Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


05.12.2025 | 13:41

img1014

CHO‘LPON VA “GULISTON”

O‘zbek matbuoti tarixida muazzam o‘rin tutadigan jurnallardan biri – “Guliston” bu yil 100 yoshga to‘ldi. Jurnal dastlab “Yer yuzi” nomi bilan o‘zbek mumtoz yozuvi – arabiy imloda nashr bo‘lgan. “Qizil O‘zbekiston” gazetasi negizida yuzaga kelib, bir oyda ikki daf’a bosilishi yo‘lga qo‘yilgan bu jurnal o‘z davrida juda mashhur edi.

Ziyo Said “O‘zbek vaqtli matbuoti tarixiga materiallar” asarida “Yer yuzi”ning ruslarda nashr bo‘layotgan “Огонёк” jurnaliga o‘xshashi va “juda tez fursatda o‘z o‘quvchilarini” topganiga urg‘u beradi. Ikki yil chiqib, iqtisodiy tanglikka uchraganini ham yozadi.

“Yer yuzi” mamlakat ichkarisidagi tuzumga, Sharq va G‘arbdagi ijtimoiy-siyosiy hodisalar, madaniy-ma’rifiy, adabiy-ilmiy yangiliklar, tarix va san’atning barcha turlariga e’tibor bergan.

Deylik, 1916-yilgi voqealar haqida 20-yillar o‘rtalarida “Ravot qashqirlari” bilan bir pallada Kazimir Gertel rejissyorligida “Masjid gumbazlari ostidan” nomli kinofilm ishlanadi. Bu haqda jurnalda bosilgan maqolada: “O‘n oltinchi yil – chor hukumatining istibdodiga mahalliy xalqning chiday olmay, unga qarshi qo‘zg‘alg‘on yili. Jizzaxning to‘pg‘a tutilishi, xalqining tog‘-toshlarg‘a haydalishi, yuzlarcha  kambag‘al oilalarning uysiz-joysiz muntazir qolishi, xotin-qizlar, yigit-yalanglar, bola-chaqalarni unutilmas qayg‘ular bosishi va Toshkant kabi bir ko‘b shaharlarda qonli urinishlar­ning yuz ko‘rsatishi – hammasi o‘n oltinchi yil alamli esdaliklaridandir”, deb yoziladi.

Bu “alamli esdaliklar” xususi­da: “Voqeani bo‘lg‘onicha kartinaga olish bilan qolmasdan, uning sabab­larini ochish yo‘lida ham harakat qilindi: istibdod hukumatining dav­lat tashkilotiga ishong‘on fabrika egalarining faoliyatlari, Ovro‘po muho­rabasining kelib chiqishi natijasida chor hukumatining mustamlaka­lar ustida o‘ynog‘on o‘yinlari, zulmlari, vahshatlari va boshqa shunga o‘xshag‘on kayfiyatlar asosiy voqeaga aralashtirilib yuborilg‘on” tarzidagi achchiq haqiqat bayon qilinadi.

“Yer yuzi” jurnali so‘z san’ati – badiiy ijod uchun maxsus sahifalar ajratib, unda o‘zbek adiblarining she’r va hikoyalari, chet el adabiyotidan tarjimalar bosiladi. Shu bois, “Yer yuzi”da o‘z davrining faol ziyolisi Abdulhamid Cho‘lpon paydo bo‘ladi. Shoir jurnalning dunyoga kelganidan quvonib, “Bu nima narsa?” nomli she’r yozadi:

“Bu nima narsa?” –
Deb har kim so‘rsa,
Deyman: “Yer yuzi”.
Har yerda yurar,
Har shayni ko‘rar:
Dunyoning ko‘zi!
Dunyoni ovlar,
Har kimni tovlar:
“Fotoxon” qizi!
Kitobga qo‘ldosh,
Gazetga yo‘ldosh:
Ommaning so‘zi!
Tili o‘qimli,
Elga yoqimli:
– O‘zbekning o‘zi!
(“Yer yuzi” jurnali, 1925-yil, 1-son).

