Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


24.08.2026 | 12:27

img1037

CHINORDEK AZIM, DARYODEK TOSHQIN

ADABIY DID MAKTABI

Katta avlodning adabiy-estetik qarashlari “Guliston” jurnali mutolaasi orqali shakllangan, desam, xato bo‘lmaydi. 1969–1980-yillarda nashrga taniqli adib, shoir va tarjimon Asqad Muxtor bosh muharrirlik qilgan. Jurnalning o‘z tarixi davomidagi eng gullab-yashagan davri ham shu o‘n yillikka to‘g‘ri keladi. Elimizning ardoqli ijodkorlari Abdulla Sher, Erkin A’zam, Xayriddin Sultonning xotiralari shundan guvohlik beradi.

Asqad Muxtorning faoliyati asosan muharrirlik vazifasida o‘tgan. Daryoday toshqin, tog‘day vazmin, chinordek azim bu inson tahrir bobida ikki damli qilichday keskir edi. Tahrirni mohir jarroh kabi yuksak mahorat va farosat bilan amalga oshirardiki, choki bilinmasdi.

Odatda, umri tahrirga baxshida ijodkorlarning shaxsiy ijodiy merosi moʻjaz bo‘ladi. Chunki o‘zidagi xazinalarni boshqalarga ulashgan odam yana qayta to‘yinguncha, ko‘p vaqt ketadi-da. Biroq Asqad Muxtor o‘zbek adabiyotida eng sermahsul adiblardan biri hisoblanadi. O‘nlab roman va qissalar, yuzlab she’rlar, pyesalar va tarjimalar, umrining shomida, xastalik chog‘i qog‘ozga tushirgan “Tundaliklar” buning yorqin misoli. Xo‘sh, bunday sermahsullik siri nimada ekan? Javobi oddiy: Asqad aka to‘xtovsiz kitob o‘qir, tafakkur qilar va qat’iy ish tartibiga binoan ijodni ham yo‘lga qo‘ygandi.

Ustoz adib asarlarida ishlatgan so‘zlar shu qadar betakror, jarangdor va chuqur ma’noli bo‘lardiki, yon daftarimizga yozib qo‘ymaslikning iloji yo‘q edi. Ayniqsa, she’rlarida o‘zbek tilining boy xazinasini ko‘z-ko‘z qilarkan, bu til har qanday og‘ir falsafiy g‘oyalarni ham bemalol ifoda etishga qodirligini ko‘rsata bilardi. Biz so‘zni his qilishni ham aynan Asqad Muxtordan o‘rganganmiz.

CHINOR SOYASIDA

Inson hayotining qaysidir nuqtalarida o‘tgan yo‘lini bir qur ko‘zdan kechirish davrini boshdan o‘tkazar ekan. Nazarimda, bugun ayni shunday nuqtalardan birining ustida turgandekman. Ushbu gazetadagi salkam ellik yillik faoliyatimga nazar tashlar ekanman, ne-ne tabarruk zotlar bilan ishlaganim ko‘z oldimdan o‘tadi. Men yangi ishga kelgan 1978-yilda nashr “O‘zbekiston madaniyati” deb atalar, bosh muharriri Laziz Qayumov edi. Kamina musahhih sifatida ish boshlaganman.

1981-yili gazetaning nomi “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” deb o‘zgarib, bir yil oldin “O‘zbekiston xalq yozuvchisi” unvoniga sazovor bo‘lgan Asqad Muxtor bosh muharrir etib tayinlandi. Boshqalarni bilmadim-u, lekin men juda hayajonda edim. Axir, Asqad Muxtor sevimli yozuvchilarimdan biri edi-da. Ba’zi asarlarini bir necha marta o‘qigandim. Xullas, O‘zbekistondagi birinchi haftalik adabiy gazetaga katta yozuvchi rahbar bo‘lganidan bir quvonsam, shunday odamning rahbarligida, uning fikrlari, maslahatlaridan bahramand bo‘lib ishlashimdan yana ham xursand bo‘lardim.

Bir qur tanishuvdan so‘ng qizg‘in ish boshlanib ketdi. Ochig‘ini aytaman, jamoada ishlayotganlarning hammasi ham bundan xursand emasdi. Ayniqsa, jamoa tarkibida, bo‘limlar faoliyatida, ishlar taqsimotida o‘zgarishlar boshlangach, bu holat yaqqol ko‘zga tashlandi. Chunki gazetaning nomi o‘zgaribgina qolmay, xodimlarga talablar ham kuchaya boshlagandi. Bir maromda ishlab kelayotgan jamoa oldiga katta va jiddiy talablar qo‘yila boshlagach, o‘zgarishlar ba’zilarga yoqmay qoldi. To‘g‘ri, jamoaga yangi xodimlarni qabul qilish, kimlarnidir bo‘shatish bilan bog‘liq jarayonlar hammamizni biroz shoshirib qo‘ydi. Kimdir buni to‘g‘ri qabul qildi, kimlargadir yoqmadi, ba’zilar ochiqdan ochiq e’tiroz yo‘liga o‘tdi. Hatto, janjal ko‘tarishgacha borganlar ham bo‘ldi.

