Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 12°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


21.06.2024 | 20:54

img933

“MAGAR CHINOR BO‘LSANG, CHINORDEK YASHA…”

Ma’lumki, adabiyotimizning ildizlari eramizdan oldingi asr­larga borib taqaladi. Bu tilda yaratilgan muhtasham nafis so‘z san’ati durdonalari dunyo badiiy tafakkuri xazinasidan o‘zining muhtaram va musallam o‘rnini topgan va jahon ahlining hayrat-u havasiga manba bo‘lib kelmoqda. Bu beqiyos ganjinani tadqiq etish va o‘rganishning qonuniy yo‘sini sifatida tilshunoslik kabi ko‘hna adabiyotshunoslik de­yiladigan fan yuzaga kelgan. O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, akademik Naim Karimov o‘zbek adabiyotshunosligiga, uning taraqqiyot-u takomiliga behad salmoqli hissa qo‘shgan va bu ilmning chinakam chinoriga aylangan zahmatkash olimlarimiz­dan biridir.

Naim aka 1958-yilda O‘rta Osiyo davlat universitetida o‘zbek adabiyoti bo‘yicha aspiranturani tamomlagach, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot ins­titutida kichik ilmiy xodim sifatida ish boshlagan bo‘lsa, uzun va benihoya sermazmun umrining so‘ngigacha uning ilmiy faoliyati asosan shu institut bilan muntazam bog‘liq bo‘ldi. Naim Karimov “Shahidlar xotirasi” xayriya jamg‘armasi rayosati raisi (1999), Mustamlakachilik davri qurbonlari xotirasini abadiylashtirish komissiyasi raisi (1999), “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” davlat muzeyining direktori (2001) etib tayinlangani­dan ke­yin ham ins­titut ilmiy faoliyatidan biror soniya chetda turgani yo‘q, aksincha ilmiy izlanishlari va mashaqqatli ilmiy tadqiqotlarini muntazam va muttasil davom ettirdi. Institut ilmiy kengashining a’zo­si sifatida filologiya ilmiga daxldor muammolar muhokamalarida, ular adabiyotshunoslikka oid bo‘ladimi, tilshunoslikkami yoxud folklorshunoslikkami, albatta, o‘zining o‘rin­li va foydali taklif-tavsiyalari, ilmiy mulohazalarini bildirar, ma­sa­laning yechimi bo‘yicha mas­la­hatlari­ni darig‘ tutmas edi.

Umuman, Naim Karimov XX asr o‘zbek adabiyotining ulkan bilim­doni, zukko sinchisi sifatida bu davrdagi yuksalish-u evrilishlarni, yorug‘lig-u zulumotlarni hijjalab o‘rgangan va xolis ilmiy xulosalar bera olgan tug‘ma olim edi. U “Purviqor cho‘qqilardan biri” nomli maqolasida quyidagi fikr­larni qayd etadi: “XX asr o‘zbek adabiyoti ko‘p asrlik milliy adabiyotimiz tari­xida alohida o‘rinni egallaydi. Shu davrda shunday zabardast shoir va yozuvchilar avlodi yetishib chiqdiki, boshqa biror asrda bunday hayratlanarli hol ro‘y bergan emas”.

Zahmatkash allomaning turli arxiv va muzeylardagi materiallar­ni qidirib topib, ularni sinchiklab o‘rganib, jadidlar, millatparvar ziyolilar ijodi va faoliyati bilan bog‘­liq ko‘plab chala yoki yang­lish ma’lumotlarga to‘kislik va oydin­lik kiritganini mamnuniyat bilan ta’kid­la­moq joiz. Ana shunday mashaq­qatlar mahsuli sifatida yuza­ga kelgan qator-qator maqola va boshqa asarlarida tarixiy haqiqatni rost va raso o‘zanlarga solib qo‘ygani ham ­uning adolat yo‘lidagi bikir va butun jidd-u jahdining bir ko‘rinishidir.

Atoqli amerika adibi Irving Stoun Oksford universitetida “Biografik qissa haqida” mavzusida o‘qigan ma’ruzasida quyidagilarni ta’kidlagan: “Biografik qissa muallifi uchun tarix tog‘ emas, daryodir. Hattoki yangi faktlarni izlab topish imkoniyati qolmagan taqdirda ham, bari­bir, eski faktlarni yangicha qabul qilish, zamonaviy saviyada talqin etish imkoniyatlari bo‘ladi. Bu ­yangi talqin esa eski tarixni yangi nur bilan yoritadi va unga yangi ma’no baxsh etadi. Shuni esda saqlash lozimki, biografik qissaning muallifi arxeologga o‘xshaydigan odam, u shunchaki belkurak ko‘tarib olgan odam emas. Uning peshonasidan oqqan ter yoxud qo‘llarining qavargani – bu haqiqiy ishga endigina kirisha boshlaganining oddiy belgisi, xolos. U hali yangi ochilgan materiallarni talqin qilib bermog‘i kerak”.

