15.09.2025 | 12:30
740
CHO‘LPONNING XITOYLIK SAN’ATKORGA BAHOSI
Tarixdan ma’lumki, jadid bobolarimiz jahon ilm-fani yangiliklari qatorida dunyo adabiyotini ham o‘qib, kuzatib borgan. Sara asarlarni tarjima qilib, adabiy maqolalar yozgan. Bunday keng qamrovli adabiy ishlarning bir qirrasi bevosita xitoy adabiyoti va san’atiga tegishlidir. Bu jabhada ham Mahmudxo‘ja Behbudiy yetakchilik qilganini ta’kidlash joiz. Alloma aslan xitoycha bo‘lgan “Tasoduf” hikoyasini 1909-yilda “Turkiston viloyatining gazeti”da erkin tarjima qilib chop ettiradi. Bu tarjima Behbudiyning “Tanlangan asarlari”ga “Oq yelpig‘ichli chinli xotun” nomi bilan kiritilgan.

Cho‘lpon esa 30-yillarda xitoylik shoirlar ijodini rus tilidan tarjima qiladi.
Sevgili yurtimni qoldirib keldim,
Yiroqda… yiroqda… allaqaylarda.
Ba’zida o‘ylayman yonib yuragim:
Oh, qachon bo‘laman o‘sgan joylarda?
“Xu-An-Nan” oqshomi…
Kuz fasli…
Yomg‘ir…
Mung‘ayib turaman boloxonamda.
Tinglayman: uchmakda tepamda, tomda
Yurtimdan keluvchi o‘rdaklar qur-qur…
Vey In-Yuning ushbu “O‘rdak ovozi” she’ridagi sog‘inch tuyg‘ulari mutarjimning o‘sha paytdagi ruhiy kayfiyatini ham ifodalaydi. Tarjima asarlar asos-negizi mutarjim dard-u alamlari, qayg‘u-shodliklariga ba’zan uyg‘un bo‘lishi tabiiy. Cho‘lpon o‘z xasbi holini xitoylik shoirlar she’rlari vositasida ham so‘zlagan edi.
Cho‘lpon adabiy maqolalarni ham shunchaki yozmaydi. Yuragiga cho‘g‘ tushsa, “talvasadan dengiz kabi” jo‘shib, junbishga kelsa, qalb hayratlari tinchlik bermagan mahali qo‘liga qalam oladi.
1935-yili u xitoylik mashhur aktyor Mey Lan Fon (1894–1961) haqida maxsus maqola yozadi. Sahna san’atkorining individual mahoratiga bag‘ishlangan bu maqola cho‘lponona pafosda bitilgani bilan e’tiborni tortadi. Mey Lan Fon o‘sha yili bahorida Moskvaga gastrolga keladi. Cho‘lponning san’atkor va san’at qadr-qimmatiga oid ushbu maqolasida shoirona nuqtayi nazar ustuvorlik qiladi. Shu nazmiy kayfiyatga mos ravishda maqolasini aktyor san’atiga baho berilgan to‘rt qatorlik she’r bilan boshlaydi shoir.
Cho‘lponning yozishicha, Mey Lan Fonni xitoyliklar juda yaxshi ko‘radi, uning sahnada yonib turishi, beqiyos mahoratiga nisbatan “yorug‘ yulduz” deyishadi, yuksak san’atini tog‘ning cho‘qqisiga o‘xshatadi. Cho‘lpon Moskva teatrida bu xitoylik san’atkorning oltita dramatik asarda o‘ynagan rolini e’tibor bilan kuzatadi. Aktyorning qo‘l harakatlaridan cheksiz hayratga tushadi. “Uning o‘n barmog‘i o‘nta talantli aktyorning vazifasini bajaradi: xususan, qo‘lini goh yeng ichiga olib, goh chiqarib yeng bilan shunday o‘yinlar qiladiki, ko‘zingizni uzolmaysiz!” Yana yozadi: “Bu ming yillarning teatri, bu – an’ana teatri, bu – yuksak san’at teatri”. Cho‘lpon maqolasida nafaqat Mey Lan Fon ijodini, balki Xitoy teatri genezisi – manshaini ham yuqori baholaydi.
Maqolada muallif faqat xitoylik san’atkor mahoratiga munosabat bildirish bilan cheklanib qolgan emas. Unda Cho‘lpon o‘z teatrimiz holiga taqqoslab “qancha achchig‘ bo‘lsa-da, aytish kerakki, biz hali bu xususda ko‘p olisdamiz”, deb haqiqatni yozadi. Cho‘lpon asar tomoshasi jarayonida xitoyliklarning sahna bezagi – “uy ziynati”ga qarab bizdagi sharqona uylarni esga oladi. Ammo “aktyor texnikasi, repertuar boyligi va cholg‘ining mukammal jo‘r bo‘lub borishlari bizga nasib bo‘lmagan yuksakliklardir”.
Cho‘lpon o‘z nuqtayi nazariga, g‘oyai a’moliga sodiq adib. Shu kichik bir maqolada ham uning “unqator”, “qoida”, “ibtidolik”, “shartlilik” kabi atamalarni muqobili bilan yonma-yon qo‘llagani o‘zbekona nomlashlarga befarq bo‘lmaganini ko‘rsatadi.