She’rdagi “shay” – “narsa” ma’no­sini anglatadi. “Fotoxon” – jurnal­ning suvrat­lariga ishora. Zero, “Yer yuzi”da turli oq-qora va ba’zan rangli rasmlar ham berilar edi. Cho‘lpon yangi maydonga kelgan nashr uchun shunday she’riy bag‘ishlov yozdi va jurnal bilan yaqindan hamkorlik qildi.

Cho‘lpon yangi nashrdan umid­lanadi. Bu davrda shoir yana avvalgi shiddatini sog‘inadi, qalamini erkin qo‘yib, ko‘nglini tugal to‘kishni istaydi. Erksizlik bilan she’rsizlikka nisbatan: “Sensiz kunlarda yana Bo‘shliq to‘ldi ko‘nglimga”, deb yozadi. Shoir o‘zining asl she’riy dardini sog‘inadi:

Yana hamdamsiz qoldim,
Ko‘nglimga alam oldim,
Qo‘limga qalam oldim,
Yana jinlanmakchiman!

“Yer yuzi”dagi adabiy muhit shoirga shunday umid va ilhom beradi. Cho‘lponning qalandarona, daliyona she’rlari ko‘p. 1927-yilga kelib, o‘sha pafosdagi she’r istagani uchun: “Yana jinlanmakchiman!” deydi baralla. Shu birgina misra vositasida Cho‘l­pon she’riyatining umummohiyatiga tashxis qo‘ysa bo‘ladi. Afsuski, shoirning ayni niyatiga yetishi qiyin kechdi. O‘zi avvalroq sezib aytadiki:

Muhit girdobida
bir somon parcha,
Bir poxol cho‘pidek
oqib boramen.
Har amal, har ishni
“haq” deb boramen,
Vazminim qolmadi
bir uzuk qilcha…

Muhit kuchlilik qiladi, shoir qanchalik “jinlan”ishlarini sog‘inmasin, baribir o‘zini “muhit erkiga” topshi­rishga majbur bo‘ladi. Shu bois, Cho‘lponning “Yer yuzi” nomi o‘zgarib, “Guliston” bo‘lgan kezlarda yozgan  va ayni jurnalda bosilgan “Shahrimiz qucho­g‘ida” (1935-yil 11-12-son), “Bu o‘lka­ning ko‘klami” (1936-yil 5-son) kabi she’rlarida davr adabiy siyosati bilan murosaga kelish kayfiyatlari seziladi:

Bu o‘lkaning ko‘klami
juda ham namgarchilik,
Quyosh bulutlar bilan
o‘ynashadi, shekillik…
U sening olovingdan
mo‘l-ko‘l hosil olajak,
Seni ham bora-bora
o‘z yo‘liga solajak!..

“Bu o‘lkaning ko‘klami” nomli ayni she’rda jinlanish ko‘chasiga kirolmay ilojsiz galdirab yurgan shoir holi ko‘rinadi. Tabiiyki, bu she’rlar uning avvalgi “Uyg‘onish”, “Buloqlar”, “Tong sirlari” nomli uch to‘plamidagi pafosdan farqli o‘laroq, “Soz” majumasida berilgan she’rlarga hamohang edi. Baharhol, XX asrning 20–30-yillarida davriy matbuot­da bosilgan she’rlari xronologiyasi Cho‘l­pon adabiy-ijodiy biografiyasini namoyon qiladi. Jumladan, “Yer yuzi” bilan “Guliston”dagi she’rlari Cho‘lpon ijodining muhim bir jihatini tasavvur qilishga yordam beradi.

