Keyin bilsam, imtihonlar “qachonlar” emas, ikki kungina oldin tugagan ekan. O‘shanda ijodiy yo‘nalishdagi oliy o‘quv yurtlari kirish imtihonlari boshqa ta’lim muassasalaridan biroz ertaroq boshlanishidan xabarsiz edim. Shu tariqa orzu daraxtimning yaproqlari to‘kila-to‘kila Frunzega qaytdim…
Endi men sal oldinroq mensimaganim – Frunze shahridagi duch kelgan bir institutga kirishga qaror qildim. Tavakkal qilib Qirg‘iziston Milliy universitetining tarix fakultetiga hujjat topshirdim.
Ammo men hamon osmonlarda yurardim. Qaysi institutga hujjat topshirmay, albatta, kiraman, degan ishonchda edim. Tarix fanidan besh, adabiyotdan besh, ingliz tilidan to‘rt bahoga topshirdim, lekin oxirgi imtihon – inshodan ikki baho oldim. Shunda men uchun hammasi barbod bo‘ldi.
Nazarimda, menga oliy ta’lim dargohlarining eshiklari yopiqday tuyuldi. Kayfiyatim tushib ketdi, yuragim bo‘m-bo‘sh. O‘zimni layoqatsiz, keraksiz bir kimsadek his qila boshladim…
Tushkun kayfiyatda Marks va Engelsning o‘rindiqda o‘tirgan holdagi haykali o‘rnatilgan xiyobon bo‘ylab ketib borarkanman, shundoq ro‘paramdan kelayotgan nihoyatda tanish chehrali kishiga ko‘zim tushdi. Chingiz Aytmatov!.. Tushimmi, o‘ngimmi?! Yolg‘iz o‘zi! Chap bilagiga kostyumini solib olgan. Boshini quyi eggancha xayol surib kelardi. Men bo‘lsam – ozg‘in, novcha, qora yuzlarini husnbuzar bosgan yigitcha uning qarshisida haykaldek qotib turardim. (Darvoqe, aytish kerakki, Chingiz og‘a ham mening yoshimda ozg‘in va novcha, burni katta, yuzini husnbuzar bosgan o‘smir bo‘lgan. Bu haqda men keyinchalik uning xotini Kerez yanganing xotiralarida o‘qiganman).
Aytmatov yerdan ko‘z uzmay, chuqur xayolga botgan holda, hatto bir marta ham qarab qo‘ymay yonginamdan o‘tib ketdi. Unga: “Assalomu alaykum, Chingiz og‘a!” deyishga kuchim ham, irodam ham, nafasim ham yetmay, og‘zimni ochgancha qarab qolaverdim. Axir, umrimda birinchi marta tirik Chingiz Aytmatovning o‘zini ko‘rib turardim-da… Tilim kalimaga kelmas, vujudim muzga aylangandek edi go‘yo. Shunday qilib, Aytmatov yonginamdan o‘tib ketdi. Men yerga qoqilgan qoziqday turib qolaverdim. Xayolimda, u hozir ortiga qayriladi-yu, menga qaraydi. Shu taxlit turdim-turdim-da, keyin o‘z-o‘zidan uning ortidan ergashdim. Izma-iz keta boshladim. Talaba yigit-qizlar nari-beri o‘tib turishibdi. Hammalari Chingiz og‘aga havas bilan qarashar, ko‘tarinki kayfiyatda salomlashishardi. U salomlarga alik olar va yo‘lida davom etardi…
U Eski maydondan o‘tdi. Men o‘n besh qadamcha masofada unga ergashib boryapman. Nega bunday qilyapman, o‘zimam bilmayman. Ixtiyorim o‘zimda emasday. Agar men ham anovi talabalarga o‘xshab salom bersam, salomimga alik olarmidi, deb o‘ylayman. Afsuski, “mening poyezdim ketib qoldi”. Aytmatov kulrang binoning katta eshigidan ichkariga kirdi. Eshikdagi yozuvni o‘qidim: “Qirg‘iziston SSR Madaniyat vazirligi”.
Negadir bu yerdan ketgim kelmay atrofda aylanishib turdim. Agar qaytib chiqsa, u bilan hol-ahvol so‘rashish uchun o‘zimni tayyorlay boshladim. Lekin mening Chingizim qaytib chiqmadi. U yerda juda uzoq qolib ketdi.
Bu kun men uchun juda muhim kun edi…
Men kitoblarini yutoqib o‘qiydigan sevimli yozuvchimni ko‘rgan edim. O‘sha kuni na VGIKdagi, na tarix fakultetidagi ko‘ngilsizliklar yodimda qoldi. Shu kuni mening orzum ushaldi, o‘qish haqidagi orzularim sarobga aylangan esa-da, men qadrdon qishlog‘imga baland ruh bilan qaytdim. Axir men, kimsan – Aytmatovni ko‘rgan edim-da!..