Shoir xitoyliklar san’atini xolisona maqtaydi. Zamona nozikligi, boshi uzra kezib yurgan qora bulutlar beixtiyor yodiga tushadi chamasi, “Mey Lan Fon tiyotri o‘zining nuqul feodalizm jamiyatini tasvir etgan va muning ustiga, feodalizm dunyo ko‘rishini aks etdirgan piyesalari bilan bizdan, bizning sotsialistik tiyotrimizdan juda olisda turadi. Bu jihatni olganda, biz Xitoy tiyotridan emas, Xitoy tiyotri bizdan o‘rganuvi kerak”, degan gapi bilan birdan zamonaning qizil bayrog‘i va mafkurasi ortiga berkingandek bo‘ladi. Ming yillik bosib o‘tilgan tarixiy yo‘lni besh-o‘n yilda bosib o‘tmoq lozimligini ham uqtiradiki, albatta, bunday kosmik harakat – yildirim tezligi aslo imkonsiz ekanini Cho‘lponning o‘zi ham yaxshi bilar edi. Mey Lan Fon teatri san’ati va san’atkorlariga nazar solmoq lozim. Xo‘sh, “uning nimasi bizbob, nimasi bizga begona” – shu kabi jihatlaridan o‘rnak olmoq lozim.
Dunyo teatrlari tajribasini tamizlik bilan o‘rganishdek Cho‘lponning ezgu orzusi hamisha dolzarbdir.
Bahodir KARIM
___
MEY LAN FON
Bu Xitoy san’atkorining SSSRga kelib-ketishi munosabati bilan
Qancha odam shirin kuyli so‘zlarin tinglab,
O‘yinini ko‘z olmasdan ta’qib etadi.
Talvasadan dengiz kabi qaynab-qimirlab,
Alvon rangli sarpolarga ko‘zni tikadi.
Mey Lan Fonning Xitoy xalqi o‘rtasidagi obro‘sini ko‘rsatish uchun bir shoirning yuqoridag‘i to‘rt yo‘l baytini keltirish kifoya. Bu to‘rtgina, lekin juda samimiy yozilgan yo‘llarda Xitoy tomoshabinining o‘z sevimli san’atkorining o‘yinlarini qanday berilib tomosha qilg‘ani tasvir etiladi. Xitoyda Mey Lan Fonning “Yorug‘ yulduz” deb atalishi bejiz emas. Mey Lan Fon endigina dong chiqara boshlagan davrlardayoq uning o‘yinlari to‘g‘risida bunday bir so‘z yurardi: “Uning bir kulumsirashi – ming yillik asirlar, uning bir “oh”i – ming yillik xazon”.
…O‘tgan mart oyining 27-kuni Maskovning katta tomosha zallaridan “Muzik-xoll” zalida uning bir kechalik tomoshasini ko‘rishga muvaffaq bo‘ldim. Mey Lan Fonning gastrollari chog‘ida qo‘yilaturg‘an piyesalar uchun rus tilida alohida bir libretto kitobchasi chiqarilg‘an. O‘sha kitobcha qo‘limda. Unda 6 piyesa, 6 raqs (oyoq o‘yini) ko‘rsatilgan: shu 6 piyesaning hammasida Mey Lan Fon o‘ynaydi.
Xitoyda ayol ro‘lini o‘ynayturg‘an erkaklar ko‘p; unda ayol aralashmagan nuqul erkak tiyotr to‘dalari, shuningdek, hech bir erkak aralashmagan ayol tiyotr to‘dalari bor; unda mana bu so‘ng zamonlarda erkak va ayollardan iborat aralash tiyotr to‘dalari ham yuzaga chiqdi.
…Bukun tiyotr-sahna san’atida butun dunyoga o‘rnak bo‘lub o‘lturg‘an Maskovda san’at shinavandalari ila liq to‘lgan zal o‘yin so‘ngida Mey Lan Fonni charchatar darajada ko‘p martabalar olqishlab chaqirdi. San’at bilimdonlari uning san’atiga oshiq bo‘lganlarini aytdilar va yozdilar.