Cho‘lpon shoirlik bilan bir qatorda, badiiy adabiyot, san’at, sahna, qardosh xalqlar adabiyoti kabi masalalar yuzasidan qarashlarini ham matbuotda o‘z vaqtida bayon qilib borar edi. O‘zbek davriy matbuoti sahifalarida uning o‘tkir qalamidan chiqqan poetik so‘zi, e’tiborli fikr-mulohazalari juda ko‘p.

Hali o‘spirin pallasida “Adabiyot nadur?” maqolasida aytilgan “Ada­biyot yashasa – millat yashar!” degan gapi aforizm bo‘lib tarqaldi. “Adabiyoti o‘lmag‘on va adabiyotining taraqqiysiga chalishmag‘on va adiblar yetishdirmag‘on millat oxiri bir kun hissiyotdan, o‘ydan, fikrdan mahrum qolib, sekin-sekin inqiroz bo‘lur, – deydi Cho‘lpon. – Adabiyot chin ma’nosi ila o‘lg‘on, so‘ng‘on, o‘chg‘on, majruh, yarador ko‘ngilga ruh bermak uchun faqat vujudimizg‘a emas, qonlarimizga qadar singish­g‘on qora balchiqlarni tozalay­dir­g‘on, o‘tkur yurak kirlarini yuvadurg‘on toza ma’rifat  suvi, xiralashg‘on oyna­larimizni yorug‘ va ravshan qiladirg‘on, chang va tuprog‘lar to‘lg‘on ko‘zlarimizni artub tozalaydirg‘on buloq suvi bo‘lg‘onlikdan bizg‘a g‘oyat kerakdir”.

Bu o‘rinda yosh Cho‘lpon badiiy adabiyotning metaforik tabiatiga, ta’sir quvvatiga diqqat qaratadi, badiiy adabiyotni o‘ziga xos yo‘sinda ta’riflaydi ham. Cho‘lpon o‘z adabiy, ijtimoiy, ma’rifiy qarashlarini “Adabiyot nadur?” maqolasidan keyin to qatag‘on kuniga qadar yigirma yildan ko‘proq davr mobaynida matbuotda qaysidir yo‘sinda bayon qildi, muno­sabat bildirdi. Avval “Yer yuzi” va davomidan “Guliston” jurnali, tabiiyki, Cho‘lpon uchun fikr tarqatish minbari vazifasini o‘tadi.

“Yer yuzi”da uning “Maskavdagi dramstudiyamiz” (1926), “Meyerxo‘ld tiyotri” (1927), “Yana uylanaman” (1927), “Tursunoy sahnada” (1928) kabi maqolalari bosildi. Ularda Cho‘l­­ponning adabiy dunyoqarashi, san’atga, teatr sahnasiga munosabati o‘z ifodasini topdi.

Cho‘lpon Moskvada yashagan mahali teatrda emakdosh bo‘lib ish­laydi. Vaziyatni ichdan ko‘radi. Shunga ko‘ra, “Maskavdagi drams­tudiya­miz” maqolasida o‘sha yerda tashkil etilgan o‘zbek teatrining moddiy va ma’naviy holidan so‘z ochadi. Teatr repertuaridan Molerning “Xasis”, Gogol­ning “Taftishchi” (“Revizor”) singari mashhur dramalari qatorida Cho‘lponning “Yorqinoy” pyesasi ham o‘rin oladi.

Har ish egasiga topshirilsa, rivoj­lanish, taraqqiyot bo‘lishi mumkin. Nafaqat ijtimoiy yoki iqtisodiy, balki san’at sohasida ham shu haqiqat zuhur etadi. Dramstudiya borasida Cho‘lpon yozadi: “San’atni tushungan kishilar keldilar, ko‘rdilar, harorat bilan olqishladilar. Ana shu olqishlar, ana o‘sha samimiy aloqa studiyaga ruh berdi; bu olqishlar bu kun bir hovuch bo‘lsalar ham, samimiy bo‘lg‘onlari uchun kelgusida u hovuchlarning hech qayerga sig‘may ketishiga qat’iy imon keltiradilar”.

