12.08.2024 | 15:20
577
EL ARDOQLAGAN ADIB

Ozod SHARAFIDDINOV,
O‘zbekiston Qahramoni
1963-yilning kech kuzi. Ertalablar tushgan qirov qish qo‘shini yaqinlab kelayotganidan darak bersa-da, peshinga borib havo ilib ketadi. Ufqqa tutash hududsiz paxta dalalarida talabalar mehnat qilishyapti. Bo‘yi o‘rtadan pastroq, yonoqlari biroz bo‘rtib chiqqan, jikkakkina yigitcha boshini ko‘tarmay paxta teryapti. U har hamlasida lo‘ppi-lo‘ppi ochilgan besh-oltita ko‘sakning paxtasini oladi-da, bo‘z fartugiga soladi. O‘n-o‘n besh qadam shu alfozda borgach, qaddini rostlab, bir kerishib qo‘yadi. Keyin yana terimga tushib ketadi. Shu payt uzoqdan bir qora ko‘rindi. Dam o‘tmay yaqin keldi. O‘tkir tanidi. Bu – ikki kun avval javob olib, uyiga ketgan kursdosh jo‘rasi To‘lqin Alimov edi.
– O‘tkirjon, suyunchini chiqaring! – dedi jo‘rasi. – Sizga Abdulla Qahhordan xat kelibdi. Ochishga qo‘lim bormay, uyga tashlab keldim.
O‘tkir sevinchdan o‘zini qo‘ygani joy topolmay qoldi. Garchand hali xatni o‘qimasa-da, Abdulla Qahhordek allomadan xat kelishining o‘zi uning uchun bayram edi. Ikki kursdosh ulug‘ adibning maktubini paxtadan qaytgach, hayajondan qo‘llari titrab o‘qidilar.
“O‘tkir!
“Cho‘l havosi”ni o‘qib suyunib ketdim. Birdan lov etib alanga bilan boshlangan ijodning kelajagi porloq bo‘ladi, qissa juda sof, samimiy, iliq, tabiiy, rohat bilan o‘qiladi.
Qissaning xat shaklida bo‘lishi ko‘p joylarda ritmni buzadi, sizni cheklab qo‘yadi. Hikoya birinchi shaxsdan olib borilsa ham shunday bo‘lar edi. Buni o‘ylang, hisobga oling.
Shu alanga hech qachon pasaymasin, ijodingiz hech qachon tutamasin!
Hurmat bilan: Abdulla Qahhor”.
O‘tkir suyunganidan o‘zini qo‘yarga joy topolmay qoldi – go‘yo birdan bo‘yi o‘sib ketganday, qo‘lini cho‘zsa yulduzlarga yetadiganday his qildi. Axir, kimsan – Abdulla Qahhordan har kuni maktub olavermaysan-da! Seni adabiyotimizning “ulug‘vor chinori” deb ta’rifi ketgan ustoz yozuvchi tan olib turibdi-ya!
Chindan ham “Cho‘l havosi” maqtasa maqtagudek edi. Qissa yoshlar hayotiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda ilk muhabbat, totli visol onlari, dastlabki iztiroblar haqida hikoya qilingan edi. Bu kichik qissa jurnalda e’lon qilinishi bilan ko‘pchilik yoshlarning e’tiborini jalb qildi, uning to‘g‘risida qizg‘in bahslar boshlandi. Shuning uchun Abdulla Qahhorning bu qissaga e’tibor berganiga ajablanmasa ham bo‘ladi. Lekin shundoq bo‘lsa-da, baribir, savol tug‘iladi: yoshlarga bag‘ishlangan, ularning hayotdagi dastlabki mustaqil qadamlarini, ilk izlanishlarini tasvirlagan hikoya va qissalar, o‘sha kezlarda juda ko‘p bo‘lmasa hamki, har holda bor edi. Nega endi Abdulla Qahhor ularning ichidan O‘tkirnikini ajratib oldi? Uslubining ravonligimi? Tilining dilraboligimi? Bayondagi samimiyatmi? Aytmoqchi bo‘lgan gapining salmoqdorligimi? Qahramonlarining insoniy jozibasimi? Tasvirlanayotgan hodisalarni yaxshi bilishimi? Ehtimol… Ehtimol, shularning biri yoxud bir nechasi, yoki hammasi jam bo‘lib, katta yozuvchining zavqini qo‘zg‘agandir. Yana savol tug‘iladi: aslini olganda, badiiy asar nimasi bilan kishini rom qiladi?