Shu ma’noda “Usmon No­sir” ma’rifiy-biografik romani Naim Ka­rimovning “Usmon Nosir: hayo­tiy lavhalar, hujjatlar, rivoyatlar” (1993), “Usmon Nosirning so‘nggi kunlari” (1994) nomli kitoblari asosida qayta yozilgan, juda ko‘p yangi ma’lumotlar bilan to‘ldirilgan. Demakki, 2022-yilda “Fan” nashriyotida chop etilgan bu ma’rifiy-biografik roman olimning qariyb o‘ttiz yillik ilmiy izlanishlarining, fidokorona, mashaqqatli mehnatlarining samarasidir. Fidoyi va sarhadsiz bilim sohibi boshqa ma’rifiy-biografik romanlaridagi singari bu romanni yaratishda ham tarix qa’rini, unda yashiringan sir-u sinoatlarni oshkor qilmoqqa, chin haqiqatni tiklamoqqa bel bog‘lagan, butun umrini shu ezgu maqsad ro‘yobiga baxshida qilgan, Irving Stoun ta’biri bilan aytganda, arxeologdir.

Romanning muqaddimasida Naim Karimov hech bir iddaosiz quyi­dagi gaplarni aytib o‘tishni joiz bilgan: “Kamina Usmon Nosir to‘g‘risida ilmiy-ommabop asar yozish uchun shoirning juda ko‘p barhayot za­mon­doshlari bilan uchrashganman, uning Qo‘qon, Samarqand va Kemero­vodagi izlari­dan yurganman, ­uning qatag‘on qilinish tarixi va jarayonini Toshkent, Kemerovo va Moskvadagi arxivlarga borib o‘rganganman”. Romanning birin­chi bo‘limidagi olimning quyidagi gaplarida har qanday o‘quvchi qalbi­ni larzaga soluvchi o‘tkir va o‘rinli istehzo va kinoya­ning kes­kir kuchini, yondiruv­chi olovini sezmaslik, ko‘rmaslik va ichdan his qilmaslik­ning imkoni yo‘q. Lisoniy-badiiy ifodaning bu qadar tugalligidan hayratlanmaslik mumkin emas: “Usmonnosirshunos­lar” shunday rivoyatnamo gaplari bi­lan shoir haqidagi haqiqat ustiga yolg‘on ko‘ylag-u yolg‘on to‘nlarni, boshiga esa yolg‘on do‘p­pi­larni kiy­dirib tashlaganlarki, natijada Haqiqat janobi oliylarining hat­to porloq ko‘zlari ham ko‘rinmay qolgan”. Ko‘rinib turibdiki, zakiy olim va adibning asl va oliy muddaosi “Haqiqat janobi oliylari­ning porloq ko‘zlarini” adl va raso ko‘rsatishdan iborat.

Olimning bir o‘zi tomonidan (odatda bunday salmoqli asarlar yirik jamoalar tomonidan tayyorlanadi) yaratilgan “Abdulla Qodiriy zamondoshlari” ensiklopediyasi ada­biyotshunosli­gimizni, birinchi nav­batda, qodiriyshunosligimizni boyitgan ulkan va muhtasham ishlardandir. Unda Abdulla Qodiriy hayoti va ijodi bilan u yoki bu darajada bog‘liq bo‘lgan 254 nafar kishining muxtasar tarjimayi holi jamlangan. Bu moʻtabar va muazzam kitobni Naim Karimovning o‘zbek jadidshunosligi tadqiqi va targ‘ibi yo‘lidagi iddaosiz jasorati deyish mumkin. Ushbu asar adabiyot sohasida Davlat mukofoti bilan taqdirlangani ham bejiz emas.

Dangal aytish zarurki, akademik Naim Karimov qalamiga mansub 2000 dan ortiq katta-kichik asarlar uning adabiyot, fan, madaniyat, Vatan va millat taraqqiyoti yo‘lidagi betakror fidoyiligi­ning yorqin shahodatidir. Ana shu shahodat uni, hech bir ikkilanmay, adabiyotshunosligimizning chinakam chinori deyishga imkon beradi.

Nizomiddin MAHMUDOV,

O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori,

filologiya fanlari doktori, professor

“Jadid” gazetasi | 2024-yil 21-iyun | 26-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img79

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img595

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img593