Maqolada “Meyerxo‘ld tiyotri”ning boshidan o‘tkazgan tarixi, bahs-munozaralari, teatrga Meyerxold nomining berilish sababi va uning individual jihatlari yoritiladi. Teatr Gogolning “Taftishchi” asarini sahnaga qo‘yganida, unga berilgan baholar turlicha bo‘ladi. “Taftishchi”ga baho berishda Maskov bilan Leningrad tanqidchilari ikkiga bo‘lindilar,  deb yozadi Cho‘lpon. “Maskov so‘kadi, Leningrad maxtaydi. Bu so‘kish va maxtashlar to‘g‘risida gapirmak uchun ham yana ayrim maqolalar yozish kerak. Shuning uchun qisqa qilib shunigina aytamizkim, Maskov munaqqidlari Meyerxo‘ldni “o‘ngla­shib ketish”da ayblaylar, Leningrad munaqqidlari esa Meyerxo‘ldning “Taftishchi”sidan Gogolning chin ruhini topalar va yangi hech kim topolmag‘an narsalar topilg‘anini da’vo qilalar”.

Ma’lumki, “Taftishchi” (“Revizor”) dramasi hali shu kunga dovur teatr repertuarlaridan tushmaydi. Va tabiiy­ki, lozim bo‘lsa, teatrshunoslar uchun bugun ham munozara va muhokama maydoni bo‘la oladi.

Cho‘lpon bu kabi maqolalarida Klara Setkin, Bela Kun, S.Budyonniy, E.Verxarn, V.Mayakovskiy kabi o‘zi­ga zamondosh shaxslar nomlarini ham keltiradi. Bir maqolasida “Yana uylanaman” sarlavhasidan keyin “Maskavdagi dramstudiyamizning bu yilgi ishlaridan” degan tagsarlavha beriladi. Avvalgi maqolaga monand bunda ham adabiy-madaniy muhitdan so‘z ochiladi. “Yana uylanaman” asarining sahnaga qo‘yilishi borasida fikr yuritiladi. Unga matbuotda berilgan baho bilan tanishtiriladi. Shuningdek, yosh o‘zbek teatrining muvaffaqiyatini tushuntirib: “Bu yerda shunigina aytib o‘tish lozimdirkim, o‘zbek teatri – hali yosh va bola bo‘lishig‘a qaramasdan – turli teatr maslaklari bilan amaliy tanishishda keng yo‘l bilan bormoqdadir”, deb  yozadi va Yusufjon qiziq Shakarjonov faoliyatiga yaxshi baho beradi.

“Yer yuzi”da bosilgan “Tursunoy sahnada” maqolasida italyan drama­turgi Karlo Goldonining “Ikki boyg‘a bir qarol” dramasida Klariche rolini ijro etgan va manglayiga fojiali qismat bitilgan Tursunoy Saida­zimovaning mahorati to‘g‘risida fikr yuritiladi (“Yer yuzi” jurnali, 1928-yil 11-son). “Tursunoy Klarichesida bir umr esdan chiqmaydurg‘an joylar bor edikim, bilmayman, yosh sahnamiz yana o‘shanday bir tasvirni qachon ko‘ra oladi”.

Cho‘lpon Tursunoyning sahnadagi faoliyatini yoritishda qahramon qo‘liga qilich olgan muhim epizodga alohida to‘xtaladi: “Shundan so‘ng Klariche qilichni qo‘lig‘a oladi va hazilakamdan o‘zini o‘ldirmakchi bo‘ladi. O‘shanda Tursunoyning juda bebaho harakatlari bor. Qilichning o‘tkurmi-yo‘qmi ekanini bilmak uchun uning tig‘ig‘a qo‘lini tegizib ko‘radi, shunda qo‘li tegar-tegmas qo‘rqib tortib olishlari va qilichning uchini emas, sop tomonini ko‘ksiga qo‘yg‘ani holda og‘riq, iztirob va qiynalishni yolg‘iz yuz harakatlari bilangina shuncha ochiq va go‘zal ko‘rsatishlari katta mahoratning borli­g‘ini bildiradi. Umuman, Klariche ro‘lida Tursunoy juda berilib o‘ynab, uning ichida erkin-erkin yashar edi”.