1975-yilning yozida Chingiz Aytmatovni ilk marotaba shu tariqa ko‘rgan edim…
…2008-yil. 11-iyun. Chingiz Aytmatov bilan so‘nggi uchrashuvim…
Chingiz Aytmatovning jasadini maxsus samolyotda “Manas” aeroportiga olib kelishdi. Men Xalq yozuvchisi Chingiz Aytmatovning dafn marosimini tashkil etadigan Davlat komissiyasi a’zosi edim. (O‘sha vaqtda Qirg‘iz Respublikasi madaniyat vaziri edim.) O‘sha vaqt, o‘sha daqiqa, o‘sha soniyalarda ko‘nglimga hech narsa sig‘masdi. Yuragim qayg‘u bilan limmo-lim to‘lgan, bo‘lak narsaga o‘rin yo‘q edi.
Samolyotning ulkan yukxonasi ochilib, qizil yog‘ochdan yasalgan tobut ko‘rindi. Yuragim titrab ketdi. Mening mahoratli ustozim, Aytmatovim mana shu qizil yog‘ochdan qilingan tobutda olib kelindi…
O‘sha, hozir orqasiga o‘giriladi-yu, menga qaraydi, degan ilinjda Aytmatovga ergashgan ozg‘in, bo‘ychan, yuzlariga husnbuzar toshgan yigitlik davrimni esladim.
Birinchi marta ko‘rishganimizda “Assalomu alaykum, Chingiz og‘a!” deyolmaganimdek, so‘nggi uchrashuvimizda ham nima deyishni bilmay qoldim, na yerda, na ko‘kdaman, o‘zimni qo‘yarga joy topolmayman.
Shu kuni butun koinotim, butun dunyom, bor hayotim… shu qizil daraxtdan yasalgan tobutning ichida yotardi go‘yo.

Aytmatov…
Ata-Beyit1…
Madat Sadirqulov…
2008-yil 10-iyun… Bizning Aytmatovimiz dunyoni tark etgan kun…
…Ko‘p yillardan beri yuragimda saqlagan, ko‘pchilikka noayon bo‘lgan bir haqiqatni aytmoqchiman. Tarix uchun bu haqiqatni ommaga oshkor qilish u kishi xotirasi oldidagi burchim, deb o‘ylayman.
Aytmatovdek ulug‘ inson nomi bilan bog‘liq hamma narsa, jumladan, esdaliklar, ma’lumotlar, havolalar va dalillar tarixga aylanadi…
Bu kun mening qalbimda abadiy saqlanadi…
10.06.08…
* * *
…Biz Aytmatov bilan so‘nggi marta Chongariq qishlog‘ida, Bayimbet Murataliyev og‘aning uylarida o‘tirgan edik. O‘shanda oqsoqollarimiz Omorbay Norbekov va Dovlotbek Shadibekov biz bilan birga edi. O‘sha vaqtda rossiyalik kinochilar So‘qo‘lo‘q yonginasida yozuvchining yubileyiga bag‘ishlangan hujjatli filmni tasvirga tushirishayotgan edi. Tasvirga olish jarayoni bilan band bo‘lgani uchun Aytmatov bizning uchrashuvimizga salkam bir soat kechikib keldi. U kirib kelishi bilan hammamizning ko‘nglimiz birdan ko‘tarilib, xona ham yorishib ketgandek bo‘ldi. Men Chingiz og‘aning o‘ng tomonida o‘tirdim. Buyuk odamning buyukligi eng kichik tafsilotlarda ham o‘zini ko‘rsatadi-da. Dunyoga mashhur yozuvchi xonaga kirib kelishi bilanoq kechikkani, kutdirib qo‘ygani uchun hammamizdan uzr so‘radi. “Meni bunaqa kutishning hojati yo‘q edi. Boshlashingiz kerak edi, Madaniyat vaziri…” – dedi u menga qarab.
O‘shanda Chingiz og‘ani kutishning ham o‘ziga xos zavqi borligini his qildik.
Bu insonsiz tomoqdan hatto suv ham o‘tmasdi. Shunda bizda yilning boshida nishonlashga kelishib olganimiz – yozuvchining yubileyini nishonlash bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha fikr almashish imkoniyati tug‘ildi. Bafurja o‘tirib, barcha tadbirlar to‘g‘risida maslahatlashib oldik. Chingiz og‘aning tashrifi bilan u o‘tirgan faxrli joy go‘yoki olamning markaziga aylangandek edi biz uchun. Joy odamni emas, odam joyni tabarruk etarkan-da.
Yuz-ko‘zlarimizda unga bo‘lgan hurmat, ehtirom aks etar, qalbimiz esa faxr-iftixor-la limmo-lim edi.
Maroqli va mazmunli suhbat uzoq vaqt davom etdi…
Bir mahal men uning nimadandir bezovta bo‘layotgani, lekin aytishning imkonini topolmayotganini sezdim.