Yoki “ijod” degan narsaning biror ko‘zga chalinmas siri bormi? Bor bo‘lsa, bu sir nimada?
Juda ko‘p odamlar san’atning siri borligini hech ikkilanmay tan olishadi va bu sirni iste’dod deb hisoblashadi. O‘tmishda ham, bizning zamonamizda ham minglab mutafakkirlar, zukko aql egalari shu “iste’dod” degan narsaning mohiyatini aniqlashga, uning qayerdan kelib chiqishini bilishga, tabiatini belgilashga urinishgan. Ayniqsa, shoirlar, adiblar, munaqqidlar bu chistonni chaqishga ko‘p uringanlar. “Iste’dod” degan narsaga berilgan ta’riflar bir joyga jamlansa, bir necha jildlik kitob bo‘ladi. O‘tkirning o‘zi ham bu masalada ancha bosh qotirgan. U yozadi: “Bir toifa odamlar bor. Men hayotda ko‘p narsa ko‘rdim, endi kitob yozsam bo‘laveradi, deydi. Yana bir toifa bor. Men ko‘p kitob o‘qidim, ilmim yetarli, yozuvchilik qilaversam bo‘ladi, deydi. Ikkala fikr ham xato. Ko‘p narsa ko‘rgan bilan, ko‘p narsa o‘qigan bilan odam yozuvchi bo‘lib qolmaydi. Buning uchun talant kerak. Talantning birinchi belgisi – chidab bo‘lmas dard demakdir. Dard esa havas emas, zarurat!”
O‘tkir haqida yozilgan qator maqolalarda adibning joziba sirini ochib berishga intilish bor. Munaqqidlar adib uslubining eng jozibali, eng yarqiroq tomoni sifatida, asarlariga ajib bir tarovat baxsh etib turgan omil sifatida adib qahramonlarini bevosita hayotdan olishini, tasvirlayotgan voqealari ham hayotda ro‘y bergan yoxud ro‘y berishi mumkin bo‘lgan voqealar ekanini, xullas, adib hamisha hayot haqiqatiga og‘ishmay amal qilishini aytishadi. Binobarin, yozuvchi qanchalik hayotga o‘xshatib yozsa, shuncha yaxshi. Bir qarashda, bu gaplarning bari to‘g‘ri, ijodning sirini ochib beradigan gaplarga o‘xshaydi. Darhaqiqat, har qanday yozuvchi hayotdan kelib chiqadi, hayotga tayanadi, hayotni aks ettiradi. Shu bilan birga, bu gapni ijodning birdan-bir qonuni, yakka-yu yolg‘iz talabi deb ham bo‘lmaydi. Agar shunday bo‘lganda yozuvchi san’atkor bo‘lmay qolardi, oddiy nusxakash darajasidan ko‘tarila olmas edi.