Maqola matnida ora-orada “o‘z tilagiga erisha olmag‘on bir qizning fojiasi”, “Tursunoyning o‘ziga xos harakatlari o‘zi bilan birga ketgan”, “Tursunoy og‘zida shirin va go‘zal jonlang‘an so‘zlarning ohanglari uning o‘zi bilan birga o‘ldilar”, “Tursunoy yengil par kabi bir uchib o‘tdi” kabi jumlalar berilganidan uning Tursunoy Saidazimova o‘limidan keyin yozilganini bilish mumkin. Bu aktrisaning o‘limi munosabati bilan o‘z vaqtida marsiyalar yozilgani ma’lum. Deylik, Tursunoy tilidan: “O‘n to‘qqizda sahna dog‘in olibman, Yigirmaga to‘lmay guldek so‘libman…”, deb yozdi H.H.Niyoziy “Tursunoy marsiyasi”da. Cho‘lpon yozishicha, Tursunoy Fitratning “Arslon” dramasi, G‘ulom Zafariyning “Halima” hamda italyan dramaturgi Karlo Gotssining “Malikayi Turondod” pyesalarida ham rollar ijro etgan. Darvoqe, “Malikayi Turandod” xususida “Maorif va o‘qitg‘uvchi” jurnalida bosilgan alohida maqola­sida: “Asarning tarjumasi kaminaga top­shirilg‘on edi. Qofiyasiz, lekin 11 hijoli vaznda tarjuma qilib chiqishga muvaffaq bo‘lindi”, ma’lumotidan drama tarjimoni Cho‘lpon ekani anglashiladi.

Cho‘lpon butun ijodi va xususan, maqolalarida milliy tilimizga aslo befarq bo‘lgan emas. Shu bois, “yuz yasash” (грим), “sahna yasash” (декорация), “tuzma” (постановка), “katta mashq” (генерал репетицияси), “so‘z ohangi” (интонация), kechin­ma (переживание), “ohang ilmi” (гар­мония) kabi atamalarga nisbatan yangi so‘zlar ishlatadi. Cho‘lpon qo‘llagan bunday o‘zbekona so‘zlar tahsinga munosib, albatta.

Jurnal bilan hamkorlik “Yer yuzi”­ning bir necha yillik tanaffusidan keyin yangidan “Guliston” atalib nashr bo‘la boshlaganda ham davom etadi. Xususan, unda “Ashulaga ishqiboz” (1935-yil 7-son), “Sahna sirlariga oshno san’atkor” (1935-yil 8-9-son), “Ota-bola san’atkorlar – Matyoqub va Matyusuf Xarratovlar” (1936-yil 1-son), “Qiziqlar” (1936-yil 6-son), “Fuzuliy pichinglari” (1936-yil 10-son) kabi maqolalari chop qilinadi. Muallif bu maqolalarida “Yer yuzi”dagi faoliyatini mantiqan davom ettiradi. San’at tabiati, sahna tuzilishi, ashula va san’atkorga doir muhokamalarini bayon qiladi.