Odatiy hollarda hamma ham o‘z vazminligini namoyon eta oladi. Lekin ulug‘larning darajasi aynan g‘azab kelganda o‘zini qanday tutishida zohir bo‘lar ekan. Men buni Odil Yoqubov va Asqad Muxtor misolida ko‘rganman.

Tahririyatdagi navbatdagi yig‘ilishda o‘z aybiga binoan ishdan bo‘shatilgan bir xodim og‘zi ko‘pirib baqir-chaqir qila boshladi. Hech kimning gapini quloqqa oladigan emas. Hamma toqat qilib o‘tirgandi, hatto, Asqad aka ham sukutda edi. Birdan haligi erkak jim bo‘lib qoldi-da, zahar sochishga chog‘langan ilonday bir tebranib, “Butun boshli o‘zbek adabiyoti gazetasining kuni senga qoldimi?!” deb yubordi. Bu “zahar” to‘g‘ridan to‘g‘ri bosh muharrirga qaratilgan bo‘lsa-da, hammamizning yuragimizni kuydirib o‘tgandi. Xonaga qo‘rg‘oshinday og‘ir sukut cho‘kdi. Ketarda alam safrosini sochib olgan xodim ham jimib qoldi. Bir payt Asqad aka uning ko‘ziga tik qaradi-da, “Gapingiz tugagan bo‘lsa, ketishingiz mumkin. Biz yig‘ilishni davom ettiramiz”, deb yangi sonning keyingi sahifasini ochdi…

Aynan shu holatda haqoratga sukut bilan javob qaytargan ustoz Asqad Muxtordagi yuksak madaniyatga, olijanoblikka, sabr-toqatga hayron qolgandim. U kishining yurish-turishi, madaniyati, sokin so‘zlash ohangi, og‘ir-vazminligi ko‘plarga o‘rnak bo‘larli edi.

Asqad akaning yana bir fazilati bor edi: ko‘p hollarda xodimlarning xonasiga biror savol yoki maslahat bilan o‘zi kirib borardi. Ustoz nihoyatda kamtarin inson edi.

Ustozning o‘zi azim chinor edi. Aynan Asqad Muxtor tiynatida, surati va siyratida chinorning bardoshi mujassam bo‘lgan. Va asarlari ham chinor kabi umrboqiylik kasb etib kelmoqda.

MAHZUN XAYRLASHUV

Afsuski, ustoz gazetada uzoq ishlamadi. Rahbar bo‘lganidan bir yarim yil o‘tar-o‘tmas, bo‘shash haqida ariza yozgani ma’lum bo‘ldi. Shunda yurak yutib huzuriga kirgandim. Ustozdan gazetani tashlab ketmaslik, arizani qaytarib olishni iltimos qilganimda, shunday degandi: “Rahmat. Jurnal chiqarib yurgan odam edim. Gazetachilik mening ishim emas ekan”.

Aslida, Asqad Muxtor o‘ziga topshirilgan vazifani halol, vijdonan bajarib, yangi nomdagi gazetani har tomonlama yuksak saviyada o‘quvchilarga taqdim etishga, bitta nashrni katta yo‘lga olib chiqib, to‘g‘ri yo‘naltirishga muvaffaq bo‘lgan jur’atli, qat’iyatli, mard inson edi. O‘sha davr “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining sahifalarini bir qur varaqlagan odam bunga ishonch hosil qilishi turgan gap.

Bu o‘tkinchi dunyoda hech kim va hech narsa abadiy emas. Insondan faqat uning yaxshi amallari, foydali ishlari xotira bo‘lib qoladi. Sokin daryoning tagi dolg‘ali bo‘ladi, deydilar. Bu gapning ayni haqiqat ekanini sevimli yozuvchimizning hayoti isbotlab turibdi.

Ustozni kuzatish marosimidan keyin hamkasblar mashinagacha hamroh bo‘ldik. O‘shanda barchaning ichidan nimadir uzilganday bo‘ldi. Asqad aka guldastani ushlagancha, mashina oynasidan qo‘l silkib ketganlari ko‘z oldimda muhrlanib qoldi…

* * *

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda ulug‘larimizga tosh otayotgan “mergan”larni ko‘rib, novator shoir Asqad Muxtorning ushbu she’ri yodimga tushdi:

“Pop” etib naqsh olma tushdi yo‘lakka,
Shaffof chehrasida nur taram-taram.
Lim-lim shira to‘la, chiroyli, katta,
Butun yoz quyoshi unda mujassam.
Shu payt qarg‘a qo‘ndi yoniga sekin,
Alang-jalang boqdi, shoshmadi,
Iflos tumshuq bilan
Tirsillama etin
Omonsiz cho‘qilab yulqiy boshladi.
Go‘zallikni ko‘rmas, naq ko‘r singari,
Xushbo‘y shirada ham ta’m sezmaydi u.
Faqat olma qurtin ko‘rar ko‘zlari,
Undan faqat qurt izlaydi u.

Gulchehra UMAROVA,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi

“Jadid” gazetasining 2026-yil 14-avgustdagi 33-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img599