Ko‘p o‘tmasdan Chingiz og‘a men tomonga sal egilib qulog‘imga shivirladi: “Sulton, sizlarni shuncha kuttirib qo‘yganimdan keyin yana vaqtli ketsam noqulay bo‘lmasmikan, nima deysan?” U shu kuni Olmaotaga uchishi kerak ekan. Men bu haqda Beyimbet amakining (Chingiz og‘aning Shakar qishlog‘idan kelgan qarindoshlaridan biri) qulog‘iga shivirlab xabar berdim: “Chingiz og‘a tez ketishi kerak ekan, u juda shoshilyapti”. Beyimbet amaki shu zahoti ishga kirishdi: sara noz-ne’matlarni dasturxonga tortilishini tezlashtirdi va yakuniy so‘zni Aytmatovga berdi.
Bu ajoyib inson o‘rnidan turib, yig‘ilganlarning barchasiga hurmat bajo keltirib, so‘zini boshladi. O‘shanda u juda o‘tkir fikrlar bildirdi. Nafaqat o‘zi bilan bir dasturxon atrofida o‘tirgan sanoqli odamlarga, balki butun olam ahliga murojaat qilayotgandek edi go‘yo. U har birimizning qalbimizdan joy olgan o‘y-xayollarimiz haqida gapirardi. Har bir so‘zi muhim va serma’no edi. Umumjahon ahamiyatiga molik so‘zlarni barcha odamlar, yonginasida o‘tirgan insonlar taqdiriga bog‘lab gapirardi. Buyuklarda soddalik bor… Yig‘ilganlarni duo qilgan Aytmatov yo‘lga chiqdi. Ketishidan oldin hamma yig‘ilganlar Aytmatov bilan suratga tushishdi… Biz uning yonida tik turib, qo‘lini ushlab, qalbimiz g‘ururga limmo-lim bo‘lib rasmga tushdik.
Chingiz Aytmatov Olmaotada to‘rt-besh kunlik shoshilinch ishlari borligini, so‘ngra esa Qozonga uchishi lozimligini aytdi.
Birga suratga tushdik.
O‘sha vaqtda Chingiz Aytmatov bilan tushgan bu suratimiz so‘nggisi bo‘lishini bilmagan edik…
* * *
Yomon xabar olamga tarqaldi, butun dunyo uning vafotidan qayg‘uga cho‘mdi…
Shu kuni erta tongda meni Madat Sadirqulov (Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari) huzuriga chorladi. Bu qayg‘uli xabardan hammamiz tushkun ahvolda edik. Men Madat Sadirqulovning xonasiga kirdim. “Kiraver, qadrdonim”, degan so‘zlar bilan kutib oldi u meni. (Oldin faqat meni shunday iliq kutib oladi, deb o‘ylardim, keyin bilsam u hamma xodimlarga shunday murojaat qilarkan. Qizig‘i, boshqalar ham menga nisbatan shunday samimiy munosabatda bo‘ladi, deb o‘ylarkan.) Madat Sadirqulov g‘amgin va sarosimada edi, bu mo‘ylovi asabiy qimirlashidan sezilib turardi. Menga qo‘li bilan stulni ko‘rsatib o‘tirishga taklif qildi. Bir muddat jimlikdan so‘ng:
– Eshitdingmi? – dedi.
– Eshitdim, – deya bosh irg‘adim.
– Biz og‘amizni yo‘qotdik, – dedi qovog‘i uyilgan Madat Sadirqulov. – Nima ham qilardik. Endi biz uni mangu makoniga munosib ravishda kuzatishimiz zarur. Bir-ikki kunning ichida jasadini olib kelishadi… – Madat Sadirqulov odatiga ko‘ra o‘rindig‘idan turib deraza oldiga bordi. – Bizning Chingizimiz… Ammo uni qayerga dafn qilamiz? – dedi u menga tikilib.
Chingiz Aytmatovning o‘limiga haligacha ishona olmaganim uchun bunday gaplar unga nisbatan aytilishi noo‘rindek tuyuldi. Bir narsa deyolmay kalovlandim… javobimni kutmasdan Sadirqulov so‘zida davom etdi.
– Albatta… Ala-Archa… – dedi u. – Lekin aniq qayerga ekanligini hozir o‘zim ham aytolmayman. Senga bir kun muhlat beraman. Ertaga ertalab taklif bilan oldimga kel.
Madat Sadirqulovning gapi miyamga chaqmoqdek urildi.
– O‘yla, o‘yla, azizim, – dedi u.
Xonadan chiqishim bilan u orqamdan qo‘ng‘iroq qildi:
– Ilgiz amaki, Roza opa, o‘g‘illariga hozircha hech narsa aytmagin. Bir qarorga kelganimizdan keyin ularga o‘zimiz xabar beramiz.
