27.08.2024 | 17:17
267
CHINGIZ AYTMATOVGA ERGASHGAN ADIB
Dastlab, 2023-yil bahorida haftalik adabiyot gazetamizda Sulton Rayevning “Tuproq” hikoyasini Ahmadjon Meliboyev tarjimasida o‘qidim. Ta’sirlandim. Tarjimonga rahmat aytdim. “Tuproq” xayolimga muhrlanib qoldi. Bunga hikoyada bayon qilingan voqelikka mos boshimdan kechirgan bir hodisaning parallel kelgani sabab bo‘lgandir, ehtimol. Uch yil avval Urganch aeroportida yuklarimni topshirib, kutib o‘tirsam, ovozkuchaytirgichdan ikki-uch marta mening ism-familiyam chaqirildi. Hayron bo‘ldim. Aytilgan joyga bordim. Jomadonlar ichini texnikaning “o‘tkir ko‘zlari” bilan tekshirguvchi xodimlar oldida hali topshirgan yuklarim turibdi.

Ular o‘zlariga ish topilganidan mamnun. Bog‘lab tashlangan jomadonimni zudlik bilan ochishni so‘rashdi. Qo‘llarida ulkan qora qaychi. Xotirjam sababini so‘radim. Jomadonimda davlat ahamiyatiga ega favqulodda qimmatbaho bir asotir bor bo‘lishi mumkin emish. Jomadon ichini xayolan kezib chiqdim: ikki cho‘rak, to‘rt buklangan qatpatir, qand-qurs, kiyim-kechak, sovg‘a-salom. Shunga o‘xshash narsalar. Birdan sergak tortdim. Uyga borganimda oyog‘imning tizza va o‘kcha bo‘g‘inlari og‘rishidan shikoyat qilganimda Bahrom akam davosini aytdi: “Suvakesak yopish kerak”. Topib keldi. Rahmat aytdim. Quvondim. Suvakesak deganimiz yoplarning roshida yillar davomida tarashadek qotib qolgan loyning silliq kesakka aylangan shakli. Iliq suvda shu kesakni ivitib, og‘riq bo‘g‘imlarga bog‘lasam, malham bo‘ladi. Meni “favqulodda jinoyat” ustida qo‘lga olgan fidoyi izquvar kayfiyatida jomadonim tepasida turgan hushyor xodimlar savolga tutdi. Ularning ko‘zlariga tik qarab, burro-burro, aniq javob berib turibman. “Nima ekan-u, nimani topdilaring, qanday narsa ekan u?” Gʻishtga o‘xshagan bir qimmatbaho yombinimi, allanimanidir qadim Xorazm tuprog‘idan olib ketayotgan emishman. “Qo‘yinglar-ay, tegmanglar, jomadonni ochib nima qilasizlar? Gapimga ishoninglar. U g‘ishtdek keladigan “asotir” suvakesak, mana oyog‘im, o‘zlaring ham ko‘rdinglar, oqsoqlanib yuribman. Oyoqqa malham bu tuproq, yurtimning sho‘r tuprog‘i”, dedim. Shukrkim, ma’murlarning insofi bor ekan, gapimga ishonishdi. Jomadonni ochib ham o‘tirishmadi. Uyga kelib, shu kesakni suvda ivitib, loy qilib og‘riq uchun malham qilib yopdim. Foyda berdi. Boshidan o‘tgan tabib. Sulton Rayevning “Tuproq” hikoyasini o‘qiganimda boshimdan o‘tgan shu voqea hech xayolimdan ketmadi. Hikoya qahramoni Murodga onasi vasiyatli bir siqim tuproq beradi. Shunga parallel ikkinchi bir epizodda Yaponiyaga borib, Fudziyama tog‘larini ko‘rib, uning etagidan bir siqim tuproq olib kelayotgan Murodni aeroportda xuddi menga o‘xshatib yapon mutasaddilari to‘xtatishadi. Uchoq uchmasdan uni kutib turadi. Yaponlar uchun ona zamin tuprog‘i tabarruk, uni birovning tashqariga olib ketishga haqqi yo‘q. Uchoq oynasidan suvzorlar orasida Yaponiya joylashgan orol bir nuqta bo‘lib ko‘rinadi. Bamisoli bir siqim tuproq u. Yaponiyada suv mo‘l, tuproq qahat. Har bir borgan sayyoh bir siqimdan olib ketaversa, yaponlar quruq yerining bari suvga do‘nadi, deb ham o‘yladim. Yaxshiyam, Xorazmdan uchayotganimda tuproq o‘rnida suvidan olib olmagan ekanman. Hamma joy tuproq va qumzor. Ammo suv qahat. Ehtimol, xorazmliklarning suvini xorijlik olib ketishi mumkin emasdir, degancha o‘zimcha xayolan bir qoida yasab oldim.
