Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


16.09.2026 | 17:24

img1585

CHO‘LPON HIMOYAGA MUHTOJMI?

Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lponning “Kecha va kunduz” romani nafaqat o‘zbek romanchiligi cho‘qqilaridan biri, balki millat ruhiyati, tarixiy fojiasi va tilining betakror nafosati mujassam bo‘lgan muqaddas merosdir. Cho‘lpon nasri oddiy bayon emas; unda har bir so‘z, har bir tashbeh shoirona jilolanadi, o‘zbekning milliy turmushi, etnografiyasi va nafasi ufurib turadi. Shu bois, uni boshqa tilga o‘girish tarjimondan faqat til bilishni emas, balki ulkan iste’dod, chuqur tarixiy-etnografik bilim va, eng asosiysi, yuksak mas’uliyatni talab qiladi.

Yaqinda “Kitob sayyorasi” nashriyotida Rizo Ahmad tarjimasida “Kecha va kunduz” romanining rus tilidagi nashri chop etilganini ko‘rib, dastlab chin dildan quvondik: nihoyat, buyuk adibimizning o‘lmas asari keng rusiyzabon o‘quvchi ommaga taqdim etilibdi! Ammo kitobni varaqlab, tarjima bilan tanishgach, quvonch izsiz ketib, o‘rnini buyuk asar boshiga tushgan sho‘rishdan iztirob va alam, ulug‘ adib ruhi oldida xijolat hissi egalladi. Chunki qo‘limizda romanning tarjimasi emas… balki Cho‘lpon matni ustidagi “oshkora qotillik”dan so‘zlovchi ashyoviy dalil turardi.

Kitobni o‘qib, tabiiy va haqli bir savol tug‘iladi: muhtaram tarjimon o‘zbek milliy turmushidan, islomiy tushunchalardan va hatto o‘zi tarjima qilayotgan rus tilining qoidalaridan shu qadar bexabar ekan, buyuk Cho‘lpon asari tarjimasiga qo‘l urishga qanday jur’at qildi, qanday haddi sig‘di?

Quruq gap bo‘lmasligi uchun kitobning ilk sahifalaridanoq ko‘zga tashlanadigan, o‘quvchini dahshatga soluvchi bir nechta “shohona” misollarga nazar tashlaylik.

Hammaga ma’lum, roman muqaddimasida Cho‘lpon tabiatdagi uyg‘onishni, bahor kelishini shunday tasvirlaydi: “Bultur ekilib, ko‘p qoshlarni qoraytirgan o‘sma ildizidan yana bosh ko‘tarib chiqdi… Muloyim qo‘llarda ivib, suvga aylangandan keyin go‘zal ko‘zlarning supasida yonboshlashni muncha yaxshi ko‘rar ekan bu ko‘kat!” Bu parcha – o‘zbek nasridagi eng nafis va betakror metaforalardan biri. Cho‘lpon qizlarning qoshlarini “ko‘zlarning supasi”ga, o‘sma suvini esa o‘sha supada erkalanib yotgan go‘zallikka mengzaydi. Xo‘sh, tarjimon buni rus tiliga qanday o‘girgan? Marhamat, 4-sahifani o‘qing: “Посаженный в прошлом году росток, снова вознесся к небу… Как же приятно этому ростку, умываяс каплями влаги под мягкими руками водных струй, прислонится к зеркалной глади!” O‘sma qani? “Ko‘zlarning supasi” qani? Ming yillardan beri boy-u yo‘qsul o‘zbek hovlisida jillaqursa barkashdek joyda ko‘karib turadigan “bu ko‘kat”ni, nahotki, shunchaki “росток” deb o‘girib bo‘lsa?! Nega bunday bo‘ldi? Nahotki, tarjimon “o‘sma”ning nima ekanini bilmasa?! Necha zamonlardan beri o‘zbek qizlari – onalarimiz, momolarimiz, undan naridagilar qoshlariga qo‘yib kelgan o‘smani shunchaki suv bo‘yida o‘sgan qandaydir “росток” (nihol)ga alishtirib bo‘larkanmi?! O‘sma yo‘q bo‘lgach, “ko‘zlarning supasi” o‘rnida qayoqdandir “ko‘lning suvi” (зеркалная глад) paydo bo‘lgan. Xullas, oqibatda Cho‘lponning tashbehi yo‘q qilingan, qosh ham, ko‘z ham, o‘sma ham butunlay g‘oyib bo‘lib, o‘rniga tamom boshqa obraz yaratilgan.