Kun bo‘yi shu haqda o‘yladim, tuni bilan shu xayol menga orom bermadi. Chingiz Aymatovning kitobini qo‘limga olib ayrim parchalarini qayta o‘qishga harakat qildim. Shunda ko‘zim “Somon yo‘li” qissasining epigrafiga tushdi:
“Ota, sening qayerga dafn etilganligingni ham bilolmayman…
Ushbu asarimni, otam To‘raqul Aytmatov, senga bag‘ishlayman…”
Shu satrlarni o‘qir ekanman, “Topdim!” deb o‘yladim. Madat Sadirqulov doim takliflarimni asoslab berishimni talab qilardi. Taklifim uchun bildirmoqchi bo‘lgan barcha dalillarni miyamda pishira boshladim.
Birinchi dalil – ushbu epigraf bo‘lsa, ikkinchisi To‘raqul otaning dafn joyi – Ata-Beyit ekanligi, bir vaqtlar Chingiz Aytmatov “Ata-Beyit”ni otam panoh topgan so‘nggi makon, deb ataganidir. Bu yerda uzviy bog‘liqlik bor… Xalqda o‘g‘lining jasadini otasi yotgan yerga qo‘yish joiz, degan fikr bor. Bu gap teran ma’noga ega.
Madat Sadirqulov har doim masala yechimi bitta emas, bir nechta variantda bo‘lishini talab qiladi. Men ikkinchi variantni ham topib qo‘ydim. Bu – Sovetskaya, Oxunboboyev va Jantosheva ko‘chalarining kesishmasidagi istirohat bog‘i edi. Bu yer shaharning markazida bo‘lib, unda ko‘plab yoshlar tez-tez dam oladigan bog‘ bor ekanligi mening dalilim edi. Uning atrofida Tibbiyot akademiyasi, Milliy konservatoriya, Sport akademiyasi va Bibisora Beyshenaliyeva nomidagi Madaniyat universiteti joylashgan. Lekin qalbimda Ata-Beyitga moyillik ko‘proq edi. Ertasi kuni ertalab Madat Sadirqulov kabinetiga yetib bordim.
– Xo‘sh, takliflar bormi? – so‘radi u. Men tuni bo‘yi o‘ylab chiqqan barcha variantlarimni dalillari bilan uning oldiga qo‘ydim. Marat Cho‘qonovich o‘rnidan turdi… Odati bo‘yicha, bir qo‘lini shimining cho‘ntagiga solib, o‘ylanib qoldi.
– Ata-Beyit… Yaxshi fikr… – dedi u o‘ychanlik bilan. U mahoratli rahbar edi. Ikkinchi taklif haqida bir og‘iz ham gapirmadi.
– Bu taklifni Birinchiga yetkazaman. Javob qanday bo‘larkin?.. Kutib tur… – dedi u gapni qisqa qilib.
Men kabinetdan chiqdim.
“Biz Chingiz Aytmatovdan ayrildik” degan fikrga hamon ko‘nikolmayotgandim. Kun bo‘yi Madat Sadirqulovning qo‘ng‘irog‘ini kutdim…
Kechga borib taklifimni qabul qilishmadi, shekilli, deya o‘ylay boshladim.
Soat 21.13 da – bu daqiqalar haliyam aniq yodimda – Madat Sadirqulov qo‘ng‘iroq qildi.
– Birinchi tasdiqladi. Ertaga ertalab Ata-Beyitga bor, uni qayerga dafn qilishimizni aniqla. Tushdan keyin biz ham boramiz, joyni yana bir bor ko‘ramiz, – dedi u.
Shu tariqa biz uni otasi To‘raqul Aytmatovning jasadi qo‘yilgan, o‘zi Ata-Beyit deb atagan joyga dafn qildik. Biz uni ham qirg‘iz xalqining buyuk insonlari yotgan joyga qo‘ydik.
Ularning bir yerda qo‘nim topishlari taqdirlariga bitilgan edi…
USTOZ
Olmaotadagi Muxtor Avezov uy-muzeyi kiraverishida ilingan taxtachaga Chingiz Aytmatovning “Mening ikkita milliy ziyoratgohim bor, ularni qalbimga jo qilib xorijiy mamlakatlarga sayohat qilaman, o‘zga xalqlar ostonasidan o‘taman. Bular – “Manas” va Muxtor Avezov. Bular mening xalqlarimning timsollaridir”, degan so‘zlari yozilgan. Har safar bu uy-muzeyga borganimda, ulug‘ adibning shu so‘zlari yuragimni g‘ururga to‘ldiradi.
Ustozga hurmat Chingizning ulug‘ fazilatlaridan biri edi. “Ustoz” tushunchasi azaldan milliy madaniyatimizda ko‘prik vazifasini o‘tagan. Shu bilan birga, ustozning qadr-qimmati, ulug‘ligi shogirdining murabbiydan o‘rganganlari bilan baholanadi. Bu azaliy an’ana. Bizning Chingiz Aytmatovimiz “Manas” bilan yashadi, undan ma’naviy oziq oldi, “Manas” uning uchun oltin aso bo‘ldi. U “Manas”da yashadi, butun umrini unga bag‘ishladi.
