20.02.2025 | 17:37
1205
CHO‘LPON QACHON TUG‘ILGAN?
Andijon – Farg‘ona vodiysining Hizr qadami teggan maskanlaridan biri. Bu yerda ko‘plab ajoyib qismat va iste’dod sohiblari yashab o‘tganlar. Boburshoh, Shoh Mashrab, Nodirabegim singari mashhur siymolar shu zaminda ulg‘ayib, yetti iqlimga dong taratganlar.

Shaharlar faqat ulkan arboblarning beshiklarigina emas. Odamzodni lol qodiradigan qanday voqea ro‘y bersa, shu voqea shaharlar tarixidan ham joy oladi. Va shu voqea, bepoyon dasht ichida o‘sgan yolg‘iz chinordek, qandaydir belgi yo marra vazifasini ham o‘taydi. Shu ma’noda 1902-yil Andijon zilzilasi o‘sha yilning 3-dekabrida sodir bo‘lgan falokatnigina emas, balki, kimlarningdir tug‘ilgan, uylangan, farzand ko‘rgan yo vafot etgan sanasini ham anglatadi.
O‘sha qish kuni, ertalab soat 10 da ellik ming aholisi bo‘lgan shahar bir necha daqiqa ichida vayronaga aylandi-qoldi. Aholi yashaydigan uy-joylar hukumat idoralari va chor qo‘shini o‘rnashgan binolar hamda temir yo‘l inshootlariga zilzila keltirgan zararlar, o‘sha davr cho‘tiga solganda, salkam 12 million so‘mni tashkil etdi. 4 ming 652 kishi vayronalar tagida qoldi. Bunday dahshatli kuchga ega bo‘lgan zilzila bundan 280 yil muqaddam yuz bergan ekan.
Farg‘ona vodiysida 280 yil avval ro‘y bergan zilzila haqida tarixiy manbalarda bunday ma’lumot uchraydi:
“Namangandan 15 chaqirim quyiroqda, Sirdaryoning baland bir qirg‘og‘ida joylashgan hozirgi Ahsi qishlogining yonida bir paytlar keng-mo‘l, gullab yashnagan Ahsi yoxud Ahsikent degan shahar bor edi. U Farg‘ona vodiysining eng qadimiy va ayni paytda eng nufuzli shahri edi.
…Ulkan daraxtlar ildiz-pildizlari bilan yerga ag‘darilib tushdi. Kuchli va tez-tez bo‘lib turgan zilziladan binolar qulab, ko‘plab aholi vayronalar tagida qolib ketdi va halok bo‘ldi; qanchadan-qancha kishilarning qo‘l-oyoqlari sindi. Mollarning yuragi yorilib, qirga qochib ketdi. Avom bu hodisani ko‘rib, qiyomat soati keldi, deb o‘ylab, qilgan gunohlaridan pushaymon bo‘lib, Olloh taolodan afv etishni so‘rab yolbordi.
Olti oy davomida zilzila shu taxlitda takrorlanib turdi…”
3-dekabr kuni ro‘y bergan va Andijonni teptekis qilib tashlagan zilzila esa bor-yo‘g‘i bir necha daqiqa davom etdi, xolos.
“Kuchli tebranishlar, keyin esa tinimsiz silkinishlardan, deb yozdi “Turkestanskiye vedomosti” gazetasi, oyoqda tik turishning iloji bo‘lmadi; shipdan to‘kilib tushayotgan ganch parchalarining shovshuvi, singan toqilarning shovqini, qulayotgan devorlarning vahimasi xuddi yer tagida otilgan to‘p na’ralaridek dahshatli tovush aholiga shunday ta’sir etdiki, uning xayoliga kelgan birdan bir xohish qochish edi. Barcha shaharliklar vokzal sari yugurdilar…
…Eski shahardagi vayronagarchilik yanada vahimali edi. Ramazon oyi bo‘lganligi uchun aksar mahalliy aholi tungi bedorlikdan keyin dong qotib uxlab yotgan edi. Ular g‘aflatda qolib, vayronalar tagida tiriklayin ko‘mildilar…”
Ana shu dahshatli tabiiy falokat yuz bergan vaqtda ushbu kitobimiz qahramoni, zamondoshlarning so‘zlariga qaraganda, to‘rt yoshda edi. Agar ana shu og‘zaki ma’lumotga suyansak, Cho‘lpon 1898-yilda tug‘ilgan bo‘lib chiqadi. Shoirning yaqin-yaqinda ham hayot bo‘lgan singlisi Foiqa ayaning aytishiga ko‘ra, to‘rt yoshli bola o‘sha vaqtda podsholar ham piyoda boradidan joyda bo‘lgan. Shu payt shipdan nogoh otilib tushgan shox uning boshini g‘urra qilgan. 1902-yil Andijon zilzilasi Cho‘lponning boshida shu tarzda bir umrlik muhr qoldirgan. Yana Foiqa ayaning aytishiga ko‘ra, Cho‘lponning muchali sak bo‘lgan, ya’ni u bu muchalga ko‘ra ham 1898-yilda tug‘ilgan bo‘lib chiqadi. Ushbu ma’lumotni shoirning muchaldosh hamshahari Ulfat (Imodiddin Qosimov) ham hayot paytida tasdiqlagan. Lekin bu ma’lumotlarning hammasi og‘zaki maqomga ega. Hujjatlar esa boshqa sanani bizga tavsiya qiladi. Bu sana – 1897-yil hozir ilm tomonidan qabul qilingan. Cho‘lpon haqidagi barcha yozma manbalar qomusiy adabiyot va 1937-1938-yillardagi tergov materiallarida uning tavallud sanasi 1897-yil, deb qayd etilgan va shoir shu faktning to‘g‘riligini o‘z imzosi bilan tasdiqlagan.