“Ashulaga ishqiboz”da Halima Nosirovaning ijodiy faoliyati, sah­na­dagi rollaridan gap ochadi. O‘nlab rollarda sahnaga chiqqan san’at­korning “mimika boyligi, sahnada o‘zini erkin tutushlik, balki bir daraja sho‘xlik, til ravonligi, so‘zlarni to‘g‘ri berish va o‘tkur ovoz vositasi bilan so‘zni tomoshachiga yetkizish” singari xislatlarini e’tirof etadi. Ayni damda, “ro‘lni chuqur ishlamaslik, jiddiy qahramonlarning yengilligi va sho‘xligi bo‘rtdirilgani holda, ularning og‘ir va fojialik tomonlariga qunt qilmasliq” kabi kamchiliklarini sanab ko‘rsatadi. Tabiiyki, bunday haqqoniy baho va talqinlar o‘zbek milliy sahna san’ati taraqqiyoti uchun muhim edi. Halima Nosirova: “Ashulani sevishim meni dramadan cholg‘ug‘a olib keldi”, degan ekan. Cho‘lpon sarlavhani shu ishqibozlikka moslab qo‘yadi.

O‘z vaqtida taniqli shoir naza­riga tushgan bu yorqin iste’dod egasi keyinchalik o‘zbek qo‘shiqchi­lik san’ati uchun ulkan xizmatlar qilganini bugun hamma biladi. Maqola tarkibida “So‘zlash san’ati boshqa, kuylash san’ati boshqa” kabi hayotiy hikmatlar ham bor. To‘g‘risi, san’atning umummohiyatiga tegishli bu kabi nazariy qarashlar turmush tajribasi ortidan tug‘iladi. “Har qanday ijodiy asarni ham ishlab pishitadilar. Shoirning she’ri, nasrchining roman yo hikoyasi, bastakorning chol­g‘u asari, cholg‘uchining bajarmasi, hatto zargarning chiroylik baldoq va shokildasi, yo‘nmachi ustaning naqshi ishlangan yo‘nmakor asari – bular hammasi ishlanish orqasida pishadi, yetiladi, qiymatli asar holiga keladi”.

Ijodkor psixo-laboratoriyasiga doir umumnazariy bu fikr “Sahna sirlariga oshno san’atkor” maqolasi tarkibida berilgani bois, muallif: “Teatrda yaxshi aktyor rolni ishlab pishitaturg‘on aktyordir”, deya ta’kidlab, gapning davomini aktyor tomon buradi. “Sahnada talantdan tashqari madaniyat ham  kerak” – bu hamma zamonlarda sahna zahmatkashlari uchun juda ham muhim tanbeh, tavsiya va eskirmaydigan haqiqatdir.

Cho‘lpon xorazmlik ota-bola san’atkorlar – Matyoqub va Matyusuf Xarratovlar haqida yozgan maqolasi ham o‘z vaqtida “Guliston” sahifalari uchun bezak bo‘ldi. Unda ota-bola ikki san’atkorning boy tarjimayi holidan tashqari, Xorazm, Xiva, Urganch tarixi va tavsifidan tortib, to mashhur qo‘shiqchi Safo Mug‘anniyning:

Xorazm bir uzoq okrug,
Yo‘llari yo‘q, buzuq ko‘pruk,

tarzida shikoyat yo‘sinida aytgan ashulasigacha bor. Maqola samimiy va ma’lumotlarga boyligi bilan birga, muallifning musiqa bo‘yicha katta bilimga ega ekanini ham namoyon etadi.

“Qiziqlar” jiddiy maqola. Adib xalq iste’dodining bebaho xazinasi bo‘lgan qiziqlar borasida tarixdan ulgi olib fikr yuritadi. O‘zbekistonning turli hududlaridagi askiya san’atiga aloqador san’atkorlarni bir-bir sanaydi. Ularga e’tibor zarurligidan so‘zlaydi.  Bu toifadagi san’atkorlarning kelajagi uchun qayg‘uradi. “Xalq qiziqlarini o‘rganish tiyotrimizning komediyachilik tomoni uchun katta oziq beradi. Buni kech bo‘lsa ham iqror qilib, shunga yarasha tadbirlar ko‘raylik… Ularni, ularning asarlarini, ularning ommaviy va yangi ijodlarini yolg‘iz sayillar, to‘ylar va ochiq maydonlardagina emas, o‘pera, dram, komediya sahnalarinda ham ko‘rmak istaymiz”. Shoirning ma’rifiy maqolalarida bunday taklif, tavsiya va tashabbuslar juda ko‘p.