Aytmatov bunday ulug‘ fazilatni ustozi Muxtor Avezovdan meros qilib olgan. Nafaqat “Manas”, balki butun qirg‘iz xalqiga og‘ir bo‘lgan davrlarda Muxtor Avezov o‘zi qozoq bo‘lsa-da, bizning buyuk eposimizni himoya qilib, qirg‘iz xalqiga beqiyos xizmat ko‘rsatgan. Aynan o‘sha davrda oramizda ko‘plab xoin, ko‘rnamak tanqidchilar paydo bo‘lib, “Manas” dostoniga loy chaplab, uning “xalq tarbiyasiga zarari” haqida gapirganlar. Nafaqat doston, balki Aytmatovning o‘zi ham ta’qib qilina boshlanganida, bu bahslarga, janjallarga aralashib, uning himoyasi uchun tog‘day turib bergan ham aynan shu Muxtor Avezov edi. Aslida, u bu muammolarga aralashishga shunchalar burchlimidi?
Ustoz – tushunchasi Sharq xalqlarining umummilliy qadriyatidir. Jumladan, qirg‘iz xalqi ham ustoz atrofida kamol topgan, ustoz unga ta’lim, ijod, taraqqiyot yo‘lini ko‘rsatgan. Ustoz-shogirdlik an’anasi qirg‘izlarning haqiqiy xalqona akademiyasidir. Chingiz og‘aning buyukligi – ustozlari merosini asrab-avaylash, ularning ma’naviy dunyosini har qanday g‘arazli xurujlardan asrashdadir. U ustozlarining ma’naviy boyliklarini keyingi izdoshlariga yetkazdi. Aytmatov buyuk Aytmatovga aylanishining sirlaridan biri ham shundadir…
Buyuk kitobda shunday deyilgan: Agar o‘z ustozing bo‘lmasa, bilki, Shayton sening ustozingga aylanadi…
Qirg‘izlarning ulug‘ (abadiy) ustozlari bor: Manas va Chingiz.
Aytmatov va Burgut…
Chingiz To‘raqulovich Yevropadagi elchixonadan Bishkekka qaytganidan so‘ng, endigina bir-ikki kun o‘tgandi. Birdan eshigim keskin ochilib, xonamga kotibam kirib keldi. Qattiq hayajonda. Shu sababmi, entikkancha eshik oldida bir zum turib qoldi.
– Sulton Akimovich, Chingiz Aytmatov keldi, – dedi nihoyat o‘zini bosib olib. Kotibamning hayajoni menga o‘tdi, o‘rnimdan sakrab turdim-da, eshik tomon yugurdim. Eshikni ochib qabulxonada Chingiz Aytmatovni ko‘rdim. Uning qabulxonamda kutib turganidan dovdirab qoldim. Keyinroq kotibamdan: “Nega uni darhol xonamga olib kirmading?” – deb so‘radim.
Kotibaning aytishicha, Chingiz Aytmatov qabulxonaga kirishi bilanoq unga: “Ish bilan band odamni chalg‘itishning hojati yo‘q, qizim, sen borib, men kelganimni ayt”, – degan ekan.
Chingiz Aytmatov bilan iliq ko‘rishib, xonaga kirdik. Ulug‘ adib avval sog‘lig‘im, ishlarim haqida so‘rab, devorga osilgan suratlarni tomosha qila boshladi va ko‘zga ko‘rinadigan joyga ilingan o‘z suratini ko‘rib: “U davrlar ancha yosh edim”, deb qo‘ydi.
– Tashqi ishlar vazirligidan kelayotib, bir vaqtning o‘zida ikki ishni hal qilib, Madaniyat vaziriga ham borganim ma’qul, deb o‘ylab, yoningga keldim, – dedi u.
Chingiz Aytmatov uzoqdan, Yevropadan yaqinda keldi. Men uning lavozimidan chetlatilishini adolatsizlik deb hisoblardim. Chingiz Aytmatovning Yevropada bo‘lishining o‘zi ko‘p masalalarni hal qilishi mumkin edi. Yevropada uning hurmati yuqori ekanligiga shaxsan o‘zim ko‘p bora guvoh bo‘lganman.