Darvoqe, bundan ham oldin, shu sahifadagi mashhur “Hamal keldi – amal keldi” maqoli “Весна пришла, удача пришла” deb o‘girilgan. Axir, Cho‘lpon  “весна” demoqchi bo‘lganida, “bahor” yo “ko‘klam” deb qo‘ya qolmasmidi?! Badiiy tarjimada “realiya” deb ataluvchi aslan beriluvchi so‘zlar ham bor-ku, “hamal” ham shunday so‘z, axir. Xo‘p, unisi ham mayli, rusiyzabon o‘quvchi romanning ilk jumlasini “bahor keldi – omad keldi” deb o‘qisa, hayron bo‘lib qolmaydimi? Tagiga “xalq maqoli” deb yozilganini ko‘rib, mag‘zini chaqishga behuda kirishib ketsa ham, mumkin. Holbuki, asliyatda gap “amal” haqida – tabiatda jonlanish, harakat boshlangani haqida. Buni “удача”ga almashtirish uchun kishi milliylikdan qanchalik bexabar bo‘lishi kerak!

Romandagi markaziy personajlardan biri – mutaassib Razzoq so‘fi. Cho‘lpon uning xarakterini ochish uchun o‘rni bilan diniy istilohlardan ham, tabiiyki, foydalanadi. Umuman ham, islomiy e’tiqod kishilari bo‘lmish personajlar tilida bunday so‘zlar bo‘lishi tabiiy. Afsus, tarjimada ular aksar kulgili bir tarzda o‘girilganki, ayrimlarini keltirib o‘tamiz:

Akasi so‘fini qishloqqa ketishga da’vat qilib: “O‘lim – haq! O‘lar vaqtda bir-birimizdan yiroq tushib… o‘lmaylik” deydi. Buni tarjimon: “Толко смерт права! Когда она придет, не будем в отдалении…” (19-bet) deb o‘giradi. “O‘lim – haq”, ya’ni, o‘lim muqarrar degan ilohiy qonuniyatni ifodalovchi e’tiqodiy jumla rus tilida “Faqat o‘lim to‘g‘ri/haqli!” deb o‘qiladi. “Haq” so‘zining ma’nosini bilmaslik oqibatimi bu? “Haq” so‘zini-ya!

Xolmat oshiq O‘lmasjonga dalda berib: “Xudodan tilab turing, “noumid shayton” degan gap bor…” deydi. Ya’ni, umidingni uzma, faqat shaytongina noumid bo‘ladi, demoqchi. Tarjimada bu gap: “…говорят: “не имеющий мечту ест шайтан”…” (43-bet) ko‘rinishiga kelgan. Ya’ni, “noumid” so‘zi “orzusi yo‘q” (не имеющий мечту) deb tarjima qilingan va jumla mantig‘i mutlaqo o‘zgarib ketgan. Islomiy e’tiqod umidsizlikni qoralaydi, buni shaytondan deb biladi. Tarjimada esa mazkur qonuniyat maqomidagi e’tiqodiy tushuncha “orzusi yo‘q – shayton” shaklini olib, mantig‘i va maqomidan ayriladi, uydirmaga aylanadi. Bunaqa kulgili va mantiqsiz uydirmani qanday qilib kitobga kiritish mumkin?