Lekin keksa avlod vakillari yaxshi bilishadiki, pasport olish rasm bo‘lgan 20-yillar oxiri – 30-yillarning boshlarida kishilarning nafaqat tug‘ilgan sanasi, hatto ism-sharifini yozishda ham qo‘pol xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan. Shuning uchun ham keksalar, pasportdagi ma’lumotdan ko‘ra, muchalga ko‘proq ishonch bildirishgan. Darvoqe, Cho‘lpon bilan “Sadoyi Turkiston” gazetasi o‘rtasida aloqa o‘rnatilganda, chamasi, tahririyatning iltimosi bilan yosh shoir o‘z yoshini ma’lum qilgan. Tahririyat gazetaning 1914-yil 18-aprel sonida uning “Turkistonli qardoshlarimizga” she’rini e’lon qilar ekan, bunday so‘zlarni mushtariylar e’tiboriga havola qilgan:
“Dunyoning qaysi bir chetiga ko‘z solsak va qaysi millatning saodati, rivoji va taraqqiysi uchun boshlab shu millatning yoshlari va yosh fikrli qahramonlari sabab bo‘lmakdadirlar. Olarning yosh ko‘ngillari har bir narsadan g‘olib bo‘lub, g‘aflat, jaholat qal’alarini zo‘r ila urib yo‘q qilmak orzusida bo‘lur… Bunday yoshlar har bir mamlakatda, ozmi-ko‘p, o‘ziga yarasha bordir. Alhamdulilloh, bizni Turkiston turklari orasida ham shunday yosh fikrli bolalarimiz ko‘rinmakka boshladi. Dalil uchun o‘shli 12 yashar M. Sanjarbek afandi ila andijonli 15 yashar Abdulhamid afandini ko‘rsatuv yetsa kerak…”
Bu so‘zlardan ayon bo‘lishicha, Abdulhamid ilk she’rlari bilanoq Ubaydulla Xo‘jayev va Munavvar qori Abdurashidov singari mashhur ma’rifatparvar allomalar e’tiboriga tushib, ularda o‘z kelajagiga nisbatan katta umid uyg‘otgan. Ana shu umid tufayli ular Abdulhamidning yoshi bilan qiziqishgan.
Agar 1914-yili Abdulhamid 15 yoshda bo‘lgan bo‘lsa, uning tug‘ilgan sanasi yo 1899-yil, yoxud 1898-yilning 21-martiga qadar bo‘lib chiqadi. Oradan bir necha oy o‘tgach, o‘sha gazetaning o‘sha yilgi 24-sentyabr sonida andijonlik “16 yoshlik talaba”ning Ismoil Gasprinskiy vafoti munosabati bilan yozgan she’ri bosilgan. So‘nggi baytdagi “Hamidiy” taxallusi she’rning Abdulhamid Cho‘lponga mansub ekanligidan dalolat beradi. Va bu fakt uning 1898-yilda tug‘ilganligini ko‘rsatadi.
Kezi kelganda, yana bir xotiradan iqtibos keltiraylik.
Cho‘lponni yaxshi bilgan zamondoshlaridan biri Mo‘minjon Muhammadjonov “Turmush urinishlari” nomli xotira-romanida shoir bilan 1916-yilning kuzida bo‘lib o‘tgan ilk uchrashuvini tasvirlab, “U o‘n yetti-o‘n sakkiz yoshlar chamasidagi… yigitcha ekan”, deb yozgan. Bu ma’lumot ham “Cho‘lpon 1898-yili tavallud topgan”, degan fikrni anglatadi.
Agar ota-bobolardan qolgan muchal hisobi bilan bu faktlarni bir qatorga qo‘ysak, Cho‘lponning shu vaqtga qadar aytganimiz 1897-yili emas, balki 1898-yilning 21-martiga qadar bo‘lgan vaqtda dunyoga kelgani ma’lum bo‘ladi.
Shunday qilib, Cho‘lpon 1898-yili Andijon shahrining Qatorterak mahallasida, hozirgi Navoiy ko‘chasi kesib o‘tgan joyda tug‘ilgan va Andijon zilzilasi ro‘y bergan vaqtda to‘rt yoshda bo‘lgan. Agar bundan 280 yil muqaddam Farg‘ona vodiysini larzaga keltirgan zilzila boshqa bir buyuk andijonlik shoir Mashrab nomi bilan uyqash bo‘lsa, 1902-yilgi Andijon zilzilasi baxti qaro shoir Cho‘lponning tug‘ilgani haqida, kechikib bo‘lsa-da, darak bergandek tuyuladi.
Naim Karimovning “Cho‘lpon” romanidan
Oqil Abdubarnoyev tayyorladi.
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
104
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
139
KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT
O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]
13.11.2026 | 14:43
331