Umuman, Xitoy klassiq tiyotri yaponlarning “Kabuk”lari singari Ovrupo uchun, shu qatorda biz uchun ham juda qiziqtiruvchi san’atdir. Bu kungi xitoylarning o‘zlari ham tushunmayturg‘an bir tilda (VII–VIII asrlar tilida) yozilmish va feodalizm taraqqiyotini ko‘rsatuvchi asarlari, har bir asarga mutlaq jo‘r bo‘lub boruvchi besh tonli (tatar-mo‘g‘ul unqatoridag‘i) cholg‘isi va kuyi sahna bezalishi, o‘yinning qoida (priyem)lari, akto‘rlarning texnikasi – mana shularning barchasi xitoylarning o‘zlariga xos va biz qiziqaturg‘an narsalardir. Cholg‘ining ibtidoligi (primitiv bo‘lishi) uning tatar-mo‘g‘ullarda qo‘llanilaturg‘an va bizga yaqin unqatori o‘yin qoidalaridag‘i “shartlilik” (условност)lar, ayol ro‘lini erkak o‘ynashi, ayniqsa, Buxoro boylarining naqshli va sharafli mehmonxonalarining ayni o‘zi bo‘lgan uy ziynati, albatta, bizga tanish va bizning yaqin o‘tmushdagi xalq o‘yinlarimizga bog‘liq; lekin, shu bilan birga, aktyor texnikasi, repertuar boyligi va cholg‘ining mukammal jo‘r bo‘lub borishlari bizga nasib bo‘lmagan yuksakliklardir…
Bir bilimdon Mey Lan Fonning qo‘l o‘yinlaridan bahs eta turib: “Shu o‘nta barmoq bor, boshqa a’zolar bilan hech narsa ko‘rsatmasa ham bo‘ladi”, deydi. Chinakam, uning o‘n barmog‘i o‘nta talantli aktyorning vazifasini bajaradi, xususan, qo‘lini goh yeng ichiga olib, goh chiqarib, yeng bilan shunday o‘yinlar qildiki, ko‘zingizni uzolmaysiz! Men uning barmoqlarig‘a ko‘z tikkanim holda o‘z Akademik dramamizning o‘yin texnikasini o‘yladim, qancha achchig‘ bo‘lsa-da, aytish kerakki, biz hali bu xususda ko‘p olisdamiz. Abror, sahnamizning maqtaniqlig‘i bo‘lgan Abror “Zagmuk”da Jar Sivon ro‘lini o‘ynarkan, o‘n barmog‘ini barobar bir o‘ynatgan edi, men uni sira esimdan chiqara olmayman. Ammo Abror o‘zi allaqachon esidan chiqarg‘ang‘a o‘xshaydi.
Mey Lan Fon tiyotrida o‘ynalaturg‘an asarlardan ko‘pining tiliga bu kungi Xitoy ommasi tushunmaydi. U asarlarni tushunib tomosha qilaturg‘anlar juda oz, ko‘p tomoshachilar yo cholg‘i eshitish uchun, yo o‘yin ko‘rish uchun keladilar. So‘ngra ming yillardan beri o‘ynalib kelgan va zotan, mazmuni soddagina bo‘lgan u asarlar tomoshachiga ko‘pdan yod bo‘lub ketgan. Tomoshachi o‘ziga tanish asarning o‘ziga ma’qul bo‘lgan bir joyini ko‘rish uchun ham keladi. Yapon tiyotrida ba’zi asarlarning yolg‘iz bir pardasiga bilet sotiladi, shunda odam liq to‘la, boshqa pardalarida tomosha zali butunlay bo‘sh deyarlik… Yapon tiyotrining bu xususiyati Xitoy tiyotrida ham yo‘q emas. Shu uchun Mey Lan Fon tiyotri o‘zining nuqul feodalizm jamiyatini tasvir etgan va muning ustiga, feodalizm dunyo ko‘rishini aks etdirgan piyesalari bilan bizdan, bizning sotsialistik tiyotrimizdan juda olisda turadi. Bu jihatni olganda, biz Xitoy tiyotridan emas, Xitoy tiyotri bizdan o‘rganuvi kerak. Faqat shakl jihatidan olganda (yolg‘iz shakl jihatidan!) biz u tiyotrni o‘rganishimiz kerak. Uni o‘rgangan vaqtimizda uning nimasi bizbob, nimasi bizga begona va foydasiz ekani o‘z-o‘zidan anglashiladi. Sharq olamida o‘zicha bir o‘run tutgan yapon va xitoy tiyotrlarini o‘rganaylik. Rus tilida bor bo‘lgan asarlar bizga bu to‘g‘rida yordam etajaklar.
Har qalay, Mey Lan Fonning tiyotri juda ziyoli tiyotr. Uning direktori bilan direktor o‘runbosari professor darajasiga ega bo‘lgan san’at olimlari Mey Lan Fonning o‘zini ham “do‘qto‘r” deb ataydilar. Bu – ming yillarning tiyotri, bu – an’ana tiyotri, bu – yuksak san’at tiyotri. Biz esa hali shakl jihatidan yoshmiz, 15 yilligimizni endigina o‘tkazdik. Faqat…
Faqat biz shunday bir o‘lkaning tiyotrimizkim, boshqa sohalarda o‘lkamiz yuz yillik yo‘llarni besh yilda, hatto bir yilda bosishga intiladi va muvaffaq bo‘lub boradi. Bizning 15–20 yashar sahnamiz sahna san’ati va madaniyatining ming yillik yo‘llarini besh-o‘n yilda o‘tishi kerak yoki biz ham uning hunarlarini ko‘rarkan, xitoylar singari deylik: “Muning bir qadami – yuz yillik yo‘l, muning bir hamlasi – tarix bo‘yi davom etgan hujumlari”.
Cho‘lponning “Adabiyot nadir” kitobidan qisqartirib olindi
(1994-yil, 129-132-betlar).
“Jadid” gazetasining 2025-yil 5-sentyabrdagi 36-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