Cho‘lpon ta’rifida: “O‘z uyining qabristonlar qadar jimjit, xonaqohlar qadar unsiz… bo‘lishini istagan Razzoq so‘fi…” haqida so‘z boradi. Tarjimada esa so‘fi o‘quvchiga: “…мечтавший, чтобы его дом был таким же тихим, как кладбище, молчаливым, как монастыр…” deb taqdim etiladi. Qarang, butun umri masjid-u xonaqohda o‘tib kelayotgan so‘fi o‘z uyi “monastir”dek bo‘lishini orzu qilarmish! Axir, realiya o‘laroq tarjimasiz “ханака” deb berish ham mumkin yoki, juda bo‘lmasa, “обител” so‘zi turganda, Cho‘lponning qahramonini xristian mohiyatiga ko‘chirish qaysi mantiqqa sig‘adi?

Tarjimonning milliy muloqot odobi va til me’yorlarini his qilmasligi ham qator jiddiy qusurlarga olib kelgan. Jumladan:

Xolmat bilan O‘lmasjon suhbatida Zebi haqida gap ketar ekan, “Xaridori ham ko‘pdir?” (ya’ni, sovchilari, so‘rab keluvchilari ko‘pdir) degan savol beriladi. Tarjimon buni ruschaga shunday ag‘dargan: “У неё небос много покупателей?” O‘zbek qizini – endigina balog‘at davriga qadam qo‘ygan Zebini bozorda pullanadigan buyumdek “покупатели” (sotib oluvchilari) bor deb tasvirlash sho‘ro davrida singdirilgan bizdagi ayollarga munosabat haqidagi gaplar ta’sirimikan, bilmadim?! Nima bo‘lganda ham, hozirda buni o‘tmishdagi milliy turmushimiz, qadriyatlarimiz ustidan kulish, deb bilaman.

Qizlar hovlida o‘ynab quvlashayotganlari ustiga kirib kelgan so‘fi jahl ustida ularni “Qanjiqlar!” deb haqorat qiladi. Albatta, bu og‘ir so‘z, zero, Razzoq so‘fi qizlarni “urg‘ochi itlar” deb atadi. Lekin tarjimada so‘fi “Potaskuxi!” deya hayqiradi. “Потаскуха” – rus tilida fohisha, buzuq ayol deganidir! Har qancha mutaassib bo‘lsa-da, o‘zbek xonadonida otaning qizi va uning dugonasiga qarata “fohishalar” deb hayqirishi – qahramonga nisbatan tuhmatdan boshqa narsa emas. Ayniqsa, so‘fining bunday deyishi mutlaqo mumkin emas, zero, bu o‘zini fahshga botgan deb tan olish bo‘ladi. Qiziga “Ovozini nomahramga eshittirsa rozi emasman!” deya shart qo‘ygan so‘fi o‘la qolsa bunday demas?!

Tarjimaning tili shu qadar g‘aliz, qovushmagan va sayozki, bu rus mumtoz tarjima maktabi tugul, oddiy maktab inshosi darajasidan ham past. Kitob sahifalarida imlo va punktuatsion xatolar, uslubiy g‘alizliklar qalashib yotibdiki, ulardan ayrimlarini sanab (avval kitobdagi shakli, tiredan so‘ng esa to‘g‘ri yozilishini ko‘rsatib) o‘tamiz: своей остроумием – своим остроумием” (11-bet); не дал ему слова – не дал ему сказат/договорит (18-bet); эти тревога и волнение – эта тревога и волнение/эти тревоги и волнения (20-bet) знает толко что трудится – знает толко одно: трудится и трудится (35-bet). Shuningdek, tinish belgilariga ham yetarli e’tibor qilinmagan: Не останавливаяс пошел – Не останавливаяс, пошёл (18-bet); Затем повернувшис назад – Затем, повернувшис назад (18-bet); Говорит об этом сыну, они вместе решают – Говорит об этом сыну, и они вместе решают (36-bet). Tarjimada не довлеет к дехканскому труду  (16-bet) jumlasidagi kabi mantiqan noo‘rin yoki доспочтенная жена эшона (20-bet) birikmasidagi kabi xato yozib ishlatish tufayli mazmuniy g‘alizliklar yuzaga kelgan o‘rinlar ham talaygina. Matnda “лисо же улыбалос”, “рот был открыт с любовю к собеседнику”, “затрудняюс без людей, без трудовых рук”, “мне чалму и халат толко надет”, “солидный орошаемый кусок”, “Найдем еще землисы отсюда-оттуда” singari rus tili uslubiyatida hatto personaj nutqida ham g‘oyat g‘aliz sanaluvchi sintaktik qurilmalar ham anchagina. Oxirgi misollar kitobning bittagina sahifasidan (18-bet) olingani aytilsa, da’vomiz quruq emasligi anglashiladi. Afsuski, tarjima tilidagi kamchiliklarga doir bu kabi misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin, bular, hech shubhasiz, rusiyzabon o‘quvchining tishiga toshdek tegadi. Qiziq, rusiyzabon o‘quvchi shunda Cho‘lpondan gina qilarmikin yo Rizo Ahmaddan?!