“Fuzuliyning pichinglari” nomli maqola Cho‘lponning matbuot asar­lari orasida ajralib turadi. Nima uchun Cho‘lpon Fuzuliy mavzusiga qo‘l urgan? Cho‘lponning o‘ziga zamondosh ijodkorlar qatorida Fuzuliy she’riyatiga o‘zgacha oshnoligi bor edi. Cho‘lpon Fuzuliy yo‘li va uslubi­da she’rlar yozdi, asarlari uchun Fuzuliydan epigraflar tanladi.

Jadid munaqqidi Vadud Mahmud “Turk shoiri Ajziy” maqolasida: “Ajziy shevada Fuzuliy yo‘lini tutgan shoirlardandur”, deb yozadi. So‘ngra munaqqidning: “Fuzuliy tilining bu kungisi, ya’ni usmonlicha ila shoirimiz Cho‘lpon ham ba’zi chiroylik parchalar yozadir”, degan gapidan shoirning Fuzuliy she’riyatiga shaydo bo‘lganini anglash qiyin emas.

Istiqlol yillari keksa ziyoli Yunus Maqsudiy “Ulug‘lar davrasida” xotira kitobida: “Cho‘lpon Fuzuliy she’riyatining chin oshiqlaridan edi. Uning xalq orasida Navoiy kabi mashhurligini e’tirof etib, “Fuzuliy pichinglari” degan bir maqolasida o‘zining fikrlarini bildiradi”, deb muhim ma’lumotni keltiradi. Darhaqiqat, Cho‘lpon unda ulug‘ ozar shoiriga ko‘ngildoshligini izhor etgan edi.

“Fuzuliy pichinglari”ni tadqiq qilgan cho‘lponshunos Dilmurod Quronov bu maqolani “Cho‘lponning ulug‘ ozarbayjon shoiri bilan ma’naviy aloqalari haqidagi tasavvurlarimizni boyitadi”, deb baholaydi. “Cho‘lpon maqolani bejiz “Fuzuliy pichinglari” deb atamagani, uning satrlari orasi­ga o‘zining dard-hasratini sing­dirganini anglash mumkin. Ya’ni “Fuzuliy pichinglari” haqidagi maqola zamiriga “Cho‘lponning pichinglari” joylab yuborilgandir”. Darhaqiqat, erksiz muhitda, tobora zulm bo‘hroni kuchayib, qatag‘on mashinasi “gudok urib” yaqinlashib kelayotgan bir palla­da ham shoir o‘z so‘zini aytmoq yo‘l-yo‘rig‘ini topa oldi. Fuzuliy bilan Cho‘lpon adabiy mahoratidagi bunday ko‘chma-metaforik usul hamma zamonlarda boshqa ijodkorlar uchun saboq bo‘la oladi.

Cho‘lponning “Yer yuzi” va “Gulis­ton”dagi ijod namunalariga nazar solinsa, shoirning o‘ziga xos ijod olami, bayon uslubi, qalamining quvvati, jadidona estetik nuqtayi nazari, o‘zbek adabiyoti, sahna san’ati va  madaniyati taraqqiyoti yo‘lidagi xizmatlari oydinlashadi. “Guliston”ning yuz yoshi munosabati bilan Cho‘lpon va unga maslakdosh adiblar yodga olinsa, nazarimizda, jurnalni tashkil qilgan hamda unda turli janrdagi asarlari bilan qatnashgan ijodkorlar ruhi shod bo‘ladi.

Bahodir KARIM,
filologiya fanlari doktori, professor

“Jadid” gazetasining 2025-yil 28-noyabrdagi 48-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605