Yana O‘tkirga murojaat qilaylik:
“…Tasavvur qiling: Siz kitob o‘qiyapsiz. Oq qog‘ozda qora chiziqlar – harflardan bo‘lak hech qanaqa rang yo‘q. Hech kim kuy ham chalmaydi. Ammo asarni o‘qishga kirishishingiz bilan ko‘z o‘ngingizda rangin manzaralar paydo bo‘ladi; qulog‘ingiz ostida ajib ohanglar jaranglay boshlaydi. O‘zingiz bilmagan holda qattiq hayajonga tushasiz… Hech shubhasiz, adabiyot – dunyodagi sakkizinchi moʻjiza! Yo‘q, O‘tkirjon, adashyapsiz, sakkizinchi emas, birinchi moʻjiza! Avval Kalom bo‘lgan”, degan gap ham bor-ku… Axir, badiiy adabiyot moʻjiza bo‘lsa, unda uni yaratadigan odamlar ham o‘zimiz qatori jo‘n odamlar emas, allanechuk moʻjizakor odamlar bo‘lib chiqadi-ku! Qo‘ying-chi, san’atkor bo‘lmoq uchun san’atkorning boshqa oddiy odamlarnikidan farq qiladigan o‘zgacha ko‘zi bo‘lmog‘i, o‘ziga xos qalbi, o‘ziga xos ko‘ngli bo‘lmog‘i lozim. Oddiy odam oddiy ko‘zi bilan, masalan, bepoyon dengiz bag‘rida suzib borayotgan oq kemani ko‘radi, san’atkor esa aynan shu manzaraga qo‘shimcha tarzda shu kema darg‘asini otasi deb faraz qilgan, undan najot va himoya kutib, baliqqa aylanib kema ketidan suzib ketayotgan bolani ko‘radi. Ko‘radigina emas, uni o‘z qalbi orqali o‘tkazib, o‘z hayajoni, o‘z quvonchlari, o‘z iztiroblariga burkab, boshqalarning yuragini jizillatib kuydiradigan tarzda tasvirlab ham beradi. Ha, har qanday hayot hodisasi, har qanday inson taqdiri san’atkor qalbi orqali o‘tibgina, uning qalbida qayta ishlangandagina san’at hodisasiga aylanishi mumkin. O‘tkir aytgan moʻjiza xuddi shu jarayon oqibatida ro‘y beradi, san’atkorning siri yoxud sehr-u jodusi ayni shu jarayon zamirida yashiringandir.
Esingizdami, bir ertak bo‘lardi: uchta o‘rtoq safarga chiqishibdi. Bir joyda tunaydigan bo‘lishibdi va galma-gal navbatchilik qilishibdi. Birinchi yigit bekor o‘tirmay deb, yog‘ochdan qo‘g‘irchoq yasabdi. Ikkinchi yigit, unga libos yasab, qiz boladek kiyintiribdi. Uchinchi yigit esa Allohdan qo‘g‘irchoqqa jon ato qilishini tilabdi. Keyin… sahar chog‘i ularni sohibjamol bir pari uyg‘otadi… San’atda ham ijodkorning qalbi hayotdan olingan qo‘g‘irchoqqa jon ato etadi, uni tiriltiradi. “Qanday qilib tiriltiradi?” deb so‘rarsiz. Men buni bilmayman va o‘ylaymanki, buni hech kim bilmaydi, hatto san’atkorning o‘zi ham har qancha tirishmasin, buni sizga aniq-tiniq tushuntirib berolmasa kerak. Va yana o‘ylaymanki, shu sir ijodga, san’atkorga alohida bir favquloddalik, aql bovar qilmaydigan sehr-u jodu, otashnafaslik, boringki, istasangiz, allanechuk ilohiylik baxsh etadi. Axir, biz hazrat Alisher Navoiyni, yoxud hazrat Ahmad Yassaviyni o‘zimiz bilan bir safga qo‘yib, ularni jo‘n, o‘zimiz qatori odamlar, deya olmaymiz-ku! Buni xayolga keltirishning o‘zi allanechuk osiylik, g‘alati bir shakkoklik bo‘lmaydimi? Shunday ekan, zamondosh adib-u shoirlarimizga ham bu iborani qo‘llashdan cho‘chimaylik.
Men yuqorida O‘tkir Hoshimovni hammamiz qatori oddiy odam, deb atagandim. Lekin bu gapning bir qismi edi, xolos, hali “berdisini” aytganim yo‘q. Holbuki, uning asarlari bilan tanishganda, ularda qalbingizga jon ato qiluvchi nafasni his qilganda O‘tkir ham Erkin va Abdulla, Halima va Omon kabi Xizr nazar qilgan odam ekaniga, u yaratgan ko‘pgina asarlar tomirida ilohiy qon oqayotganiga imon keltirasiz. Menimcha, o‘zi chinakam san’atkor bo‘lgan Abdulla Qahhor xuddi shu sababdan O‘tkirning birinchi qissasini umumiy oqimdan ajratib ola bildi. Xuddi shu sababdan adib keyinchalik el-u yurt ardog‘iga sazovor bo‘ldi.
2000-yil, avgust
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