Shunday xayol va qiyoslar bilan Sulton Rayevning “Tuprog‘”ini o‘qidim. Biografik xarakterli hikoya sifatida taassurot qoldirdi. Esimda qolgani uchun yaxshi hikoya deb baholadim.
Keyin “Tanlangan asarlar”ini qo‘lga oldim. Hikoyalaridan “Manas otaning avlodi” bilan “Faylasuf”ni o‘qidim. Universitet muhiti bo‘lgani uchun menga tanish talabalar, manzaralar, kayfiyatlar… Qattiqqo‘l domlalarni ko‘rganmiz. Siz ham ularni taniysiz. Umr bo‘yi esda qoladigan imtihonlarni siz ham topshirgansiz yurak hovuchlab. Mabodo muallim bo‘lsangiz, imtihon olish, talabalar bilimini sinovdan o‘tkazishning qitmirona usullarini ham yaxshi bilasiz menga o‘xshab. Hikoyalar tarkibidagi ishq-muhabbat mavzusi esa yoshlikka xos; pokiza ko‘ngil egalariga umr bo‘yi yo‘ldosh. Har ikki hikoya ham menga ma’qul bo‘ldi.
Shu orada kitobdan o‘rin olgan “Tuproq”qa yana qaytdim. Qayta o‘qishga zarurat sezdim va o‘qib zavqlandim. Balki haliroq uchinchi marta yana o‘qisam ham kerak. Zero, bu hikoya bir necha marta o‘qishga arziydi. “Ikki marta o‘qishga arzimaydigan asarni bir marta o‘qish shart emas”, degan gap shunday yaxshi asarlarni mutolaa qilayotganda bot-bot yodimga keladi.
Roman, qissa, sahna asarlaridan “hatlab” o‘tdim-da, birdan kitob oxiridagi “Chingiz Aytmatov” essesiga diqqatim muhrlandi. “Uning So‘zi avloddan avlodga o‘tib kelayotgan buyuk vijdon va haqiqat karvoniga o‘xshaydi”. Bu – Chingiz Aytmatov fenomeni uchun juda topib aytilgan o‘ziga xos original bir baho. Sulton Rayevning Chingiz og‘a bilan birinchi va oxirgi uchrashuvi bayon asosida qurilgan essedan bosh ko‘tarmay, uni bir zumda o‘qib tugatdim. Men uchun o‘n yetti yashar yigitchaning Chingiz Aytmatovni ko‘rib qolishi, beixtiyor unga ergashib yurishi qiziq tuyuldi. “Men o‘n besh qadamcha masofada unga ergashib boryapman. Nega bunday qilyapman, o‘zim ham bilmayman…” Odamda g‘ayriixtiyoriy, o‘zi ham anglamaydigan bunday vaziyatlar bo‘lishi tabiiy. Zotan, esseni o‘qiyotib shu yigitcha bilan birga siz ham Aytmatovga ergashib yurasiz, hayajonlanasiz, dovdiraysiz, gaplashish uchun rejalar tuzasiz… Aynan Chingiz Aytmatovni tirik ko‘rib qolgan Sulton Rayev Moskvadagi VGIK yoki Qirg‘iziston Milliy universitetining tarix fakultetiga hujjat topshirib, o‘qishga kira olmay qolgandagi iztiroblarini ham unutadi-qo‘yadi. O‘sha ergashuvni ramzga yo‘yib: “Sulton Rayev bu Chingiz Aytmatovga ergashgan bola, yigitcha, adib…” degan gap o‘yimdan ketmay qoldi. Shunday kayfiyatda “Sevimli” telekanalining tadbirlar zalida bo‘lib o‘tgan adibning “Tanlangan asarlar”i taqdimotiga bordim. Anjumanda Sulton Rayev ijodi va shaxsini bir necha notiq tabiiy ravishda Chingiz Aytmatov fenomeniga bog‘ladi…