– Aytgancha, men sening romaning mutolaasini nihoyat yakunlayapman, uni o‘qishga ancha vaqt qo‘lim tegmay yurgandi. Oldingda xijolatdaman… Yozuvchining hayoti o‘zingga ma’lum – xayolingga birorta fikr yoki yangi g‘oya kelib qolsa, bas, o‘zingni ham unutasan, – dedi Chingiz Aytmatov piyoladagi choydan ho‘plar ekan. Chindan ham, unga romanimning (“Jazo” romani) qo‘lyozmasini berganimga ikki yildan ziyod vaqt o‘tdi. Ammo Chingiz Aytmatovning nafaqat romanni o‘qib chiqishi, balki faqat qo‘liga olganining o‘zi ham menga faxr va ilhom baxsh etdi. – Ozgina qoldi… Agar hammasi shunday davom etgan bo‘lsa, yaxshi roman chiqishi mumkin. Bilasanmi, yozuvchi bor kuch-g‘ayratini asarning yakuniga sarflaydi, hatto butun asar faqat uning intihosi uchun, final uchun yoziladi, – dedi u kulimsirab.
Chingiz og‘a ko‘zimga ancha horg‘in ko‘rindi. Ehtimol, uning kayfiyatsizligiga ishdan ketgani sabab bo‘lishi ham mumkin, balki menga shunday tuyulgandir. Uning yuz-ko‘zidan kayfiyati pastligi, ichki dunyosi qorong‘iligi ko‘rinib turardi. U nimadandir g‘amgin, tushkun holatda edi. Balki, rostdan ham ishi yuzasidandir. Lekin unga bu haqda gap ochishga jur’atim yetmasdi.
Bundan ancha oldin – 2004-yilda yozuvchi mening ko‘plab savollarimga batafsil javob bergan edi. Keyinchalik yozuvchi bilan bo‘lgan mazkur suhbat nashr etildi. (Chingiz Aytmatov taklifi bilan “Olamni ishq yaratgan, muhabbat esa mangu” nomi bilan 8 jildlik to‘plamiga ham kiritildi).
“Dunyoning qaysi burchagida bo‘lishimizdan qat’i nazar, ertami-kechmi, tug‘ilib o‘sgan joyimizga qaytamiz. Inson kindigi kesilgan joy haqida ko‘p gapirishi bejiz emas. Mening ham kindik qonim to‘kilgan zamin xayolimdan ketmaydi”, – degandi u o‘sha suhbatimizda. O‘shanda men unga tilimning uchida turgan yana bir savolimni bera olmadim.
Chingiz Aytmatov bilan uzoq vaqt suhbatlashdik. “Mayli, madaniyat vaziri, men boray. Qabulxonada kutib turganlar ko‘p bo‘lsa kerak”, dedi va o‘rnidan turdi. “Boshqa gaplar qolmadi, shekilli? Menimcha, hamma narsa haqida gurunglashdik”, dedi xayrlashayotib.
“Boshqa gaplar” nima ekanligini ikki kundan keyin tushundim. Tashqi ishlar vazirligiga tashrifi chog‘ida Chingiz Aytmatovga TURKSOY bosh kotibi lavozimini taklif etishganidan ancha keyin xabar topdim.
Kabinetdan chiqsak, haqiqatan ham qabulxonada besh-olti kishi kutib turgan ekan. Ulug‘ adib hamma bilan ko‘rishib, so‘rashib chiqdi. Binodan chiqdik-da, madaniyat vazirligi binosidan Chuy shohko‘chasigacha birga bordik. “Balki manzilingizga mashinada olib borib qo‘yarman”, desam, u taklifimni rad etib, “Piyoda yurishni juda sog‘inganman”, dedi. Uning shu oddiygina so‘zlarida chuqur ma’no borligini qalban anglab turardim. U ona yurtini sog‘ingan edi. Uning ko‘chalarida yakka-yolg‘iz yurishni sog‘ingan edi.
Har doim Chingiz Aytmatov suhbatlaridan hayratga tushardim. Rostini aytsam, anchadan buyon qalbimda unga bermoqchi bo‘lgan pinhona savolim bor edi. O‘sha vaqtda shu savolni berish vaqti yetgandek tuyuldi va so‘rashga qaror qildim.
– Men anchadan beri sizga bir savol bermoqchi bo‘lib yuribman, – dedim. Og‘a yurishdan to‘xtadi va menga qarab:
– So‘rang, – dedi.
– Siz turli axborot manbalari va gazetalarda yozilayotgan maqolalarni o‘qiyapsizmi? – deb so‘radim. U javob berishdan oldin og‘ir bir xo‘rsindi-da, agar o‘zi o‘qimagan taqdirda ham tanishlari ular haqida muntazam xabar yetkazib turishganini aytdi.
Men o‘sha vaqtlar tez-tez chop etilayotgan Chingiz Aytmatov haqidagi kamsituvchi, unga nisbatan ig‘vo-tuhmat bilan to‘la bo‘lgan maqolalarni nazarda tutgandim.
Ayrim yozuvchilar, gazetalar, sariq matbuot vakillari uning “Jamila”sidan boshlab shaxsiy hayoti va boshqa narsalarni kovlashib, ulug‘ adib nomiga soya solishi mumkin bo‘lgan maqolalarni, xabarlarni bera boshlagandi.