Hozirda o‘zbek adabiyotini jahon sahnasiga olib chiqish, Qodiriy, Fitrat, Cho‘lponlarni dunyoga tanitish haqida minbarlardan turib ko‘p bong uramiz. Bu juda zarur. Faqat, agar dunyoga Cho‘lponni mana shu tarzda tanitsak, bu faxr emas, ulkan isnod keltiradi. Cho‘lponni bunday “tarjima”lar orqali o‘qigan rusiyzabon kitobxon uni nari borsa, o‘rtachadan pastroq iqtidorli, tili qashshoq, uslubi ham pala-partish – jadidlar qatorida bo‘lgani-yu qatag‘on qilingani uchungina ko‘tar-ko‘tar qilinayotgan bir yozuvchi, deb o‘ylashi tayin.

Aytish kerakki, bu o‘rinda birgina tarjimonni ayblash adolatdan emas, sirasi, eng katta iddaolar kitobni chop etgan “Kitob sayyorasi” nashriyotiga. Bu kitobning muharriri haqiqatan ham bormi yo shunchaki xo‘jako‘rsinga ismi-sharifi tirkab qo‘yilganmi? Musahhihlar-chi? Bormi yo tejamkorlik sabab tarjimon matniga ishonilgan, uni “begona ko‘z” bilan ko‘rib chiqishga qunt qilinmaganmi? Romanning tarjimasi nashr oldidan birorta mutaxassis, tarjimashunos yoki cho‘lponshunos ko‘rigidan o‘tganmi? Yoki hozirda pulini to‘lasa yoki sotib pulini tiklash mumkin bo‘lsayoq, milliy adabiyotning muqaddas asarlarini ham xohlagan ko‘yga solib bosib chiqaraverish mumkinmi?!

Har qancha og‘ir bo‘lsa ham aytaman: bu nashr – adabiy, madaniy va ma’naviy xatolik, Cho‘lpon nomiga, uning ruhiga nisbatan behurmatlikdir. Bunga jim qarab turib bo‘lmaydi. Zero, bugunda hayot bo‘lgan biron yozuvchining asari shu ahvolda chop etilsa, mualliflik huquqi masalasi o‘rtaga tushadi: ijodkorlik sha’ni himoyasi, ma’naviy zarar haqida gapiriladi. Cho‘lponning ijodkorlik sha’ni, mualliflik huquqi, manfaatlari-chi? Ularni kim himoya qiladi? Cho‘lponni ko‘p yillardan beri o‘rganib kelayotgan odam sifatida ishonchim komilki, u mutasaddi tashkilotlardan ushbu nashrni zudlik bilan nazoratga olish, uning tarqatilishini to‘xtatishni so‘ragan, talab qilgan bo‘lur edi. Va u har jihatdan haq bo‘lardi, chunki bundayin tahqir va mazaxga hech kim munosib emas.

Dilmurod QURONOV,
filologiya fanlari doktori

“Jadid” gazetasining 2026-yil 11-sentyabrdagi 37-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img599