Nazarimda, har jihatdan munosib bir shogird, Aytmatovga xos g‘ayrat-shijoat bilan ishlayotgan, yozayotgan bir adibdir Sulton Rayev. U o‘n yetti yoshida Chingiz Aytmatov izidan Qirg‘iziston Madaniyat vazirligigacha ergashib boradi. Aytmatov o‘sha vazirlik binosiga kirib ketadi, u yerda uzoq qoladi, qaytib chiqmaydi… Qarangki, oradan yillar o‘tib, Sulton og‘a o‘z ish faoliyatida Aytmatov izidan ergashib borgan shu mahkamada Madaniyat vaziri bo‘ladi. Adibning essesi Chingiz og‘a bilan uchrashuvlari, suhbatlari, ulug‘ bir inson bilan yonma-yon yurishning sururi xususida juda yaxshi bir asar bo‘libdi. Bir suhbatda Aytmatovning salobati munosabati bilan: “Joy odamni emas, odam joyni tabarruk etarkan-da”, degan hikmat menga ma’qul keldi. Esse juda samimiy, tarjimasi ham yaxshi. Essening “Ustoz” bo‘limidagi bir nuqta menga alam qildi. Chunki Olmaotadagi Muxtor Avezov uy-muzeyiga ikki yil avval men ham borganman. Biroq negadir o‘sha uy-muzeydagi Chingiz Aytmatovning “Mening ikkita milliy ziyoratgohim bor, ularni qalbimga jo qilib xorijiy mamlakatlarga sayohat qilaman, o‘zga xalqlar ostonasidan o‘taman. Bular – “Manas” va Muxtor Avezov. Bular mening xalqlarimning timsollaridir”, degan yozuvga diqqat qilmagan ekanman. Olmaota safarnomasini yozdim. Uy-muzeyga borganimni ham esladim. Ammo Aytmatovning shu e’tirofiga e’tibor bermaganim uchun, to‘g‘risi, o‘zimni kechirmadim.
Sulton Rayev o‘zaro suhbatlarida ustoziga dilida saqlab yurgan bir savolni beradi. Aytmatovning “Jamila”si va shaxsiyati tegrasida urchigan g‘iybat-u g‘urbatlar xususida, ularga munosib javob berish zarurati haqida so‘raydi. Shunda Aytmatov: “Agar men samoda baland parvoz qilayotgan burgut bo‘lsam, umrida botqoq, loydan boshqa hech narsani ko‘rmagan, vaqillab yotgan qurbaqa e’tibor qaratishimga arziydimi?”, deb balanddan kelib javob beradi.
Muhtaram gazetxon, kitobda hali o‘qishim kerak bo‘lgan qissa, roman, dramatik asarlar bor. Ammo adibning hikoyalari va shu bitta esseni o‘qib ham ko‘nglim yorishdi. Sulton Rayev degan bir adib kitoblari, xususan, yangi tarjima bo‘lib nashrdan chiqqan “Tanlangan asarlar”iga ish stolimiz ustidan o‘rin ajratsak, yana ham to‘g‘rirog‘i, ko‘ngil javonidan joy bersak, nazarimda munosib bir ishni qilgan bo‘lamiz. Adib yozgan asarlarini o‘qib gapimga qo‘shilasiz, deb umid qilaman.
Bahodir KARIMOV, professor
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