– Nega bu tuhmatchilarga munosib javob bermaysiz, axir bu holatga jim qarab turish mumkin emas-ku! – dedim men. Aytmatov chuqur xo‘rsindi. Joyida turib qoldi, nazarimda, hozir u yerga chilparchin bo‘lib sochilgudek edi. Xayolimda oyog‘im ostidagi zamin ikkiga bo‘lingandek bo‘ldi.
U men tomonga keskin o‘girildi, joyida to‘xtadi va:
– Sulton, ayting-chi, agar men samoda baland parvoz qilayotgan burgut bo‘lsam, umrida botqoq, loydan boshqa hech narsani ko‘rmagan, vaqillab yotgan qurbaqa e’tibor qaratishimga arziydimi?.. Yaratgan burgut haqida ham, qurbaqa haqida ham hammasini biladi. Haqiqat qayerda ekanligini biladi. Yaratgan adolatni biladi. Ular bilan bahslashish shart emas, – dedi. Uning bu purma’no so‘zlari hali-hanuz qulog‘im ostida jaranglaydi.
Bergan savolimdan o‘zim xijolat tortgan bo‘lsam-da, Chingiz Aytmatovning javobi men uchun hayotiy saboq bo‘ldi. “Ehtimol, bunaqa o‘tkir fikrni eshitish uchun shu og‘ir savolni berishim noto‘g‘ri bo‘lmagandir”, degan ojizona fikr xayolimdan o‘tdi.
– Mayli, sen qol, men uzoqroqqa boraman, – dedi Chingiz Aytmatov va o‘z yo‘lida davom etdi.
Orqasidan qaradim, uning bo‘y-basti uzoqlarga singib keta boshladi. Endi biz uning o‘sha bo‘y-bastini qayta ko‘rishni orzu qilamiz…
Aytmatov va sevgi nafasi…
2004-yil…
Kechqurun men mashinada uning Olaarchadagi uyiga borishim to‘g‘risida Chingiz To‘raqulovich bilan kelishib oldik. Anchadan beri Chingiz Aytmatov bilan adabiyot, ma’naviyat, siyosat, til va ijod haqida suhbatlashishni istab yurardim.
Olis yurtdagi elchixonada faoliyat yuritayotgan va qisqa muddatga vataniga keladigan Chingiz Aytmatov bilan uchrashish, suhbatlashish oson ish emasdi. Lekin, Xudoga shukrki, bir kuni menga qo‘ng‘iroq qilib kechqurun kelishimni aytdi. Bu taklifdan keyin o‘sha kun men uchun, uning ta’biri bilan aytganda: “Asrga tatigulik kun” bo‘ldi. Kun botishini intiqlik bilan kutdim. Men uchun ulug‘ yozuvchi bilan uchrashish va suhbatlashishdan qimmatliroq narsa yo‘q edi. “Ikkisi birda” deganlaridek, ushbu uchrashuvda buyuk inson bilan suhbatlashish, ya’ni intervyu olish imkoni tug‘ilishini his qildim. Biz uchrashsak, agar uning roziligini ololsam, qator savollarga javob berishi mumkin bo‘ladi, deb umid qildim. U vaqtda “Ozodlik” radiosida faoliyat yuritardim va bu suhbat radio uchun bebaho topilma bo‘lardi. Axir, Chingiz Aytmatov har kimga ham intervyu beravermasdi. Va bu niyatim ham amalga oshdi…
Shu kuni men ataylab bu uchrashuv haqida birga ishlaydigan Yorqin opa Temirbayevnadan suyunchi oldim, unga “Bugun Chingiz Aytmatov meni uyiga taklif qildi”, dedim. (Joyi jannatda bo‘lsin! O‘tgan yili opa olamdan o‘tdi. Juda yaxshi, qalbi toza ayol edi). Nimaga ham bu uchrashuv haqida unga aytdim-a, Yorqin opa meniyam birga olib ket, deb kanaday yopishib oldi-ku. Bunaqa holatda opaga gap tushuntirib bo‘lmaydi, u menga tinchlik bermay qo‘ydi. Nihoyat rozi bo‘ldim. Yorqin opaning fe’li ayon – kutilmaganda o‘rinli-o‘rinsiz savollar berish odati bor. Shu bois, uning birga borishiga bitta shart bilan rozi bo‘ldim: “Savolni men beraman, siz jimgina mikrofonni ushlab turasiz, iltimos…” Bu shartga opa tezgina rozi bo‘ldi. U Chingiz Aytmatov bilan uchrashuvga olib borishimning o‘zidan mamnun edi, shuning uchun “shartlarim”ga ko‘ndi.
Kechqurun Chingiz Aytmatovning uyi oldida ko‘rishishga kelishdik. Kechki soat yettida kelishilgan joyga yetib keldim. Lekin Yorqin opa ko‘rinmasdi. Shu turishda opani 20 daqiqacha poylab turdim. Nihoyat kichkina qizchasini yetaklab olgan Yorqin opa harsillab yetib keldi. Bu holatni ko‘rib nima deyishni bilmay qoldim. “Nega qizchangizni olib keldingiz”, deb so‘rasammikan, degan fikr ko‘nglimga kelishi bilanoq, Yorqin opa xuddi fikrimni uqqandek, “Qizim uchun Chingiz og‘aning duosini olishni niyat qilgandim”, deya meni shashtimdan tushirdi.
Shunday qilib uchalamiz Chingiz og‘aning uyiga kirdik. “Salom, Sulton, ishlaring yaxshimi? Bu singlim bilan esa tanish emasmiz, shekilli”, dedi bizni ko‘rib u. Men opani tanishtirdim: “Bu Yorqin opa, “Ozodlik” radiosida birga ishlaymiz”. Yorqin opaning qizchasiga diqqat bilan qaragan Chingiz og‘a mendan so‘radi: “Bu kichkina farishtacha – sening qizingmi?”, “Yo‘q, Chingiz og‘a, bu mening qizim. Sizning yoningizga kelayotganimni aytishim bilan yopishib oldi, qoldirib kelolmadim”, dedi opa shosha-pisha. Keyin mening ko‘zlarimdan “Yana eldan burun gapga aralashdingizmi?” degan ma’noni uqib, menga aybdorona termuldi. Shu vaqtda Chingiz og‘aning “Bola – bu farishta” degan so‘zi vaziyatni ancha yumshatdi. Buni eshitgan Yorqin opa: “Chingiz og‘a, siz hozir qizimni duo qilsangiz, u hech qachon unutmaydi, doimo eslab, xursand bo‘lib yuradi”, dedi gul-gul yashnab.
Shunday qilib, Chingiz Aytmatov bilan yarim tungacha suhbatlashdik. U keng-mo‘l tikilgan uy kiyimida edi. Chingiz og‘a savollarimga shoshmasdan javob qaytardi. Biz u bilan zamonaviylik, globallashuv, adabiyot, vijdon, daholik, zolimlik va boshqa mavzularda uzoq suhbatlashdik. (Keyinchalik bu suhbatimiz “Olamni ishq yaratgan, muhabbat esa mangu” nomi bilan Chingiz Aytmatovning 8 jildlik to‘plamiga intervyu sifatida kiritilgan).
Choy ichdik, dasturxon ne’matlaridan totindik. Soat millari tungi o‘n ikkiga yaqinlashdi. “Chingiz og‘a, siz bilan suratga tushsak maylimi?” – deb so‘radi Yorqin opa. Chingiz Aytmatov rozi bo‘ldi, e’tirozimizga qaramay kiyimini almashtirgani boshqa xonaga chiqib ketdi. Men Yorqin opaga soatni ko‘rsatib shivirladim: “Boshqa kun rasmga tushsak ham bo‘lar edi”, dedim.
Shu orada kostyum kiyib, galstuk bog‘lagan Chingiz og‘a kirib keldi. Biz suratga tushdik. Opa yozuvchidan qizini duo qilishini iltimos qildi. Chingiz og‘a unga yaxshi niyatlar bildirdi. Endi uydan chiqmoqchi bo‘lib turgan joyimizda Yorqin opa: “Sizga yana bitta savol bersam maylimi?” deb qoldi. “Mayli, so‘rang…” Shunda tushmagur opamiz: “Chingiz og‘a, siz, menimcha, Bibisorani sevganchalik hech bir ayolga ko‘ngil qo‘ymaganga o‘xshaysiz-a”, deb qolsa bo‘ladimi!..
Bunaqa savolni kutmagan Chingiz og‘a hayajondan bir qalqib, tirsagi bilan stolga suyandi. Men bo‘lsam ang-tang bo‘lib, adibning yonida tosh qotib turardim. Tilim kalimaga kelmasdi, chunki qo‘shni xonada Chingiz Aytmatovning turmush o‘rtog‘i bor edi.
Chingiz og‘a o‘rindiqqa o‘tirib og‘ir xo‘rsindi va qisqa, ammo o‘ta qat’iy qilib: “Ha, shunday”, dedi.
Bu og‘ir xo‘rsinishda men faqat Chingiz Aytmatovgagina xos buyuk muhabbatning so‘nmas qudratini, sog‘inch, g‘am-anduh, baxt, qayg‘u, afsus-nadomat va quvonchni his qildim. Bu xo‘rsinishda abadiyat ovozini tuydim, chunki faqat boqiy xotiragina bizni biz istagan manzilga, firdavs bog‘lariga, biz sevgan insonlarimiz yoniga boshlab ketadi…
Bu xo‘rsinish hali-hamon qulog‘im ostidan ketmaydi…
Bu xo‘rsinish buyuk Insoniy sevgining nafasi edi…
Sulton RAYEV
Dilfuza Qarshiboyeva tarjimasi
“Jadid” gazetasining 2024-yil 13-dekabrdagi 51-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



